Xotira turlari Xotira insonning holati va faoliyatining barcha sohalarida qatnashishi tufayli uning namoyon boʻlish shakllari, holatlari, shart-sharoitlari, omillari ham xilma-xil koʻrinishga egadirlar. Odatda xotirani muayyan turlarga ajratishda eng muhim asos qilib uning tavsifnomasi sifatida esda olib qolish, esda saqlash, esga tushirish, unutish singari jarayonlarni amalga oshiruvchi faoliyatining xususiyatlariga bogʻliqligi olinadi. Shu oʻrinda ta’kidlash joizki, ayrim darsliklarda xotira turlari turlicha klassifikasiya qilinadi. Jumladan, A.V.Petrovskiy tahriri ostida chiqqan "Umumiy psixologiya" darsligida quyidagi klassifikasiya uchraydi:
Faoliyatda koʻproq sezilib turadigan psixik faollikning xususiyatiga qarab: harakat, emosional, obrazli va soʻz mantiq xotira.
Faoliyatning maqsadlariga koʻra: ixtiyorsiz va ixtiyoriy xotira.
Materialni qancha vaqt esda olib qolish va esda saqlash muddatiga koʻra:qisqa muddatli, uzoq muddatli va operativ xotira.
M.G.Davletshin tahriri ostida chiqqan "Umumiy psixologiya" oʻquv qoʻllanmasida quyidagi xotira klassifikasiyasi qayd qilinadi:
Psixik faolligiga koʻra: ixtiyoriy va ixtiyorsiz xotira.
Faoliyat maqsadiga koʻra: harakat, emosional, obraz va soʻz-mantiq xotirasi.
Muddatiga koʻra:uzoq muddatli, qisqa muddatli va operativ xotira.
E.Gʻ.Gʻoziyev tahriri ostida chiqqan "Umumiy psixologiya" oʻquv qoʻllanmasida xotira turlari quyidagicha klassifikasiya qilingan.
1. Ruhiy faoliyatning faolligiga koʻra: a) harakat yoki motor harakat xotirasi; b) obrazli xotira; v) his-tuygʻu yoki hissiyot xotirasi; g) soʻz-mantiq xotira. 2. Ruhiy faoliyatning maqsadiga binoan:
a) ixtiyorsiz; b) ixtiyoriy; v) mexanik. 3. Ruhiy faoliyatning davomiyligiga koʻra: a) qisqa muddatli xotira; b) uzoq muddatli xotira; v) operativ (tezkor) xotira.