MERKANTILIZMNING ZAMONAVIY TAHLILLARI
Merkantilizmga nisbatan bildirilgan munosabatni qayd etib o‘tishimiz kerak. Ayrim iqtisodchilar merkantilizmni ularning namoyandalari ilgari surgan g‘oyalari asosida emas, balki ularning manfaatlari asosida baholashadi. Merkantilistlar zamonaviy iqtisodiy tilda “manfaat qidiruvchilar” deb atalgan. Ular foyda ko‘rish maqsadida davlatni ishga solib o‘zlari uchun imtiyozlar yaratganlar. Umuman olganda ular davlatni monopollik imtiyoziga sazovor bo‘lgan savdogar deb bilib, bu bilan monopol-savdogarlik asosida tovarlarga balandroq narx o‘rnatish imkoniyatini olishgan.
Iqtisodiyot nazariyasi tarixchilari merkantilizmni o‘rganib, 1660– 1776-yillar oralig‘ida iqtisodiy tahlil ham miqdoran ham sifat jihatdan mukammallashganini aniqladilar. Bu ehtimol merkantilistlarning eng katta muvaffaqiyati iqtisodiyotni tahlil qilish mumkinligini anglab уetganligidadir. Sxolastlarning axloqiy tahlili o‘rnini sabab va natija tahlillarining egallashi natijasida savdo o‘rnini egallagani merkantilistlarning yutug‘idir.
Merkantilistlar davlatning iqtisodiyotga aralashuvi tasodifiy bo‘lmasligi, balki shu orqali talab va taklif qonunlari kabi asosiy bozor iqtisodiy haqiqatlari yuzaga chiqaradi deb tushungan. Masalan, muvozanat narxidan past narx davlat tarafidan defitsitni keltirib chiqarishini yaxshi tushinishgan. Keyingi merkantilistlar iqtisodiy faoliyatni rag‘batlantirishda iqtisodiy odam va foyda tushunchalarini tez-tez qo‘llay boshladilar. Davlat insonlarning tabiatini, ayniqsa ularning egoistik harakatlarini o‘zgartira olmaydi deb hisoblaganlar. Siyosatchilar insonning bu hususiyatini qanday bo‘lsa shundayligicha qabul qilib, bu xususiyatlarni millatning farovonligi uchun safarbar qiladigan qonun va institutlar sifatida shakllantirdilar.
Keyingi merkantilistlar o‘zlaridan oldingi g‘oyadoshlari yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarini anglab yetganligini ko‘ramiz. Ular, masalan, pul boylik o‘lchovi emasligini, barcha davlatlar bir vaqtning o‘zida ijobiy savdo balansiga ega bo‘lishi mumkin emasligini, uzoq vaqt mobaynida hech bir davlat ijobiy savdo balansini ushlab turishi mumkin emasligini, savdo har ikki davlatga ham foydali bo‘lishi mumkinligini va ixtisoslashuv va mehnat taqsimoti davlatlarga ustunlik keltirishi mumkinligini tushunishgan. Davlatning iqtisodiyotga aralashishini kamaytirishni taklif etgan olimlar soni tobora oshib borar edi. Shu tariqa ko‘pgina adabiyotlarda klassik liberalizm g‘oyalari boshlanayotgan edi.
A.Smit merkantilistlar tushuna olmagan tushunchalarni anglab yetdi va boylikning asosiy manbayi bu mehnat ekanligini anglab yetdi. Merkantilistlar fikricha, shaxsiy manfaat va xalq farovonligi o‘rtasida qarama-qarshilik mavjud deb hisoblashgan. Shuning uchun ularning fikricha, davlat shaxsiy manfaatni xalq farovonligi tomon yo‘naltirishi kerak. Klassik iqtisodchilar esa tizimda tabiiy uyg‘unlik borligiga ishonishgan va xalq farovonligi tabiiy ravishda shaxsiy manfaatdankelib chiqadi debhisoblashgan. Hattolaissez-faire g‘oyasini qo‘llagan keyingi merkantilistlar ham ularni qo‘llab-quvvatlash uchun bozor mexanizmi haqida yetarli tushunchaga ega bo‘lishmagan. Shunday bo‘lsada, A. Smit o‘z tahlilini rivojlantirishda keyingi merkantilistlar adabiyotlaridan keng foydalangan.
