Al-Xorazmiyning tabiiy-ilmiy qarashlari Xorazmiy qalamiga mansub 20 dan ortiq asarlarning faqat 10 tasi bizgacha etib kelgan. Bular «Aljabr va al-muqobala hisobi haqida qisqacha kitob» algebraik asar, «Hind hisobi haqida kitob» yoki «Qo’shish va ayrish haqida kitob» – arifmetik asar, «Kitob surat ul-arz» – geografiyaga oid asar, «Zij», «Usturlob bilan ishlash haqida kitob», «Usturlab yordamida azimutni aniqlash haqida», «Kitob ar-ruhoma», «Kitob at-ta’rix», «Yahudiylarning taqvimi va bayramlarini aniqlash haqida risola». Bu asarlarning to’rttasi arab tilida (bittasi Farg’oniyning asari tarkibida), ikkitasi lotincha tarjimada saqlangan va qolgan uchtasi hali topilgan emas13.
Xorazmiyning arifmetik risolasi qachon yozilgani noma’lum, ammo bu risola XII asrda Ispaniyada lotin tiliga tarjima qilingan. Tarjimaning XIV asrda ko’chirilgan yagona qo’lyozmasi Kembrij universiteti kutubxonasida saqlanadi. Risola «Diksit Algorizmi», ya’ni «Al-Xorazmiy aytdi» iborasi bilan boshlanadi.
Xorazmiy hind raqamlari asosida o’nlik pozitsion sistemada sonlarning yozilishini batafsil bayon qiladi. U sonlarning bunday yozilishidagi qulayliklar, ayniqsa, nol ishlatilishining ahamiyatini alohida ta’kidlaydi. Keyin Xorazmiy arifmetik amallarni bayon qilishga o’tadi. Bunda Xorazmiy sonlarning martabalarini, ya’ni darajalarini e’tiborga olishni hamda nolni yozishni unutmaslikni uqtiradi, aks holda natija xato chiqadi, deydi u. Risolaning boshlanishida Xorazmiy undagi masalalar o’z davrining amaliy talablariga javob sifatida vujudga kelganligini qayd qiladi.U shunday deydi: «...Men arifmetikaning oddiy va murakkab masalalarini o’z ichiga oluvchi «Aljabr va al-muqobala hisobi haqida qisqacha kitob»ni ta’lif qildim, chunki meros taqsim qilishda, vasiyatnoma tuzishda, mol taqsimlashda va adliya ishlarida, savdoda va har qanday bitimlarda va shuningdek, er o’lchash, kanallar o’tkazishda, (amaliy) geometriya va boshqa shunga o’xshash turlicha ishlarda kishilar uchun bu zarurdir»14.
Risolaning Kembrij universiteti kutubxonasida saqlanayotgan lotincha qo’lyozmasining matnini 1857 yili B.Bonkompani nashr etgan. Mazkur qo’lyozmaning fotoreproduktsiyasini tarixchi A.P.Yushkevich ham nashr etgan15. Undan tashqari A.P.Yushkevich o’z risolasida Xorazmiy risolasiga alohida paragraf bag’ishlagan16. B. Bonkompanining nashri asosida Yu.X.Kopelevich va B.A.Rozenfeldlar risolaning ruscha tarjimasini nashr etishgan17. Xorazmiyning 1200 yillik yubileyi munosabati bilan 1983 yili bu asarning qayta nashri va o’zbekcha tarjimasi chop etildi.
Xorazmiyning algebraik risolasining to’liq nomi – «Al-kitob al-muxtasar fi hisob al-jabr va al-muqobala». Risolaning nomidagi «Al-jabr» va «al-muqobala» so’zlari «to’ldirish» va «ro’para qo’yish» – o’rta asr algebrasining ikkita asosiy amalini anglatadi. «Aljabr» so’zi lotincha transkriptsiyada «algebra» bo’lib, Xorazmiy asos solgan yangi fanning nomi bo’lib qoldi. Xorazmiyning algebraik risolasi uch qismdan iborat: 1) algebraik qism, buning oxirida kichik bir bo’lim – savdo muomalasidagi bob keltiriladi; 2) geometrik qism, algebraik usul qo’llanib o’lchash haqida; 3) vasiyatlar haqidagi qism. Xorazmiy uni alohida nom bilan «Vasiyatlar kitobi» deb atagan. Xorazmiy o’z risolasida hech qanday belgi keltirmaydi va mazmunni butunlay so’z bilan bayon etadi va shakllar keltiradi (1-ilova).
Xorazmiyning eng yirik astronomik asari uning «Zij»idir. Olim bu asarni 830 yilda yozgan.
