TARBIYA JARAYONI QONUNIYATLARI:
1. Tarbiyaning ijtimoiy muhitning obyektiv va subyektiv omillarga bog'liqligi
2. Tarbiyaning shaxs taraqqiyoti bilan birligi o'zaro aloqadorligi va bog'liqligi.
3. Faoliyat va munosabat birligining ijtimoiy ijobiy fazilatlarini shakllantirish negizi va asosiy manba ekanligi.
4. Tarbiyalanuvchilarning o'zaro tarbiyaviy ta'siriga ega ekanliklari, ularning o'zaro munosabatlari hamda faol faoliyatlari o'rtasidagi bog’lanish.
Tarbiya jarayonining qonuniyatlari bilan birga bola tarbiyasining ham o'ziga xos bir qator muhim qoidalari bo'lib, ular quyidagilar:
tarbiyaning aniq bir maqsadga qaratilganligi;
tarbiyani hayotiy faoliyat bilan bog'liq hodisa deb bilish;
shaxsning jamoada tarbiyalashga oid o'rni;
tarbiyalanuvchi (o'quvchi)ning tarbiya jarayonida yoshi va
o'ziga xos xususiyatlarini hisobga olish;
tarbiyaviy ishlarning izchilligi va muntazam olib borilishiga
e'tibor. Tarbiya jarayonining muvaffaqiyati uni tashkil etishda qanday tamoyillarga ko'ra ish ko'rilayotganligiga ham bog'liq.
Tarbiyaning maqsadga yo'naltirilganligi va g'oyaviyligi — o'qituvchi ijtimoiy tarbiya maqsadi va vazifasini aniq tasavvur etishi va puxta anglab olishi zarur. Yosh avlodni yuksak g'oyaviylik ruhida tarbiyalash - ularning ongiga xalq, millat, yurt, jamiyat manfaatlaridan yuqoriroq manfaat bo'lishi mumkin emasligini singdirish, ularni vatanga, xalqqa muhabbat ruhida va sadoqatli qilib tarbiyalash demakdir. Bu sohada mustaqil respublikamiz xalq ta'limi xodimlarining asosiy vazifasi erkin, ijodkor, mustaqil fikrlash qobiliyatiga ega, yetuk mutaxassis, komil shaxsni tarbiyalashdan iboratdir. Maktabda va maktabdan tashqarida olib boriladigan tarbiyaviy ishlarning barchasi ijtimoiy tarbiyaning maqsadini ro'yobga chiqarishga yo'naltirilishi zarur. Tarbiyada demokratik va insonparvarlik g'oyalarining ustunligi — tarbiyada inson shaxsini ijtimoiy qadriyat deb tan olish, har birbola, o’smir va o’spirinning betakror va o'ziga xosligini hurmatlash, uning ijtimoiy xulqi va erkinligini hisobga olish lozim. Tarbiyani demokratiyalash bu — tarbiyani ma'muriy ehtiyoj va qiziqishlardan yuqori qo'yish, tarbiyachi va tarbiyalanuvchi o'rtasidagi o'zaro ishonch, hamkorlik asosida pedagogik munosabatlar mohiyatini o'zgartirish demakdir. Bu tarbiya ishiga jamoatchilikni jalb qilish, uning rivojlanishiga jamoat omilini kiritish demakdir. O'qituvchi o'quvchiga avvalgidek tarbiya obyekti emas, balki o'zi kabi subyekt deb qarashi darkor.
Tarbiyada milliy va umuminsoniy qadriyatlar ustunligi — xalqning ko'p asrlik qadriyatlarini, ulkan va boy merosini chuqur bilmasdan milliy o'zlikni anglash, milliy g'urur tuyg'usini qaror toptirish mumkin emas. Shu bois, xalq an'analari, urf-odatlari, marosimlari, xalq og'zaki ijodi, milliy o'yinlar va ularda ifodalangan g'oyalarni o'quvchilar ongiga singdirish, ularda ushbu g'oyaga nisbatan hurmatni qaror toptirish lozim.
Tarbiyada izchillik va tizimlilik - tarbiyaga yaxlit tizimli yondashish pedagogik harakatning pirovard natijasiga yo'naltirilganlik darajasini belgilab beradi. Bunday pedagogik maqsad va vazifalar, ularning mazmuni tarbiyaviy jarayonning barcha qatnashuvchilari tomonidan tan olinishi shart. Tarbiyada izchillik juda muhimdir. O'quvchilarga birdaniga ko'p talab va qoidalarni taqdim qilish mumkin emas. O'qituvchilar o'quvchilarga bo'lgan munosabat jarayonida o'zaro bir-biriga zid harakatda bo’lmasliklari, yagona talab qo'yishlari lozim.
Tarbiyani ijtimoiy hayot bilan qo'shib olib borish. Mehnatning tarbiyaviy ta'siri g'oyat kattadir. Mehnatda ishtirok etish va unumli mehnat qilish bilan shaxs o'z qobiliyati va iste'dodini namoyon qiladi va kamolga yetadi. Mehnat yosh avlodning tarbiyasi uchun juda katta vositadir. O'quv mehnati va ijtimoiy foydali mehnat o'quvchi shaxsiga ijobiy ta'sir etadi, bu ikki faoliyat birligi bolani faollashtiradi, xulq birligini ta'minlaydi, tashabbuskor va izlanuvchan qiladi. Mehnat bolalarga siyosiy-ma'naviy tarbiya berish uchun zamin hozirlaydi. Shuning uchun oila va maktablarda bolalarni ilk yoshidan boshlab mehnatsevarlik ruhida, mehnatga muhabbat va mehnat kishilariga hurmat ruhida tarbiyalashga alohida e'tibor beriladi. Maktabda o'qishning o'zi ham mehnatdir. Sinfdan va maktabdan tashqari tarbiyaviy ishlarning aksariyati ham mehnat tarbiyasi bilan mustahkam bog'langan.
