1 Ўкув КУЛЛАНМА ЛОТИН Davlat Iqt va Siyosati qayta ishlangan OHIRGI (1)
Asosiy tayanch tushunchalar Iqtisodiy faoliyat – cheklangan iqtisodiy resurslardan unumli foydalanib,
kishilarning yashashi, kamol topishi uchun zarur bo‘lgan hayotiy vositalarni ishlab
chiqarish va iste’molchilarga yetkazib berishga qaratilgan, bir-biri bilan bog‘liqlikda
amal qiladigan turli-tuman faoliyatlar majmui.
Iqtisodiyot – mulkchilikning turli shakllariga asoslangan xo‘jaliklardan,
xo‘jaliklararo, davlatlararo birlashmalar, korporatsiyalar, konsernlar, qo‘shma
korxonalar, moliya va bank tizimlaridan, davlatlar o‘rtasidagi turli iqtisodiy
munosabatlardan iborat o‘ta murakkab ijtimoiy tizim.
Ehtiyoj – insonning yashashi va kamol topishi, umuman insoniyatning
rivojlanishi uchun kerak bo‘lgan hayotiy vositalarga bo‘lgan zarurat.
Moddiy ehtiyoj – moddiy ko‘rinishdagi ne’matlar vositasida qondiriluvchi
zarurat.
Ma’naviy ehtiyoj – insonning shaxs sifatida kamol topishi, dunyoqarashi va
ma’naviyatining shakllanishi uchun taqozo etiladigan nomoddiy ne’mat va
xizmatlarga bo‘lgan zarurat.
Ehtiyojlarning o‘sib borishi qonuni – ehtiyojlarning miqdoran o‘sib, sifat
jihatidan takomillashib borishi.
Iqtisodiy resurslar – tovar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonlarida
foydalanish mumkin bo‘lgan barcha vosita va imkoniyatlar majmui.
Iqtisodiyot nazariyasi fanining predmeti – iqtisodiy resurslar cheklangan
sharoitda jamiyatning cheksiz ehtiyojlarini qondirish maqsadida hayotiy ne’matlarni
(va xizmatlarni) ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash va iste’mol qilish
jarayonida vujudga keladigan iqtisodiy munosabatlarni, ijtimoiy xo‘jalikni samarali
yuritish qonun-qoidalarini o‘rganish.
Iqtisodiy qonun – iqtisodiy hayotning turli tomonlari, iqtisodiy hodisa va
jarayonlar o‘rtasidagi doimiy, takrorlanib turadigan, barqaror sabab-oqibat aloqalari,
ularning o‘zaro bog‘liqligi.
Iqtisodiy kategoriya – doimo takrorlanib turadigan, iqtisodiy jarayonlar va
real hodisalarning ayrim tomonlarini ifoda etuvchi ilmiy-nazariy tushuncha.
Uslubiyat – ilmiy bilishning tamoyillari tizimi, yo‘llari, qonun-qoidalari va
aniq hadislari.
Ilmiy abstraksiya usuli – tahlil paytida xalal berishi mumkin bo‘lgan ikkinchi
darajali narsalar, voqea-hodisalarni fikrdan chetlashtirib, o‘rganilayotgan
jarayonning asl mohiyatiga e’tiborni qaratish.