4-MAVZU: XALQ MAQOLLARI VA TOPISHMOQLAR Reja: 1.Maqollar-hayotiy tajriba va sinovlar hosilasi.
2.Maqol va aforizm (hikmatli so`z) munosabati.
3.«Devonu lug‘otit turk» asarida maqollar haqida.
4.Maqollarda badiiy tasvir vositalari. Maqollarning nutqdagi ahamiyati
5.Topishmoqlar - ijtimoiy hayot ifodachisi.
6.Topishmoq aytish tartibi: ta’qiq va shartlari.
7.Topishmoq va yozma adabiyot munosabati.Topishmoq va metafora.
Tavsiya etiladigan adabiyotlar:
1.Jo‘rayev M. Folklorshunoslik asoslari. -Т.: “Fan”, 2009.
2.Jo'rayev M. Folklorshunoslikka kirish. O‘quv qo‘llanma. –T. 2008.
3. Safarov O. O‘zbek xalq og'zaki ijodi. -Т.: “Musiqa” nashriyoti, 2010.
4.Madayev O. O‘zbek xalq og‘zaki ijodi. -Т.: “Mumtoz so‘z”, 2010
5.Jo‘rayev M , Sh. Shomusarov. Ozbek mifologiyasi va arab folklori.T.2001.
6.K.Imomov.O`zbek xalq nasri poetikasi.T. Fan. 2008.
7.N.Mallayev. Alisher Navoiy va xalq ijodiyoti. T. 2015.
8.Z.Masharipova O`zbek xalq og`zaki ijodi. T. 2008.
Maqol. Maqol, masal, matal, zarbulmasal, naql, hikmat, foyda, hikmatli so`z, tanbeh, mashoyixlar so`zi, donolar Yoki donishmandlar so`zi, oqinlar so`zi va otalar so`zi atamalari bilan el orasida yurgan bu janr namunalari g`oyat ommaviy bo`lib, umumfolklor hodisasi hisoblanadi. Ilmiy taomilda esa maqol atamasi istemoldadir. Maqol arabcha “qavvola” so`zidan olingan va “aytmoq, so`zlamoq” ma’nolarini anglatadi. Xalq orasida «Qavlida sobit” yoki «Qavlida tuturuqsiz” iboralari bor: birinchisida “so`zida qatiyatli, bir so`zli” ma’nolari anglashilsa, ikkinchisida “so`zida turmaydigan, o`z so`zi ustidan chiqa olmaydigan, so`zi bilan ishi bir bo`lmagan” manolari ifodalangan. Binobarin, “maqol” so`zi o`zbek tilida ikki manoda, avvalo, o`z lug`aviy manosida - “so`z, nutq”ni anglatsa, ikkinchidan, istilohiy manoda - folklorda keng tarqalgan janrni ifoda etadi.
Maqol masal va naql janrlarining yuzaga kelishiga ta’sir ko`rsatgan, masal va naqlning xulosasi, qissadan chiqarilgan xulosasiga aylanganligi tufayli ba’zan masal va ba’zan naql istilohlari bilan aralashib ketgan. Aslida esa “masal” so`zi ham arabcha bo`lib, “o`xshamoq” ma’nosini anglatsa-da, o`zbek tilida maqol va biror maqsadni izohlashga qaratilgan majoziy hikoya singari ikki ma’noda qo`llanadi. Biroq XX asrga kelib, uni maqol ma’nosida istifoda etish bilan cheklanildi. Faqat tojik folklorshunosligida maqolni masal istilohi bilan atash qaror topdi.
“Naql” so`zi ham maqol ma’nosida qo`llansa-da, arabcha so`z bo`lib, “ko`chirmoq” ma’nosini anglatadi. O`zbek tilida esa “bayon qilmoq, hikoya qilmoq, rivoyat qilmoq” singari ikkinchi bir manoga ega va xalq og`zaki nasrining mustaqil aforistik janrini ifodalovchi ilmiy istiloh sifatida qo`llanadi. “Yaxshi naql-tomiri aql” maqolida “naql”-maqol manosidadir.
