Xulosalar Milliy iqtisodiyotda YaIMning asosiy qismi yangidan vujudga keltirilgan sof ichki mahsulot bo‘lib, uning sotilgandan keyingi puldagi ifodasi milliy daromad deb yuritilib, u iste’mol va jamg‘arma maqsadlarida sarflanadi.
Keng ma’noda iste’mol jamiyat iqtisodiy ehtiyojlarini qondirish jarayonida ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlardan foydalanishni bildirib, unumli va shaxsiy iste’molga ajraladi.
Jamg‘arma – bu aholi, korxona (firma) va davlat joriy daromadlarining kelajakdagi ehtiyojlarini qondirish va foizli daromad olish maqsadlarida to‘planib borishi. Uning hajmi barcha xo‘jaliklar daromadidan iste’mol sarflarini ayirib tashlash yo‘li bilan aniqlanadi.
Iste’mol va jamg‘arma hajmi hamda unga ta’sir ko‘rsatuvchi omilar o‘rtasidagi bog‘liqlik iste’mol va jamg‘arma funksiyasi deyiladi. Bu funksiyalarni
bayon etishda klassik iqtisodchilar va keynschilarning nuqtai nazarlari farqlanadi. Klassik iqtisodchilarning fikriga ko‘ra, jamg‘arma banklarning real foiz stavkasi qanchalik yuqori bo‘lsa, ularning qiziqishlari shu qadar kuchli bo‘ladi. J.M.Keyns klassik iqtisodchilarning bu fikrlariga qarshi chiqib, xo‘jaliklarning iste’mol sarflari real foiz stavkasiga u qadar bog‘liq emasligini, kishilar uchun hamma vaqt joriy iste’molning kelgusidagi iste’moldan afzalligini ta’kidlaydi. U iste’mol sarflari darajasiga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omil sifatida xo‘jaliklarning joriy daromadlarini ko‘rsatadi.
Iste’molchilarning daromadlari o‘sib borgan sari ularning jamg‘arishga bo‘lgan moyilliklari shunchalik oshib boradi.
Amalda jamg‘arish kapital mablag‘lar yoki investitsion sarflar shaklida yuzaga chiqib, u yangi kapitalni hosil qilish, ishlab turganlarini kengaytirish, rekonstruksiyalash va yangilashga qilinadigan xarajatlarni ifodalaydi.
Jamg‘arish summasi milliy daromadning bir qismini tashkil etadi va shu sababli milliy daromad hajmi ko‘payishini belgilaydigan omillar jamg‘arish miqdorini ham belgilab beradi. Bu omillardan asosiysi qo‘llaniladigan resurslar massasi va ularning unumdorligidir.
Investitsiyalar – asosiy va aylanma kapitalni ko‘paytirishga, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga pul shaklidagi qo‘yilmadir. U pul mablag‘lari, bank kreditlari, aksiya va boshqa qimmatli qog‘ozlar ko‘rinishida amalga oshiriladi. Pul mablag‘lari ko‘rinishidagi investitsiya nominal investitsiya, ana shu pul mablag‘lariga sotib olish mumkin bo‘lgan investitsion resurslar real investitsiya deyiladi.
Investitsiyalarga sarflar darajasini ikkita asosiy omil belgilab beradi: 1) investitsiya sarflaridan kutilayotgan foyda normasi; 2) foiz stavkasi.
Statistik ma’lumotlar dinamikasi shundan dalolat beradiki, mamlakatimiz iqtisodiyotiga sarflanayotgan investitsiyalar hajmi yildan-yilga o‘sib borish tendensiyasiga ega.