Topishmoq folklorning qadimiy janrlaridan biridir. Uning paydo bo`lishi, qadimiy vazifasi va dastlabki shakli haqida olimlar turli-tuman qarashlarni ilgari surganlar. Mashhur ingliz olimi E.B.Taylorning fikricha, topishmoq madaniyat tarixida maqol bilan birga paydo bo`lgan bo`lib, uning gullagan davri sivilizasiyaning quyi va o`rta bosqichlariga to`g`ri keladi. Uningcha, topishmoq an’anaviy savol – javob shaklidagi odatda quruq hazilga olib boruvchi hozirgi so`z o`yini emas, balki u jiddiy javob berishni talab qilgan qadimiy shaklda tuzilgan topshiriqdir. Sfinks topishmog`i buning tipik namunasi bo`lishi mumkin30. Qadimgi grek mifida Sfinks boshi ayol, tanasi sher bo`lgan qanotli maxluq sifatida tasavvur qilingan. U Fiv shahri yaqinida joylashib olib: «Kim ertalab to`rt, kunduz ikki, kechqurun uch oyoqda yuradi?» – deya topishmoq aytadi va javob topa olmaganlarni o`ldiradi. Nihoyat, Edip: «Inson bolaligida emaklaydi, ulg`ayganda tik yuradi va qariganda hassaga suyanib qoladi», – deb bu jumboqni yechadi va Fiv shahriga shoh bo`ladi.31 Topishmoqlar shartli yashirin nutq asosida yuzaga kelgan bo`lib, uning zamini kishilarning qadimiy e’tiqod va tasavvurlari, olamni bila borish va idrok etish darajasi bilan bog`liqdir. Darhaqiqat, 3.Husainovaning yozishicha: «O`tmishda tabiat va tabiat hodisalarining o`zi bir jumboq bo`lganki, odamlar uning sirini bilmaganlar va yecha olmaganlar, ularga u sirlar bir mo``jizaday bo`lib ko`ringan... Shaxs o`zini qurshab turgan tashqi obyektiv olamni taniy boshlagan bir paytda undagi narsa va hodisalarning qaysi yo`l bilan yaratilishini anglash, bilish istagida narsa va hodisalarni bir-biriga solishtirish, qiyoslash va ba’zan qarama-qarshi qo`yish bilan o`rgana boshlagan. Ular quyosh, oy, yulduzlar harakatining, chaqmoq chaqishi, ko`k guldurashi, bulut kelishi, shamol esishi, qor-yomg`ir yog`ishi kabilarning mohiyatini to`la anglab yetmaganlar va animistiktushunchalarga asoslanib, ularning hammasida jon bor, deb tasavvur qilganlar. Bunday tushunchalarning ba’zi ko`rinishlari topishmoqlarda ham uchraydi. «Bir otasi, bir onasi, necha yuz ming bolasi» topishmog`ida quyosh, oy, yulduzlar insonga qiyos qilinib, jonlantirib berilishi ibtidoiy tushunchalar bilan bog`liq. Chunki inson hali tabiat va uning sirlarini to`g`ri tushunib yeta olmagan, totemistik tushunchalar hukmron bo`lgan paytlarda quyosh va oyni otalik va onalik boshlang`ichi — ota va ona deb tasavvur etgan».32 Demak, topishmoqlar bir vaqtlar muayyan magik vasifalarni ado etgan zamonlaridan boshlab, aql-zakovat, ziyraklik musobaqasi, ko`ngil ochish, o`yin-kulgi vositasiga aylangan davrlarigacha bo`lgan murakkab taraqqiyot yo`lini bosib o`tgan. Shuning uchun ham ular hayotni tasvirlash mohiyati, tuzilishi, badiiy xususiyatlari jihatidan turli-tuman bo`lib, ko`p zamonlar izini o`zlarida saqlaganlar, xalqning estetik didi, hissiy tuyg`ulari osha borgan, tabiat va jamiyatni bilish qudrati kuchaya borgan sari ulardagi mifologik tasavvurlar va qadimiy tushunchalar susaya borib, poetik bosim birinchi planga chiqa boshlagan. Natijada, topishmoq turli-tuman marosimlar bilan bog`liqligi va boshqa maishiy funksiyalarini yo`qotib, sof badiiy-estetik vazifa o`taydigan janrga aylanib qolgan.
