2022- yil 28- mart Bugun kursdoshimiz Xolova Shahnoza 1-bosqich magistrantlari bilan ochiq dars mashg’ulotini o’tkazishlarini e’lon qildilar va hammamiz tahlilga kirdik. Dars ajoyib, turli metodlar bilan tashkillashtirilgan, turli qiziqarli o’yinlar bilan boyitilgan. Dars barchaga birdek ma’qul bo’ldi.
Shundan so’ng amaliyot hujjatlarim bilan band bo’ldim. Kalendar ish rejamda rejalashtirgan ishlarimdan qay birini shu kecha-kunduzda amalga oshirishim lozimligiga e’tibor qaratdim. Bu asosan maqola va tezislar nashr ettirish bilan bog’liq bo’lib, bu boradagi kerakli qaydlarni qilib qo’ydim.
2022- yil 29- mart Bugun ham kursdoshlarimiz bilan o’z vaqtida kafedraga keldik. Dars jadvalimizga qaradik, aksariyatimizning darslarimiz bor.
Men dastlab fanlardan “Mustaqil ta’lim” uchun beriladigan topshiriqlarning ahamiyati bilan yaqindan tanishdim. Chunki bugun 11-1 fra 21guruhida olib borgan darsimdan so’ng guruh talabalariga mustaqil ta’lim bo’yicha ko’rsatmalar bermoqchi edim, asosiy o‘rganilayotgan chet tili fanlaridan talabalarning mustaqil ishlashlari uchun eng ko‘p soat ajratilgan va hozir ularga bu borada amaliy tavsiyalar berishning ayni vaqtidir.
Talabalar mustaqil ishlarining mohiyati ma’lum mavzular bo‘yicha mustaqil ishlash natijasida og‘zaki va yozma nutq ko‘nikmalarini mustahkamlash hisoblanishi, ular mustaqil ishlarning natijalarini mavzular bo‘yicha so‘z va so‘z birikmalarini yodlash, mazkur til vositalari yordamida erkin so‘zlashish uchun dialogik va monologik matnlar tuzish, ularni annotatsiya, referat, ma’ruza, tezislar, konspekt, retsenziya shaklida rasmiylashtirishlari mumkinligini bilib oldim.
Shundan so’ng 11-1 fra 21 guruhiga kirdim va « O’qish va yozish amaliyoti » fanini o’tdim. Darsda rejalashtirilgan barcha materiallar ustida ishlandi. Mavzuni bugungi jamiyat hayoti bilan bog’ladim. Talabalar bilan interfaol usullarda ishladim.
Darsdan so’ng talabalarga, yuqorida aytib o’tganimdek, mustaqil ta’lim uchun zarur bo’lgan tavsiyalarni berdim. Ular mening maslahatlarimdan mamnun bo’lishdi va men, agar bu borada yana savollari tug’ilib qoladigan bo’lsa, menga murojaat qilishlari mumkinligini ta’kidlab o’tdim.
Mana shu ko’tarinki ruhda bugungi faoliyatim ham o’z yakuniga yetdi.