Istiqlol va fan. O’zbekistonda milliy mustaqillik sharoitida mamlakatning ilmiy-intellektual salohiyatini yanada
kuchaytirishga alohida e’tibor berila boshlandi. Prezident I.A. Karimovning «O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida:
xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari» asarida hamda nutq va maqolalarida mamlakatimiz
ilm-fanini rivojlantirishning asosiy yo’nalishlari belgilab berildi.
Ayniqsa, jahon ilm-fani rivojiga katta hissa qo’shgan ulug’ ajdodlarimizning ilmiy merosini chuqur o’rganish va
ularning an’analarini rivojlantirish maqsadida Xorazmda Ma’mun akademiyasining qaytadan tiklanishi madaniy
hayotimizdagi ulkan voqea bo’ldi. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot muassasalarining tarkibiy tuzilishida muhim o’zgarishlar
qilindi, zamon talablariga javob beradigan yangi oliy o’quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, Oliy Attestatsiya
Komissiyasi tashkil etildi. Talabalarni oliy o’quv yurtlariga qabul qilishning ilg’or usullari, yangi pedagogik
texnologiyalar joriy etildi.
O’zbekistonda ilm-fan kishilarining malakasi, bilimini oshirishga ko’maklashadigan jamg’armalar tashkil etildi.
Fan rivojining huquqiy asoslari yaratildi, ilm-fan xodimlarini ijtimoiy himoyalashga e’tibor kuchaytirildi.
Fan taraqqiyotida an’anaviylik va yangilanish jarayoni dialektikasini bilish, bu jarayonni O’zbekiston sharoitida
yanada rivojlantirish davr talabidir. Fandagi an’anaviylik, bir tomondan, uni tarixiy ildizlaridan uzilib qolishdan saqlasa,
ikkinchi tomondan, mamlakat taraqqiyoti yo’lida paydo bo’lgan muammolarni an’anaviy usullar bilan hal etish uning
hayotdan ajralib qolishiga olib keladi. Fan taraqqiyotida an’anaviylik va yangilikni (novatorlik) uzviy bog’lash muhim
muammolardan biridir. Boshqacha qilib aytganda, an’analardan butunlay voz kechish ham, an’analar bilan bog’lanib
qolish ham fan taraqqiyotiga xalaqit beradi.
O’zbekiston faniga kirib kelgan muhim yangiliklar uning tarkibiy tuzilishidagi o’zgarishlardan tashqari yana
quyidagilarda namoyon bo’ladi:
- fanning kompyuterlashtirilishida;
- jahonning global muammolarini hal etishda o’zbek olimlarining faol ishtirok etayotganida;
- ilmiy tadqiqotlarda eng zamonaviy texnika, asbob-uskunalardan va ilg’or metodlardan foydalanilayotganida;
- olimlarimizning jahon tillarini o’rganishga rag’batlantirilishida;
- jahonning taraqqiy etgan mamlakatlari oliy o’quv yurtlarida mutaxassis-kadrlar tayyorlash yo’lga qo’yilganligida;
- ta’lim-tarbiya tizimining tubdan isloh qilinayotganida.
O’zbekistonda demokratik jarayonlarni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ma’rifiy vazifalarni
hal etishda fanning asosiy vazifalari Prezident I.A. Karimovning asarlarida batafsil tavsiflab berildi. Fanning siyosat,
madaniyat bilan bog’liqligi, demokratik jamiyatda uning tayanch qadriyat ekanligi har tomonlama asoslandi.
Fanning rivoji o’z oldiga qo’ygan muammolarni hal etishda ilmiy metodlardan oqilona foydalanishni taqozo etadi.
Hozirgi davrda amaliy va nazariy tadqiqotlar o’tkazishda quyidagi usullardan keng foydalanilmoqda: kuzatish,
qiyoslash, tavsiflash, formallashtirish, modellashtirish va boshqalar.
XX asr fan-texnika inqilobi insoniyatning moddiy va ma’naviy hayotida tub o’zgarishlarni vujudga keltirdi.
Insonning tabiat taqdiri uchun javobgarlik hissini yanada oshirdi. Fan inson hayotining istisnosiz barcha sohalariga kirib
keldi, inson va jamiyat borlig’ining muhim tarkibiy qismiga, bevosita ishlab chiqaruvchi kuchga aylandi. Shu boisdan
ham hozirgi zamon fanini «katta fan» deb atash rasm bo’ldi.
Keyingi yuz yil davomida ilmiy faoliyat bilan shug’ullanuvchi olimlar soni beqiyos darajada o’sdi. Agar XX asr
boshlarida butun Er yuzidagi olimlar yuz ming atrofida bo’lgan bo’lsa, hozirgi paytda ularning soni besh milliondan ortib
ketdi.
Fan va texnika sohasidagi inqilobiy o’zgarishlarni olimlar sonining o’sib borishidagina emas, balki ilmiy
kashfiyotlar salmog’i va sifatining muttasil ortayotganida ham ko’rish mumkin. Butun insoniyat tarixida qilingan ilmiy
kashfiyotlarni yuz foiz deb oladigan bo’lsak, uning to’qson foizi XX asrga to’g’ri keldi. Ilmiy informatsiyalar har o’n-
o’n besh yilda ikki martaga ortib boryapti.
O’zbekistonda keyingi yillarda fanning turli sohalarida faoliyat ko’rsatayotgan olimlar, ilmiy xodimlar salmog’i
ortdi.
Hozirgi davrda O’zbekiston fani rivojlanishi oldida turgan asosiy yo’nalishlar I.A. Karimovning qator asarlarida
belgilab berildi. Ulug’ ajdodlarimizning ilmiy an’analarini davom ettirish, hozirgi zamon fani va texnikasi
yutuqlarini puxta egallash mamlakatimizning yangi asrda jahonning ilg’or mamlakatlari qatoridan munosib o’rin
egallashi uchun puxta zamin yaratadi.