Qadimgi Yunoniston va Rim falsafasi. Qadimgi davr falsafasining yana bir silsilasi Yunoniston va Rimga tegishlidir.
Bu davrdagi falsafiy qarashlar — antik davr falsafasi deb yuritiladi. Unda Milet falsafiy maktabi, Eley falsafiy maktabi,
Suqrot, Pifagor, Aflotun, Arastu va boshqalarning falsafiy, tabiiy — ilmiy, ijtimoiy — ahloqiy ta’limotlari o’rganiladi.
Yunonistonda dastlabki falsafiy ta’limotlar eramizdan avvalgi VII-VI asrlar o’rtasida Milet shahrida yuzaga kelgan
va rivojlangan.
Milet maktabi vakillari Fales, Anaksimandr, Anaksimenlardir. Uning asoschisi Fales (eramizdan
avvalgi 624 — 547 yillarda yashagan). U Yunon fani va falsafasining asoschisi bo’lib, o’z davrining etuk siyosiy
arbobi, jo’g’rofi, faylasufi bo’lgan. Fales ta’limotiga ko’ra, tabiatdagi turli-tuman jism va hodisalar dastlabki ibtido —
suvdan paydo bo’lgan va yana suvga aylanadi va bu moddiy birlik doimo o’zgarishda bo’ladi. Anaksimandr (Falesning
shogirdi) eramizdan avvalgi VII asr oxiri va VI o’rtalarida yashab ijod etgan. U «Tabiat haqida» asarini yozgan, biroq
asar bizgacha yotib kelmagan. Fales olamning asosiga suvni qo’ygan bo’lsa, Anaksimandr dunyo — cheksiz, gazsimon
apeyrondan iborat, issiqlik va sovuqlik, quruqlik va namlik apeyrondan ajralib chiqib, moddaning bir holatdan ikkinchi
holatga o’tishini ta’minlaydi, deb hisoblagan. Uning ta’limotini zamondoshi, shogirdi Anaksimen davom ettirdi.
Anaksimen (eramizdan avvalgi 588-525 yillar) havo — olamning asosi, deb bilgan. Uningcha, havoning
quyuqlashishidan suv, er, tosh kabi moddalar tashkil topgan, siyraklashishidan esa olov paydo bo’lgan.
Yana bir yunon faylasufi
Geraklit (eramizdan avvalgi 520-460 yillar) Kichik Osiyoning g’arbiy qirg’og’idagi Efes
shahrida zargar oilasida dunyoga kelgan. U stixiyali dialektikaga asos solgan, olov — olamning asosi, deb bilgan. uning
fikricha, olamda hamma narsa harakatda. «Oqar suvga bir soniyada ikki marta tushish mumkin emas, chunki suv har
daqiqada yangilanib turadi». Olamda turg’unlik yo’q. Harakat butun tabiatga, barcha jism va hodisalarga xosdir. Abadiy
harakat — abadiy o’zgarishdir. Harakat qarama-qarshilik asosida sodir bo’ladi. «Kurash hamma narsaning otasi, hamma
narsaning podshosidir», degan ekan Geraklit. Bundan Geraklit kishilar o’rtasida urushlarni targ’ib qilgan ekan-da, deya
xulosa chiqarish noto’g’ri. Geraklitning fikricha, doimiy o’zgarish, harakat va o’zaro qarama-qarshi tomonlarga o’tish —
jismlar sifatining nisbiyligi bilan bog’liq. Masalan, dengiz suvi inson iste’moli uchun yaroqsiz bo’lsa, baliqlar uchun ayni
muddaodir. Geraklitning qarashlari falsafiy tafakkur rivojiga katta ta’sir ko’rsatgan.
Pifagor (eramizdan avvalgi 580-500 yillar) Yunonistonning Samos orolida yashab o’tgan. u qadimgi Yunonistonda
diniy-mafkuraviy falsafiy maktab, ya’ni pifagorchilikka asos solgan. Pifagor o’zining siyosiy qarashlari tufayli podsho
Polikret bilan chiqisha olmagan va Samosni tark etib, janubiy Italiyaga ko’chib ketgan, o’sha erda o’z uyushmasini
tashkil etgan. Uningcha, dunyoni bilish jarayoni, avvalo, raqamlarni bilishdan boshlanishi kerak. Pifagorchilarning
ta’limotiga ko’ra, olamning asosida modda ham, tabiat ham emas, balki ideallashgan raqamlar yotadi; narsa va
hodisalar aynan ana shu raqamlar mahsulidir. Pifagorchilar birinchi bo’lib Yunonistonda tabiatdagi narsa va hodisalarni
izohlashda miqdor kategoriyasini ilgari suradi. Pifagor zodagonlar oilasiga mansub bo’lgani bois aristokratiyani himoya
qilgan. U «tartib» to’g’risidagi ta’limotini yaratib, faqat aristokratlar o’rnatgan tartib ijtimoiy hayotda muhim rol
o’ynaydi, degan. Uning fikricha, demokratiya bu tartibotning buzilishidir.