O`zbekiston respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi shahrisabz davlat pedagogika instituti



Yüklə 42,93 Mb.
səhifə55/105
tarix25.09.2023
ölçüsü42,93 Mb.
#148227
1   ...   51   52   53   54   55   56   57   58   ...   105
MAJMUA - Psixologiya.

A.V.Petrovskiy muharrirligida chop etilgan, "Umumiy psixologiya" darsligida tafakkurni quyidagi turlari ajratib koʻrsatiladi: koʻrgazmali-harakat, koʻrgazmali-obrazli, mavhum nazariy tafakur turlari va boshqalar.
Koʻrgazmali-harakat tafakkur turi. Tarixiy taraqqiyot davomida odamlar oʻz oldilarida turgan maqsadlarni dastlab amaliy faoliyat nuqtai nazaridan yechganlar, keyinchlik unda nazariy faoliyat ajralib chiqqan. amaliy va nazariy faoliyat chambarchas bir-biri bogʻlangandir.
Koʻrgazmali-harakat tafakkur turiga psixologik adabiyotlarda quyidagicha ta’riflar uchraydi. Jumladan, V.Karimova tomonidan koʻrgazmali-harakat tafakkuri odamning real predmetlar bilan ish qilayotgan paytda fikrlash jarayonini nazarda tutadi. "Psixologik lugʻatda" koʻrgazmali harakatli tafakkur amaliy tafakkurning bevosita idrok qilayotgan narsa va hodisalar haqida harakatlar yordami bilan amalga oshiriladigan fikrlash turi, deb tavsiflanadi.
Sof psixologik faoliyat birlamchi emas, balki amaliy faoliyatning oʻzi birlamchidir. Yana faoliyatning taraqqiyoti davomida unga nisbatan mustaqil nazariy fikr yuritish faoliyati ajralib chiqqan. Faqat butun insoniyatning tarixiy taraqqiyoti emas, balki shu bilan birga har bir bolaning psixik taraqqiyoti jarayoni ham dastavval sof nazariy faoliyat emas, balki amaliy faoliyatdir.
Agarda insoniyatning tarixiy taraqqiyoti muammosidan chetlanib, ushbu masalani olib qarasak, u holda amaliy faoliyat birlamchi ekanligiga ishonch hosil qilamiz. Buning uchun insonning ontogenetik taraqqiyotini dastlabki fazasiga murojaat qilamiz. Bola tugʻilishdan tortib, to uning bogʻcha yoshigacha davrini amaliy faoliyatda koʻrgazmali-harakat tafakkuri oʻsishining asosiy pallasi deb atash mumkin. Mazkur yoshdagi inson zoti ana shu amaliy faoliyat negizida aqliy harakatlarni amalga oshiradi, amaliy bilimlarni oʻzlashtiradi, natijada koʻrgazmali-harakat tafakkuri oʻsa boradi. Ushbu yoshdagi kichkintoylar oʻzlari oʻynayotgan oʻyinchoqlarni qoʻllari bilan bevosita ushlab koʻrish orqali ular bilan tanishadilar, shuning bilan birga ularni idrok qilishga intiladilar. Idrok qilingan predmetlar va oʻyinchoqlarni oʻzaro solishtiradilar, qismlarga ajratadilar, analiz va sintez qiladilar, boʻlaklarga ajratilganlarni yaxlit holga keltirib birlashtiradilar. Kattalar tushuntirishiga ishonch hosil qilmasdan, ayni chogʻda ularni ob’ektni sindirib yoki buzib boʻlsa ham, ularning ichki tuzilishi bilan tanishish ishtiyoqi, mayli kuchli boʻladi. Shu boisdan amaliy xarakterdagi muammolarni hal qilishda koʻpincha buzib, tuzatish yoʻli bilan harakat qiladilar. Koʻrgazmali-harakat tafakkuri bogʻcha yoshiga yetgandan soʻng bolalarda oʻz qiymatini yoʻqota boshlaydi.
