11-MAVZU TASAVVUF FALSAFASI VA UNING MARKAZIY OSIYoDAGI OQIMLARI Mavzuning o’quv maqsadi Talabalarda o’rta asrlar Sharqida gullab-yashnagan, arab-musulmon falsafiy tafakkurining ajralmas qismi bo’lgan tasavvuf falsafasining mohiyati, uning yirik namoyandalari va Markaziy Osiyoda keng tarqalgan oqimlari, undagi inson kamoloti to’g’risidagi g’oyalar haqida tushunchalar hosil qilish, shuningdek, talabalarda mazkur diniy-falsafiy ta’limotda ilgari surilgan g’oyalarni qadimgi hind, xitoy, yunon va boshqa ta’limotlardagi qarashlar bilan qiyosiy tahlil qilish va olingan xulosalarni falsafiy mushohada qilish ko’nikmalarini shakllantirish.
Mavzuning tayanch tushunchalari Tasavvuf, zuhd, sufiy, mutasavvif, solik, hinduviylik, buddaviylik, tarkidunyochilik, qazo va qadar, habb (ilohiy ishq), Vosil ibn Ato, Hasan Basriy, Junayid, Boyazid Bistomiy, Mahosibiy, “al-fano tavhid” (tavhidda fanoga aylanish), “Vahdat ul-vujud”, “anal-haq”, “aynul-jam’”, “sukra”, “sahv”, vajdiy (irratsional), “xushyorlik” (ratsional),Yusuf Hamadoniy, yassaviya, xojagoniya, ilm-an-nazar (ratsionalizm),Xoja Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, tavba, uzlat, qanoat, sabr, Bahouddin Naqshband, xush dar dam, safar dar vatan, nazar dar qadam, xilvat dar anjuman.
Asosiy savollar Tasavvuf ta’limotining mohiyati va nazariy tizimi.
Yusuf Hamadoniy faoliyati.
Xoja Ahmad Yassaviy qarashlari.
Najmiddin Kubro ta’limoti.
Xojagon tariqati va Bahouddin Naqshband.
Tasavvuf ta’limotining mohiyati va nazariy tizimi Tasavvuf ilk islom davrida paydo bo’lgan bo’lsa-da, uning ildizlarini xristianlik, hinduviylik va buddaviylikdagi ruhan cheksizlikka intilib, u bilan birlashib ketish hamda xilma-xillikdan holi bo’lgan oldingi yagonalik holatiga qaytish ma’nosida kelishligi ajablanarli emas (1-ilova).
Islom davridagi zuhdning, ya’ni molu-dunyoga hirs qo’ymaslikning eng yirik vakili Hasan Basriy (vaf. 110G’738) bo’lib, islom tarixidagi eng muhim burilish davrida yashadi. Arab dunyosidagi hokimiyatning yangi turi bo’lgan xalifalik masalasidagi tortishuvlar natijasida vujudga kelgan sharoit va uchinchi xalifa Usmonning 656 yilda qatl etilishi oqibatida musulmonlar jamoasi ikki guruhga bo’linib ketdi. Bu narsa ummaviylar bilan Ali tarafdorlari bo’lgan shialar o’rtasidagi nizoni keltirib chiqardi. Bu voqeaning mafkuraviy negizi sifatida bir asrga cho’zilgan siyosiy va kalomiy bahslar kelib chiqdi. Siyosiy kurashga asos sifatida kalomiy bahslarning katta gunoh, qazo va qadar, kishining o’z ixtiyori haqidagi masalalar kelib chiqdi. Bu harakatning peshqadami sifatida Hasan Basriyning shogirdlaridan biri Vosil ibn Ato kurash sahnasiga chiqdi.
Hasan Basriyning diniy hayotdan olgan xulosasi zohidona bo’lib, parhezkorlik, faqirlik, noz-ne’matlardan nafratlanish, uning birinchi fikriy unsurlaridan iborat edi. U tavsiya etgan hayot tarzi fikrlash, nafsni hisobga olish, xudoning xohishiga mutlaqan taslim bo’lishdan iborat ediki, natijada ichki rizolik holati kelib chiqar edi. Bunday holatda ilohiy yo’llanma bilan insoniy iroda o’rtasida muvozanat butunlay o’rtadan ko’tariladi.
