MANDAT (vakillik, deputatlik) (lot. mandatum - topshiriq) — birorta vakillik
muassasasi deputati vakolatlarining qonuniyligini, deputat vakolatlari, huquq va
majburiyatlari hajmini tasdiqlovchi hujjat, shuningdek, parlament yoki boshqa
vakillik hokimiyati organi deputati zimmasiga yuklatiladigan ommaviy vazifa,
uning mazmuni (mandat xarakteri) konstitutsiya va boshqa konstitutsiyaviy-
huquqiy hujjatlar bilan belgilanadi. Hozirgi demokratiya davlatlarida Mandatning
huquqdorligi deputatning daxlsizligi (immunitet) va deputatlik faoliyati uchun
taqdirlov puli olish (imdemnitet)ni o‘z ichiga oladi. Mandat deputatning o‘z
saylovchilari bilan o‘zaro munosabat shaklini ham belgilaydi. Hozirgi demokratiya
davlatlarida umummilliy Mandat deb atalmish mandat bor, unga ko‘ra deputat
qandaydir aniq bir saylov okrugining emas, balki butun millat vakili hisoblanadi.
Deputat o‘z faoliyatida hech qanday nakaz bilan bog‘lanib qolishi mumkin emas
(imperativ Mandat bilan) va o‘z Mandati muddati tugamaguncha chaqirib olinishi
mumkin emas. Ko‘pgina davlatlar (Italiya, RFR, Fransiya va boshqalar)
konstitutsiyalarida imperativ Mandatni bevosita taqiqlovchi ko‘rsatma bor.
Sovetlar tipidagi konstitutsiyalar imperativ Mandatni, ya’ni deputatlarning o‘z
saylovchilari oldidagi javobgarligini qaror toptiradi, unga ko‘ra saylovchilar o‘z
deputatlariga nakazlar berish va ularni qonunda belgilangan tartibda chaqirib olish
huquqiga ega (shuningdek, q. Deputatlar nakazlari. Deputatlarni chaqirib olish Milliy vakillik prinsipi).