Koʻrgazmali-obrazli tafakkur turi ham psixologik adabiyotlarda turlicha talqin qilinadi. "Psixologik lugʻat"da ta’riflanishicha u konkret tafakkurning bevosita idrok qilinayotgan narsa va hodisalar haqida fikrlashdan iborat boʻlgan turi. Professor E.Gʻoziev fikricha, bevosita idrok qilinayotgan predmetlar emas, balki faqat tasavvur qilinayotgan narsa va hodisalar haqida fikrlashdan iborat tafakkur turi koʻrgazmali-obrazli tafakkur deb ataladi. V.Karimova tomonidan koʻrgazmali-obrazli tafakkur esa koʻrgan kechirgan narsalar va hodisalarning aniq obrazlari koʻz oldimizda gavdalangan chogʻda ularning mohiyatini umumlashtirilib bilvosita aks ettirishimizdir, deb talqin qilinadi. Tafakkurning mazkur koʻrinishi 4-7 yoshgacha boʻlgan bolalarda namoyon boʻladi. Bogʻcha yoshidagi bolalarda koʻrgazmali-obrazli tafakkur bosqichiga oʻtgandan soʻng ham saqlanib qoladi, lekin u oʻzining yetakchi rolini yoʻqota boshlaydi.
Koʻrgazmali-obrazli tafakkur sodda shaklda koʻpincha boqcha yoshidagi bolalarda, ya’ni 4-7 yoshgacha boʻlgan bolalarda paydo boʻladi. Bu yoshdagi bolalarda tafakkurning amaliy harakatlar bilan aloqasi avvalgidek toʻgʻri va bevosita boʻlmaydi. Bogʻcha yoshidagi bolalar faqat koʻrgazmali obrazlar bilan fikr yuritadilar va uncha tushunchaga ega boʻlmaydilar. Bogʻcha yoshidagi bolalarda tushunchalarning yoʻqligi shveysariyalik psixolog J.Piajening quyidagi tajribasida juda yaqqol namoyon boʻladi. 7 yoshga yaqin bolalarga xamirdan qilingan mutlaqo bir xil, hajmi jihatidan teng 2 ta soqqa koʻrsatiladi. Bolalar uni teng deb hisoblaydi. Bolalarning koʻz oldida bitta soqqa ezib non shakliga keltiriladi. Endi bolalar non shaklidagi soqqada xamir koʻp deb hisoblaydilar. Bolalarning koʻrgazmali-obrazli tafakkurlari hali ularning idroklariga bevosita toʻla boʻysunadigan boʻladi. Ularning koʻrgazmali-obrazli shaklda oʻtadigan tafakkurlari bolalarni soqqaga qaraganda non shaklidagi xamir koʻproq degan xulosaga olib keladi.
Shuning uchun ular narsa va hodisalarning, jism va predmetlarning koʻzga yaqqol tashlanib turuvchi alomatiga, xususiyatiga, tashqi belgisiga e’tibor qiladilar. Lekin ularning ichki bogʻlanishlari oʻzaro munosabatlarini bildirib keladigan muhim asosiy sifatlariga ahamiyat bermaydilar. Ob’ektlarni fazoda joylashgan oʻrni tashqi, nomuhim belgisi ularning koʻrgazmali-obrazli tafakkurini vujudga keltiradi. Masalan, ularning nazarida odamlarni boʻyining baland va pastligi ularning yoshini belgilaydi.
Tafakkur faolligiga qarab ixtiyorsiz (intuitiv) va ixtiyoriy (analitik) tafakkur turlariga ajratiladi. Intuisiya deb mantiqiy tafakkur yordamida koʻp vaqtlar davomida hal qilinmagan aqliy vazifalarning toʻsatdan, kutilmaganda hal qilinib qolishi jarayoniga aytiladi.