Xorazmiyning «Zij»i 37 bob, 116 jadvaldan iborat. Asarning avvalgi besh bobi xronologiyaga bag’ishlangan bo’lib, «to’fon», «iskandar», «safar» va xristian eralaridagi sanalarni hijriy eraga ko’chirish qoidalari keltiriladi. 6-bobda aylana – 12 burjga, burj – 30 darajaga, daraja – 60 daqiqaga, daqiqa – 60 soniyaga va hokazo maydo bo’laklarga bo’linishi bayon etiladi. 7-22-boblar Quyosh, Oy va besh sayyoraning harakatlari masalasiga bag’ishlangan. Bu boblarda Xorazmiy qadimgi va ilk o’rta asr hind astronomik ma’lumotlaridan, eron va yunon ma’lumotlaridan mohirona foydalangan holda Ptolemeyning geomarkaz sistemasiga asoslanib, sayyoralar harakatini bayon etgan. 23-bob trigonometriyaga bag’ishlangan, unda Xorazmiy «tekis» va «akslangan sinus» tushunchalarini kiritadi va bu funktsiyalar jadvallarini keltiradi. 25-27 boblar matematik geografiyaga bag’ishlangan. Bu erda geografik joylarning uzunlik va kengliklarini aniqlash qoidalari keltiriladi va bu koordinatlarning o’zgarishi Quyoshning yillik, kecha-kunduzlik harakatida ekliptik, ekvatorial koordinatlarning o’zgarishi bilan bog’liqligi ko’rsatiladi.
Xorazmiy o’z «Zij»ida boshlang’ich meridian sifatida, hind an’anasiga ko’ra, Arin (hozirgi Hindistondagi Ujayn) shahridan o’tgan meridianni tanlagan. Evropada XIII asrda Rojer Bekon va Buyuk Albert ham Arin meridiani g’oyasining tarafdorlari bo’lganlar. Arin g’oyasiga ko’ra, Ayyalik Petr (Frantsiyadan) 1410 yili o’zining «Er tasviri» nomli asarini yozdi. Bu asarning 1487 yili chop etilgan bir nushasidan Xristofor Kolumb foydalangan. Kolumbning o’ziga tegishli nusxa hoshiyasiga yozgan eslatmalariga ko’ra, Arin g’oyasi unda erning noksimon ekanligi va erning Aringa diametral qarama-qarshi tarafida Aringa o’xshash joy bo’lishi kerakligi haqida tasavvur hosil qilgan.
Shunday qilib, Xorazmiyning «Zij»i geografiya sohasidagi buyuk kashfiyotlarga ham aloqador bo’ldi.
Akademik V.V.Bartold bu asar 836-847 yillar orasida yozilganligini aniqlagan18.
Asar 1037 yili ko’chirilgan yagona arab nusxasida bizgacha etib kelgan bo’lib, bu nusxa Strasburg universiteti kutubxonasida saqlanadi.
Kitobda shaharlar, tog’lar, dengizlar, orollar va daryolardagi 2402 ta geografik joyning koordinatlari keltiriladi. Shaharlar, daryolar, tog’lar, orollar va boshqa ob’ektlar iqlimlar bo’yicha taqsimlangan.
Xorazmiy ham Ptolemey kabi uzunliklarni Kapar orollaridan boshlab hisoblaydi. U ekvatordan janubda 8 shahar, 1-iqlimda 64 shahar, 2-iqlimda 54 shahar, 3-iqlimda 59 shahar, 4-iqlimda 146 shahar, 5-iqlimda 79 shahar, 6-iqlimda 63 shahar, 7-iqlimda 25 shahar va 7-iqlimdan shimolda 40 shaharning koordinatlarini keltiradi.
Xorazmiyning «Kitob surat ul-arz» asari ko’p olimlar tomonidan o’rganilgan. Lekin asar shu paytgacha to’la ravishda birorta hozirgi zamon tiliga tarjima qilinmagan. 1983 yili olimning 1200 yillik yubileyi munosabati bilan bizda bu asarning o’zbekcha tarjimasi Xorazmiyning «Tanlangan asarlar»i tarkibida chop etildi19.
Xorazmiy asarlari dunyoning turli kutubxonalarida saqlanadi. Turli G’arb va Sharq tillariga tarjima qilingan. U o’z asarlari, ixtirolari bilan nafaqat o’z vatanini, balki arab xalifaligining ilmiy yutug’i, o’z davri madaniyatining yuksak natijalarini butun dunyo va barcha asrlarga mashhur etdi. Hozirda uning nomiga turli mamlakatlarda (Eron, Turkmaniston, O’zbekiston va boshqalar) mukofot va medallar ta’sis etilgan, ko’cha, muassasalar uning nomi bilan yuritilmoqda.