“O’zbekistonda davlat boshqaruvining yangi tizimining shakllanishi va rivojlanib borishi”
I.2. Mustaqillik yillarida zamonaviy boshqaruv tizimining yo’lga qo’yilishi Mustaqillik tufayli O‘zbekistonning davlat boshqaruvini samarali tashkil etish, fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash borasida muhim o‘zgarishlar amalga oshdi. “Mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab, o‘z umrini o‘tab bo‘lgan eski mustabid sovet tizimidan voz kechib, mamlakatimizda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan ochiq demokratik davlat barpo etish va fuqarolik jamiyatini shakllantirishga azmu qaror qildik”.13 Shuni alohida ta’kidlash kerakki, davlat hokimiyati institutlarining faoliyati davlat qurilishi va fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlari – nomarkazlashtirish bilan uzviy bog‘liq. Bu sohada: 1) davlat hokimiyati barcha tarmoqlarining bir-biridan mustaqil holda ish yuritish tamoyillarini mustahkamlash; 2) hokimiyat vakolatlarini nodavlat va jamoat tashkilotlariga, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlariga bosqichma-bosqich o‘tkaza borish, ularning haq-huquqlari va erkinliklarini muhofaza etishni kuchaytirish taqozo etiladi. Chunki davlat hokimiyati barcha tarmoqlarining bir-biridan mustaqil bo‘lishi ularga shaxs manfaati ustuvorligidan kelib chiqqan holda ishlash imkoniyatini beradi. Ayrim noqonuniy aralashuvlarga chek qo‘yib, fuqarolarning boshqaruvda va qarorlar qabul qilishda faol ishtiroki uchun sharoit yaratadi.
Davlat boshqaruv tizimini ana shunday isloh qilish va takomillashtirish natijasida Uni nomarkazlashtirish hamda fuqarolik jamiyati qurish mumkin bo‘ladi. “Fuqarolik jamiyatini qurish, bir qancha vakolatli vazifalarni davlatdan mahalliy hokimiyat organlariga, jamoat tuzilmalariga va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlariga bosqichma-bosqich topshirishni ko‘zda tutadi”.14 Pirovardida, mahalliy hokimiyat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bajaradigan vazifalar doirasi kengayadi, ularga davlat vakolatlarining bir qismini bosqichma-bosqich topshirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Natijada bu dasturni amalga oshirish jarayoni fuqarolarga o‘z hayoti va jamiyat hayotini boshqarishni tashkil etishda keng imkoniyat yaratadi.
Fuqarolik jamiyatiga o‘tish jarayonida sud, prokuratura va advokatura tizimi faoliyati takomillashadi. Advokatura tizimini kuchaytirish va uning chinakam mustaqilligini ta’minlash jamiyat hayotini sog‘lomlashtirish, sud va prokuraturaga nisbatan xalqning munosabatini o‘zgartirishda katta ahamiyat kasb etadi. “Mamlakatimizda sud-huquq tizimini huquqiy davlatni shakllantirishning zarur tarkibiy qismi sifatida chuqur isloh etish va erkinlashtirish bo‘yicha boshlagan ishlarimizning ta’siri va samarasini kuchaytirish, eng asosiysi, sud tizimi mustaqilligini ta’minlash muhim vazifamiz bo‘lib qoladi”.15 Sanksiyalar berishning prokuraturadan sudlarga olib berilishi buning o‘ziga xos ifodasidir.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Konstitutsiyaning barcha bandlari har bir fuqaro ongiga yetib borishi va o‘z navbatida, fuqaro yashagan muhitida konstitutsiyaviy qoidalar amal qilayotganini his etishi kerak. Konstitutsiya til va dil birligini, shiorlar bilan amaliy faoliyat mushtarakligini ifodalovchi dastur bo‘lsagina jamiyatga ta’sir ko‘rsatadi. Jamiki dunyoviy ne’matlar orasida eng ulug’i – inson, degan fikr asosida “fuqaro – jamiyat – davlat” o‘rtasidagi o‘zaro munosabatning oqilona yechimi topildi.
Bu demokratik islohotlarni chukurlashtirish, inson manfaatlarini hamma narsadan yuqori qo‘yilishiga olib keladi. Bunday ijtimoiy-siyosiy islohotlar odamlar ongini o‘zgartirmay qolmaydi, ularda milliy g‘urur, vatanparvarlik va insonparvarlik tuyg’ulari kuchayib boradi.
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatining muhim tarkibiy qismi bo‘lgan inson huquqlari tizimini takomillashtirishga katta e’tibor berilmoqda. O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha quyidagi asosiy xalqaro shartnomalarni qabul kildi: “Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida”; “Fuqarolik va siyosiy huquqlar bo‘yicha” Xalqaro konvensiyalar: “Barcha shakldagi irqiy diskriminatsiyasiga barham berish bo‘yicha”; “Bolalar huquqi bo‘yicha”; “Barcha shakldagi ayollar diskriminatsiyasiga barham berish bo‘yicha”; “Qiynov va boshqa qattiq aksil-insoniy munosabat yoki jazoga qarshi” va h.k.
Bugun O’zbekiston bu sohada yangi bosqichga qadam qo‘ydi. Ikki palatali Parlamentga o‘tilganligi fuqarolik jamiyati qurilishi vazifalarini amalga oshirishda davlat hokimiyati tarmoqlari o‘rtasida hamda shaxs manfaatlarini yanada mutanosib va barqaror muvozanatga erishishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu:
1. Prezident vakolatlarining bir qismini Senat va hukumatga o‘tkazish, Qonunchilik palatasining vakolat va huquqlari kengaytirilganligi.
2. Bosh vazir, umuman, mamlakat hukumatining rolini, shu bilan birga, mas’uliyatining kuchaytirilganligi.
3. Sud hokimiyatining mustaqilligi va erkinligini mustahkamlashga qaratilgan aniq, qonuniy chora-tadbirlarni amalga oshirilganida o‘z ifodasini topadi.
Ikki palatali parlamentni barpo etishdan maqsad ham demokratik jarayonlarni chuqurlashtirishga yo‘naltirilgan. Undan ko‘zlangan maqsad, bir tomondan, parlament o‘z vakolatlarini samarali amalga oshirish, konun ijodkorligi borasidagi ishining sifatini oshirishga qaratilgan bo‘lsa, Senat asosan, Mahalliy Kengashlar, hududlarning vakillaridan iborat bo‘lganligi uchun ham umumdavlat va hududiy manfaatlarining mutanosibligiga erishishda fuqarolarning mamlakat ijtimoiy va siyosiy hayotida faol ishtirokini ta’minlab berishda yaqqol namoyon bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati vakolatlari kafolatlangandir”16, – deyiladi. Bu viloyat, tuman, shahar vakillik organlari faoliyatini yanada oshirish maqsadida hokimiyat vakolatlarining ma’lum qismini markazdan joylardagi mahalliy hoqimiyatga o‘tkazib berilayotganligini bildiradi va turli manfaatlarni yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.
Fuqarolik jamiyati institutlarini tashkil qilish jarayoni uzoq vaqtni talab qiladi, sababli u jamoatchilik fikri, hayotiy qadriyatlar tizimi va xalqning tarixiy tafakkuri kabi sohalarni qamrab oladi. Ijtimoiy ko‘nikma qoliplarining tubdan o‘zgarishi yangi siyosiy madaniyatni vujudga keltirishni talab qilishi sababli u iqtisodiy islohotlarga nisbatan ko‘proq muddatni qamrab olishi mumkin.