Maqollar xalq donishmandligining nodir namunalari sifatida og`zaki badiiy ijodning keng tarqalgan mustaqil janridir. Shartli ravishda ularni xalqona axloq-odob qoidalari deb atash mumkin. Zero, maqollar xalqning asrlar davomida hayotiy tajribalarida sinalgan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-madaniy, axloqiy-falsafiy qarashlarining g`oyat ixcham, lo`nda, siqiq va obrazli ifodasidan tug`ilgan hodisadir. Maqollar maxsus ijod qilinmaydi, balki ma’lum bir sharoit taqozosi tufayli sinalgan hayotiy tajribadan tug`iladigan xulosaning axloqiy bahosi sifatidagi hukm bo`lib yuzaga keladi. Aytaylik, jahondagi barcha xalqlarda ham yashamoqning asosiy sharti-yemoq va kiymoq bo`lib, buning moddiy negizi ekin ekish va undan mo`l-ko`l hosil olgan holda ham moddiy, ham ma’naviy imkoniyatlarini ta’minlashdir. Ekin ekish uchun yerni qay vaqtda shudgor qilish uning unumdorligini oshiradi? Bu savol javobi necha asrlik dehqonchilik tajribasining axloqiy xulosasi sifatida “Yer haydasang, kuz hayda, kuz haydamasang, yuz hayda” maqolining yuzaga kelishiga sabab bo`lgan. Qolaversa, xalq turmushidagi tajriba bir xil xulosalarni keltirib chiqargan. Natijada mohiyatan bir mazmundagi maqollar yuzaga kelgan. Chunonchi, o`zbeklardagi “Bug`doydan-bug`doy, arpadan-arpa” va “Nima eksang-shuni o`rasan” maqollari tojiklarda “Gandum az gandum biro`yad, jav zi jav” va ruslarda “Chto poseyesh, togo i pojnesh” shakllarida qo`llanadi. Bu holat xalqlarning o`zaro manaviy aloqalari ta’siri yanada chuqurlashib borayotganligi ko`chish natijasi ham bo`lishi mumkin. U holda maqolning dastlab qaysi tilda yaratilganligini aniqlash oson emas. Shu sababli turli tillarda mavjud bir xil mazmundagi maqollarni o`sha xalqlar turmush tarzidagi o`xshash jihatlarga oid hayotiy tajribalarning mantiqiy-axloqiy yakunlari sifatida qarash asosliroqdir. Lekin masalaning bu qirrasi paremiologiya-maqolshunoslikda deyarli o`rganilayotgani yo`q. Har bir xalq maqollarida o`sha xalqning qalbi, milliy tabiatiga xos qarashlari ifodalansa-da, ulardagi g`oya umumxalqqa tegishlidir. Shu xususiyatiga ko`ra, maqollar ham milliy, ham umuminsoniy mohiyat kasb etganlar.
Maqollar insonlarning turli sohalardagi faoliyatlari jarayonida uzoq muddatli sinovlardan o`tgan turmush tajribalarining hosilasi-barqaror va o`zgarmas, to`g`ri va haqqoniy xulosasi tarzida yuzaga kelganlar. Bu hol maqollarda mavzular doirasini behad kengaytirgan va xilma-xillashtirgan. Binobarin, inson hayoti va turmushining barcha qirralari maqollarda axloqiy bahoga aylangan.
Shuni ta’kidlash o`rinlidirki, hadislar ham maqollarning paydo bo`lishi va taraqqiyotida ma’lum darajada tasir ko`rsatgan, aniqrog`i, hadislar jonli so`zlashuv jarayonida qayta ishlanib, yanada ixchamlashib, obrazlilik kasb etgan holda xilma-xil maqollar shaklida faolroq qo`llana boshlagan. Masalan, Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilinadigan “Alloh Taoloning rozi bo`lishi otaning rozi bo`lishiga va uning g`azabi ham otaning g`azabiga bog`liqdir” hadisi mavjud. U xalq ijodida “Ota rozi-xudo rozi, Ota norozi-xudo norozi”, “Ota oldida kek urma, odobingga chek urma”, “Ota oldidan o`tma, odob oldidan ketma”, “Ota o`g`li bo`lsang-ota nomini baland tut” singari o`nlab maqollarning yuzaga kelishiga turtki bo`lgan.