Tarbiyalanuvchi shaxsini hurmat qilish - o'quvchilarni ijtimoiy tarbiyalashning muhim tamoyillaridan biri ularning shaxsini hurmat qilishdir. Bu tamoyil insonparvarlik munosabatidan kelib chiqadi. O'quvchi shaxsini hurmat qilish, ularga mehr-muhabbat ko'rsatish va ularga ishonish shart. Tajribalarning ko'rsatishicha, qayerdaki o'quvchilarga hurmat, muhabbat, ishonch bo’lsa, shu yerda tarbiyaning ta'siri samarali bo'ladi. Bolalarga hurmat va muhabbat ular kuchiga kuch qo'shadi, o'qituvchiga nisbatan hurmatni uyg'otadi.
Tarbiyada o'quvchining yosh va alohida xususiyatlarini hisobga olish - tarbiyaning mazmuni, shakl va metodlari bolalarning yosh va saviyasiga qarab turli sinflarda turlicha bo'ladi. Bolalar maktabda rivojlanishning turli davrlarini bolalik, o'smirlik va o'spirinlik bosqichlarini bosib o'tadilar. Shu davrlar ichida bolaning axloqiy turg'unligi rivojlanadi, xulqi va ongi o'rtasidagi uyg'unlik vujudga keladi. Tarbiya berishda har bir o'quvchining shaxsiy xususiyatlarini ham hisobga olish katta ahamiyatga ega. Bolalarning jismoniy va ma'naviy o'sishida bir qadar umumiylik bor, biroq bolalarning tavsif-xislatlari, qobiliyat va mayllari, qiziqishlari, irodaviy sifatlari har xil bo'ladi. Bu farqlar ularning xulqida, o'qishi va mehnatida aks etadi. Bir o'quvchiga nisbatan foydali metodni boshqa o'quvchiga nisbatan qo'llaganda natijasiz bo'lib chiqishi mumkin. Shuning uchun har bir o'quvchining o'zgarishga xos bo'lgan xususiyatlarini o'rganish maqsadga muvofiqdir.
Jamoada va jamoa yordamida tarbiyalash - tarbiya jarayoni o'quvchilarning jamoa bo'lib birlashishlari, ularda manfaatdorlik birligi, o'zaro yordam tuyg'usini o'stirishga xizmat qilishi lozim. Tuyg'u tashkil etilgan jamoa a'zolarining qobiliyat va iste'dodini rivojlantirish uchun keng yo'l ochadi. Jamoada bola har tomonlama rivojlanishi uchun keng imkoniyatga ega bo'ladi. O'quvchilar ahil jamoa bo'lib uyushganlaridagina tarbiyaviy ishlarini amalga oshirish ancha yengil va muvaffaqiyatli bo’ladi, har bir shaxsga ta'sir etadi. O'z manfaatini jamiyat manfaati bilan qo'shib olib borish, o'zaro yordam kabi fazilatlar, avvalo, jamoada shakllanadi. O'qituvchi hamma vaqt o'quvchilar jamoasiga tayanmog'i, ularni jamoa bo'lib turli ishlarni bajarishga odatlantirib, jamoada yashash va ishlashga o'rgatib borishi lozim. Tarbiyada o'quvchi xulqidagi ijobiy sifatlarga tayanib, salbiy xislatlarini yo'qotib borishga e'tibor qaratish lozim. Mahoratli pedagoglar o'z o'quvchilaring shaxsiy fazilatlarini yaxshi biladilar. Tarbiya maqsadini amalga oshirish uchun bola xulqidagi ijobiy sifatlarga suyanib ish ko'radilar. Boladagi ijobiy sifatlarga tayanish, uning salbiy sifatlarini yo'qotish, yomon odatlardan qaytarishning eng yaxshi vositasidir. Tarbiya muvaffaqiyati mazkur masalaning to'g'ri hal etilishiga ko'p jihatdan bog'liq. Tarbiya jarayonini tashkil etishda o'qituvchi (tarbiyachi) tomonidan qo'llaniladigan metodlar ham muhim ahamiyatga egadir.
Bilimlarni mustahkamlash uchun savollar:
1. Tarbiyada tizimlilik va izchillikka amal qilmaslik qanday oqibatlarni keltirib chiqaradi?
2. Ikki yoqlama faoliyat deganda nimani tushunasiz?
3. Demokratiya qoidasini izohlang.
4. Shaxsning shakllanishida milliy qadriyatlarning o’rnini tushintiring.
5. Tarbiyani insonparvarlashtirish deganda nimani tushunasiz?
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. I. A. Karimov “Barkamol avlod orzusi” T., “Sharq” 1999 y
2. O’zbеkiston Rеspublikasi “Kadrlar tayyorlash milliy Dasturi” T., 2000 y
3. O’. Asqarova, M. Nishonov, M. Xayitbaеv “Pеdagogika” T., “Talqin” 2008 y
4. A. To’xtaboеv, A. Eraliеv “Tashkiliy xatti-xarakatlar” Andijon., “Xayot” 2001 y
5. O. Musurmonova “Ma'naviy qadriyatlar va yoshlar tarbiyasi” T., “O’qituvchi” 1990 y
6. R. Mavlonova “Pеdagogika” T., “O’qituvchi” 2004 y
7. M.To’xtaxo’jayeva “Pеdagogika” T., “O’qituvchi” 2010 y
Nafing agar xalqqa beshak durur, Bilki, bu naf o'zunga ko'prakdurur. Alisher Navoiy
Dostları ilə paylaş: |