Abu Nasr Forobiy (873-950) – musulmon Sharqida Arastudan keyin «ikkinchi ustoz» unvoniga muyassar bo’lgan yirik
mutafakkir va alloma. Uning qalamiga 160 dan ziyod asar mansub bo’lib, ular asosan qadimgi yunon olimlari
asarlaridagi tabiiy-ilmiy va falsafiy muammolar sharhlash hamda bu sohalarning dolzarb masalalarini tahlil qilishga
bag’ishlangan. Mutafakkir olamni ikki ko’rinishda: «Vujudu vojib» (olloh) va «vujudi mumkin» (barcha moddiy va
ruhiy narsalar) misolida talqin qiladi, barcha narsalar «vujudi vojib» tufayli yashash huquqiga ega bo’ladi. Ular o’zaro
bir-biri bilan sababiy tarzda bog’lanadi. Sababsiz oqibat bo’lmaganidek, oqibatsiz sabab ham bo’lmaydi, deydi Forobiy.
Olam sifat, miqdor, javhar, aktsidentsiya (muhim bo’lmagan xossa), imkoniyat, zaruriyat va tasodifiyat, makon va
zamon, harakat va rivojlanish kabi tushunchalarda ifodalanadi. Ular fazoviy jismlar, aqlli mahluq (inson), aqlsiz
jonivorlar, o’simliklar, minerallar va to’rtta unsur-suv, olov, havo va tuproq kabi oltita ko’rinishda namoyon bo’ladi.
Bilish jarayoni aql va sezgilar orqali yuzaga keladi. Bilishda aql va mantiq ilmining maqomi beqiyosdir. Aql
vositasida inson ilm-fanni yaratadi. Fan tufayli hodisalar mohiyati ochib beriladi. Har bir fan insonning muayyan
ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladi.
Mutafakkir o’z asarlarida komil inson, fozil fuqaro, odil hukmdor, baxt-saodat, unga erishish yo’llari,
davlatning xususiyatlari, ahloqiy va aqliy tarbiya, ijtimoiy istiqbol to’g’risida ilg’or g’oyalarni ilgari surgan.
Forobiyning Sharq xalqlari falsafiy tafakkuri rivojiga bo’lgan ta’siri sezilarli bo’lgan.
Abu Rayhon Beruniy (973 — 1048) deyarli barcha fan sohalarida ijod etgan buyuk qomusiy alloma va mashhur
mutafakkirdir. U yaratgan 152 ta asardan 28 tasi bizgacha etib kelgan. Uning tabiatni o’rganishdagi xizmati kattadir.
Alloma jismlarning o’zaro tortishuvi, Quyosh va Oyning tutilishi, zarra, inertsiya va sun’iy tanlanish, rivojlanish
anomaliyasi, Er qa’rida ro’y beradigan geotektonik siljishlar, Er qiyofasining tadrijiy tarzda o’zgarib turishi, xilma —
xil olamlar to’g’risida ilmiy bashoratlarni ilgari surgan. Uning falsafiy qarashlari tabiiy-ilmiy qarashlari ta’sirida
shakllandi. U modda va zamon, qonuniyat, zaruriyat va tasodifiyat, harakat va rivojlanish, ziddiyat, sabab va oqibat
kabi falsafiy muammolarga katta e’tibor bergan.
Beruniyning asarlarida bilish masalalari muhim maqomga egadir. Bilishga bo’lgan qiziqishning ikkita sababi bor.
Birinchidan, bu o’ziga xos lazzatdir. Ikkinchidan, bilishdan maqsad odamlar ehtiyojlarini qondirishdir. Bilish sezgilar
etkazib bergan ma’lumotlardan boshlanadi. Ular bilishning yuqori bosqichi aqliy bilish uchun o’ziga xos ko’makchi va
asos bo’lib xizmat qiladi. Bilimning chinligi kuzatuv va sinov — tajriba orqali belgilanadi. Ular tufayli ashyolarning
muhim jihatlari o’rganiladi, ularning miqdoriy tomonlari aniqlanadi, bilish jarayonining samaradorligi oshib boradi.
Beruniyga ko’ra, inson qiyofasi tabiat ta’sirining natijasidir. Uning ichki qiyofasiga kelsak, uni inson cheksiz sa’y-
harakatlar oqibatida tubdan o’zgartirishi mumkin. Har bir kishi o’z xulq-atvorining sohibidir. Jamiyat tadrijiy
o’zgarishlar orqali rivojlanib boradi. Adolat, fuqaro uchun g’amxo’rlik, zulmni bartaraf etish, jamiyatni aql va adolat
tug’i ostida boshqarish mutafakkirning idealidir.