Jamiyat siyosiy hayotini nomarkazlashtirish jarayoni o‘zida mamlakat siyosiy va iqtisodiy turmush tarzining o‘zgarishini ifoda etadi va inson taraqqiyotiga xizmat qiladi. O‘tishning sobitqadamligi fukarolik jamiyati bilan davlat o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirning konsensusli yo‘liga asoslanadi, Ayni chog’da jamiyat hayotining barcha jihatlari bo‘yicha turli fikrlar, yondashuv va istiqbollarning mavjudligi fuqarolik jamiyatini muvaffaqiyatli qurish shartidir. Jamiyatda o‘ziga xos iqtisodiy va siyosiy manfaatlarga ega turli ijtimoiy guruhlarning yonma-yon mavjudligida aks etuvchi bunday xilma-xillikning bo‘lishi tabiiy. Har bir jamiyat turli shart-sharoitlar va xalqning o‘ziga xos xususiyatlari tufayli ko‘pgina murakkab siyosiy muammolarga duch keladi. O‘tish davri iqtisodiyotiga ega barcha davlatlarda mazkur murakkab muammolar, ayniqsa, ko‘zga tashlanadi. Chunonchi, mazkur bosqichda O‘zbekiston fuqarolarining boshqaruvdagi siyosiy ishtirokini kengaytirishdek muhim vazifani hal qilish zarurati hisobga olinadi. Bunda: 1) barqaror demokratik jamiyat asosi bo‘lgan inson huquqlariga hurmat va mazkur huquqlarni ta’minlash uchun institutsional mexanizmlarni mustahkamlash; 2) ma’naviyat, uning asosiy unsurlari bo‘lmish erkinlik, vatanparvarlik, insonparvar-lik, hamkorlik va ijtimoiy tenglikni rivojlantirish; 3) jamiyat ongida milliy mustaqillik va milliy tiklanish hissini mustahkamlash; so‘z erkinligi, axborot olish va tarqatish erkinligiga rioya qilish kafolatiga ega bo‘lgan mustaqil ommaviy axborot vositalarini vujudga keltirish; 4) demokratik jamiyat barpo etishda kishilar bunyodkorligi va g’ayratidan foydalangan holda tashabbusni qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, muhim ahamiyat kasb etadi. Nomarkazlashtirish – fuqarolik jamiyati barpo etish maqsadlariga erishish, yangi jamiyat barpo etishni aynan shaxs va davlat o‘rtasidagi islohotlar orqali amalga oshishi qonuniy holdir. Demokratik islohotlar, siyosiy tizim, davlatchilik mazmunini yangilash, isloh qilish bobida muayyan natijalarga erishildi. Jumladan, siyosiy voqeligimizga davlat hokimiyati vakolatlarining taqsimlanishi prinsipi joriy etilib, shu asosda: 1) demokratik parlament, qonun chiqaruvchi organ – O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi shakllantirildi; 2) prezidentlik instituti ta’sis etildi va u boshchiligidagi izchil ijroiya hokimiyat tizimi vujudga keltirildi; 3) mustaqil sud hokimiyatini barpo etish tomon qadam qo‘yildi, sudlarni ixtisoslashtirish malakasi va adolat mezonlariga muvofiq samarasini oshirish bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirildi; 4) mamlakatda ko‘ppartiyaviylik, siyosiy plyuralizm institutlari va siyosiy hamkorlik shakllari rivoj topdi; 5) ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlar xilma-xilligi asosida rivojlana boshladi; 6) fuqarolik jamiyati institutlari bo‘lmish jamoat birlashmalari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari tizimi, turli uyushmalar va jamg’armalar, ijtimoiy tuzilmalar, fuqarolarning mahalliy o‘zini- o‘zi boshqarish idoralari qaror topdi; 7) O‘zbekistonda demokratik saylov tizimi, tegishli saylov qonunchiligi yaratildi va rivojlanib bormoqda. Aholining siyosiy faolligi, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi.
Bularning hammasi O‘zbekistonda davlat boshqaruvini nomarkazlashtirishda erkin, demokratik, fukarolik jamiyati qurilishi borasida o‘zining milliy taraqqiyot yo‘lidan, dunyo erishgan yutuqlar bilan mutanosiblikda rivojlanib borayotganligini ko‘rsatadi.