So’fiyona faoliyat keyinchalik Basradan 762 yilda Mansur tomonidan barpo etilgan va xalifalikning siyosiy va diniy poytaxti deb e’lon qilingan Bag’dodga ko’chdi. Bag’dodning eng yirik so’fiylari qatorida Ma’ruf Karxiy (vaf. 199G’815), Mansur ibn Alisher (vaf. 224G’839), Bishr ibn Xofiy (vaf. 227G’842) va Ibn Abi ad-Dunyo (vaf. 281G’894)larni ko’rsatib o’tish mumkin. Bag’dod so’fiylarining eng mashhurlari Mahosibiy (vaf. 243G’857) va Junayid (vaf. 297G’910) edilar. Mahosibiy Basrada tug’ilgan bo’lib, keyinchalik Bag’dodga kelgan edi. Ko’p o’tmay u bu erdan hanbaliylar bilan to’qnashib qoldi, chunki u o’zining diniy bahslarida kalom ilmining usullaridan foydalanar edi. Mahosibiyning tasavvufiy aqidasi ikki asosga tayanar edi: birinchisi “Mahosibai nafs”, ya’ni “nafsni hisobga olish”, shuning uchun laqabi Mahosibiy bo’ldi; ikkinchisi xudo “mahbub”i yo’lida har qanday og’ir balo-qazolarga ham chidashga tayyor bo’lish. U o’zini haqiqiy parhezkorlikning me’yori deb bilsa, azob tortishga (balo-qazolarga chidash) tayyor turishni, buyuk fazilat sanalgan “sabr”dan bahramand bo’lishning nishonasi, deb biladi. Mahosibiy ibodat farzlarining qimmatini inkor etmagan holda, imonning ikki jihatlariga tayanadi. Imon har vaqt bo’ysunish va ixlos ruhi bilan aralashgandagina, ma’naviy holatda o’sha inson samimiyligiga aylanadi.
Abul Qosim Junayid tasavvuf an’anasida birinchilardan bo’lib bu sohaga qadam qo’ygan eng yirik pirlardan biri hisoblanadi. Mahosibiy, Saqtiy (vaf. 256G’870) va Abu Xafs Haddod (vaf. 259G’873) Junayidning ustozlari edilar. Agar u o’rtacha mo’’tadillikda ish olib borgan bo’lsa ham, o’zini xudoga qo’shilib ketgan deb his qiluvchi so’fiylardan bo’lgan Boyazid Bistomiyni (vaf. 260G’874) hurmat qilar edi. Junayid tasavvufning keyingi davridagi yoyilishiga katta ta’sir ko’rsatdi. U xudoning yagonaligi va har narsaga qodirligidan, unga cheksiz muhabbat va chuqur his-tuyg’u orqali hayajonli tadbirlar bilan murojaat qilib, uning visoliga etishni tashviq qildi. Uning bu tashviqidan ilhomlangan Halloj (vaf. 309G’922) o’zini qo’yarga joy topolmay qoldi. Junayidning bevosita va bilvosita shogirdlari orasida xudo bilan qo’shilib ketish darajasidagi oshiq Hallojdan tashqari, sunnatga og’ishmay rioya etuvchi pirlar, kalom ilmining yirik namoyandalari va tasavvuf shayxlaridan bir nechasini topish mumkin. Hatto G’azzoliydek shaxs ham uni o’zining eng yirik ma’naviy ustozi sifatida tanlagan edi.
Ilohiy ishq bodasidan mast bo’lgan beparvo so’fiylar ichida o’zini tuta olmay vahdat havoyisi bo’lib qolganlardan ikki kishi, ayniqsa mashhurdir. Bular Bistomiy va Hallojlardir. Ibn Sino bilan do’stlik munosabatlarida bo’lgan Abu Said Abul Xayr (vaf. 440G’1049) va Shibliyga (vaf. 334G’943) o’xshaganlar ikki asrdan keyin ularning yo’lidan borib, o’z turmush tarzlarida shattoh tasavvufiy namunalarini oshkora ko’rsatib, qabul qilingan urf-odatlar chegarasidan chiqib, devonavor hunarlar ko’rsatdilar.
Boyazid Bistomiy (vaf. 261G’875) Xurosonning g’arbidagi Bistomda tug’iladi va musulmonchilikni yaqinda qabul qilgan Abu Ali Sindiy tarbiyasida tasavvufga kiradi. U “al-fano tavhid” (tavhidda fanoga aylanish) aylanish ta’limotini Bistomiyga o’rgatadi. Bistomiy yuqorida aytilgan so’fiylarga qaraganda ham o’z jonini ongli ravishda qiyinchiliklarga solib, bir yo’la insoniy qolipdan chiqib (pok va shaffof) xudo bilan yuzma-yuz bo’lmoqchi bo’ladi.
Junayid Mansur Hallojga sufiylik xirqasini kiygizgan va 25 yil davomida ma’naviy murshidlik qilgan edi. Ammo Junayid Hallojning haddan oshuvchilik tamoyili borligidan xavfsirar edi. Rivoyatlarga ko’ra, Hallojning o’zbilarmonligi va takabburligi tufayli, ular bir-birlaridan aloqani uzishgan.