Koʻpincha ixtiyoriy tafakkur jarayoni mulohaza, muhokama, isbotlash, gipoteza kabi shakllarda namoyon boʻladi. Masalan, matematika, fizika, kimyo, psixologiya va boshqa fanlardagi misol va muammolarni yechish jarayoni. Bundan tashqari ixtiyoriy tafakkurga mantiqiy yoki nazorat (kontrol) tafakkuri ham kiradi. Moddiy borliqni adekvat aks ettirish, fikr yuritish, tanqidiy va sinchkov boʻlishni taqazo etadi. Binobarin, narsa va hodisalarni atroflicha bilish uchun ob’ektiv baho berish zarurati tugʻiladi, bu esa oʻz navbatida fikr yuritish koʻlami keng, analitik-sintetik faoliyat doirasi mustahkam boʻlishini talab qiladi.
Tafakkur jarayoni ixtiyorsiz yuz berishi ham mumkin. Lekin bu holda ular ixtiyoriy tafakkurga suyangan tarzda vujudga keladi. Jumladan, odamning amaliy, maishiy va hokazo faoliyatlarida ixtiyorsiz ravishda qator savollar paydo boʻlishi va ularga beixtiyoriy javoblar axtarish hollari uchrab turadi. Bunday paytlarda inson fikr yurityaptimi yoki yoʻqmi buni bilish qiyin, vaholanki, u oʻzicha goʻyo savollarga javob topadiganday, shirin his-tuygʻularni boshdan kechirayotganday boʻladi, shuning uchun koʻpincha "tilimning uchida turibdi" deyiladi. Odamlar qandaydir matn yoki muammo, masala ustida bosh qotirib, oʻtirganlarida fikr yuritish mutlaqo beixtiyor roʻy berib qoladi va ular asosiy topshiriqni bajarishdan uzoqlashtiradi.
Insoniyat tarixiy taraqqiyoti tarixidan shu narsalar ma’lumki, yirik ilmiy kashfiyotlar koʻpincha xuddi shunday beixtiyor fikr qilib turgan mahalda toʻsatdan ochilgan. Jumladan, yunon olimi Arximed solishtirma ogʻirlik qonunini zoʻr berib, aqliy mehnat qilish paytida emas, balki hech kutilmagan jarayonda, vannada choʻmilib turgan paytida kashf etgan. Ulugʻ rus olimi D.I.Mendeleevning hikoya qilishicha, u elementlar davri tizimi jadvalini tuzish vaqtida uch kecha-yu, uch kunduz betinim mehnat qilgan, ammo bu vazifani nihoyasiga yetkaza olmagan. Undan soʻng charchagan olim ish stoli ustida uyquga ketgan va tushida bu elementlar tartibli joylashtirilgan jadvalni koʻrgan. Shunda D.I.Mendeleev uyqudan, uygʻonib, bir parcha qogʻ;ozga tushida ayon boʻlgan jadvalni koʻchirib qoʻygan.
Koʻpincha psixolog va fiziologlarning ta’kidlashlaricha, muammoning bunday oson ravishda echimini hech kutilmaganda yuqoridagi kabi beixtiyor hal qilinishi shu kashfiyotlar olam yuzini koʻrganicha boʻlgan davr ichida oylab, yillab qilingan mehnatning yakuni, ya’ni tugallanmay qolgan tafakkur jarayonlarining nihoyasiga yetishidir deb baholamoqda.
Yirik fiziolog hamda psixolog V.M.Bexterevning izoqlashicha, bunday kutilmagan jarayonlarning roʻy berishiga asosiy sabab bu oʻrganilayotgan masala toʻgʻrisida uxlashdan oldin zoʻr berib bosh qotirish, oʻylash (fikr yuritish) va butun zehni shuning bilan birga diqqat-e’tiborining tortilishi, kashf qilinishi zarur masalaga toʻla-toʻkis yoʻnalishidan iborat maqsadga muvofiqlashtirilgan murakkab barqaror psixik holati hukm surishidir.
