6. Yomon odam kuydiradi til bilan.
Xullas, maqollar xalq aforistik tafakkurining kaliti bo`lib, hajman siqiq, mazmunan purhikmat, ommaviy va keng tarqalgan janridir. Ularda kishilikning tabiat va jamiyatga munosabatining hamma qirralari axloqiy-falsafiy hukm tarzida baholangan. Maqollar ota-bobolarning asrlar davomida to`plangan hayotiy tajribalarini zamonlar osha yetkazishda manoviy ko`prik bo`lib, avlodlarning bir-birlariga bog`lanishlarida beminnat xizmat qilib kelmoqda.
Topishmoq. Hayotni o`ziga xos badiiy idrok etish shakli bo`lgan topishmoq o`zbek folklorining ommaviy janrlaridan biridir. Inson va uni o`rab olgan olam topishmoqlarda ko`chimlar, o`xshatishlar, taqqoslashlar, qiyoslar, solishtirishlar, savollar vositasida o`ziga xos poetik shaklda aks etadi. Bu jihati bilan u insoniyat badiiy tafakkuri taraqqiyotida favqulodda hodisa bo`lib, unda obrazli zuhur etgan hayot parchasi topishmoqning javoblari orqali reallashadi. Janrning poetik tabiatiga xos bo`lgan bunday umumiy xususiyat barcha xalqlar topishmoqlariga taalluqlidir. Demak, u – xalqaro janr. Shu bilan birga har bir xalqning topishmog`i o`sha xalq hayot tarzining ifodasi sifatida o`ziga xos, original, jozibali va benazirdir.
Shakli, vazifasi, ish-harakati va holati jihatidan bir-biriga o`xshash ikki predmet, narsa va hodisadan jumboqlanib, ikkinchisiga xos o`xshash belgilar asosida uni topishga mo`ljallab she`riy yoki nasriy tuzilishda berilgan savol yoki topshiriq topishmoq deb yuritiladi. Masalan, «Bir parcha patir, Olamga tatir» topishmog`ini olaylik. Bunda to`lin oy bilan patir bir-biriga taqqoslangan va ularning shakl jihatidan bir-biriga o`xshashligi aniqlangan. Shu tariqa topishmoqning javobi – oyning juda chiroyli va o`rinli ko`chimi – patir topilgan. Patirning inson uchun nihoyatda to`yimli ozuqa ekanligini, oyning esa, qorong`i tunni munavvar qilishligini, har ikki holat ham insoniyat uchun qaratilganligini hisobga olsak, ular orasida juda katta ma’naviy yaqinlik borligi ham ayon bo`ladi. «Topishmoq» termini «top» buyruq fe`liga – “ish” yasovchi qo`shimchasini qo`shish orqali yasalgan va unga «– moq» formasini qo`shish bilan janr atamasi yuzaga kelgan.
Topishmoqlar respublikamizning turli tumanlarida o`sha joylarning lokal xususiyatlari va shevasiga ko`ra, jumboq, jummoq, jumoq, topmacha, topar cho`pchak, top-top, top-top cho`pchak, matal, masala, ushuk kabi xilma-xil so`zlar bilan ham ifodalanadi. Ammo hozirgi paytda «topishmoq» yagona ilmiy-adabiy termin sifatida to`la o`zlashdi, qolganlari esa, tor doiralarda va ayrim keksa kishilar nutqida ishlatiladigan bo`lib qoldi.
Topishmoq aytishishning ham qat`iy an’analari, o`ziga xos tartib-qoidalari bo`lgan. Folklorshunos 3.Husainovaning yozishicha, «O`zbek xalqi orasida ham juda qadimda biror muayyan vaqtda, biror marosimda topishmoq aytishish rasm bo`lgan bo`lishi mumkin. Lekin hozirgi vaqtda bunday aytishishlarning izlari saqlanmagan. Ammo ota-bobolarimiz kundalik mehnatdan bo`shagandan keyin, ko`pincha kechasi topishmoq aytishar ekan. Samarqand viloyati Gulbuloq qishlog`ida yashovchi Roziya momo shunday deydi: «Qishning kechasi uzun bo`ladi, ayollar yig`ilib urchuq yigiradi, olacha to`qiydi, shu vaqtlarda yoki kechasi yotgandan keyin topishmoq aytishish» odati bo`lgan. Samarqand viloyatining shimoliy tumanlaridagi o`zbeklar yashagan qishloqlarda to`yga boshqa qishloqlardan kelgan odamlarni qo`ni-qo`shnilarnikiga qo`ndirganlar. Yig`ilgan mehmonlar o`rtasida chaldirmoq, jumboq aytishish ham bo`lgan».29 Demak, topishmoqni asosan qish kechalari aytish o`tmishda uning ijrosida muayyan taqiqlar bo`lganligini ko`rsatadi.
Topishmoq ijrosi uchun kamida ikki kishi, ikki guruh yoki topishmoq aytuvchi va uni yechuvchilar, javobini topuvchilar bo`lishi kerak. Topishmoqaytilishi bilan uning javobi topilgach, ketma-ket navbatdagilari aytila beradi. Shuning uchun ham topishmoq aytish hozirgi paytda aql-zakovat, ziyraklik musobaqasi, o`yin-kulgi, ko`ngil ochish vositasiga aylangan.