1.3.1- rasm. Tafakkur va uning o‘ziga xosliklari Tafakkur shakllari – fikrning mazmunini tashkil etuvchi elementlarning bog‘lanish usuli bo‘lib, u tushuncha, hukm (mulohaza) va xulosa chiqarish shaklida mavjud bo‘ladi.
Tushuncha – narsa va hodisalarning umumiy muhim belgilarini aks ettiruvchi tafakkur shakli bo‘lib, u ma’lum bir mantiqiy usullardan taqqoslash, analiz, sintez, abstraksiyalash, umumlashtirishlar foydalanilgan holda hosil qilinadi.
Hukm – narsa-buyumga ma’lum bir xossaning, munosabatning xosligi yoki xos emasligini ifodalovchi tafakkur shakli bo‘lib, fikr yuritish jarayonida narsa-buyumlar va hodisalarning oddiy, tashqi xususiyatlari bilan birga ularning ichki, zaruriy bog‘lanishlarini, munosabatlarini bilib boramiz.
Xulosa chiqarish – bir qancha hukmlarning mantiqiy bog‘lanishi natijasida hosil bo‘lgan yangi hukm. Xulosa chiqarish fikr o‘rtasidagi shunday bog‘lanishdirki, mazkur bog‘lanish natijasida bir yoki undan ortiq hukmlardan uchinchi hukm keltirib chiqariladi. Xulosa chiqarish uch turga bo‘linadi: induktiv, deduktiv va anologik.
Tafakkur qonunlari – muhokama yuritish jarayonida fikrlar o‘rtasidagi mavjud zaruriy aloqalar, muhokamani to‘g‘ri qurish uchun zarur bo‘lgan talablar. Tafakkur qonunlariga fikrning aniq bo‘lishi, fikrning izchilligi va tizimliligi, fikrlash jarayoninining ziddiyatsizlik xususiyatiga ega bo‘lishi, fikr yuritish jarayonida chin mulohazalardan foydalanish kabilar kiradi.
Pedagogik tafakkur esa, obyektiv-subyektiv tarbiyaviy o‘zaro munosabatlarni, shaxsning shakllanishi va rivojlanishiga bevosita ta’sir etuvchi bolalar va kattalarning o‘zaro birgalikdagi harakatini bilish va anglash natijasida yuzaga keladi. Pedagogik fikrlash tarbiyachining ta’lim-tarbiya amaliyotini anglash, tahlil etish, taqqoslash, umumlashtirish, baholashga imkon beruvchi kasbiy fikrlash qobiliyati sifatida shakllanadi.
Yangicha pedagogik tafakkur eski, odatdagi fikrlashning yangi shart-sharoitlar va hayot talablariga mos kelmasligi sababli yuzaga keladigan qarama-qarshilik natijasida yuzaga keladi. U o‘zida ijodiy va novatorlikni aks ettiradi.
Pedagogik fanlar rivoji, nazariy konsepsiyalarning yuzaga kelishi, yangi metodik tizim va texnologik jarayonlarning yaratilishi muntazam ravishda pedagogik tafakkurni yangilashni talab etadi va maktab amaliyotini takomillashtirishning bosh sharti sifatida xizmat qiladi.
Ilmiy-pedagogik tafakkur dialektika qonunlari asosiga quriladi. Unda bolalar hayotiy faoliyatining tashqi shart-sharoitlari va tasodifiy stimullari taqozo etuvchi o‘z-o‘zini rivojlantirish, o‘z-o‘zini harakatga yo‘naltirish nuqtai nazaridan pedagogik dalil, vaziyat, hodisa, voqeliklar hisobga olinadi. Bola qanday harakat qilishiga qaramasdan, uning xulq-atvori va shaxsini tahlil etishda nafaqat aniq yaxshi yoki yomon xatti-harakatiga oid dalillar, balki uning ichki olami bilan bog‘liq ideal, motiv, ehtiyoj, qiziqishlarini hisobga olish zarur. Masalaga bunday yondashuv shakllanayotgan shaxsning xulq-atvori tasodifiymi yoki xarakteridagi qonuniyat natijasi ekanligini ishonchli aniqlash imkonini beradi. Bu esa xulq-atvorni pedagogik savodxonlik bilan tahlil etish, ungi asosli baho berish va to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatishga yordam beradi.
Pedagogik, shuningdek, hayotiy nuqtai nazardan bolalarning o‘zaro birgalikdagi harakati nafaqat tarbiya obyekti sifatida, balki o‘z-o‘zidan shaxsiy hayot aks etadigan, anglaydigan, o‘z-o‘zini qayta tashkillashtiradigan
ijodiy harakatlanuvchi subyektlar tarzida namoyon bo‘ladi. SHuning uchun pedagoglar bolalarning fiikrlashi va xulq-atvoridagi turli kutilmagan, oddiy bo‘lmagan istalgan vaziyatlarga tayyor bo‘lishi va operativ ta’sir ko‘rsatishi lozim. Haqiqiy ma’nodagi pedagogik tafakkur pedagogga tayyor namunalardan voz kechish, yangilikni qabul qilish, narsa-hodisalar uyg‘oq nigoh bilan qarash, qarama-qarshiliklarni tahlil etish va uni hal etishga yo‘l topishga yordam beradi.
Pedagogik tafakkurning qator mezonlari va parametrlarini ajratib ko‘rsatish mumkin:
- tarbiyaviy hodisalar va dalillarni yaxlitlikda, o‘zaro aloqadorlik va o‘zaro bog‘liqlikda tahlil etish qobiliyati;
- pedagogik o‘zaro harakat va ta’sir ko‘rsatishning genezisini ko‘ra olish qobiliyati;
- pedagogik harakatning ta’lim-tarbiya maqsad va natijalari bilan o‘zaro taqqoslay olish qobiliyati;
- pedagogik tafakkur yuritish jarayonida fikrlashning barcha turlari va usullarinidan foydalanish qobiliyati;
- pedagogik voqelikni tahlil etish va umumlashtirish, pedagogik nuqtai nazardan haqiqat va yolg‘onni farqlay olishni yaxlitlikda amalga oshirish qobiliyati;
- pedagogik voqelikni tahlil etishda mavhumlikdan, aniqlikka qarab borish qobiliyati;
- murakkab shablon va stereotiplardan rad etish, yangi baho, umumlashma, yondashuv, harakatlarni izlab topish qobiliyati;
- amaliy, ijodiy izlanishda nazariya va yangi g‘oyalardan foydalanish qobiliyati;
- bolalar bilan dialog jarayonida dalilarni samarali qo‘llash va ishonchli asoslash qobiliyati;
- fikriy egiluvchanlik va tezkorlikning namoyon bo‘lishi qobiliyati;
- taktik va strategik harakatlarni farqlay olish qobiliyati.