Qo‘lingdan kelgancha chiqar yaxshi ot, Yaxshilik qil bolam, yomonlikni ot. Nasihatim yod qilib ol, farzandim, Yolg‘iz yursa chang chiqarmas yaxshi ot. (Xalq og‘zaki ijodidan). Bunda ot so‘zi birinchi satrda «nom, shuhrat», ikkinchi satrda «tark etmoq,
tashlamoq», uchinchi satrda «ish hayvoni - ot» ma’nolarida ishlatilgan.
Olamni shunda nigorim – ol! - dedi, Olma birla bu ko‘ngilni – ol! - dedi. So‘rdim ersa olmasining rangini, Ne so‘rarsan, olma rangi – ol dedi (N.)
Bu tuyuqda ol so‘zi uch ma’noda ishlatilgan: 1) buyruq fe’li; 2) ko‘ngil
ovlamoq; 3) qizil rang.
Omonimlar va paronimlar ba’zi jihatlar bilan bir-biriga yaqin. Paronimlar
tovush jihatdan butunlay teng bo‘lmasa-da, lekin aytilishida birmuncha o‘xshash
bo‘lgan so‘zlardir. Masalan: asr – asir, shox – shoh va boshqalar.
Paronimlarni xato qo‘llash, odatda, kam tanish bo‘lgan so‘zlarda uchraydi.
Notanish so‘zlarning talay qismini atamalar tashkil qiladi: Masalan: betonit (ichi kovak g‘isht) – bentonit (yuqori kolidli loy). Nutqda noaniqlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun tildagi paronimlarni farqlay
bilish, ma’nolarini to‘g‘ri anglay olish zarur. Aks holda quyidagicha qo‘pol xatolar
sodir bo‘lishi mumkin: Boboqul bilan Polvon yumshoq o‘rindiqqa o‘tirishganda og‘ir yukka bardosh berolmagan devondan beo‘xshov ovoz chiqdi. CHanoqlardagi lo‘ppi ochilgan paxtalar quyoshda yarqirab kumushdek toblanadi. Vokzal maydonidagi avtomashinalarda necha yuzlab yoshlar kelib to‘plandilar. Ularning qo‘llaridagi shiorlar va transportlar baxtli yoshlikdan darak berib turibdi. Bu
misollarda divan o‘rinida devon, tovlandi o‘rnida toblandi, transparat o‘rnida
transport so‘zi noto‘g‘ri ishlatilgan.
Sinonimlar. Ma’nolari bir xil yoki o‘zaro yaqin, talaffuz va yozilishi har xil
bo‘lgan so‘zlar sinonim hisoblanadi. Masalan: chiroyli, go‘zal, ko‘rkam, ko‘hlik, xushro‘y, suluv, zebo kabi.
Sinonimlar ma’no va qo‘llanilish doiralariga ko‘ra uch xil: ideografik, stil,
va uslubiy sinonimlar. Ideografik sinonimlar o‘zaro leksik ma’no ottenkalari bilan
farqlansa, stil sinonimlari qo‘llash doirasiga (nutqning turli stiliga mansubligiga),
uslubiy sinonimlar esa ekspressiv bo‘yog‘iga (sinonimik qatorda asosiy, neytral
so‘zga nisbatan ekspressiv ottenkaga) ko‘ra farqlanadi.
Sinonimlarni differensiyalash paytida, avvalo, ularning ekspressiv-stilistik
ottenkalari, muhim farqlari ko‘rinadi.
Masalan: yuz, bet, aft, bashara, turq, chehra, jamol, diydor, oraz, uzor, ruxsor sinonimik qatorda yuz umum ishlatadigan so‘zdir. Qolganlari esa turli
ma’no ottenkalariga ega: bet, aft so‘zlari salbiy ottenkaga ega; basharada salbiy
ottenka yuqoridagilarga nisbatan yanada kuchli: turq so‘zida esa salbiy ottenka
bashara so‘zidagiga nisbatan ham kuchli; chehra – ijobiy ottenkaga ega; jamol so‘zida ijobiy ottenka yanada kuchli bo‘lib, bu so‘z asosan, poetik uslubga xos;
diydor, ko‘rishmoq, diydoriga to‘ymoq kabi bir-ikki so‘z bilan qo‘llaniladigan
holatlar ham kuzatiladi; oraz, uzor, ruxsor esa eskirgan so‘zlar bo‘lib, ular kitobiy
usulbga xos.
O‘zaro umumiy ma’nosi bilan birlashib, stilistik ottenkasi – bo‘yog‘i va
nutqda ishlatilish doirasi jihatidan farqlanadigan sinonimlar uslubiy sinonimlar
deyiladi.
Leksik ma’nosi jihatidan farqlanadigan sinonimlar ideografik
1
(ma’no)
sinonimlardir. Masalan, kasal (umumishlatadigan so‘z), bemor (yozuvda ko‘p
qo‘llanadi), xasta (eskirgan so‘z), ammo ba’zan-ba’zan, ora-sira kasal bo‘lib turish
ma’nosini bildiruvchi betob, notob so‘zlari yuqoridagilarga nisbatan uslubiy va
ideografik sinonimdir.
Ideografik sinonimlar o‘zaro leksik ma’no darajasiga ko‘ra farqlanadi: