Rolli o’yinlar (ishchanlik yoki ishbilarmonlik o’yinlari). Bunday o’yinlar muammoli topshiriqlarning bir ko’rinishidir. Sahnalashtirish va obrazli chiqishlar bunday mashg’ulotlarning asosiy belgisidir. Ishbilarmonlik, bilimdonlik, topqirlik, quvnoqlik, hozirjavoblik, ijodkorlik, artistizm, ishchanlik va yaratuvchanlik kabi fazilatlarni namoyish qilishga keng imkon beradi. O’qituvchi har bir o’quvchining salohiyatiga mos vazifa topshirishi juda muhimdir. Birinchi va ikkinchi darajali ishtirokchilar bo’lmasligini ta’minlash ham talab qilinadi. O’quv mashg’uloti hayotdagi aniq vaziyatga ko’proq yaqinlashadi.
Yorib o’tishlar texnologiyasi va V.Erxard maktabi. Bu texnologiya menejerlarni qayta tayyorlash o’qishlaridan iborat bo’lib, uning maqsadi har bir odamda mavjud bo’lgan (lekin kundalik bir xildagi hayot va ish bilan bo’g’ib qo’yilgan) qobiliyatlari va intilishlarini an’anaviy muammolarni yangi muammo sifatida yechish uchun kundalik izlanishlarga aynan uyg’otish hisoblanadi.
Bu kurslar tinglovchining fikrlashi va hulqidagi shaxsiy stereotiplarni bartaraf qilish, o’z imkoniyatlarini va eskirgan muammolarni yangicha yechish yo’llarini ko’ra olishlarini faollashtirish va o’zgartirish bo’yicha ishlab chiqilgan ko’p sonli mashg’ulotlardan iborat.
Bu kurslarning afzal jihatlari-inson omilini ishga solishga qaratilgan bo’lib, maxsus mablag’lar sarflashni talab qilmaydi, erishilgan samara so’nib qolmaydi, ya’ni olingan samara yangi shakl va mazmunda hamda sharoitlarda muntazam kuchayib borishi bilan takror va takror samara olinishini ta’minlaydi. Bu texnologiya alohida yirik yangiliklar yaratishga, hosil bo’lgan favqulodda holatlardan noan’anaviy chiqish yo’llarini izlashga ham qaratilganligi bilan farqlanadi. Bunday yo’nalishdagi 50 dan ortiq kurslar va seminarlar AQSHning yuzga yaqin shaharlarida va dunyoning boshqa mamlakatlarining yuzdan ziyod shaharlarida tashkil etilgan va ular muntazam faoliyat ko’rsatmoqda. Ushbu kurslarning tinglovchilari soni 60 ming nafar atrofidadir.