So‘zlarning ishlatilish darajasiga ko‘ra guruhlari: Bu jihatdan tilimizda so‘zlarni ikkita guruhga bo‘lish mumkin:
1.Umumxalq ishlatadigan so‘zlar kundalik turmushda hammaning nutqida tez-tez qo‘llanadigan so‘zlardir: non, suv, bugun, kim, besh, yaxshi, sotdi va b. Bularni yana faol so‘zlar ham deyishdi. Ular tilning asosiy so‘z boyligidir.
2. Umumxalq ishlatmaydigan so‘zlar turli sabablarga ko‘ra, kundalik turmushda hammaning nutqida ham tez-tez qo‘llanavermaydigan so‘zlardir. Bularni yana nofaol so‘zlar ham deyishadi. Bu so‘zlarni quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin:
1) ATAMALAR (terminlar) - ilm-fan, texnika, san’atga xos so‘zlardir. Bular, odatda , bir ma’noni bildiradi: (tilshunoslikda) urg‘u, kesim, undalma, aniqlovchi, to‘ldiruvchi, hol va b.
Atamalar ikki guruhga bo‘linadi:
1. Ilmiy atamalar
2. Kasbiy atamalar Ma’lum bir fan doirasida qo‘llaniladigan atamalar ilmiy atamalar deyiladi.
Ma’lum kasb-hunar doirasida aniq bir ma’noni ifodalash uchun qo‘llaniladigan so‘zlarga kasbiy atamalar deyiladi.
Atamalar ilmiy nutqda qo‘llanadi. Ular ikki xil usul bilan hosil qilinadi: a) umumxalq ishlatadigan so‘zlar orasidan ayrimlarining ma’nosi torayib, umumxalq tilida bir ma’noni, ilmiy nutqda esa boshqa ma’noni ifodalaydigan bo‘lib qoladi: fe’l (umumxalq tilida xarakter, fe’l-atvor ma’nosini, ilmiy tilda so‘z turkumi nomini bildiradi);
b) boshqa tillardan so‘z olish orqali hosil qilinadi: omonim, paronim va b.
2) shevaga xos so‘zlar – ma’lum hududdagina ishlatilib, faqat o‘sha yerda yashovchi kishilarga tushunarli bo‘lgan so‘zlardir: xorazmcha momo (buvi), gashir (sabzi), moyak (tuxum), o‘jak (buzoq), taxya (do‘ppi), secha (chumchuq), taka (yostiq), hovva (ha); farg‘onacha shatta (shu yerda), valish (ishkom), paqir (chelak); buxorocha kallapo‘sh (do‘ppi), inak (sigir), nana (ona); toshkentcha ada (ota), dada (bobo); Yozuvchilar badiiy asarlarida qahramonlarning qayerlik ekanini, tilidagi xususiyatlarni ko‘rsatish uchun ularning nutqida ba’zan shevaga xos so‘z va qo‘shimchalarni ham ishlatadilar.