Xojagon tariqati va Bahouddin Naqshband Mu’tazila ta’limoti Markaziy Osiyoda diniy-falsafiy ta’limotlarni vujudga kelishi uchun g’oyaviy zamin tayyorladi. Bularga ismoiliylar, qarmatlar va tasavvufni misol keltirish mumkin. Umuman olganda, mashhur sharqshunos E. E. Bertels fikricha, mu’taziliylar ta’limoti tasavvufga sezilarli ta’sir ko’rsatdi27.
Tasavvuf nazariyotchilari Abu Homid G’azzoliy (1058-1111), Shahobiddin Yah’yo as-Suxravardiy (1115-1191), Ibn Arabiy (1165-1240) va boshqalar o’z davrining bilimlarini puxta egallagan, turli bilim sohalaridan xabardor mutafakkirlar edilar.
Al-G’azzoliy ta’limoti tufayli, tasavvuf musulmon ruhoniylari tomonidan tan olindi. G’azzoliy tavhid mohiyatini anglab etmoq uchun aql va mantiqning o’zi kifoya qilmasligini tan olib, tasavvuf irfoni qadriyatlari himoyasiga o’tadi28.
X asrdayoq Markaziy Osiyoda tasavvuf bo’yicha ayrim risolalar yozilgan va ular tasavvufning mintaqada ommalashuviga ma’lum darajada ta’sir ko’rsatgan. Bular Hakim Termiziyning (vaf. 908) “Kitob xatm al-vilaya”29 va Muhammad ibn Ibrohim Buxoriy Kalobodiyning (vaf. 995) “Kitob at-taarruf li mazhab ul-tasavvuf” nomli asarlari bo’lib, ular tasavvufning so’nggi rivojiga g’oyaviy manba bo’ldi. Markaziy Osiyoda tasavvufning tarqalishini ikki so’fiy: Abdul Hasan Ali al-Xaraqoniy (vaf. 1034) va Abu Ali al-Farmoziy (vaf. 1084) nomlari bilan bog’lash o’rinli.
Abu Ali al-Farmoziyning ikki shogirdi Abu Ahmad al-G’azzoliy (vaf. 1126) va Yusuf Hamadoniy irfoniy izchillikni davom ettirdilar. Yusuf Hamadoniy ta’limotidan ikki tasavvuf maktabi – Yassaviy va Xojagon tariqatlari kelib chiqdi. Yassaviya tariqati Ahmad Yassaviy, Xojagon tariqati esa, Abduxoliq G’ijduvoniy nomlari bilan bog’liq30.
Xojagon tariqati XII-XIV asrlar davomida faoliyat ko’rsatdi.
Xojagon tariqatining asoschisi Xoja Abdulxoliq G’ijduvoniy (1103-1179) bo’lib, u Buxoro yaqinidagi G’ijduvon tumanida tavallud topgan. “So’ngra shayxush-shuyux olim va orifi rabboniy Xoja va imom Abu Ya’qub Yusuf Hamadoniy Buxoroga kelibturlar va Xoja Abdulxoliq alar suhbatig’a etibturlar va ma’lum qilibturlarki, alarda ham ko’ngil zikri bor. Alar suhbatida bo’lur ermishlar va ma’lum qilibturlarki, to alar Buxoroda ermishlar, debturlarki, Xoja alarning saboqi va zikri piridurlar va Xoja Yusuf suhbat va xirqalari piri Xoja Yusufdin”31, - deb yozadi Xazrat Navoiy.
Abdulxoliq G’ijduvoniy Hamadoniy ta’limotini yangi amaliyotlar bilan boyitdi va mustaqil bir sulukka asos soldi.
Xojagon tariqatining yirik namoyandalaridan biri, Hazrat Azizon nomi bilan mashhur bo’lgan Xoja Ali Romitoniydir. Turkiy tildagi manbalarning guvohlik berishicha, Romitoniy 1195 yilda Romiton qishlog’ida tug’ilib, shu erda 1321 yili vafot etgan.
Xojagon tariqatining mashhur vakillaridan biri, Sayid Amir Kalon as-Suxoriy edi. Manbalarda uning tug’ilgan yili ko’rsatilmagan. Sayid Amir Kalon Suxor qishlog’ida tug’ilib, kulolchilik kasbi bilan hayot kechirgan. Shuning uchun xalq orasida Amir Kulol32 nomi bilan mashhur bo’ldi. Uning haqida ma’lumot “Maqomoti Miri Kulol” da saqlangan.
Amir Kulol, Muhammad Boboyi Samosiy o’gitiga asosan bor bilimlarini Bahouddin Naqshbandga berganidan so’ng ijozat berib, unga boshqalardan ta’lim olishini aytadi. Shundan so’ng, Naqshband etti yil davomida orif Degaroniydan ta’lim olgan. Hazrat Amir Kulol hijriy 772, milodiy 1370 yili vafot etdi.
Xojagon tariqatidagilar Tangrini haq deb, unga etishish, uni bilish va tanishni haqiqatga erishish, deb bilganlar.