Davlat va jamiyat qurilishida, ijtimoiy-ma’naviy hayotda, mamlakatimiz strategik maqsadini amalga oshirishda ma’naviy o‘zlikni anglash va uni siyosat falsafasi nuqtai nazaridan o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, muammoni demokratik taraqqiyot va uning mazmun-mohiyati bilan milliy davlatchiligimiz va boshqaruv tarixi orqali o‘rganish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Demokratiya jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda, xalq bilan davlat (hukmdor, siyosiy institutlar) o‘rtasidagi munosabatlarni, aloqalarni yo‘lga qo‘yishda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Sharqona demokratiya hukmdor va amaldorlarning adolatli ish yuritishi bilan xalq fikrini, istaklari va ahvolini hisobga olib, davlatni boshqarish bilan bog‘liq. Nizomulmulk yozadi: “Podshoh haftada ikki kun zulm ko‘rganlarni qabul qilib, zolimlarning dodini berib, jazolab va raiyat so‘zlarini bevosita eshitib borishi kerak. Muhim bo‘lgan arizalarni qabul qilib, har biriga javob berishi lozim, Agarda xudovand podshoh dodxohlarni oldiga chaqirib, haftada ikki marotaba ularning so‘zini eshitadi va zolimlarning jazosini beradi, degan xabar mamlakatga tarqalsa, unda zolimlar oqibatini o‘ylab, qo‘rqib, bedodlik qilmaydilar”.17 Amir Temurning adolat, tartib, xalq, el manfaatlariga xizmat qilish haqidagi o‘gitlari o‘z mohiyatini, ahamiyatini hozir ham yo‘qotmagan, chunki ularda xalqimizning azaliy orzu-tilaklari, o‘ylari mujassam. “Hurmatli hokimlar, rahbarlar, – deydi Prezidentimiz I.A.Karimov el, yurt tinchligi va farovonligi uchun ma’sul shaxslarga qarata, – shuni unutmangki, sizlarni rentgen kabi tekshiradigan, ishlaringizga haqqoniy va odil baho beradigan mezon – shu yurtda yashaydigan odamlarning ko‘zi, fikri, ular chiqaradigan xulosadir.
... Adolat buzildimi, rahbar o‘zining ustidan nazoratni yo‘qotdimi, atrofini qarindosh-urug’i, tanish-bilishlari o‘rab oldimi, oyog‘i yerdan uzildimi, iymon-irodasi susaydimi – bilingki, viloyatda yoki tumanda muhit buziladi. Odamlarning bir-biriga ishonchi yo‘qoladi, mish-mishlar, shu bilan birga, uydirmalar ham kuchayib ketadi”.
Sharqona demokratiyaning axloq, odob, ezgulik, insonparvarlikka qurilishi ma’naviy o‘zlikni anglashni, uning negizidagi ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni milliy demokratik taraqqiyotning shartlariga aylantiradi. Chunki ma’naviy o‘zlikni anglash, eng avvalo, axloq, odob, insonparvarlik kabi sharqona merosdan kelib chiqadi, unga tayanadi.
Sharqona demokratiyaga muvofiq, jamiyat va davlatni oqil, tajribali, umumiy (ma’naviy-axloqiy) va xususiy (maxsus, tashkiliy) qobiliyatlarga, iqtidorga ega bo‘lgan kishilar boshqarishi lozim. Bu o‘rinda Forobiy, Yusuf Xos Hojib, Nizomulmulk, Amir Temur, Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro, Mirzo Bobur, Mavlono Muhammad qozi, Abdurauf Fitratning siyosiy-falsafiy merosidan ko‘plab misollar va fikrlar keltirish mumkin. Masalan, podshohlar ijobiy fazilatlarga ega bo‘lishini ochib bergan Mavlono Muhammad Qozi “Musulmonlarning hojatini chiqarishga doimo hozir bo‘lib yuradigan podshohgina musulmonlar podshohidir, – deb yozadi. – Agar u bironta musulmonning o‘z eshigi oldida muhtoj va muntazir bo‘lib turganini bilsa, to kim uning hojatini ado qilmagunicha hech qanday ibodatga mashg‘ul bo‘lmasligi kerak. Shuningdek, podshoh o‘zining shaxsiy rohatini o‘ylab, musulmonlarning hojatlarini chiqarishni kechiktirmasligi kerak”.
Bugungi kun boshqaruvida rahbar ma’naviyatini shakllantirishda an’a-naviylik va zamonaviylik uyg‘unligiga ahamiyat berish lozim. Zero, ma’naviyati yuksak va ma’naviy o‘zligini anglagan shaxs va jamiyat farovonligi boshqaruvda rahbarning qanday fazilatlarga ega ekanligi bilan uyg‘un kechadi.
