I BOB. GIGIYENANING PAYDO BO'LISH TARIXI
1.1 Gigiyena rivojlanishi tarixi va tarifi
Gigiyena fani tavsiyalarini amaliyotga sanitariya (lotincha sanitas so‘zidan olingan bo‘lib, sog‘liqni anglatadi) muassasalari joriy qiladi. Sanitariya faoliyati orqali gigiyena fani rivojlanadi. Demak, gigiyena sog‘liqni saqlash va uni yaxshilash to‘g‘risidagi fanbo‘lsa, sanitariya-gigiyena qonun-qoidalari asosida amaliy faoliyat ko‘rsatadigan sohadir.Tibbiyot xodimlari ishlab chiqarish va turmush shart-sharoitlarining odamga ta’sirini chuqur o‘rganib, kasalliklar sabablarini tahlil qilganlaridan keyingina kasallikni davolash, keyinchalik esa uning oldini olishning samarali chora-tadbirlarini ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. I. P. Pavlov „Zamonaviy tibbiyot kasalliklarning hamma sabablarini bilib olgandagina kelajak tibbiyotiga, ya’ni keng ma’nodagi gigiyenaga aylanadi“,— deb bejiz aytmagan. Organizm bilan muhitning birligi ular kimyoviy tarkibining umumiyligi bilan shuningdek, ular o‘rtasida moddalar va energiya almashinuvi jarayonlarining tinmay bo‘lib turishi orqali isbotlanadi. Òashqi muhitning organizmga ta’siri organizmning o‘sish jarayonlari deb ataladigan jarayonlari: nafas olish, ovqatlanish, termoregulatsiya va boshqalarni o‘zgartirishida namoyon bo‘ladi. Organizmning eng muhim hayotiy jarayonlari tashqi muhitning ana shu ta’siriga, uning sifati va miqdoriga bog‘liq bo‘ladi. Òashqi muhit omillarining inson salomatligiga ta’siri ijobiy va salbiy bo‘lishi mumkin. I. P. Pavlov organizm noodatiy tashqi muhit omillari ta’siriga duch kelganida kasallik kelib chiqadi, chunki bunda muhit bilan organizm o‘rtasidagi muvozanat buziladi, deb ko‘rsatib o‘tgan edi.Odam organizmiga ta’sir ko‘rsatadigan tashqi muhit omillarini, ularning tabiatiga ko‘ra bir necha guruhga bo‘lish mumkin:
— fizik omillar jumlasiga atrofimizdagi havoning temperaturasi, namligi va harakati, atmosfera bosimi, quyosh radiyatsiyasi, radioaktiv nurlar, shovqin va boshqalar kiradi;
— kimyoviy omillarning ta’siri havo, suv yoki oziq-ovqat
tarkibiga kiradigan elementlar va birikmalarning organizmga
ko‘rsatadigan ta’siri bilan ifodalanadi;
— patogen mikroblar, zamburug‘larning ba’zi turlari va
boshqalar (gelmintlar) biologik omillardir. Bular organizmga
ta’sir qilar ekan, infeksion yoki parazitar kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Aytib o‘tilgan omillarning odamga ta’sir qilish-qilmasligi
mehnat faoliyati, turar joy shart-sharoitlariga, ovqatining tabiatiga va jamiyatning ijtimoiy tuzumiga aloqador boshqa bir qancha turmush sharoitlariga bog‘liqdir.Har qanday fanning taraqqiyoti ijtimoiy formatsiyalar evolutsiyasi bilan, texnika va madaniyat taraqqiyoti bilan uzviy bog‘langan. Shu nuqtayi nazardan gigiyena tarixi turli davrlardagi ijtimoiy va iqtisodiy shart-sharoitlar ta’sirini aks ettiradigan bir necha bosqichga bo‘linadi.Gigiyena rivojlanish tarixi nisbatan uzoq emas. Gigiyenaga oid bilimlar XIX asrning birinchi yarmida tizimga solinib, mustaqil fan holida birlashtirildi. Biroq odamlar gigiyena va sanitariyaning ma’lum qonun-qoidalariga qadim zamonlarda ham rioya qilishgan. Òarixiy hujjatlar, san’at asarlari va arxeologik qazilmalar ma’lumotlari eramizdan ancha ilgariyoq sanitariya qonunlarining ba’zi elementlari mavjud bo‘lganligidan hamda ma’lum sanitariya chora-tadbirlari amalga oshirib kelinganligidan dalolat beradi.Qadimgi hind va xitoy qonunlarida (miloddan avvalgi 3000—4000-yillar) ovqatlanish va kundalik rejim, mehnat qilish va dam olish tartibi to‘g‘risida ko‘rsatmalar bor. Ularda badanni