Xojagon tasavvufiy ta’limotining falsafiy asosi “vahdati-vujud” bo’lib, borliq – yagona asl zotning tajalliysi, nuri deb qaraladi. Ular ta’limoti bo’yicha, butun borliq Haqning jamol va jalolining tajalliysi va ko’rinishlaridir. “Qalb to’la soflikni topganidan so’ng, - deb yozadi Xoja Ali Romitoniy, - unda vahdoniyatning nuri porlar, u tajalliy ahli bo’lur”33. Turk olimi Usmon Turorning fikricha, “vahdati vujud” aqliy dalil bilan emas, qalbiy mushohada, zavq va hol bilan erishiladigan bir “irfon” bo’lib, aqliy nazariy emas”34.
Abdulxoliq G’ijduvoniy ilmni har tomonlama va chuqur o’rganishga, har qanday amalni ixlos bilan ado etishga da’vat qiladi. “Islom asosi uchun etgaysiz sidqi ixlos bilan eting” – deydi o’gitlarida G’ijduvoniy.
Yusuf Hamadoniy, Abdulxoliq G’ijduvoniy va Bahouddin Naqshband so’fiylar amal qilishi lozim bo’lgan 11 ta xulq-odob qoidalarini ishlab chiqqanlar. Bular “rashha” deb atalib, shulardan uchtasi Hamadoniyga, to’rttasi G’ijduvoniyga, yana to’rttasi Naqshbandga tegishlidir.
Naqshbandiya tariqatining asosiy diniy-falsafiy g’oyalari quyidagi uch manbaga tayanadi:
a) tariqatning o’n bir rashhasi (qoida). Ulardan to’rt mashhur kalima (chahor kalima): “Hush dar dam”, “Hilvat dar anjuman”, “Nazar bar qadam”, “Safar dar vatan” asosiy qoidalardir;
b) tariqatning asosiy shiori bo’lgan “Dil ba yoru, dast ba kor”;
v) naqshbandiyona hikmatlar, ya’ni yuksak insonparvarlikni, halolu poklikni yoritishga qaratilgan Naqshband “virdlari”, ya’ni iltijo, nido va o’gitlari tashkil etadi (4-ilova).
G’ijduvoniy va Bahouddin Naqshband hazratlari o’n bir rashhada lo’nda ifodalangan ta’limotni yaratganlar.
“Xush dar dam”. Tasavvuf ta’limotiga ko’ra, olam ikkiga: foniy va boqiy dunyoga bo’linadi. Bu olam foniy – o’tkinchi dunyodir. Inson uchun cheklangan miqdordagi bu dunyoni g’animat bilib, uning har bir lahzalarini xursandchilik va shukronalik bilan o’tkazmoqlik lozim bo’ladi.
“Nazar bar qadam” qoidasi kishining hayotida qo’yadigan har bir qadami nazorat ostiga olinmoqligini ta’kidlaydi. Bu qoida o’zlikni tanishga, idora etishga qaratilgandir. Bunda inson har bir qo’yilgan qadamini, har bir so’zini va fe’li-xayolini nazorat qilib turmog’i lozim. Har bir insonning o’z-o’zini nazorat qilishi esa, uni komillikka, Haqqa tomon etaklaydi.
“Safar dar vatan”. Inson borki, u sayyohdir. Uning xayoli ham, jismi ham sayr etadi. Islomda safarning eng oliysi – bu Haq yo’liga safardir. Tiriklikda esa, kishining eng oliy safari Haj safaridir. Tasavvufda darvesh-qalandarlarning asosiy xususiyati safar qilib, hayot kechirish bo’lgan. Bu tartib naqshbandiyada ham o’z ifodasini topgan.
“Xilvat dar anjuman”. Uning oddiy ifodasi jamoa ichida yakkalik, yolg’izlik, ya’ni faqat xudo haqida o’ylab o’tirishlikdir. Hazratdan “tariqatingizning asosi nimadan iborat?”, deb so’raganlarida, “xilvat dar anjuman, ba zohir bo xalq va ba botin bo Haq” (“Halq orasidagi o’tirishlarda tashqi tomondan go’yo ular bilan, ammo ichki tomondan faqat Xudoni o’ylab o’tirish”), -deb javob berganlar.
“Yodkard” – bu qoida “Rashaxot”35da bayon etilishicha, lisoniy yoki qalbiy zikrdir. Yodkard (Xudoni doimo eslash) qoidasidan keyingi uch maqom avvalgi maqom-qoidalarni mazmunan to’ldirib boradi. Yodkardning ma’nosi tariqatdagi so’fiylar foniy dunyoda hamisha haq yodi bilan yashamog’i lozimligini anglatadi.
“Bozgasht” – buning ma’nosi inson umrining foniyligi, ushbu yorug’ dunyodan albatta narigi, ya’ni boqiy dunyoqa qaytib borishi ta’kidlanadi.
“Nigohdosht” – buning ma’nosi kishi o’zini har qanday shaytoniy nafs qutqusidan pok saqlashi kerakligini uqtiradi.
“Yoddosht” – haq subhanahu va taoloni doimo zavqu-shavq bilan yodda (xotirada) tutib, ogoh bo’lishdir.