O`zbek xalq topishmoqlarining asosiy qismini metaforik topishmoqlar tashkil etadi. Qadimiyatning ulkan olimi Aristotel, topishmoqlarning metaforalardan tashkil topganligini alohida ta’kidlaydi: «Amalda topishmoqning mohiyati haqiqatan mavjud bo`lgan narsa to`g`risida so`zlash, Shu bilan birga, butunlay mumkin bo`lmagan narsalarni birlashtirishdir. Bunga (ko`p qo`llanadigan) so`zlar vositasida erishib bo`lmasa, metaforalar orqali mumkin».33Chindan ham metaforanarsa va hodisalar, predmetlarning u yoki bu belgisi o`xshashligiga asoslangan poetik ko`chim bo`lib, an’anaviy topishmoqlarning mohiyatini belgilaydi. Masalan, sabzi haqidagi «Yer tagida oltin qoziq» topishmog`ini olaylik. Bunda sabzining rangi (sariqligi) oltinga, ko`rinishi (shakli) qoziqqa o`xshashligi hisobga olingan. Demak, mazkur topishmoqning javobi sabzi bo`lsa, uning ko`chimi oltin qoziqdir. Mazkur topishmoqning «Yer tagida qator qoziq» variantida esa, sabziiing faqat ko`rinishi (shakli) nazarda tutilgan. «Qizil qiz yer ostida, sochlari yer ustida», «Sariboy akam ichkari, Soqollari tashqari» kabi variantlarda jonlantirish priyomi bilan birgalikda metaforik ko`chimning turli jihatlari ham namoyon bo`lgan.
O`zbek xalq topishmoqlarining yana bir turini so`roq (savol) topishmoqlar tashkil etadi. Bunday topishmoqlarda predmetlarning o`xshash belgilari bir-birlari bilan solishtirilmaydi, balki topuvchi oldiga ma’lum so`roqlar, muayyan vazifalar qo`yiladi. Metaforik topishmoqlarda javob yashiringan predmetning nomidangina iborat bo`lsa, bu xil topishmoqlarda javob keng izohlanadi. Masalan, «Dunyoda to`rt narsa yo`q» topishmog`ining javobi shunday:
Osmonning ustuni yuk,
Hovuzning qopqog`i yo`k,
Ko`rpaning yengi yo`q.
Oshpichoqning qini yo`q.
So`roq (savol) topishmoqlarning juda murakkab ko`rinishlari ham mavjud. Masalan:
– U nimadir, havodagi do`langan?
U nimadir, yer yuzini suv olgan?
U nimadir, orqasida og`zi bor?
U nimadir, o`rtasida mag`zi bor?
U nimadir, suv ichida joni bor?
Bulut bo`lar havodagi do`langan,
Yomg`ir bo`lar yer yuzini suv olgan,
Tegirmondir, orqasida og`zi bor,
Bug`doy bo`lar o`rtasida mag`zi bor.
Baliq bo`lar suv ichida joni bor.
Bu xildagi topishmoqlarning yuzaga kelishida yozma adabiyot namunalarining, qissalarning muayyan ta’siri ham bo`lgan, shuning uchun ham bunday namunalar «Oshiq Oydin», «Oshiq Alvand», «Xirmondali» kabi kitobiy dostonlarga yaqin asarlarda, Maxtumquli va Durdi qilich aytishuvlarida ham uchraydi.
Savol-topishmoqlarning javobi birgina so`zdan iborat bo`lgan, yuqoridagilarga o`xshab keng izoh talab qilmaydigan namunalari ham mavjud. Bu jihatdan javobi shamol bo`lgan va shamolning tilidan aytilgan topishmoq xarakterlidir:
Aqqa o`tdim, bildingmi?
Bakqa o`tdim, bildingmi,
Oq quvrayning boshini
Chertib o`tdim, bildingmi?
O`zbek xalq topishmoqlarining yana shunday xillari borki, ularda sanoq sonlar ishtirok etadi, ya’ni u yoki bu narsa va hodisa shu sonlar yordamida jumboqlanadi. Bunda narsa va hodisalar orasidagi o`xshashliklar ham hisobga olinadi, albatta. Masalan:
Bir daraxtda o`n ikki shoxa,
Har shoxada o`ttiz yaproq,
Yaprog`ining bir yoni qora, bir yoni oq.
Bu topishmoqning javobi bir yil, o`n ikki oy va o`ttiz kecha-kunduzdir.
