Nazorat qilish vazifasi o'quvchilarning bilim, ko'nikma va malakalar darajasini aniqlash va baholashdan iborat. Bu o'quv materiallarini o'rganishning keyingi bosqichiga o'tish imkoniyatlarini aniqlashtiradi hamda ta'lim beruvchining o'quv metodlarini va usullarini to'g'ri tanlaganini nazorat qiladi.
O'qitish vazifasi ta'lim oluvchilarning bilimini tekshirishda aniq ko'rinadi. Yangi mavzuni mustahkamlash jarayonida yoki uy vazifalarini tekshirishda ta'lim oluvchilarning o'tilgan mavzuni takrorlashga, ular uchun tushunarsiz bo'lgan ma'lumotlarni bilib olishlariga imkon tug'iladi. Chunki, guruhdagi boshqa ta'lim oluvchilar javob berayotgan ta'lim oluvchining fikrini diqqat bilan tinglashadi va avval egallagan bilimlarini mustahkamlab, qo'shimcha ma'lumotlar bilan boyitishadi. O'rtoqlarining javoblariga qo'shimcha qilishga yoki yechilmay qolgan savollarga javob berishga shaylanish orqali o'rganilgan mavzuni aniqlashtirishga harakat qiladi.