MAVZU: YANGI ALIFBONING JORIY QILINISHI Reja: 1. Yangi alifboning joriy qilinishi.
2. So‘z va atama
3. Atamalarning boyish imkoniyatlari va turlari.
Darsning maqsadi: Talabalarga yangi alifboning joriy qilinishi, ish qog‘ozlari turlari, imlo qoidalari haqida a’lumot berish.
Tayanch so‘z va iboralar: Nutq, alifbo, harf, alfavit, lotin yozuvi, harfiy birikma, tepa belgisi, sintagma, olinma so‘zlar, sheva, faol so‘zlar, kasbiy atamalar, eskirib qolgan so‘zlar,tarixiy so‘zlar,arxaik so‘zlar
Kerakli jihoz va materiallar:videoproyektor, mavzu yuzasidan taqdimotlar, doska, imlo qoidalari, internet ma’lumotlari.
1-savol bayoni: Nutq tovushlari nutqning eng kichik, bo‘linmas qismidir. Nutq tovushlarining yozuvdagi shakli harf deb ataladi. Nutq tovushlarini talaffuz qilamiz va eshitamiz. Harflarni esa ko‘ramiz, yozamiz va o‘qiymiz.
Ma’lum tartibda joylashgan harflar qatori alifbo (yoki alfavit) deyiladi. Alifbo so‘zi arab alfavitidagi birinchi (alif) va ikkinchi (bo yoki be) harflari nomlarining qo‘shilishidan hosil bo‘lgan.
Lug‘atlarda, turli ro‘yxatlarda so‘zlar alfavit tartibida joylashtiriladi. Masalan, barcha lug‘atdagi so‘zlar, saylovchilar ro‘yxati, kutubxona kartotekasida mualliflarning familiyalari, kitoblarning nomlari alfavit tartibida joylashtirilgan bo‘ladi. Shu sababli alfavitni yoddan bilishimiz zarur.
Bizning davrimizda jahondagi xalqlar 220 xil yozuvdan foydalanadilar. Shu yozuvlardan juda keng tarqalgani lotin yozuvi bo‘lib, jahon xalqlarining 30% dan ziyodi shu yozuvni qo‘llaydilar. 1993- yil 2-3- sentyabrda bo‘lib o‘tgan Oliy Kengashning 13-sessiyada o‘zbek yozuvini lotin yozuviga o‘tkazish to‘g‘risida qonun qabul qilindi. 1995-yil 6-maydagi Oliy Majlis sessiyasida bu alifboga ayrim o‘zgarishlar kiritildi va bu yozuvga to‘liq o‘tish muddati 2005-yil sentyabr oyi deb belgilandi. 2004-yilda chiqarilgan Qonunga ko‘ra, lotin yozuviga to‘liq o‘tish muddati 2010- yil sentyabriga qadar cho‘zildi.
Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida 29 harf bo‘lib, shulardan 6 tasi unli harf, qolgan 23 tasi undosh harf va bitta tutuq belgisi(’) dan iborat. Bu belgi, asosan, arab tilidan kirib kelgan so‘zlarda ko‘p uchraydi(ma’rifat, ma’naviyat, ma’no kabilar). Undosh harflardan 3 tasi harfiy birikma hisoblanadi: sh, ch, ng. 2 tasida tepa belgisi mavjud: o‘g‘.