Fikr yuritilishi lozim boʻlgan narsa-hodisalarni idrok yoki tasavvur qilish mumkin boʻlsa, bunday tafakkur konkret tafakkur deb ataladi. U oʻz navbatida yaqqol-predmetli va yaqqol-obrazli tafakkur turlariga ajratiladi. Agar fikr yuritish ob’ekti bevosita idrok qilinsa, bunday tafakkur yaqqol-predmetli tafakkur deyiladi. Fikr yuritilayotgan narsa va hodisalar faqat tasavvur qilinsa, bunday tafakkur yaqqol-obrazli tafakkur deb ataladi.
Abstrakt tafakkur narsalarning mohiyatini aks ettiruvchi va soʻzlarda ifodalovchi tushunchalarga tayanib fikr yuritishdir. Algebra, trigonometriya, fizika, chizma geometriya, oily matematika masalalarini yechish mahalida fikr yuritish, mulohaza bildirish, abstrakt tafakkurga xos misollardir.
Abstrakt tafakkur konkret tafakkurdan gʻoyat keng ma’no anglanishi bilan qator narsa va hodisalar toʻgʻrisida, abstrakt tafakkur yordamida mulohaza borliq toʻgʻrisida cheksizlik, sifat, miqdor, tenglik toʻgʻrisida, goʻzallik yuzasidan mavhum abstrakt mulohaza yuritish mumkinligi bilan farq qiladi.
Hodisalarni izohlashga, faraz qilishga qaratilgan tafakkur nazariy tafakkur deb ataladi. Tushunchalar oʻrtasidagi bogʻlanishlarni yoritib borish va shu bogʻlanishlarni nazariy jihatdan fikr yuritish yoʻli bilan izohlash kabi jarayonlarni nazariy tafakkur yordamida amalga oshirish mumkin. Izohlash paytida izohlanayotgan narsa va hodisalar, xossa va xususiyatlar, jism va predmetlar, umuman butun voqelik ma’lum turkumdagi tushunchalar qatoriga kiritiladi va ularning farq qiladigan belgi va alomatlari fikran ajratib koʻrsatiladi. Bundan tashqari muayyan ob’ektlarning mohiyati, mazmuni mavjud boʻlishlik sabablari, kelib chiqishi, taraqqiyoti, oʻzgarishi, shuningdek ularning ahamiyati va funksiya hamda vazifalari izohlab beriladi.
Nazariy tafakkurni ayni bir paytda abstrakt tafakkur deb nomlash an’ana tusiga kirib qolgan. Bunday nom bilan atashga asosiy sabab nazariy tafakkurning umumiy hukmlarda ifodalanishidir. Masalan, diqqat barcha psixik jarayon va holatlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish garovidir.
Abstrakt tafakkur muammosi qator psixologlar tomonidan izchillik bilan tadqiq etilgan. Ushbu masala bilan L.S.Vigotskiy, P.P.Blonskiylar, keyinchalik S.L.Rubinshteyn, B.G.Ananev, A.N.Leontev, N.A.Menchinskaya, P.Ya.Galperin, R.G.Natadze, D.B.El’konin, V.V.Davidov, A.M.Matyushkin va boshqalar shugʻullanganlar.
Nazariy tafakkur tufayli voqelikdagi umumiy va muhim bogʻlanishlarni, xossalarni, qonuniyatlarni anglab olamiz. Shuning uchun quyosh va oy tutilishini, yulduzlar tizimini harakatini, ob-havo ma’lumotlarini, yer qimirlash oʻchoqlarini, voqea sodir boʻlishini ancha ilgari aytib berishimiz mumkin. Shu sababdan nazariy tafakkurni oldindan koʻrish imkoniyatini yaratadigan umumlashgan tafakkur deb ataydilar.
