12-MAVZU ABDURAHMON JOMIY VA ALIShER NAVOIYLARNING TASAVVUFIY QARAShLARI Mavzuning o’quv maqsadi Talabalarda g’azal mulkining sultoni, deya ta’riflanuvchi, turkiy tilda ijod qilishga keng yo’l ochgan va shu tilda ko’plab asarlar yaratgan shoir Alisher Navoiy hamda uning zamondoshi Abdurahmon Jomiylarning irfoniy qarashlari hamda tasavvufga bo’lgan munosabatlari haqida tushuncha hosil qilish, shuningdek, talabalarda ushbu ikki zabardast mutafakkirlarning ma’naviy merosini falsafiy mushohada qilish va nazariy hamda amaliy xulosalar chiqarish ko’nikmalarini shakllantirish.
Mavzuning tayanch tushunchalari Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, tasavvuf, Naqshband suluki, “Nafahot ul-uns”, “Lujjat ul-asror”, “Ashirat ul-lamaot”, “Risolai musiqiy”, “Risolai muammo”, so’fiyona kayfiyat, tasavvufiy xayolot, “Majolis un-nafois”, “Nasoyim ul-muhabbat”, “Lison ut-tayr”, “Mantiq ut-tayr”, qush tili, ibrat, ilm, irfon va amal, “majoz tariqi”.
Asosiy savollar Abdurahmon Jomiy hayoti va faoliyati.
Abdurahmon Jomiyning tasavvufga munosabati.
Alisher Navoiy va tasavvuf.
Abdurahmon Jomiy hayoti va faoliyati (1414-1492) Abdurahmon Jomiy Hirotda tasavvuf yo’liga kirishni, o’z bilim va faoliyatini shu yo’lga, qolaversa ijodga, ilm-fanga bag’ishlashni afzal ko’radi.
Yosh Jomiy Shayx Sa’diddin Qoshg’ariy bilan yaqinlashib, unga qo’l beradi va tez orada uning hurmatini qozonadi. Jomiy pirining qiziga uylanadi. Sa’diddin Qoshg’ariy tasavvufda Muhammad Naqshband sulukiga mansub edi.
Jomiy kundalik hayotida oddiy, darvishona yashasa ham, biroq shoh va unga aloqador kishilarning, hatto uni asarlari orqali tanigan boshqa mamlakat podshohlarining unga muruvvati katta edi. Shuning uchun u o’ziga tushgan daromadlar hisobiga bir qancha binoyi xayriyalar, shu jumladan Xirotda ikki madrasa va xonaqoh, tug’ilgan shahri – Jomda bir masjid qurish imkoniyatiga ega bo’lgan.
XV asrning ikkinchi yarmidagi ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-madaniy va adabiy hayotda yuz bergan ibratli hodisalardan biri Navoiy-Jomiy munosabatlaridir. Bu ikki buyuk zot ijod sohasida xalqparvarlik va insonparvarlik mavqesida turish bilan birga xalq, davlat ishlarida insof va adolatni yoqlar edilar. Jomiyning “Nafahot ul-uns”, “Lujjat ul-asror”, “Ashirat ul-lamaot”, “Risolai musiqiy”, “Risolai muammo” kabi bir qancha asarlari Navoiyning maslahati va iltimosi bilan yozilgan36.
Jomiyning shaxsiy maktublaridan ma’lum bo’lishicha, u yaqin do’sti Xoja Ahror taklifi bilan Toshkentda ham bo’lgan va ulug’ mazoratlarni ziyorat qilgan.
Taniqli sharqshunos E. E. Bertels “Jomiy” monografiyasida shoir asarlarining Toshkent kulliyoti (O’zR FA Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Qo’lyozma inv. № 2122) asosida 52 asarining nomini keltiradi.
Jomiy asarlarining bir qismi diniy va falsafiy mazmunga ega bo’lib, ularda shoir Islom dini va Sharq falsafasining bir qator masalalarini o’z qarashicha talqin qiladi, tasavvufning XV asrdagi eng yirik arbobi sifatida o’z fikr-mulohazalarini bayon etadi. Bunga uning “Naqshi fusus” (“Ma’nolar naqshi”), “Shavohidi nubuvva” (“Payg’ambarlikka dalillar”), “Sharhi qasidayi “Toiya”” (Radifda “to” harfidan foydalanib yozilgan qasida sharhi), “Naqdi nusus” (“Matnni tanqid”), “Sharhi qasidayi “Xamriya”” (“Xamriya” qasidasi sharhi), “Naqshbandiy ta’limoti haqida risola”, “Vohid” atamasi haqida risola”, “Zikr” shartlari haqida risola”, “Haj qilish yo’llari haqida risola”, “Ashiot ul-lamaot” kabi bir qancha asarlarini shu guruhga kiritish mumkin (1-ilova).