10-MAVZU MUHAMMAD MUSO AL-XORAZMIY VA AHMAD AL-FARG’ONIYLARNING TABIIY-ILMIY QARAShLARI Mavzuning o’quv maqsadi Talabalarda o’rta asrlarda yashab ijod etgan vatandoshlarimiz Muhammad Muso al-Xorazmiy va Ahmad al-Farg’oniylarning ilmiy merosi hamda ularning jahon ilm-fani taraqqiyotiga qo’shgan salmoqli hissalari haqida tushunchalar hosil qilish, shuningdek, talabalarda ikki yirik mutafakkirning ijodini qiyosiy tahlil asosida o’rganish va ilmiy xulosalar chiqarish ko’nikmalarini shakllantirish.
Mavzuning tayanch tushunchalari Muhammad al-Xorazmiy, «algebra», «Al-kitob al-muxtasar fi hisob al-muqobala», «algoritm», «Zij» (yulduzlar katalogi), «Zij al-mumtahan» («Sinalgan zij»),«Hind hisobi haqida kitob», «Diksit Algorizmi», «Aljabr», X. Zuter, K. A. Nallino, I. Yu. Krachkovskiy, usturlob, «Kitob surat ul-arz», Ahmad al-Farg’oniy, Damashq rasadxonasi, nilometr, «Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum kitobi», «Alfraganus».
Asosiy savollar Al-Xorazmiy hayoti va faoliyati.
Al-Xorazmiyning tabiiy-ilmiy qarashlari.
Ahmad al-Farg’oniyning ilmiy merosi.
Al-Xorazmiy hayoti va faoliyati(783-850) Arab tili Markaziy Osiyoni islom madaniyati, arab dunyosi, arab tilida yaratilgan madaniy-ma’naviy boyliklar, yunon tilidan qilingan ilmiy tarjimalardan bahramand bo’lishga olib kelgan bo’lsa, fors tili qadimgi va o’rta asrdagi Eron madaniyati, she’riyatini chuqur o’rganish, madaniy aloqalarni rivojlantirish imkonini berdi11.
Buyuk matematik, astronom va geograf Muhammad al-Xorazmiy VIII asrning oxiri va IX asrning birinchi yarmida yashab ijod etdi. Bu davrda Markaziy Osiyo arab xalifaligi tarkibiga kirar edi.
Rivojlanib kelayotgan mavjud tuzum taqozo qilgan ijtimoiy-iqtisodiy talablar shu davrdagi taraqqiyot jarayonining asosiy omillaridan biri bo’ldi. Qurilish, savdo-sotiq, hunarmandchilik, dehqonchilik va boshqa sohalarni yanada taraqqiy ettirish uchun astronomiya, geodeziya, geometriya kabi fanlarni rivojlantirish zaruriyati tug’ildi. Muhammad al-Xorazmiy shu fanlar olimlarining peshqadami va yo’lboshchisi edi12.
Xorazmiy dunyo faniga g’oyat katta hissa qo’shdi. U algebra fanining asoschisi bo’ldi. «Algebra» so’zining o’zi esa, uning «Al-kitob al-muxtasar fi hisob al-muqobala» nomli risolasidan olingan. Uning arifmetika risolasi hind raqamlariga asoslangan bo’lib, hozirgi kunda biz foydalanadigan o’nlik pozitsion hisoblash tizimi va shu tizimdagi amallarning Evropada tarqalishiga sabab bo’ldi. Olimning «al-Xorazmiy» nomi esa, «algoritm» shaklida fanda abadiy o’rnashib qoldi. Uning jo’g’rofiyaga doir asari esa, arab tilida o’nlab geografik asarlarning yaratilishiga zamin yaratdi. Xorazmiyning «Zij»i (yulduzlar katalogi) Evropada ham, Sharq mamlakatlarida ham astronomiyaning rivojlanish yo’lini ko’rsatib berdi. Lekin afsuski, fanning bir necha tarmoqlariga asos solgan, «o’z davrining eng buyuk matematigi va agar barcha shart-sharoitlar nazarga olinsa, hamma davrlarning ham eng buyuklaridan biri» (J. Sarton) bo’lgan bunday siymoning hayoti haqida ma’lumotlar deyarli saqlanmagan.
Xorazmiy davrida «Bayt ul-hikma»da ishlagan yirik tarjimonlar orasida Hajjoj ibn Yusuf ibn Matar, Abu Zakariyo Yuhanno ibn Bitriq, Hunayn ibn Ishoq va Kusto ibn Luqo al-Ba’albakiylar bor edi. Bag’dodga kelgan Markaziy Osiyolik olimlar orasida mashhur astronom Ahmad ibn Kasir al-Farg’oniy (vaf. 865)ning nomini eslash lozim. Marvlik Yahyo ibn Abu Mansur Bag’dodning ash-Shammosiya mahallasidagi rasadxonaning asoschisi va rahbari bo’ldi. Yahyo 831 yili vafot etganidan so’ng, Xorazmiy bu rasadxonani boshqaradi va u erdagi kuzatishlarda faol qatnashadi. Yahyoning qalamiga mansub «Zij al-mumtahan» («Sinalgan zij») nomli astronomik asari ma’lum. Damashq yaqinida Kasiyun tog’idagi rasadxonani Xolid ibn Abdumalik al-Marvarrudiy boshqaradi. U ham o’z «Zij»ini tuzadi. Xolid er meridianining uzunligini o’lchash ishlariga boshchilik qiladi.
Xorazmiy ana shunday ilmiy muhitda yashab ijod qildi va 850 yilda Bag’dodda vafot etdi.