Xalqimizning topishmoq repertuarida yana shunday namunalar borki, ularning javoblari sanash, hisob-kitob qilish orqali chiqariladi. Bir misol:
«Bir to`da g`oz uchib borar ekan, bir g`oz ro`para kelib:
– Ey, yuz g`oz, salomat bormisiz, – debdi. Shunda ulardan biri: – Biz yuz g`oz emasmiz. Yana biz miqdori g`oz bo`lsa, yana bizning yarmimiz miqdori va yarmimizning yarmi bo`lsa, u vaqtda sen ham qo`shilsang, yuz g`oz bo`lamiz,— debdi. Havodagi g`ozlar qancha ekan?» Javobi: 36(36 + 36+18 + 9 + 1 – 100).
Bu xil namunalarni masala-topishmoqlar deyish mumkin. Ammo ular xalq orasida nihoyatda kam tarqalgan. O`zbek xalq topishmoqlarining topishmoq-maqol, topishmoq-o`yin, topishmoq-tez aytish, topishmoq-qo`shiq, topishmoq-ertak kabi turlari ham mavjud. Ammo ularning namunalari nihoyatda ozchilikni tashkil etadi.
O`zbek xalq topishmoqlari tematik jihatdan g`oyatda boy va rang-barangdir. Xalqimiz ijtimoiy-maishiy turmushining mamlakatimiz tabiati, geografiyasi, ekologiyasi, nabotot va hayvonot olamining, inson va koinotning biror sohasi yo`qki, ular haqida bir-biridan go`zal, g`oyatda ixcham va siqiq topishmoqlar yaratilmagan bo`lsin. Yer va osmon, daryo va ko`llar, tog`u toshlar, dov-daraxt va o`rmonlar, mevazor bog`lar va keng dalalar, oila-ro`zg`or jihozlari va mehnat qurollari, momaqaldiroq va chaqmoq, sel va bo`ron, zulmat va yorug`lik, oy va fasllar, hayvonot va o`simliklar olami, o`quv qurollari va musiqa asboblari, zamonaviy texnologiya va texnika vositalari, inson va uni o`rab olgan muhit haqida ko`plab topishmoqlar to`qilib, avloddan avlodga o`tib, bizning kunlarimizgacha aytilib kelinmoqda. Topishmoqlarda xalqning kundalik hayoti, yurish-turishi va yashash tarzi, ishonch-e’tiqodi, tasavvurlari va olamga qarashi aks etgan. Shu bilan birga topishmoqlarda tarixiy voqealar, ijtimoiy-siyosiy masalalar, sinfiy munosabatlar ham qisman o`z ifodasini topgan. Masalan, bit haqidagi «Abdullaxon – beustixon», «Osmoni resmon, Mulla Abdurahmon – beustixon» topishmoqlarining birinchisida Buxoro xoni Abdullaxon (XVI asr), ikkinchisida qo`qon xonligida xalqqa zulm o`tkazgan Abdurahmon oftobachi (XIX asr) ko`zda tutilayotganligini payqash qiyin emas34. Ayrim topishmoqlarda sosial-sinfiy munosabatlar yanada yorqinroq aks etgan. «hammaga to`n tikadi, o`zi yalang`och» (igna) topishmog`i xuddi shunday chuqur ijtimoiy mazmunli jumboqlardandir.
Topishmoq kontekstidan boshqalar, ya’ni boy va amaldorlar uchun ertayu kech mehnat qilib, o`zi yalang`och qolgan kambag`al hunarmand nazarda tutilayotganligi sezilib turibdi.
Topishmoqlar hamma davrlarda yaratilgan. Ijtimoiy hayotga yangi narsa va hodisalarning kirib kelishi bilan ular haqida topishmoqlar ham yaratila borgan. Natijada, hayotimizga kirib kelgan samolyot, poezd, avtomashina, tramvay, traktor, patefon, radio, televizor, yer yo`ldoshi, telefon, lampochka haqida qator topishmoqlar yaratildi:
Kechasi oftobdek,
Kunduzi koptokdek. (Lampochka.)
Qush emas, qanoti bor,
Chiroyli savlati bor.
Uchsa lochin yetolmas,
Tolmas zo`r quvvati bor. (Samolyot.)