Ma’lumki, naqshbandiya tariqatida Bahouddin Naqshbandning o’zlari asos solgan rashhalar alohida ahamiyat kasb etadi. Ular uchta bo’lib, tariqatning 9, 10, 11-rashhalarini tashkil etadi:
“Vuqufi zamoniy” – buning ma’nosi so’fiy o’z umridagi har bir lahzani, soniyani Allohga shukr aytish bilan va uning bandalariga faqat yaxshilik qilish bilan o’tkazmoqlikni bildiradi.
“Vuqufi adadiy” – buning ma’nosi zikr jarayonida tartib, son alohida o’rin tutishligini qayd etishdan iborat. “. . . ul zikrda adadni rioya etmakdin iboratdur”. Muqaddas duolarni, kalimalarni zikr qilinishini sanash, ularni bilish va ularga rioya qilish kerakligini uqtiradi.
“Vuqufi qalbiy” – buning ma’nosi so’fiyning zikri qalban bo’lmog’i zarurligini ifodalaydi.
Naqshbandiya tariqatiga binoan, yuqoridagi o’n bir muqaddas qoidalarni mukammal bajargan kishi komil inson darajasiga etishadi.
Naqshbandiyaning asosiy rashhalari bilan birga “Dil ba yoru, dast ba kor” shiori ushbu tariqat negizini tashkil etadi:
Inson Alloh yaratgan mavjudotlarning eng sharaflisi va a’losidir. Uning Zotining tajalliysidir. Demak, uning borligi ilohiy borliq bilan uzviy birlikda bo’ladi, degan fikrni uqtiradi;
Alloh insonga aql, besh sezgi, shuur, iroda bergan; sa’y-harakat, baxt-saodatga eltuvchi yurak berib, uni ezgulikka da’vat etadi, ya’ni bunda dil Alloh makoni ekanligi ta’kidlanadi.
Insonning Allohga, hayotga va boshqa tirik jonzotlarga, kishilarga bo’lgan murakkab munosabatlarining yana bir muhim qirrasini – til va dil zikridagi farqlarni yoki mutanosiblikni kashf qiladi. Dil bilan qilinadigan munosabatlar jamiki hayotiy munosabatlarning eng ahamiyatlisidir;
Inson o’z hayotida eng og’ir musibatlar chog’ida ham o’zini yo’qotmay, insonlik sha’nini yuksak tutib yashashi, hur va go’zal inson bo’lishi zarurligini anglatadi;
Insonning hayotdan, o’zini buyuk zot – inson ekanligidan, Alloh bergan ne’matlardan roziligini chuqur va lo’nda ifoda etadi;
Bu shior bizni Alloh haqi, adl-insof, ezgulik yo’liga da’vat qilishini, inson hayotidan maqsad adl-insofni ro’yobga chiqarish, saodatga erishish ekanligini anglatadi;
Kishi qalbida Alloh bo’lishi, yaratgan ojiz bandasini har qanday salbiy o’y-xayol, fikr, xatti-harakatlar va faoliyatdan qaytarib turishini ta’kidlaydi;
Alloh hayotdagi haqiqatsevar, adolatli, ezgulik yo’lida yurgan har bir bandasini o’z karami bilan mukofotlashini ifodalaydi;
“Dil ba yoru, dast ba kor”da asosiy g’oya – inson qalbi muttasil Alloh yodi bilan, inson qo’li, amaliyoti esa, ijtimoiy foydali mehnat, kasb-hunar bilan band bo’lmog’i ta’kidlanadi.
Bahouddin Naqshband dunyoqarashini ifoda etuvchi yana bir omil, bu uning purma’no irfoniy hikmatlari, o’git, iboralaridir. Ulardan: “Agar do’st aybiga boqsak, do’stsiz qolamiz, hech kim dunyoda beayb emas”; “Sabr va chidamda nog’ora kabi bo’lmoq lozimki, u qanchalik shapaloq emasin, biroq o’z odatiga xilof ovoz chiqarmaydi”; “Shamga o’xshagin, toki hammaga ravshanlik bag’ishla, o’zing esa, qorong’uda bo’l” kabi bir qator o’gitlarini ko’rsatish mumkin.
Naqshbandiya tariqat amaliyoti o’z tarixiy taraqqiyotida quyidagi juda murakkab va shbddatli davrlarni bosib o’tgan:
I davr. Naqshbandiya tariqati jamoasining shakllanishi va asosiy amaliy talablarining ishlab chiqilishi 1342-1347 yillardan to 1358 yili Amir Qazag’onning o’ldirilishi bilan bog’liq siyosiy beqarorlik, Amir Temurning siyosat maydoniga kirib kelishi (1360-1361) davrini o’z ichiga oladi.
II davr. 1361 yildan boshlab, to Amir Temur vafotigacha, undan keyingi davrda (1420 yillargacha) xojagon-naqshbandiya tariqati siyosiy ta’qib ostida bo’lsa-da, tashkiliy jihatdan mustahkamlanib o’zining jo’g’rofiy, etnik-siyosiy ta’sir doirasini kengaytira borgan.