Shunday qilib, abstrakt tafakkur orqali narsa va hodisalarni bevosita idrok qilish mumkin boʻlmagan xususiyatlari, oʻzaro munosabatlari aniqlanadi, u yoki bu sohaga oid qonuniyatlar ochiladi, sabab-oqibat bogʻlanishlari aks ettiriladi.
Voqelikni oʻzlashtirish vositasi bilan real narsa va hodisalarni yaratilishiga
yoʻnaltirilgan fikr yuritiladi. U qoʻyilgan amaliy va nazariy vazifalarni yangi usullar bilan hal qilish, ongimizda yangi tasavvur, tushuncha va hukmlar hosil qilish, muayyan yangi narsalar yaratish bilan bogʻliq murakkab tafakkur jarayonidir. Amaliy tafakkur jarayonining davomi ish-harakatlarini, aqliy xarakatlarni tasavvur qilishda, fikrlashda namoyon boʻladi. Masalan, talabalar faoliyatidagi konspekt yozish, referat tayyorlash, kurs va diplom ishi ustida ishlash kabilar amaliy tafakkurga yaqqol misoldir.
Muayyan fikrni chin yoki yolgʻonligini ob’ektiv dalillar bilan isbotlash oʻrniga, inson shaxsining ijobiy yoki salbiy sifatlari bilangina cheklanib qolishdan iborat tafakkur turi avtoritar tafakkur turi deb ataladi. U koʻpincha odamlarning muayyan soha boʻyicha bilim saviyasining, darajasining cheklanganligidan va mustaqil fikr yuritish qobiliyatining yetarli darajada oʻsmaganligidan dalolat beradi. Shuningdek, psixologiyada bir-birlari bilan uzviy ravishda bogʻlangan mulohaza yuritishdan iborat tafakkur jarayonini diskursiv tafakkur deb ataladi.
Ijodiy tafakkur - murakkab bilish faoliyatidan biri boʻlib, tadrijiy ravishda izchil oʻzaro bogʻlangan jarayonlardan tashkil topadi, dastavval savollar tugʻiladi, vazifa aniqlanadi, masalani echish va savollarga javob qidirish jarayoni vujudga keladi. Inson oldida turgan aniq vazifa yoki masala bu bajarilishi yoki hal qilinishi zarur boʻlgan vazifa koʻpincha ifodalanishi shart boʻlgan maqsadni ham aks ettirib keladi. Maqsad esa insonning izlanayotgan noma’lum voqelikni topishga gumon va hayajon, shubha qislaridan xalos etishga qaratilgan maylidir.
Ijodiy tafakkurning navbatdagi tarkibiy qismlari quyidagicha aks ettiriladi:
qoʻyiladigan savollarga javob berish, masalani yechishga yordam beradigan yoʻllar, usullar, vositalar, qoidalar va koʻnikmalarni qidirish, ularni tanlash hamda mazkur faoliyatda ularni tadbiq qilish va boshqalar.
Ijodiy fikrlashni ta’minlovchi omillar:
Fikr yuritish faoliyatida eng avval hal qilinishi zarur boʻlgan masala inson tomonidan aniqlab olinishi kerak.
Muammo yoki masalani hal qilish zarur boʻlgan barcha bilimlarni tadbiq qilish uchun intilish.
Masalaga, muammoga taalluqli gipoteza olgʻa suriladi, bosqichlar taxmin qilinadi, yechim toʻgʻrisida farazlar ishlab chiqiladi, turli variantlar hamda variasiyalar haqidagi mulohaza yuritiladi, oʻzaro xayolan solishtirib, eng samarali alomatlar ajratiladi va hokazo.
Muammo oldiga qoʻyilgan farazni tekshirish zarurati tugʻiladi. Muammoni nazariy jihatdan hal qilish uchun ilgari surilgan gipoteza adekvat emasligi, notoʻgʻri ekanligi aniqlansa, u fikr yuritish ob’ektidan siqib chiqariladi va yangi farazlar, oʻylar taxmin qilinadi yoki oʻylab topiladi.