toza tutish zarurligi gapirib o‘tiladi, murdalarni ko‘mish qoidalari ma’lum qilinadi va hokazo. Eramizdan 1500 yil ilgari Misrda axlatlarni yo‘qotish va botqoqliklarni quritish ishlari uyushgan holda o‘tkazilgan, sug‘orish sistemalari va vodoprovodlar barpo etilgan. Qadimgi Yunoniston va Spartada yoshlarni jismoniy jihatdan rivojlantirishga katta ahamiyat berilgan, olimpiya sport musobaqalari o‘tkazib turilgan. Afinada oqova suvlarini yo‘qotish uchun kanalizatsiya qurilgan. Bu joyda uylar qurish va ovqat masalliqlarini sotish ustidan sanitariya nazorati ham tashkil etilgan. Yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish uchun Qadimgi Yunonistonda binolar oltingugurt va xushbo‘y moddalar tutatib dudlangan. Qadimgi Yunonistonning buyuk shifokori Gippokrat (miloddan avvalgi 460—477-yillar) gigiyena masalalariga bag‘ishlangan: „Sog‘lom turmush ma’romi to‘g‘risida“, „Havo, suv va joylar to‘g‘risida“ deb nomlangan asarlarida tashqi muhitning odam salomatligiga ta’sir qilish omillari hamda shu omillarning kasalliklarga nechog‘li aloqadorligi to‘g‘risidagi o‘z kuzatuvlari va nazariy mulohazalarini bayon qilgan. Gippokratning „ muhit nazariyasi“ ni keyinchalik Platon, Aristotel va boshqa olim hamda faylasuflar rivojlantirganlar.Yunonlar madaniy boyliklarining vorislari bo‘lmish rimliklar yunonlardan gigiyenaga oid bilimlarni meros qilib oldilar va sanitariya obodonchiligi sohasida o‘z ustozlaridan o‘zib ketdilar. Qadimgi Rimni suv bilan ta’minlaydigan va kanalizatsiya inshootlari o‘sha zamon uchun muhandislik mo‘jizasi bo‘lgan.Qadimgi Rimda tog‘ buloqlaridan har bir kishiga bir kechakunduzda 0,5—1 m3 suv yetkazib beradigan 14 ta yirik va 20 ta mayda vodoprovod bo‘lganligini aytib o‘tish kifoya. Rimda axlatlarni zararsizlantirish zamonaviy usullarining ibtidosi mavjud bo‘lgan. Narsa qo‘shib, masalliqni qalbakilashtirish va buzilgan oziq-ovqatlarni sotish man qilingan, binokorlik ishlari ustidan sanitariya nazorati olib borilgan. Asriy axlatlarni tozalash ishi dastlab 1609-yilda Parijda o‘tkazilgan va 1780- yilga kelib axlatni ko‘chaga tashlash odatiga qarshi kurashishga kirishilgan. Ichki kiyim va choyshab, ko‘rpa jildlari XVIII asrgacha noyob ashyo bo‘lib, bitliqilik juda keng tarqalgan, hatto qirol xonadoni ham bundan mustasno bo‘lmagan. Ovqat uchun tutiladigan alohida idish Yevropada taxminan XVI asrda paydo bo‘lgan. O‘rta asrlar tarixi haddan tashqari katta epidemiyalar va Yevropa aholisining qirilishini bir qadar aks ettiradigan tarixdir. O‘rta asrlarda Yevropada chechak, tif, gripp epidemiyalari bir-biriga ulanib turgan. Òanosil kasalliklari, teri va ko‘z kasalliklari keng tarqalgan. XVI asrda toun epidemiyasi Yevropa aholisini to‘rtdan bir qismining yostig‘ini quritgan. Yangi paydo bo‘lgan burjuaziya sinfi sanoatni rivojlantirish, mehnat unumdorligini oshirish va foydani ko‘paytirishdan manfaatdor edi. Bunday maqsadga erishishida unga sog‘lom ishchilar kerak bo‘lganligi uchun ham u ma’lum sanitariya chora-tadbirlarini amalga oshirishga majbur bo‘ldi. Ketma-ket sodir bo‘lib turgan epidemiyalar yirik shaharlarda sog‘lomlashtirishga oid shoshilinch sanitariya chora-tadbirlarini amalga oshirishni, vodoprovod, kanalizatsiya o‘tkazish kabilarni taqozo etdi. XIX asrning o‘rtalarida biologiya, kimyo va fizika fanlarining gurkirab rivojlanishi gigiyena taraqqiyotida ham yangi davrni boshladi. Bakteriologik va fizik-kimyoviy tahlil usullari gigiyenaga ham kirib keldi, aholi istiqomat qiladigan hudud va uyjoylar sanitariya holatini sog‘lomlashtirish, ovqatlanish gigiyenasi, me’yor va talablarni