Demokratik uslub asosida faoliyat olib boradigan o‘qituvchining
bosh shiori o‘quvchilarda mustaqil va erkin fikr yuritish ko‘nikmalarini
va ongli intizomni hosil qilishdan iborat. O‘qituvchining muloqoti barcha
demokratik talablar asosida quriladi. Zero, «Demokratik jamiyatda
bolalar, umuman har bir inson erkin fikrlaydigan etib tarbiyalanadi»
1
.
Ushbu uslubni mukammal egallagan o‘qituvchi o‘z pedagogik faoliyati
va xarakterida quyidagi xususiyatlarni mujassamlashtiradi:
- pedagogik faoliyatda sinf jamoasining fikr mulohazalariga tayanib
ta’lim-tarbiyaviy ishlarni tashkil etadi;
- sinf jamoasining tashabbusini ma’qullaydi, rivojlantiradi, o‘quv-
chilarning erkin fikr bildirishlariga imkoniyat yaratadi;
- muloqot jarayonida o‘quvchilar fikr-mulohazalarini inobatga olib,
pedagogik faoliyatida qo‘llaydi;
- muloqotga kirishishning asosiy shakllari: iltimos, maslahat berish,
samimiy muomala.
Demokratik uslubda muloqotni tashkil etuvchi o‘qituvchi hozirgi
zamon talablariga, ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlardan
kutilayotgan maqsadlarga javob bera oladi. O‘qituvchining vazifasi
barkamol inson tarbiyasini davlat siyosatining ustuvor sohasi deb bilgan
holda, yuksak ongli, mustaqil fikrlay oladigan, xulq-atvori bilan
tengdoshlariga namuna bo‘ladigan bilimli, ma’rifatli, aql-zakovatli,
yuksak ma’naviyatli o‘quvchilarni tarbiyalash uchun qizg‘in pedagogik
faoliyat olib borishi lozim. Muloqot jarayonida o‘quvchilarning jamoa
bo‘lib birlashishlari, ularda o‘zaro yordam tuyg‘usini o‘stirishga xizmat
qilishi kerak. Samarali demokratik tarbiyaviy jarayon, sinf jamoasi
a’zolarining qobiliyat va iste’dodlarini yuzaga chiqaradi, o‘quvchining
jamoada har tomonlama rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar paydo
qiladi. O‘quvchilar bilan muloqotning erkin demokratik asosda tashkil
etilishi sinfning ahil jamoa bo‘lib birlashib, tarbiyaviy ishlarni amalga
oshirishda muvaffaqiyatlarga erishishiga zamin yaratadi. Yaxshi
uyushgan jamoada har bir o‘quvchining fikri ulkan tarbiyaviy kuchga
ega.