M.G.Davletshinning mamlakatimizda psixologiya fanining rivojlanishida xizmatlari buyukdir. Uning asosiy ilmiy yoʻnalishlari oʻquvchilarda texnik qiziqishlar, qobiliyatlarning shakllanishiga, mehnat ta’limi va kasbga yoʻnaltirish muammolariga, pedagogika oliy yurtlarida va universitetlarida oʻqituvchi kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirishga qaratilgan edi. M.G.Davletshin psixologiya fanlari doktori (1971), professor (1972), Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi, hozirgi Nizomiy nomidagi TDPU Psixologiya boʻlimida mudiri, 270ga yaqin ilmiy maqolalar muallifi, 50ga yaqin nomzodlik dissertatsiyalarning ilmiy rahbari, koʻplab doktorlik dissertatsiyasiga ilmiy maslahatchi boʻldi. Uning ilmiy ishlari ichida: “5-7-sinf oʻquvchilarida texnik qiziqishlarini shakllantirish” (1956), “Qiziqish va ta’lim” (1962), “Maktab oʻquvchilarining texnika qobiliyati psixologiyasi” (1971), “Yosh psixologiyasi va pedagogik psixologiya” (Oʻquv qoʻllanma) (1974), “Qobiliyatlar va uning diagnostikasi” (1979), “Kasb tanlash” (1986), “Zamonaviy maktab oʻqituvchisi psixologiyasi” (2000), “Umumiy psixologiya” (2000), (Yosh davrlari va pedagogik psixologiya) (2004) kabi oʻquv-metodik qoʻllanma va ilmiy maqolalari psixologiya fanining ravnaqiga muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Gʻ.Shoumarov (1990-yilda fan doktori, 1993-yil professor) differentsial psixologiya, ijtimoiy psixologiya, etnopsixologiya, oila psixologiyasi, shaxs psixologiyasi, psixodiagnostika, oʻzbek oilasining ijtimoiy psixologik, etnopsixologik xususiyatlari masalasini oʻrganishga katta etibor berdi. “Muhabbat va oila” (-T., Ibn Sino, 1994), “Oila psixologiyasi” Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari uchun oʻquv qoʻllanma (Toshkent, Sharq. 2000), “1001 savolga psixologning 1001 javobi” (-T., Mehnat. 2000) va boshqalar.
E.Gʻoziyev (1992-yilda psixologiya fanlari doktori, 1994-yilda professor), ta’lim jarayonida oʻquvchilar tafakkurining oʻsishi, oʻquvchilarni umumlashtirish usullariga oʻrgatish va ularning aqliy taraqqiyoti, oʻquv faoliyatini boshqarish, tafakkur, xotira, shaxs, bilish nazariyasining psixologik muammolari, komil insonni tarbiyalashning psixologik asoslari kabi masalalarni yoritishga e’tibor berdi. Uning “Oʻquvchilar oʻquv faoliyatini boshqarish” (1988), “Oila etikasi va psixologiyasi” (1992), “Psixologiya” (1999), “Tafakkur”, “Xotira”, “Shaxs”, “Umumiy psixologiya” (I-II kitob. T., 2002), “Faoliyat va xulq-atvor motivatsiyasi” (2003), “Ontogenez psixologiyasi” (Monografiya. – T., 2008), “Umumiy psixologiya” (Darslik. – T., 2010) nomli darslik va oʻquv qoʻllanmalari koʻp sonli talabalarning asosiy oʻquv qoʻllanmasi boʻlib xizmat qilmoqda.
Oʻzbek xalqining xotin-qizlari ichida birinchi marta psixologiya fanlari doktori (1994) ilmiy darajasini olgan fargʻonalik ayol V.Karimova ham Oʻzbekistonda psixologiya fanining ravnaqiga katta hissa qoʻshmoqda. Uning ilmiy-tadqiqot yoʻnalishida etnopsixologik gʻoyalar katta oʻrin oldi. U oʻzbek xalqining milliy an’analari, qadriyatlari, rasm-rusumlari psixologiyasi, oʻzbek ayolining ijtimoiy mavqeini oshirish, ularni keng xalq ommasiga singdirish boʻyicha ilmiy ishlarni amalga oshirmoqda.
Olimaning “Oʻzbek ayoli shaxsining shakllanishi” (1986), “Ijtimoiy psixologiya va ijtimoiy amaliyot” (1999), “Tashkiliy xulq” (1999), “Mustaqil fikrlash” (2000), “Psixologya” (2000), “Salomatlik psixologiyasi”, “Psixologiya” (Darslik. – T., 2012), “Oila psixologiyasi” (darslik. T., 2008) kabi darslik va oʻquv qoʻllanmalaridan pedagogika oliygohlarining oʻqituvchi va talabalari keng foydalanmoqdalar.