Yangi topishmoqlarda an’anaviy topishmoqlarning shakli, jumboqlash usullari, asosan, saqlanib qoldi, lekin metaforik topishmoqlar kam yaratildi. Yangi topishmoqlarning yaratilishida individual ijodkorlarning xizmatlari katta bo`ldi. Bunday ijodkorlar yaratgan topishmoqlarnnng muayyan qismi ommaviy repertuarga o`tib, bolalar orasida tobora keng tarqalib bormoqda.
Topishmoqlar tuzilishi jihatidan nasriy yoki she`riy shaklga ega. Nasriy topishmoqlar she`riy tuzilishdagi topishmoqlarga nisbatan ozchilikni tashkil etadi. She`riy topishmoqlarda she`r shakliga xos turoq, vazn, qofiya, radif kabi barcha jihatlarga to`la amal qilinadi. Masalan:
To`rtdir uning oyog`i,
Temir mixli tuyog`i,
Manzilga yetishtirar,
Toshdan qattiq tuyog`i. (Ot.)
Topishmoqlarning savol hamda javob qismi bir komponentli(bir savol-javobli, bir predmetli) Yoki ko`p komponentli (ko`p savol – javobli, ko`p predmetli) bo`lishi mumkin. Bo`ri, baliq, sumalak, toshbaqa haqida yaratilgan qo`yidagi topishmoq to`rt komponentlidir:
Tog`da talaymonni ko`rdim,
Suvda sulaymonni ko`rdim,
Tuzsiz pishgan oshni ko`rdim,
Yumalab yotgan toshni ko`rdim.
Topishmoqlar ritmik izchilligi, badiiy ohangdorligi, qofiyalarning mo`l-ko`lligi va xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Metafora, metonimiya, mubolag`a, o`xshatish, sifatlash kabi badiiy tasvir vositalari va ko`chimlar ulardagi badiiylikni ta’minlaydi. Alliterasiya va takrorlarning rang-barangligi va turfa-turfa tovlanishi topishmoqlarning jarangdorligi va emosional ta’sirchanligini yanada oshirgan. Bularning barchasi birlashib, ularning kishi xotirasida uzoq saqlanishini ta’minlay olgan.
Topishmoqlar adabiyot va san’at taraqqiyotiga barakali ta’sir etdi. Ular adabiyotimiz tarixida chiston, muammo, muvashshax, ta’rix kabi lirik janrlarning paydo bo`lishi va rivojida katta ahamiyatga ega bo`ldi. Bugungi kunda topishmoqlar juda katta ma’rifiy va tarbiyaviy ahamiyatga ega. Ular bolalar va yoshlarimizning fikr doirasini kengaytirish, topqirligini oshirish va muhokama qobiliyatini o`stirishning muhim estetik vositasidir.
Tubandagi tayanch tushunchalarni izohlang: topishmoq, cho`pchak, cho`rchak, chiston, masala, topishmoq, yangi topishmoq, she’riy topishmoq, nasriy topishmoq, chaldirmoq, maqol, masal, matal, zarbulmasal, hikmat, otalar so`zi, paremiologiya, aforizm.
SAVOL VA TOPSHIRIQLAR:
1.Topishmoq istilohi nimani anglatadi? Uning qanaqa ekvivalentlari bor?
2.Topishmoqlar qanday paydo bo`ladi? Asosiy omillari nimadan iborat?
3.Topishmoqlarda epitetning ijtimoiy-estetik va kompozitsion vazifasi nimadan iborat?
4.Topishmoqlar tuzilishiga ko`ra qanday tarkibga ega?
5.Topishmoqlar yashiringan predmet soniga ko`ra qanday ko`rinishlarga ega?
6.Topishmoqlar yaratilish davri va mazmuniga ko`ra qanday tasniflanadi?
7.Topishmoqlar shaklan qanaqa ichki turlarga ega? Chaldirmoq nima?
8.Topishmoqlarning yozma adabiyot bilan munosabati qanaqa?
9.Maqol istilohi nimani anglatadi? Uning qanaqa ekvivalentlari bor?
10.Maqollar qanday paydo bo`ladi? Asosiy omillari nimadan iborat?
11.Maqollarda hayotiy tajriba va sinovlarning axloqiy bahosi qanday ifodalanadi?
12.Maqollarning tashviqiy mohiyati nimada?
13.Maqolning kompozitsion tuzilishi va unda saj’ san’ati qanday rol’ o`ynaydi?
14.Maqollar qaysi usulda tasnif qilinadi?
15.Maqollarning nutqdagi ahamiyati nimada ko`rinadi?