2022- yil 30- mart Bugun kafedramiz o’qituvchisi, amaliyot rahbarim N.B.Kuldashevadan Uniwork platformasida ishlash, unga kerakli materiallarni joylashtirish borasida so’rab, bilib oldim. O’qituvchi bilan birgalikda uning o’quv materiallarini ushbu platformaga joylashtirdik. Kafedraning boshqa o’qituvchilaridan ham bu boradagi tavsiyalarini eshitdim. O’zim ham Uniworkda sahifa ochdim va o’zim haqimdagi ma’lumotlarni kiritdim. Bugun o’rganganlarim kelajakdagi pedagoglik faoliyatimda yana as qotadi degan umiddaman.
Bundan so’ng kursdosh qizlar bilan dars tahlillarimizni tartibga soldik, qoralamalarda yozilgan qaydlarni oqlamalarga ko’chirdik.
2022- yil 31- mart Bugungi kunimni o’z ustimda ishlab, pedagogik mahoratimni yaxshilashga bag’ishladim. Ya’ni, o’zimizning kutubxonaga ko’tarildim va u yerda fransuz tilidagi matnlarni tingladim, ularning asosiy g‘oyasini anglashga, muayyan ma’lumotlarni farqlashga, so‘zlashuvchilarning kayfiyatlari, hissiyotlari va munosabatlarini aniqlashga harakat qildim. Turli kommunikativ nutq vaziyatlari ustida doim va ko’p shug’ullanish o’rganilayotgan til kompetensiyalarini mustahkamlashga xizmat qilishini yana bir bor sinab ko’rdim.
Bu mashqlarimdan so’ng bo’limga borib, 11-1 fra 21 guruhi talabalari bilan ko’rishdim. Tyudorlari ham ular bilan birga ekan. Ular bilan biroz suhbatlashdik. Shundan so’ng amaliyot rahbarim N.B.Kuldasheva ertangi kunga puxta tayyorlanishim kerakligini uqtirdilar. Chunki 1-aprel sanasidan boshlab III bosqich talabalari dars jadvaliga menga yuklatilgan fan TO’MA qo’yilishini aytdilar. Kamchiliklarimni amaliyot rahbarim to’ldirdilar va zarur maslahat, tavsiyalarini tingladim.
2022- yil 1-aprel Bugun ham o’z vaqtida universitetga keldim. Tyutor N.Nurillayeva bilan 11-1 fra 19 guruhida axborot soatini tashkil etdik. Bugungi kunda jahon arenasi va O’zbekistonda ro’y berayotgan ijtimoiy, siyosiy, madaniy yangiliklar xususida suhbatlashib bo’lgach, “Ma’naviyat va ma’rifat markazi” tomonidan taqdim etilgan materiallar ustida ishladik.
Bundan so’ng dars tahlillariga kirdim. Malakali professor-o’qituvchilarning darslarini kuzatdim, metodlarini o’rgandim. Ulardan o’zimni qiziqtirgan savollarimga javob oldim.
Shu bilan amaliyotning navbatdagi 7-haftasi ham o’z nihoyasiga yetdi.