Garchi Hallojning rasmiy ayblanishi uning “anal haq” (“men xudoman”), deyishi va mo’minlarning shariat farzlarini bajarishda o’z ixtiyorlaricha erkin ish tutishi mumkinligini aytgani sababli bo’lsa ham, ammo uning iskanjasiga solinib, keyinchalik qatl etilishining asosiy omili siyosiy to’polon chiqarganligida edi. Sudda unga xudo nomidan birinchi shaxs sifatida ilgarigi gaplarini eslatganlarida, o’zini himoya qilib, bunday so’fiyona ta’limotdagi “aynul jam’” holatiga to’laligicha to’g’ri kelishini aytgan. Bunday holatda so’fiy xudo qo’lidagi asbobdan o’zga narsa emas. Bu erda shuni qayd etmoq zarurki, ko’pchilik orasida yoyilgan fikrga qarshi o’laroq, Halloj “anal haq” deganligi uchungina sud qilinmagan. Ehtimol, bunday tasavvur shundan kelib chiqqan bo’lsa kerakki, Halloj “anal haq” deyishga boshlagan vaqtda Junayid bashorat qilib, bunday fikr uning boshiga etadi, degan edi. Har holda sud muhokamasi jarayonida Hallojning “anal haq”deyishida ayblamaganlar20. Shunday bo’lsa ham, uni ayblovchilar, ayniqsa, xalifaning vaziri Homid uning “aynul jam’” holatini bayon qilishdagi kalomiy tafsirlariga qulog’ini ding tutib, xalifaning Hallojni darra bilan urish va so’ngra boshini tanasidan judo qilish haqidagi farmoniga qaramasdan, o’ta hasadchiligi tufayli uni darra bilan urishga, badanini qiyma-qiyma qilishga, dorga osishga, bo’ynini kesishga, keyin esa, jasadini yondirib, kulini Dajla daryosiga tashlashga buyruq berdi. Bunday jazolash butun islom dini tarixi davomida yuz bermagan edi. Hammani taajjubga soladigan Hallojning ta’limoti va uning o’limi shuni ko’rsatadiki, tasavvufdan qanchalik xavfli xulosalar, shu bilan birgalikda diniy rasm-rusumlar va imon ma’rifati qoliplaridan chiqishlar yuz berib turadi. Binobarin, tasavvufning islom dini tafakkuri tarixidagi o’chmas qadriyati shundaki, quruq ixlos qolipidagi aqidaga jozibakorlik va shodlik tuyg’usini bag’ishlaydi va istalgan maqsadga etishish yo’llarini hal qilib berishga da’vo qiladi.
Junayid tasavvuf mohiyati, hikmatlarini ommalashtirish xavfli, deb hisobladi. Zero, avom nozik ma’nolarni anglashdan ojiz, noto’g’ri talqinlar paydo bo’ladi va imon-e’tiqodga putur etadi. Shuning uchun bo’lsa kerak, Junayid Mansurni osish to’g’risida tayyorlangan fatvoga o’zi ham qo’l qo’ygan. Junayid Bag’dodiyning aytishicha, haqiqiy baqo “sahv” xushyorlikka qaytishdan keyin boshlanadi. “Sukra”dagi odam bamisoli dengizga sho’ng’ib, g’arq bo’lgan kishi bo’lsa, “sahv”ga qaytgan dengizga sho’ng’ib, gavhar donalarini olib chiqqan g’avvosdir.
Shunday qilib, Boyazid Bistomiy tasavvuf tarixida vajdiy (irratsional), intuitiv bilish nazariyasining asoschisi hisoblansa, Abul Qosim Junayid Bag’dodiy esa, ilm va aqlga suyanadigan “xushyorlik” (ratsional) bilish nazariyasiga asos soldi va tasavvuf ta’limotini ilmiy-nazariy qarashlar bilan boyitishga ulkan hissa qo’shdi. Zamondoshlari Junayidni behudaga “aql haykali”, deb aytmaganlar.
Agar tasavvuf tarixini ko’zdan kechirsak, bu ikki kontseptsiya ko’p asrlar davomida yashab kelganligi va tasavvufning vujudga kelishiga sabab bo’lganligini ko’ramiz. Yana shunisi ham borki, har ikki oqimni birlashtirishga uringanlar ham bo’lib turgan.
Insonda aql bilan tushuntirib bo’lmaydigan holatlar bo’lishini fan isbotlamoqda, ulug’ kashfiyotlar aynan shu “behudalik” holatida qo’lga kiradi. Orifona tasavvuf barcha ilmlarni qamrab oladigan hikmat, falsafani ham qo’shadigan tasavvufdir. Oshiqona tasavvuf ishqiy kechinmalar, ishqiy-zavqiy irfonni birinchi o’ringa qo’yib, muhokama yuritadigan, to’g’rirog’i muhokama-tafakkurdan ko’ra, his-hayajon, muhabbat shavq-zavqi toshqinini afzal ko’radigan tasavvufdir. Malomatiya va qalandariya oqimlari ham mohiyatan oshiqona tasavvufning shahobchasidir.
Yoshlarda bo’ladigan muhabbat shavqi va zavqi avvalo bu dunyoga nisbatan bo’lishi kerak. Hozirgi zamonamizda fan va texnika taraqqiyoti shunday imkoniyatlarni yaratganki, u butun bashariyatning asriy orzusi bo’lgan to’la baxt-soadatni er yuzining o’zida yaratib berishga qodir. Ana shunday zamin o’tmishda bo’lmaganligi uchun orzularga etishishning chorasi sifatida turli tasavvuf tariqatlari kelib chiqqan. Ularni o’rganar ekanmiz, zamonamiz qadriga ko’proq etamiz.