Maqollar ma’lum vaziyatda, ma’lum voqea-hodisa munosabati bilan yo fikrni boshlash oldidan, yo fikr bayoni jarayonida, yo fikrni xulosalash maqsadida aytiladi. Uni keksayu yosh baravar aytsa-da, ko`proq hayotiy tajriba egasi bo`lgan katta avlod nutqida faolroqdir. Maqollarni ish jarayonida ham, oddiy yoki jiddiy muomala-munozaralarda ham, to`y-hashamlarda ham aytish mumkin. Har bir gapga bir maqolni qo`shib, fikrni dalillash, tasdiqlash yo inkor etish asosida nutqning ta’sir kuchi oshiriladi. Bunday nutq tinglovchini befarq qoldirmaydi, uning his-tuyg`ulariga tez ta’sir qilib, fikrini uyg`otadi, adolatli xulosalarga kelishi va hukm chiqarishini ta’minlaydi. Maqollarning axloqiy hukm sifatidagi mohiyati shunda ko`rinadi, zero, maqollarda hukmdan kechinmaga qarab boriladi.
Maqollarda ifodalangan yagona hukm har bir tinglovchida har xil kechinma yo fikr uyg`otishi tabiiy. Lekin baribir barcha bir xil xulosaga keladi.
Maqollar og`zaki badiiy ijod va falsafa oralig`ida turgan hodisa bo`lib, ularda aytilgan hukmni hech kim inkor etolmaydi.Chunki bunday hukm, avvalo, asrlar davomida turmush tajribasida qayta-qayta sinalib tasdiqlangan, so`ngra esa, xuddi shu xususiyati tufayli tarix hikmatiga aylanib tashviqiy mohiyat kasb etgan. Shuning uchun maqollardagi fikrlar tinglovchilar tomonidan e’tirozsiz, hech bir qarshiliksiz va izohsiz qabul qilinishi odatiy holdir. Maqollarda mantiq kuchi baland, fikr ishonarli va bahslashishga o`rin qoldirilmagan. Shu sababli ulardan nutqning istalgan joyida, istalgan maqsadda foydalanish mumkin. Shunga qaramay, maqollar, odatda, jiddiy tusda aytiladi va tinglanadi. Lekin bazi hollarda maqollar kinoya, piching, istehzo, zaharxanda manolarida ham ishlatilishi mumkin: “Jo`jani kuzda sanaydilar” maqolida ishining natijasi ko`rinmay maqtanadigan kishilarga kinoya, “Gado arazlasa-to`rvasiga ziyon” maqolida huda-behudaga achchiqlanadigan kishilarga zaharxanda manolari ifodalangan.
... Bazilarning gumonicha, shu (kunlarning “kampir kunlari”) deb atalishiga sabab shuki, bir kampir (havoning) isiganini ko`rib, paxtali kiyimini yechib tashlagan va shu kunlarning sovug`ida o`lgan. Ba’zi arablar fikricha, “kampir kunlari”ning bunday atalishiga (sabab), bu kunlar qishning “kampiri”, yani oxiridir”. Mana shulardan bexabar holda mazkur maqol “mag`zi”ni chaqish qiyin.
Maqollar ham she`riy, ham nasriy shakllarda bo`lsalar-da, na lirik, na epik turga kirmaydi.
Maqollar shaklan ixcham bo`lsalar-da, badiiyatiga ko`ra yuksak obrazlilikka egadirlar. Ularda fikr sodda, tabiiy, ravon, silliq va tushunarli bo`lib, tasirchan ifodalanishi ehtiyoji turli narsalar, hayvonlar, o`simliklar va hodisalar obrazlaridan g`oyaviy-badiiy niyatni ifodalashda foydalanishni taqozo etgan. Natijada timsoliy obrazlar vositasida hayotdagi ijobiy yo salbiy voqealarga, insoniy munosabatlarga axloqiy baho berilib, hukmlar chiqarilgan.