asoslashda qo‘llanila boshlandi. Bu gigiyenadagi eksperimental yo‘nalishning ibtidosi bo‘ladi. Ingliz olimi Parks va nemis gigiyenisti Pettenkofer gigiyena fanining asoschilari hisoblanadi. Parks 1857-yilda tashqi muhit omillarini fizik-kimyoviy va bakteriologik tekshirish natijalariga asoslangan gigiyenaga oid asarini nashr ettirgan bo‘lsa, Pettenkofer gigiyenaning aniq fanga aylanishiga yo‘l ochgan ko‘p yillik laboratoriya-statistik tekshirishlarini o‘tkazdi. Pettenkoferning turar joylarni shamollatish (ventilatsiya qilish) va isitish sohasida olib borgan tekshirishlari muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Pettenkoferning zamondoshi va hamkori — fiziolog Foytning ovqatlanish fiziologiyasi va gigiyenasi sohasidagi ishlari, ayniqsa qimmatlidir. Pettenkoferning izdoshlari Rubner va Flugge havo, tuproq, suv, turar joy va kiyim-kechakka sanitariya nuqtayi nazaridan baho berishning gigiyenik me’yorlarini ishlab chiqdilar.O‘rta Osiyoda gigiyenaning rivojlanishi o‘ziga xos tarixga ega. Qadim zamonlarda O‘rta Osiyo aholisi o‘z iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, qanday hayvon va o‘simlik mahsulotlaridaniste’mol qilish mumkinligi, suv manbalarini tanlashda va issiqiqlim sharoitida turar joylarni qurish, kiyinish to‘g‘risida yetarlima’lumotga ega bo‘lgan. Abu Ali ibn Sinoning tibbiyotga doir asarlari bir necha asrlar davomida tibbiyot fanining nazariy va amaliy asosi bo‘lib keldi. Uning shoh asari bo‘lmish „Kitob al qonun fit tibb“ („Tib ilmi qonuni“) bir qancha tillarga tarjima qilinib, bir necha asrlar davomida Yevropa dorilfununlarida asosiy qo‘llanma sifatida o‘qitilgan. Abu Ali ibn Sino ichki va tashqi muhit(ovqat, havo, suv,iqlim, turmush sharoitlari va b.lar)ning kasallik paydo bo‘lishida muhim rol o‘ynashini ko‘rsatib beradi. Ibn Sino tabiatda suv,havoda yashovchi ko‘zga ko‘rinmaydigan mayda hayvonlar (ya’ni mikroblar) yuqumli kasalliklarni keltirib chiqaradigan hamda tarqatadigan vositalardir, degan fikrni olg‘a surdi. U kasalliklarning oldini olish, ularning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ozodalik tartib-qoidalariga rioya qilish, suvni qaynatib ichish kerakligini ta’kidlaydi. Ibn Sino mikroblar yuqumli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi va tarqatuvchilari ekanligini Lui Pasterdan 8 asr muqaddam isbotlab berdi. Ibn Sino organizmning turli kasalliklarga chalinmasligi uchun chiniqtirish, shaxsiy gigiyena tartib-qoidalariga rioya qilish lozimligini ta’kidlagan.Abu Ali ibn Sino tib ilmini rivojlantirish bilan birga, kasalliklarni oldini oluvchi odamni muhofaza qiladigan tadbirlar,ya’ni profilaktika amallaridan keng foydalanishni tavsiya qilgan.Avvalo, insonning pokizaligi, tabiatning musaffo va so‘limligi,
ovqatlanishning rejaliligi, hammom, jismoniy tarbiyaning zarurligini buyuk tabib ravon izohlab berdi. O‘zbekiston Respublikasida gigiyena fanining rivojlanishiga o‘zining serqirra faoliyati bilan ulkan ulush qo‘shgan olimlar qatorida A.Z.Zohidov, S.N.Bobojonov, K.S.Zoirov va boshqalar nomlarini aytib o‘tish mumkin.
A.Z.Zohidov — ko‘p qirrali gigiyenist olim, tibbiyot fanlari doktori, professor, Tibbiyot fanlari akademiyasining muxbir a’zosi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi. U kommunal gigiyena fanining asoschisi hisoblanadi. A.Z.Zohidov 120 dan ortiq ilmiy asar, uslubiy ko‘rsatma, monografiyalar muallifidir.
K.S.Zoirov — professor, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan shifokor, fan arbobi. U 230 dan ortiq ilmiy maqolalar, darslik va qo‘llanmalar muallifi.
Dostları ilə paylaş: |