XULOSA
Merkantilizm va uning vakillari – ijodiy merosidagi ham pozitiv, ham negativ unsurlar nuqtayi nazaridan, iqtisodiy ta’limotlar tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Birinchidan, merkantilistlar konsepsiyasi deyarli butunlay muomala sohasidagi xo‘jalik hayotining amaliyotiga qaratilgan. Shunday bo‘lsada, bu ularga ko‘plab iqtisodiy kategoriyalarni ilmiy muomilaga kiritish, savdo sohasi, ssuda operatsiyalari va pul muomalasining muhim qonuniyatlarini aniqlab berish imkonini beradi. Lekin iqtisodiyotning boshqa sohalarigabo‘lgan ularning ta’siri doimo aynan bir xil bo‘lgan emas.
Masalan, mamlakatning o‘z sanoati va savdosini rivojlantirishi uchun pul muhim vosita ekanligini to‘g‘ri tushuntirib bergach, merkantilistlar shunday bo‘lsada, milliy iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga e’tibor bermadilar. Bundan tashqari, ular uchun ishsizlik muammosi ham muhim hisoblanmagan. «Ixtiyoriy ishsizlik»ning asosiy sababi ishlamaslik xohishini keltirib chiqaruvchi yoki «yalqovlik», yoki «axloqiy buzuqlik» hisoblangan.
Ikkinchidan, merkantilizm bozor munosabatlari shakllanishining va Yevropada ancha rivojlangan mamlakatlar – Angliya va Fransiyada uning o‘rnini olgan klassik siyosiy iqtisodning o‘ziga xos xususiyatlarini keltirib chiqardi. Xususan, Fransiyada XVII asrda moliya vaziri Jan Batist Kolber ancha faol proteksionizm siyosatini olib borgan davrda sanoatning qudratli manufaktura tarmog‘i yaratildi. Ammo bir vaqtning o‘zida mamlakat tashqarisiga don chiqarishni man etish va boshqa mamlakatlardan uni erkin olib kelish yo‘li bilan fermer xo‘jaliklarining shakllanishiga to‘sqinlik qilindi. O‘sha davrdagi Fransiya ichki bozorining uning azaliy raqibi – Angliyaga nisbatan «torligi» oqibatda aynan shu vaziyatga bog‘lab tushuntirildi. Natijada, fransuz merkantilizmi kolbertizm deb atala boshladi, klassik siyosiy iqtisod doirasidagi o‘ziga xos fransuz maktabi esa fiziokratizmta’limoti deb yuritildi.
Angliyada esa merkantilizm, iqtisodiy tarixdan ma’lumki, Fransiyaga nisbatan ancha «unumli» bo‘ldi. XVII asrdagi savdo va sanoat sohasidagi bu mamlakatning proteksionizm siyosatidagi asosiy yutuqlari, odatda, Ost-Indiya kompaniyasi rahbarlaridan biri – Tomas Man nomi bilan bog‘lab tushuntiriladi. Shu narsa ham ma’lumki, aynan Angliyada merkantilizm bilan bo‘lgan g‘oyaviy kurash natijasida eng muhim nazariy xulosalar ishlab chiqildi va ular A.Smit, D.Rikardo, T.Maltus, J.S.Mill va boshqalarning asarlarida o‘z aksini topdi. Bundan tashqari, Angliya XIX asrda ancha kuchli rivojlangan mamlakat sifatida eng muhim antimerkantilstik chora-tadbirlarni, jumladan ichki va tashqi savdoda to‘la erkinlik siyosatini amalga oshira boshladi.
Dostları ilə paylaş: |