Insoniyat taraqqiyotining hozirgi bosqichida rahbar ijtimoiy qatlami faollik ko’rsatmoqda. Chunki rahbarlar muammolarni hal qilish, odamlarni bunyodkorlik sari uyushtirish va istiqbolga yetaklashdek asosiy vazifalarni bajarmoqda. Shu sababli Prezidentimiz Islom Karimov rahbarlarning “yuksak ma’naviy saviyaga ega bo‘lishi” masalasini kun tartibiga qo‘ydi.
Demokratik davlatchilik sharoitida ijtimoiy adolat siyosati muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “Muqaddima” qismida yurtimizda barpo etilayotgan demokratik davlatimiz “demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat”da bo‘lishi ta’kidlanib, bu borada “davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshirishi”18 belgilab qo‘yilgan (14-modda). Haqiqatan ham, birinchidan, ijtimoiy adolat demokratik davlat siyosatining muhim tamoyillaridan biri; ikkinchidan, demokratik davlat siyosatda ijtimoiy adolat tamoyiliga amal qilish bilan inson va jamiyat farovonligini ro‘yobga chiqaradi; uchinchidan, bu tamoyil xalqaro meyoriy hujjatlarning negizini tashkil qiladi (misol uchun Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Kengashining insoniylik mezonlari bo‘yicha hujjati).
Ijtimoiy adolat tamoyilining negizini davlatning ijtimoiy muammolarni hal etish, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash va ijtimoiy rivojlanishni yo‘lga qo‘yishda tashabbuskor bo‘lishi tashkil qiladi. Shu sababli taraqqiyotning o’zbek modelida “kuchli ijtimoiy siyosat yuritish” asosiy tamoyillardan biri sifatida qabul qilingan. Buning amaliy isboti sifatida “mamlakatimizda davlat budjetining 50 foizidan ziyodi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilganini” ko‘rsatish mumkin.
Ijtimoiy adolat davlat siyosatining insonparvarligini namoyon qiluvchi asosiy mezondir. Keyingi vaqtlarda ijtimoiy adolat tamoyili keng obyektlaridan biri deb qarash zarurati ana shu mezondan kelib chiqmoqda.
Bugungi kunda ijtimoiy adolat tamoyili davlat siyosatining nafaqat muayyan yo‘nalishini, balki jamiyat ehtiyojlarini qondiruvchi eng muhim tamoyilga aylandi. Chunki ijtimoiy adolat davlat siyosatining harakat vositasidir. Uning vositasida jamiyat xavfsizligini saqlash va uning istiqbolini ta’minlash mumkin. Shu ma’noda, ijtimoiy adolat deganda, nafaqat muhtojlarni moddiy qo‘llab-quvvat-lashni, balki davlat siyosatining ma’no-mazmunini ham tushunish lozim bo‘ladi. Bu masalalar rahbar tomonidan idrok etilishi kerak.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki;
– birinchidan, O‘zbekiston mustaqillik yillarida davlat hokimiyati institutlari bilan shaxs o‘rtasidagi munosabatlarni yangicha siyosiy negizda tashkil etdi. Shaxs manfaatining ustuvorligi uning muhim demokratik tamoyilidir;
– ikkinchidan, davlat hokimiyati tarmoqlarining mustaqil faoliyat yuritishi uchun tegishli huquqiy asoslar yaratilib borilayotganligi fuqarolarning davlat qurilishi sohasida erkin, demokratik asosda ishtirok etish hamda o‘zining haq-huquq va manfaatlarini himoya qilishida siyosiy shart-sharoit yaratmoqda;
– uchinchidan, davlat hokimiyati institutlarining nomarkazlashuvi amalga oshirilmoqda. Bu joylarda mahalliy davlat hokimiyati va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining vakolatlarini kengaytirish orqali ularning siyosiy faoliyatini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda;
– to‘rtinchidan, fuqarolik jamiyatiga xos demokratik, nodavlat notijorat institutlari ko’paymoqda. Ularning fuqarolar manfaatlarini himoya qilishdagi ta’siri ortib bormoqda hamda ular davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etib, qarorlar qabul kilishda ijobiy ahamiyat kasb etadi va inson taraqqiyotiga xizmat qiladi.