Maqollar tuzilishiga ko`ra, bir va bir necha sintaktik butunliklar asosida tashkil topgandir. Bir sintaktik butunlikdan iborat maqollar, odatda bir qismli maqollar sanalib, ko`pincha darak gap yo`sinida bo`ladi: “Ayol tilini ayol bilar”, “Arg`amchiga qil-quvvat”, “Vatanni sotgan er bo`lmas”, “Gavhar yerda yotmas”, “Yomon it egasini qopar”, “Ishni ishchandan o`rgan” kabi. Ko`p sintaktik butunlikdan iborat maqollar esa, ko`p qismli yoki murakkab maqollar deb yuritiladi. Bunday maqollar bir-biriga o`xshash yoki zid fikrlar bayonidan iborat bo`ladi. Aksariyat maqollar ikki qismdan tashkil topgan; bir qismi tasviriy mohiyatga ega bo`lsa, ikkinchi qismi xulosadan iboratdir: “Aytmas yerda og`zingni tiy, mehmonga borsang nafsingni”, “Bulbulning sayrashi guldir, mehr xazinasi tildir”, “Bug`doy noning bo`lmasin, bug`doy so`zing bo`lsin”, “Yolqitsa ham-yog` yaxshi, yondirsa ham-yoz yaxshi”, “Ishonish bilan kasal bo`lsang, umid qilsang-tuzalasan” kabi yuzlab maqollarda ikkinchi qismi zarbli va asosiy o`gitni ifodalaydi.
Bir qismli maqollarga nisbatan ko`p qismli maqollar tez o`zgarishga mo-yilroqdir. Chunki ba’zi holatlarda maqol aytuvchining unda ifodalanayotgan ma’noni tushunib yetmasligi yoki eshitganini eslay olmasligi natijasida o`zicha qo`shimcha so`zlar, izohlar qo`shishi tufayli maqolning yo mazmuniga, yo tuzilishiga jiddiy zarar yetkazilishi mumkin. Bunday vaziyatda o`sha maqolda asosiy fikrni tashigan uzvlardan birining tushirilib qoldirilishi hech gap emas. Binobarin, maqollarni aytish va tinglash ham alohida e’tibor va ma’suliyatni taqozo etadi. Aks holda beparvolik tufayli maqolning asl ma’nosiga putur yetkazilib, kelajak avlodga noto`g`ri talqinda o`tib qolishi va mantiqqa zid ma’noda qo`llanilishi mumkin.
Maqollarda badiiy til vositalari fikrni ixcham va obrazli ifodalashga, tinglovchi qalbida kechinmani tez uyg`otishga xizmat qiladi. Bu jihatdan maqollarda uchrovchi sinonimiya va antonimiya hodisalari e’tiborni tortadi. Maqollar orasida shakli boshqa bo`lsa-da, mazmuni bir xil bo`lib, sinonimik qatorlar hosil qiluvchi namunalar anchagina. Bu motivlar silsilaviyligi asosida yuzaga kelgan. “Kattani-katta bil, kichikni kichik” maqolidagi axloqiy motiv “Kattaga tegma-yig`larsan, kichikka tegma-uyalarsan”, “Kattaning uyalgisi kelsa-kichikka tegadi”, “Katta-kattaligida tursin, kichik-kichikligida”, “Kattaga kattalarcha bo`l, kichikka-kichiklarcha”, “Kattalar aytsin, kichiklar eshitsin”, “Kichikni maqta, kattani saqla”, “Kattaga-hurmat, kichikka-shafqat” kabi o`nlab maqollarda aksini topib, butun bir silsilaviy sinonimik qatorni yuzaga keltirgan. Bu xildagi maqollarni shartli ravishda sinonim maqollar deb yuritish mumkin; ular, odatda, mazmuniga ko`ra tasnif qilinganda bir mavzu doirasida beriladi.