Kurs ishini bajarish yuzasidan ko’rsatmalar Kurs ishi yozishning birinchi bosqichi Kurs ishi talaba tomonidan mustaqil bajariladigan topshiriq bo’lib, o’quv rejasiga kiritilgan fan asoslarining to’liq kursi yakuniga bag’ishlanishi lozim. Kurs ishini bajarishga kirishishda talaba eng avvalo, o’zi qiziqib tanlangan mavzu yuzasidan ijro etish lozim bo’lgan ishlarni aniq rejalashtirib olishi zarur. Kurs ishini bajarish rejasini tuzishda quyidagilarga asosiy e’tiborini qaratilishi lozimdir:
-mavzuning dolzarbligi, maqsadi va vazifalarini aniq belgilab olish;
-mavzu rejasini tuzish;
-tuzilgan rejaning qanchalik maqsadga muvofiqligini ilmiy rahbari bilan birga ko’rib chiqish va imkon qadar bir xil yechimga kelish;
-aniq reja asosida tegishli adabiyotlar va ma’lumotlar to’plashga kirishish;
-mavzuga oid to’plangan nazariy bilimlarni tizimlashtirish va belgilangan vazifalar asosida tahlil o’tkazish;
Kurs ishini yozishga kirishishdan oldin talaba mavzuga oid tanishgan ilmiy adabiyotlari yuzasidan nazariy taxlillar o’tkazib, uning amaliy tatbiqiga oid hosil bo’lgan fikrlardan kelib chiqib, ilmiy rahbari bilan tuzgan dastlabki rejasiga ayrim o’zgartirishlar kiritishi mumkin. Chunki kurs ishi mustaqil ravishda bajariladigan ijodiy ish bo’lganligi uchun talaba vujudga keladigan yangi fikr va g’oyalar albatta inobatga olinishi zarur.
Kurs ishi yozishning ikkinchi bosqichi Kurs ishining tuzilmasi, ya’ni rejasi o’z ichiga quyidagilarni oladi:
1.Kirish qismi – 2-3 betgacha;
2.Asosiy qism 3 ta qismini o’z ichiga olishi maqsadga muvofiq :
-birinchi qism 10-12 sahifani tashkil etib, nazariy qismdan tarkib topadi;
-ikkinchi qism ham 10-12 bet bo’lishi nazarda tutiladi;
-uchinchi qism amaliy, ya’ni tajriba – sinov ishlarini o’tkazish va reyting mezonlarini o’z ichiga olib, 5-6 betni tashkil etadi.
3. umumiy xulosalar va tavsiyalar 2-3 betgacha bo’lishi mumkin;
4.Foydalaniladigan adabiyotlar va Internet manbalari ham kiradi;
5. Sxema, chizma 2-3 tagacha ko’rsatilishi mumkin.
Shunday qilib, kurs ishining o’rtacha hajmi qo’l yozma ko’rinishida 25-30 bet atrofida, kompyuterda 18-20 betgacha bo’lishi mumkin.