Muammo va masalani hal qilish, yechish, olingan natijalarni toʻgʻriligiga qanoat hosil qilish uchun echuvchi, uni tekshirish bilan tafakkur harakatlarini yakunlaydi.
Psixolog V.A.Kruteskiy ijodiy tafakkurni taraqqiy ettirish maqsadida masalalar tipologiyasini ishlab chiqib, turli yoshdagi oʻquvchilar oʻquv faoliyatida sinab koʻrgan. Tipologiyaga kiritilgan masalalarni V.A.Kruteskiy turlicha nom bilan ataydi:
1.Savol aniq qilib qoʻyilmagan masalalar.
2.Berilganlari yetishmaydigan masalalar.
3.Ortiqcha ma’lumotlari boʻlgan masalalar.
4.Bir necha yoʻl bilan yechiladigan masalalar.
5.Mazmuni oʻzgarib turadigan masalalar.
6.Isbotlashga doir masalalar.
7.Fikrlash, mantiqiy mulohaza yuritishga doir masalalar.
Ijodiy tafakkur turi oʻzining samaradorligi va dolzarbligi, universalligi bilan boshqa fikr yuritish jarayonlaridan farq qiladi, yangi-yangi muammolarni oʻylab chiqish jarayoni boʻlib, insonning bilish faoliyatida yetakchi rol oʻynaydi.
Psixologiya fanida tafakkurni realistik va autistik turlarga ajratiladi. Realistik tafakkur qurshab olgan atrof-muhitni oʻrganishga, aks ettirishga qaratilgan fikr yuritish boʻlib, u mantiqiy qonun va qoidalar yordami bilan voqelikni in’ikos qiladi. Autistik tafakkur insonning hohish va istaklarini amalga oshirish bilan bogʻliq ravishda sodir boʻladi. Amalga oshirilishi lozim boʻlgan tafakkur harakatlari oʻsha shaxsning oʻz tilaklarini roʻyobga chiqarishga yoʻnaltirilgan fikr yuritilishdan iborat individuallik yoki individualistik tafakkurdir.
Masala yechimini qabul qilishga va informasion tayyorgarlik koʻrishga qaratilgan fikr yuritish vizual tafakkur deyiladi. Vizual tafakkur maqsadga muvofiq xarakatlar yoki anglanilmagan operasiyalar, chunonchi obrazlar manipulyasiyasi va transformasiyasi yordami bilan amalga oshiriladi va "aqliy anglanish"dan namoyon boʻladi.
Yirik psixologlardan biri Z.I.Kalmikova oʻz tadqiqotlarida tafakkurni produktiv va reproduktiv turlarga ajratib oʻrgangan edi. qisqa vaqt birligi ichida yangi orginal fikrlar yaratish yoki muhim ilmiy, amaliy masalalarni hal qilish bilan belgilanadigan tafakkur produktiv tafakkur deb ataladi. Reproduktiv tafakkur esa passiv, tayyor mulohazalarni oʻzlashtirib olishga va "tayyor holda" undan foydalanishga qaratilgan insonning bilish faoliyati koʻrinishidir.
Fazoviy tafakkur muammosi atoqli rus psixologi B.G.Ananev va uning shogirdlari tomonidan tadqiq qilingan boʻlib, keyingi yillarda bu muammo yuzasidan taniqli psixolog I.S.Yakimanskaya tomonidan kasb-hunar kolleji oʻquvchilarida tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Fazoviy tafakkur deganda narsa va hodisalarning fazoda rasional joylashishi, zamon va makon munosabatlarini, murakkab bogʻlanishlarini adekvat ravishda aks ettirishdan iborat fikr yuritish jarayoni tushuniladi, tasavvurlar, xotira va xayol tasavvurlari bilan uzviy bogʻliq holda namoyon boʻladi.



Yüklə 42,93 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   51   52   53   54   55   56   57   58   ...   105




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin