O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mirzo ulug‘bek nomidagi o‘zbekiston milliy universitetining jizzax filiali



Yüklə 0,62 Mb.
tarix03.05.2023
ölçüsü0,62 Mb.
#106582
mustaqil ish.milliy Manaviyat nn1

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI

MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETINING JIZZAX FILIALI



_Sirtqi bo’lim_
_Iqtisodiyot_(tarmoqlar_va_sohalar_bo’yicha) yo’nalish_
Ma’naviyatshunoslik
Fanidan
MUSTAQIL ISH
Mavzu: Islom nurli va marifat_dini_____­­_________

BAJARDI: _927_ talabasi O’raaliyev H_.

QABUL QILDI: Mallayeva E_.

Jizzax_2022


Mavzu: Islom nurli va marifat dini
Kirish
Asosiy qism:
Reja:

1.Islomda yo‘nalishlarning vujudga kelishi.


2.Islomda Mo‘‘taziliylik, Qadariya, jabariya va mushabbihalar.

3.Fiqhiy mazhablarning paydo bo‘lishi.

4.Imom Abu Hanifa va hanafiylik mazhabi.



Xulosa:
Foydalanilgan adabiyotlar

Kirish.
Islom (arabcha: اَلْإِسْلَامُ, al-’Islām — „boʻysunish“, „itoat etish“) — jahonda keng tarqalgan uch dindan (xristianlik va yahudiylik bilan bir qatorda) biri. Islom diniga eʼtiqod qiluvchilar arabcha „muslim“ („sadoqatli“; koʻpligi „muslimun“) deb ataladi. „Muslim“, „muslimun“ soʻzining boshqa xalqlar orasida oʻzgacha talaffuz etish (masalan, forslarda — musalmon, oʻzbeklarda — musulmon, qirgʻiz va qozoqlarda — musulmon, Ukraina va Rossiyada — basurman) natijasida bu dinga eʼtiqod qiluvchilar turli nom bilan ataladi. Lekin bularning ichida hozir musulmon iborasi keng tarqalgan.
Jahonda dunyo aholising 24,9 foizi, yaʼni 1,1—1,8 milliard kishi Islomga eʼtiqod qiladi. Musulmonlarning 2/3 qismidan koʻprogʻi Osiyoda yashaydi va bu qitʼa aholisining 20 % idan ortiqrogʻini tashkil etadi. Qariyb 30 % musulmonlar Afrikaga toʻgʻri keladi (qitʼa aholisining deyarli yarmi). Dunyoda musulmon jamoalari mavjud boʻlgan 120 dan ortiq mamlakatdan 40 dan ziyodida musulmonlar aholining koʻpchiligini tashkil qiladi — Shimoliy Afrika, Gʻarbiy Osiyoning barcha mamlakatlarida (Kipr, Livan, Isroil mustasno), Senegal, Gambiya, Niger, Somali, Afgʻoniston, Pokiston, Bangladesh, Indoneziya va boshqa baʼzi mamlakatlarda aholining 80 % dan ortigʻi musulmonlardir; bir qancha mamlakatlarda musulmonlar aholining yarmidan 80 % igacha tashkil qiladi (Gvineya, Mali, Livan, Chad, Sudan). Malayziya va Nigeriyada qariyb yarmi, baʼzi bir mamlakatlar (Gvineya-Bisau, Kamerun, Burkina-faso, Syerra-Leone va boshqa)da musulmonlar ozchilikni tashkil qilsa ham, taʼsir doirasi kuchli. Musulmonlarning soni jihatdan eng yirik davlatlar — Indoneziya, Hindiston, Pokiston va Bangladesh; musulmonlarning anchasi Markaziy Osiyo mamlakatlari, Xitoy, Tailand, Efiopiya, Tanzaniya, Kiprda, Yevropaning ayrim mamlakatlari (Bosniya va Gersegovina, Albaniya, Buyuk Britaniya, GFR, Fransiya va boshqa), Shimoliy va Janubiy Amerika qitʼasi mamlakatlari (AQSH, Kanada, Argentina, Braziliya, Gayana, Surinam, Trinidad va Tobago)da, Avstraliyada, Fiji orollarida yashaydi.
Islom 7-asrda Hijoz (Gʻarbiy Arabiston)da paydo boʻldi. Uning asoschisi Muhammad sanaladi. Islom dinining paydo boʻlishi xususida Islom manbalariga asoslangan diniy anʼanada u ilohiy hodisa, insonlarni toʻgʻri yoʻlga solish uchun Alloh taolo tomonidan yuborilgan oxirgi taʼlimot deb hisoblanadi. Islom talqinida dastlab yahudiy va xristianlar ham aynan musulmonlar eʼtiqod qilgan xudoga ishonganlar. Shu xudo, yaʼni Alloh odamlarga paygʻambarlar va elchilar yuborgan. Ammo insonlar paygʻambarlar taʼlimotini buzganlar. Shuning uchun Alloh insonlarga oxirgi rasul etib Muhammadni tanladi, unga oʻzining kalomi — Qurʼon nozil qildi. Muhammad oldin oʻz hamshaharlarini, soʻng barcha arablarni koʻplab qabila xudolariga sigʻinishdan voz kechish va yagona xudo — Allohga eʼtiqod qilish, solih hayot kechirish, u dunyoda jannatga tushish uchun bu dunyoda ezgu ishlar qilishga daʼvat etdi. Qurʼonga koʻra, arablar va yahudiylarning umumiy bobokaloni Ibrohim Allohga birinchi boʻlib imon keltirgan. Demak, Islom batamom yangi eʼtiqod emas, balki Ibrohim ga nozil boʻlgan dinidir.
Muhammadga, 40 yoshida (milodiy 610-yil) vahiy (ilohiy koʻrsatma) kelishni boshladi. Ammo, bir necha nufuzli yaqin qarindoshlarini hisobga olmaganda, Makkaning koʻpchilik aholisi, ayniqsa, quraysh qabilasining zodagonlari uning targʻibotlariga ochiqdan-ochiq qarshi chiqdilar. Muhammadni yolgʻonchiga chiqarib juda katta zulm koʻrsatildi. Dastlab bir guruh musulmonlar Habashistonga hijrat qilishdi, Yasribdagi banu Avs va banu Xazraj qabilalarining vakillari 622-yimda musulmon jamoasini oʻziga qabul qilish, Muhammadni paygʻambar va Allohni yagona deb tan olishdi. Hijrat nomini olgan bu voqea Islom tarixida burilish yasadi. Koʻchib oʻtgan kishilar muhojirlar (koʻchib kelganlar), Madinada Islomni qabul qilganlar ansorlar (tarafdorlar) deb ataldilar. Madina va Makka oʻrtasida boshlangan kurash 8 yil davom etdi (qarang Badr jangi, Uxud jangi, Xandaq jangi va boshqa). 628-yilda Makka zodagonlari Muhammad bilan kelishishga majbur boʻldilar (qarang Hudaybiya sulhi). 630-yilda musulmonlar qoʻshini hech qanday qarshiliksiz Makkaga kirib bordi. Makka aholisi yoppasiga Islom dinini qabul qildi va Muhammadni Allohning elchisi deb eʼtirof etdi. Ana shundan boshlab Makka Islom dini markaziga, Kaʼba musulmonlarning muqaddas ziyoratgohiga aylangan. Muhammad vafot etgan 632-yilda Arabiston yarim oroli toʻla birlashtirilgan, uning aksariyat aholisi Islom dinini qabul qilgan edi. Arabistonning siyosiy, iqtisodiy, etnik va madaniy jihatlardan birlashishida Islom dini muhim omil boʻlib xizmat qildi.
Muhammad vafotidan soʻng, Abu Bakr, Umar ibn Xattob, Usmon Ibn Affon va Ali ibn Abu Tolib paygʻambarning oʻrinbosari (xalifa) sifatida hukmronlik qildilar. Ular va ulardan keyingi xalifalar 7-8 asrlarda Iroq, Falastin, Suriya, Eron, Movarounnahr, Misr, Shimoliy Afrika, Pireney yarim oroli, Shimoliy Hindistonni fath qilishdi. Bir asrdan kamroq vaqt davomida Shimoliy Xitoydan Ispaniyagacha, Kavkazortidan Hind okeanigacha boʻlgan katta hududni zabt etdilar va Islom dinini yoydilar (qarang Arab xalifaligi).
Islomning muqaddas kitobi Qurʼondir. Musulmonchilikda bu kitobning butun mazmuni Allohning vahiy qilgan dalolati deb tushuniladi. Islomning aqidalari, eʼtiqod talablari, huquqiy va axloqiy meʼyorlari, cheklash va taʼqiqlari Qurʼon bilan birga uning tafsirlarida, hadis toʻplamlari va shariat qoʻllanmalarida, shuningdek, 8-12-asrlarda vujudga kelgan ilohiyot adabiyotlarida oʻz ifodasini topgan.
Islomning asosiy aqidasi — „Allohdan boshqa iloh yoʻq va Muhammad uning rasuli“. Islom ilohiyotining ilk shakli — kalom boʻlib, 8-asrda Arab xalifaligida vujudga kelgan. Mutakallimlar Islom dini aqidalarini ishlab chiqqanlar.
Islom dini 5 „asos“ yoki „ustun“ (arkon ad-din al-islomiy)ga ega:
1) Kalimai shahodat;
2) Namoz oʻqish;
3) Roʻza tutish;
4) Zakot berish;
5) imkoniyat topilsa haj qilish.
Shulardan birinchisi imon va qolganlari ibodat deb eʼtirof etilgan. Imon 7 aqidani — Allohga, uning farishtalariga, muqaddas kitoblariga, paygʻambarlariga, oxirat kuniga, taqdir (yaxshilik va yomonlik Allohning irodasi bilan boʻlishi)ga va oʻlgandan keyin tirilishga ishonishni oʻz ichiga oladi. Islomda roʻza hayiti, qurbonlik va qurbon hayiti, aqiqa, mavlid kabi oʻziga xos diniy marosim va bayramlar tarkib topgan. Bundan tashqari, mahalliy xalqlarda Islomgacha mavjud boʻlgan urf-odatlar, jumladan, fol ochirish, dam soldirish, aziz-avliyolarga, muqaddas joylarga sigʻinish ham Islom marosimchiligiga moslashib ketgan. Bu narsa, ayniqsa, Markaziy Osiyo musulmonlari orasida hali hanuz saqlanib qolgan. Aslida, Islom aqidasiga koʻra joylarga sigʻinish, shaxslarga sigʻinish, fol ochish va fol ochdirish, harom qilingan, yaʼni Alloh taolodan oʻzgasidan koʻmak soʻrash taʼqiqlangan.
Islomda ilk davrdan paydo boʻlgan eng birinchi yirik muammo — oliy hokimiyatni egallashga paygʻambardan keyin kim haqliroq, degan masala boʻldi. Ali tarafdorlari „shia“ nomini olib, Islomda birinchi boʻlinishni boshlab berdilar. Uchinchi xalifa Usmon aynan shu boʻlinishning qurboni sifatida jon taslim qildi. Ikki taraf — sunniylik va shialik oʻrtasidagi kurash asnosida xorijiylar deb atalgan uchinchi yoʻnalish ham paydo boʻldi. Ammo Islom tarixi uzra sunniylik (90 %dan ziyod) asosiy yoʻnalish boʻlib keldi. Oʻrta asrlarda hukmronlik qilgan abbosiylar, saljuqiylar, ayyubiylar, mamluklar, usmonli turklar, temuriylar sulolalari sunniylikda edilar. Hozirgi kunda ham sunniylar musulmonlarning mutlaq koʻpchiligi (93 %)ni tashkil etadi. Birdan-bir davlat — Eronda shialik rasmiy diniy yoʻnalish sifatida qabul qilingan. Iroq, Livan, Shimoliy Yaman, Ozarbayjon va Afgʻonistonda shialarning yirik jamoalari mavjud. Ummon va Shimoliy Afrikada xorijiylarning baʼzi toifalari saqlanib qolgan.
Musulmon huquqshunosligi — fiqhda 4 sunniy (hanafiylik, shofiʼiylik, molikiylik, hanbaliylik) va 1 shia (jafariylik) mazhablari shakllangan. Mazhablar diniy firqalardan farq qiladi. Firqalar, asosan, geografik va iqlimiy omillar hamda Islomni qabul qilgan xalqlarning oldingi madaniyati, anʼanalari va diniy tasavvurlari taʼsirida vujudga kelgan. Ularning aksariyati shia yoʻnalishiga mansub boʻlib, eng yiriklari — imomiylar, ismoiliylar va zaydiylardir. Islomda ilk davrlardan shariat (barcha toʻla rioya qilinishi kerak boʻlgan qonunchilik) bilan tariqat (faqat ayrimlar Alloh xayrixohligiga muyassar boʻlishi mumkinligi) yonma-yon rivojlanib kelgan. Tariqat asoschilari — murshidlarning „valineʼmati“ asrlar osha hozirgi avlodgacha yetib keladi, degan tushuncha bor. 8-9-asrlarda Islomda diniy-falsafiy oqim — tasavvuf paydo boʻldi. Sharqda eng mashhur boʻlgan tasavvuf tariqatlari — naqshbandiylik, qodiriylar, shoziliylardir.
Islom dinining muhim xususiyatlaridan biri — uni qabul qilgan xalqlar vakillari uchun Islom aqidalarini ishlab chiqishda ishtirok etish imkoniyatini berganidadir. U oʻziga xos 3 taraqqiyot bosqichi yoki davrni oʻtadi. Birinchisini, shartli ravishda, Qurʼon davri deb atash mumkin. Qurʼoni karimda oʻz aksini topgan Arabiston aholisining diniy ongi darajasini ifoda etuvchi diniy-siyosiy va ijtimoiy qarashlar, huquqiy va axloqiy mezonlar butun musulmon olami uchun hozirgacha shak-shubhasiz umumiy qadriyat hisoblanadi. Deyarli 4 asr davom etgan ikkinchi davr Islomda umumislomiy ahkomlar hukmronligi ostida turli fikrlar yoʻl qoʻyilgani bilan ajralib turadi. Islomdagi yoʻnalishlar, mazhablar va firqalar ana shu davrda paydo boʻldi. Musulmonlarning diniy birligi hal qilib boʻlmaydigan muammo boʻlib qoldi. 10-11-asrlarda anʼanaga sodiq sunniylar bilan imomiy shialar, muʼtaziliylar hamda ashʼariylar oʻrtasida munosabatlar, ayniqsa, keskinlashib ketdi. Xalifa Qodir (991 — 1031) anʼanaviy Islomni qonun asosida barcha uchun majburiy boʻlgan davlat dini deb qaror toptirishga urinib koʻrdi. Shu maqsadda anʼanaga sodiq ilohiyotchilar imzolagan „Dinning qodiriy ramzi“ eʼlon qilindi. Unda „haq din“ deb eʼlon qilingan anʼanaviy diniy taʼlimotning asosiy qoidalari mufassal bayon qilib berildi, undan chetga chiqish jazolashga loyiq eʼtiqodsizlik deb qaraldi. Biroq bu tadbir ham Islomda diniy birlik oʻrnatilishiga olib kelmadi. Gʻoyaviy kurash keyingi asrlarda ham davom etdi. Islomdagi uchinchi taraqqiyot bosqichi musulmon dunyosi „chekka“ oʻlkalarining ahamiyati va oʻrni ortganligi bilan bogʻliqdir. Batamom oʻzga madaniy anʼanalarga ega boʻlgan xalqlar musulmon dunyosining maʼnaviy hayotiga qoʻshilgach, Islomga oʻz diniy-axloqiy tasavvurlari, huquqiy meʼyorlari va odatlarini olib kirdilar. Movarounnahr, Eron, Shimoliy Afrika, Hindiston, Indoneziya kabi yirik tarixiy-madaniy mintaqalarda Islom oʻziga xos xususiyatlar kasb etadi.
Islomning rivojlanishiga Movarounnahrda yetishib chiqqan allomalar katta hissa qoʻshdi. Imom Buxoriy kitob holiga keltirgan hadislar toʻplami — „Al-Jomiʼ as-Sahih“ Islom dinida Qurʼoni karimdan keyingi ikkinchi manba hisoblanadi. Buxoriy va uning safdoshlari Islom ilohiyotining barcha yoʻnalishlari boʻyicha muhim tadqiqotlar qildilar. Jumladan, Islom nazariyotchiligida yuqori baholanadigan „Ilal ashshariat va Xatm ul-Asliyot“ risolasini taʼlif etgan Hakim Termiziy, Islom huquqshunosligini oʻrganishning asosiy qoʻllanmasi hisoblangan „Hidoya“ning muallifi Burhoniddin Margʻinoniy, Islom aqidasi asoslarini muayyan tartibga solgan, kalom ilmida maktab yaratgan Imom Moturidiy (qarang Moturidiylik), buyuk faqih Abu Lays Samarqandiy, musulmon dunyosining eng eʼzozli muxaddislaridan Iso Termiziy, qomusiy ilmlar sohibi, xususan, tafsir, hadis, shariat qonunshunosligida salmoqli asarlar bitgan Zamaxshariy, tasavvufda oʻziga xos iz qoldirgan Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Mahdumi Aʼzam, Najmiddin Kubro, Soʻfi Olloyor, Xoʻja Ahror, Abduxoliq Gʻijduvoniy va boshqalarni misol qilib keltirish mumkin. Ular musulmon eʼtiqodini xalq dunyoqarashi bilan uygʻunlashtirganliklari tufayli Oʻrta Osiyoda madaniy hayotning adabiyot, meʼmorlik, musiqa kabi sohalarida taraqqiyot yuzaga keldi.
Islom dini musulmon mamlakatlari sanʼatida oʻz izini qoldirdi. Meʼmorlik sohasida bu jarayon yangi imorat turlari (masjid, minora, xonaqoh, Madrasa va boshqa)ning paydo boʻlishiga hamda keng tarqalishiga sabab boʻldi. Islom dini paydo boʻlgan davrda avj olgan butparastlik, suratparastlikni oldini olish maqsadida Muhammad suratkashlikni qattiq taʼqiqlab qoʻygan edi. Shu asosda Islomning yirik mutafakkir huquqshunoslari ham tasviriy sanʼatning bu turini taʼqiqlangan ishlar qatoriga qoʻshganlar. Bundan ular amaliy sanʼat turlari, naqsh, bezak va oʻsimliklar suratini istisno qilishgan. Islomda inson suratini chizish yoki uning haykalini yasashning taqiqlanishiga asosiy sabab — paygʻambar va aziz-avliyolarning rasmlarini chizib yoki haykallarini yasab, ularga sigʻinib ketish xavfining mavjudligi boʻlgan. 20-21-asrlarga kelib, Islom dunyosi ulamolarining bu sanʼatga munosabatlariga yana bir karra aniqlik kiritildi: ilohiylashtirish va odamlarning sigʻinishi maqsadida inson rasmini chizish mumkin emasligi eʼtirof etildi. Ulamolarning bergan fatvolariga koʻra, musulmonlarga fahsh va uyat narsalarni ifoda etuvchi rasmlar, but, sanam va ikona tasvirlar qatʼiyan taqiqlangan.
Musulmon Sharqi 8—11-asrlarda taraqqiyotda Gʻarbdan oldinda edi: gʻarb olimlari musulmon faylasuflari va tabiblaridan saboq olishgan; gʻarb savdogari Islom dunyosidagi savdoning koʻlamiga havas bilan qaragan; sharq tovarlari gʻarbda zeb-ziynat mollari hisoblangan. Sharq shaharlarining boyligi va hashamati gʻarb uchun afsonadek tuyulgan. Bularning barchasida asosiy mafkura vazifasini bajargan Islomning ijobiy xizmati buyuk, albatta. Ammo 12-13-asrlardan keyin musulmon dunyosi dastlab turgʻunlik, soʻng tanazzulga yuz tuta boshladi. Baʼzilar konservativ (qotib qolgan) din sifatida Islom taraqqiyotga toʻsiq boʻldi, deya unga katta ayb qoʻymoqchi boʻladilar. Aslida soʻnggi oʻrta asrlarda yuz bergan musulmon dunyosining tushkunligi juda murakkab ijtimoiy-iqtisodiy omillar bilan bogʻliq boʻlib, oʻsha davrdagi Islomning oʻzi ana shu tushkunlikning muayyan shaklidagi ifodasi edi.
19-asr boshidan 20-asrning 2-yarmigacha oʻtgan bir yarim asrlik davr Islomning rivojlanishida muhim burilish bosqichi boʻldi. Sharq mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishidagi oʻzgarishlar yangi sinf — milliy burjuaziyaning vujudga kelishi, milliy ozodlik qarakatining avj olishi — bularning hammasi Islomning jamiyatdagi mavqeiga boʻlgan qarashlarda ham, ijtimoiy hayotdagi yangiliklarni Islom nuqtai nazaridan baholashda ham oʻzgarishlar yasadi. Islom diniy-falsafiy va huquqiy meʼyorlarining yangi tarixiy sharoitga moslashish jarayoni 19-asr oʻrtalaridan boshlanib, hozirgacha davom etmoqda. Bu jarayonni koʻpgina tadqiqotchilar „Islom islohotchiligi“ deb ataydilar, u xristian reformatsiyasidan tubdan farq qiladi. Bu tafovut, birinchidan, shundan iboratki, mazkur jarayonlar turli davrlarda, turlicha muayyan tarixiy sharoitlarda roʻy berdi. Ikkinchidan, „Islom islohotchiligi“ dunyoviy hayotning turli jihatlarini diniy nuqtai nazardan qayta baholashda namoyon boʻldi va sof ilohiyotga doir masalalarga daxli boʻlmadi. Uchinchidan, Islomda xristianlarnikiga oʻxshash cherkov bilan ruhoniylarni bogʻlab turuvchi tizim boʻlmaganidan Islomdagi islohotlar xususiyatiga jiddiy taʼsir qildi.
Oʻrta asrlarda tarkib topgan musulmon sudlov tizimida katta oʻzgarishlar yuz berdi. Musulmon huquqi tizimining oʻzi ham muayyan darajada oʻzgardi: shariat sudlari huquqi asta-sekin cheklana bordi; 19-asr oʻrtalariga kelib, Usmoniylar imperiyasi hududida shariat sudlari va dunyoviy sudlarning vakolati butunlay chegaralab qoʻyildi. Bir qancha mamlakatlarda shariatda koʻzda tutilmaydigan jinoyat kodekslari va boshqa huquqiy hujjatlar joriy qilindi. Misrda Muhammad Alining islohotlari va usmoniylar imperiyasidagi tanzimat siyosati (islohotlar) tufayli Islomning ijtimoiy hayotdagi mavqeida muayyan oʻzgarishlar roʻy berdi.
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish talablari musulmon ilohiyotchilari va huquqshunoslarini Islomning bir qancha anʼanaviy qoidalarini yangicha talqin etishga majbur eta boshladi. Biroq, bu jarayon oson kechmadi va uzoqqa choʻzilib ketdi. Bu, jumladan, musulmon mamlakatlarida bank tizimini yaratish joizmi (yoki gunohmi) degan masala yuzasidan boshlangan munozarada oʻz aksini topdi. Musulmon mamlakatlarida tadbirkorlikning avj olishi shariat qoidalarini ham, musulmonchilikdagi boshqa anʼanaviy tamoyillarni ham yangicha talqin qilishga olib keldi. Ijtimoiy ong sohasida roʻy bergan oʻzgarish juda muhim rol oʻynadi. Bu, avvalo, milliy oʻzini anglash jarayoniga taalluqlidir. Shu jarayon davomida Islomning barcha musulmonlarning birligi toʻgʻrisidagi anʼanaviy qoidasi yangicha maʼno kasb etdi. Jamoliddin al-Afgʻoniy musulmonlarning birdamligi gʻoyasini koʻtarib chiqdi. M. Abdu, J. Afgʻoniy, Rashid Rizo va boshqaning gʻoyalari milliy ozodlik harakatlariga turtki bulib koʻpchilik musulmon davlatlarining siyosiy mustaqilligiga erishuvida ijobiy rol oʻynadi. Ayni vaqtda Islom birdamligi gʻoyasiga asoslangan xalqaro Islom harakati shakllana boshladi: 1926-yilda birinchi xalqaro musulmon tashkiloti — Islom olami kongressi (Muʼtamar al-alam al-islomi) tashkil qilindi. Shuningdek, Islomning goʻyo Muhammadning zamonidagi „asl“ tamoyillariga qaytishga daʼvat etishga turli fundamentalistik oqimlar (qarang Vahobbiylik) va ularning tarkibida oʻz gʻoyalari uchun kurashda terror usuliga tayanuvchi guruhlar, ekstremistik toʻdalar paydo boʻldi. 20-asrning 2-yarmida jamiyatda ijtimoiy adolat oʻrnatish masalasida ham Islom omilidan foydalanishga qaratilgan urinishlar sodir boʻldi (Eron islom inqilobi, Liviya Jamohiriyasi va boshqa).
Bir qator mamlakatlar (MAP, Kyvayt, Saudiya Arabistoni, Eron, Pokiston, Afgʻoniston va sh. k.)da Islom davlat dini (yoki rasmiy din) sifatida tan olingan. Ayrim mamlakatlarda „Islom“ soʻzi davlatning rasmiy nomi tarkibiga kiritilgan: Eron Islom respublikasi, Pokiston Islom respublikasi, Afgoniston Islom respublikasi, Mavritaniya Islom respublikasi va boshqa Osiyo, Afrika qitʼasidagi baʼzi mamlakatlarda Islomning tarqalishiga musulmon partiyalari taʼsir qilmoqda, ular koʻpincha siyosatda muhim rol oʻynamoqda. Erondagi Islom respublikasi partiyasi, Indoneziyadagi Birlik va taraqqiyot partiyasi, Malayziyadagi Panmalayziya islom partiyasi, Hindiston va Pokiston Jamoati islom partiyasi bunga misol boʻla oladi. Bir qancha mamlakatlarda diniy-siyosiy tashkilotlar (shu jumladan, qonundan tashqaridagi tashkilotlar — „Musulmon birodarlar“, Islom ozodligi partiyasi) tarqalgan, koʻpgina diniy bilim yurtlari (qorilik maktablari, Madrasa, musulmon universitetlari), islom jamiyatlari, missionerlik tashkilotlari, tijorat korxonalari (islom banklari, sugʻurta kompaniyalari) ishlab turibdi.
Musulmon sud ishlarini olib borish tizimi saqlanib qolmoqda. 19-asrning 70-80-yillaridagi shariatning ilgari amaliyotda bekor qilingan baʼzi bir qoidalarini tiklashga urinib kurildi (masalanPokistonda; Sudanda prezident J. Nimeyri davrida, arab monarxiyalarida jinoiy ishlar uchun tan jazolari berish).
Oʻtgan asr 70-yillarining oxiri — 80-yillarining boshida xalqaro ishlarda hukumat darajasida yoki nohukumat darajasida ish olib boruvchi xalqaro musulmon tashkilotlari muayyan mavqega ega boʻla boshladi. Bunday tashkilotlardan eng nufuzlisi Islom konferensiyasi tashkiloti (Munazzamat al-muʼtamar al-islomi) boʻlib, u 1969-yilda tuzilgan, unga 55 mamlakat (Oʻzbekiston Respublikasi 1996-yildan) aʼzo. Xalqaro nohukumat musulmon tashkilotlari orasida Islom olami uyushmasi, Islom olami kongressi, Islom olami tashkiloti, Yevropa islom kengashi, AQSH Oliy islom kengashi va boshqani koʻrsatish mumkin. Ular, asosan, Islomni targʻib qilish va yoyish, diniy arboblarning xalqaro uchrashuvini tashkil qilish, turli mamlakatlardagi Islom jamoalariga yordam berish bilan shugʻullanadi.
Islom Turkiston mustamlakachilik davrini boshdan kechirgan paytda, ayniqsa, shoʻrolar davrida turli taʼqib va har tomonlama cheklashlarga duch keldi, ulamolarning taqdiri ayanchli boʻldi. Islomga oid bebaho kitoblar yoʻqotildi, muborak yodgorlik va qadamjolar oyoqosti qilindi, din peshvolari eng xavfli yov, muxolif sifatida mahv etildi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyin, Islom dini hayotda munosib oʻrnini egallay boshladi. Musulmonlarning diniy ibodat va marosimlarni ado etishlari uchun sharoit yaratib berildi. Qurʼoni karim 2 marta oʻzbek tilida chop etildi (1992, 2001-yillar), hadis toʻplamlarining tarjimasi, Islom ulamolarining yuzlarcha kitoblari yana xalqqa yetkazildi. Hozirgi paytda Qurʼoni Karimning oʻzbek tilidagi beshta jumladan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf („Tafsiri Hilol“, 1992-2005), Oltinxon Toʻra, Alouddin Mansur („Qurʼoni karim“ning oʻzbekcha izohli tarjimasi (Toshkent, 1991)), Shayx Abdulaziz Mansur („Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri“, 2004), muftiy Usmonxon Alimov („Tafsiri Irfon“) kabi oʻzbek olimlari tomonidan tayyorlangan maʼnolar tarjimalari va tafsirlari nashr etilgan. Islom tarixi manbalari va marosimlarini har tomonlama, ilmiy, xolisona oʻrganishga kirishildi, mutaxassis kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Shu maqsadda Toshkent davlat sharqshunoslik institutida islomshunoslik kafedrasi ochildi (1992), deyarli barcha viloyatlarda diniy oʻquv yurtlari faoliyat koʻrsata boshladi, Toshkent Islom universiteti tashkil qilindi (1999), uning tarkibida Islomshunoslik ilmiy tadqiqot markazi ishlab turibdi.
Islomda yo‘nalishlarning vujudga kelishi. 632 yilda Payg‘ambar (alayhis-salom) vafotidan so‘ng hokimiyat xalifalikka saylanganlar tomonidan boshqarildi. Birinchi Abu Bakr, ikkinchi Umar ibn Xattob saylandi, so‘ng Usmon ibn Affon va Ali ibn Abi Tolib xalifa bo‘ldi. Avvalgi ikki xalifa davrida xalifalikda ichki nizo va firqalanish bo‘lmadi. Usmon xalifaligi davrining so‘nggi yillarida ichki nizolar paydo bo‘lib, xalifaga qarshiliklar kuchaydi. Oxir-oqibat bir to‘da odamlar Hazrati Usmonning uyiga bostirib kiradilar va uni o‘ldiradilar. Uning o‘ldirilishi xalifalikda urushni keltirib chiqardi va Ali ibn Abi Tolib xalifaligi davrida bunday nizolar yanada kuchaydi. SHom voliysi Muoviya xalifaga qarshi chiqib tezroq xalifa Usmon qotillarini topib jazolash talabini qo‘yadi. Xalifa bu paytda avval ichki nizolarni tugatish bilan ishni boshlagan bo‘ladi. Bu ixtilof qurolli to‘qnashuvga olib keladi. Bu to‘qnashuv 657 yili Iroqning Siffin degan joyida bo‘lib o‘tgani uchun jangning nomi Siffin deb atalgan. SHunda davlat tuzumi masalasida Payg‘ambardan keyin xalifalik kimga o‘tishi kerak degan masalada uch toifaga bo‘linish yuz berdi.
Birinchi – xalifa Ali tarafdorlari bo‘lgan, xalifalik faqat payg‘ambar xonadonida meros sifatida o‘tishi kerak deb hisoblovchi guruh. Natijada ulardan shialik oqimi kelib chiqdi.
Ikkinchi – xalifa Alining sobiq tarafdorlaridan tashkil topgan, uni Siffin jangidan keyin tashlab ketgan xorijiylar (ajrab chiqqanlar) guruhi hisoblanadi.
Uchinchi – «ahli sunna val jamoa» guruhi.
Islomdagi ilk bid’at, firqachilik va adashish xorijiylar va shialar guruhlarining faoliyatida ko‘zga tashlanadi. Bunday firqalar asosiy ikki masalada yuzaga kelgan: imomat (davlatga rahbarlik) va aqidada. SHuning uchun islomda firqalarga bo‘linish asosan diniy-siyosiy nuqtai nazardan kelib chiqqan deb qaraladi. Birinchi xorijiylarning paydo bo‘lishiga ham xalifa Ali siyosatiga qo‘shilmaslik, shialik esa, xalifalik Ali va uning avlodlariga meros bo‘lib qolishi kerak deb hisoblovchilar sabab bo‘ldi. SHu o‘rinda yana bir narsani alohida ta’kidlab o‘tish zarurki, islomda firqalarga bo‘linish Muhammad (alayhis-salom) hadislarida aytib o‘tilgan. Muhammad payg‘ambar (alayhis-salom) aytadilar: «YAhudiylar 71 firqaga bo‘lindi, nasroniylar 72 firqaga bo‘lindi, ummatim esa 73 firqaga bo‘linadi. Ulardan bittasi najot topadi, qolgani do‘zax ahlidir», deganlarida, sahobiylar: «Najot topadigan firqa qaysi?», deb so‘raganda Payg‘ambar (alayhis-salom): «Men bilan sahobiylarim tutgan yo‘ldagisi», deb javob beradilar» (imom Termiziy rivoyati). Hadisda aytilgan najot topuchi firqa «ahli sunna val jamoa» hisoblanadi.
«Ahli sunna val jamoa» sunniylik deb ham nomlanadi. Buning o‘ziga xos, boshqalardan ajralib turadigan jihatlari barcha sahobiylarni yaxshi ko‘rish, kishini katta gunoh qilgan bo‘lsa ham musulmon deb hisoblash, agar u vafot etsa, janoza o‘qish, odil va zolim podshohga qarshi chiqmaslik, Allohning sifatlarini inkor qilmaslik va hokazo. Biroq ilk davrlarda musulmon olimlari tomonidan yakdil fikrga ega bo‘lgan musulmonlarning aqidasi ishlab chiqilmagani bois, «to‘g‘ri e’tiqod qilish» va «bid’at» to‘g‘risidagi tasavvur shia va xorijiylarning paydo bo‘lganidan keyin tizimga solindi. Xorijiylar xalifa Alining qo‘shinidan ajrab chiqqan va «ahli sunna val jamoa» e’tiqodiga to‘g‘ri kelmaydigan ekstremistik qarashlarni ilgari surgan murosasiz guruh. Bunda ular xalifa Alini kelishuvchilikda ayblab, undan ajralib ketganlar va xalifaga ham, Muoviyaga ham qarshi urush ochganlar. Xorijiylikning eng katta xatarli tomoni o‘z saflariga qo‘shilmaganlarni «dindan qaytgan»likda ayblashlari va ularning talqinidagi islom qoidalariga rioya qilmagan har qanday rahbarga bo‘ysunmay, unga qarshi kurashish zarurligini ta’kidlashlari bo‘lgan. Buning natijasida juda ko‘plab qonlar to‘kilgan. Odamlarni kofirga chiqarish va ularga qarshi «jihod» qilish g‘oyasini ishlab chiqib, terror amaliyotini boshlab bergan. Bugungi kundagi ISHID, Boko haram va shunga o‘xshash boshqa terroristik tashkilotlarning uslublari aynan xorijiylik «an’ana»larining zamonaviy ko‘rinishidir.
Ular o‘zlarini haqiqiy musulmon hisoblagan va siyosiy hamda g‘oyaviy raqiblarga nisbatan murosasiz bo‘lgan. Xorijiylarning ta’limotiga ko‘ra, xalifa jamoa tomonidan saylanadi va jamoaga bo‘ysunadi; har qanday taqvodor musulmon (hatto qul yoki qora tanli bo‘lsa ham) xalifalikka saylanishi mumkin; agar xalifa jamoa manfaatlarini himoya qilmasa, vazifasidan bo‘shatiladi va hatto qatl etiladi. Xorijiylar gunohi kabira qilganlarni kofirlikda ayblab, ularni o‘ldirishgacha borib etganlar. Hatto ba’zi sahobiylarni ham kofir deyishgan. Bundan tashqari, «zolim» podshohga qo‘lida qurol bilan qarshi chiqishni diniy vazifa deydilar. Xorijiylik bilan bir vaqtda paydo bo‘lgan yana bir oqim shialikdir. SHialik «shiatu Ali» (Ali guruhi) nomidan bo‘lib, aliparast oqim hisoblanadi. Bu yo‘nalish dastlab har qanday ixtilof va aqidaviy farqlardan xoli holda, faqat siyosiy harakat sifatida namoyon bo‘lgan. Keyinroq diniy ixtiloflar, aqidaviy farqlar vujudga kelgan. Ularning fikricha hokimiyat xalifa Ali va uning avlodiga tegishli. CHunki imomat asosiy diniy ruknlardan hisoblanadi. Ularning ta’limotiga ko‘ra, rahbar xalq tomonidan saylanmaydi, balki meros sifatida o‘tadi.
SHuningdek, Payg‘ambar (alayhis-salom) Alini xalifa qilib tayinlaganlar. Xalifalardan Abu Bakr, Umar va Usmon bu huquqni Alidan zo‘rlik bilan tortib olishgan hamda Alining xalifaligini Alloh tomonidan berilgan ilohiy ko‘rsatma deb hisoblaydilar.
SHialar ham Qur’onni ilohiy kalom deb e’tirof etadi (ayrim mutaassib ruhdagi oqimlari xalifalar davrida uning ayrim qismlari tushirib qoldirilgan deb hisoblaydi). Ulamolari esa, Qur’on mazmunini majoziy talqin qilish yo‘li bilan o‘z ta’limotlarini asoslaydilar. SHuningdek, hadislardan faqat xalifa Ali, uning avlodi va ba’zi sahobiylar tomonidan keltirilgan rivoyatlarni tan oldilar va shunday rivoyat-hadislardan iborat mustaqil to‘plamlar tuzgan. Sunniylikda e’tirof etilgan diniy aqidalardan farqlanib, shialikda tavhid, adl, nubuvvat, imomat, qiyomatdan iborat beshta aqidaga e’tiqod qilinadi. Bulardan to‘rt aqida – tavhid (Allohning yagonaligini e’tirof etish), adl (adolat, Allohning odilligi, ya’ni taqdir aqidasi), nubuvvat (payg‘ambarlik), qiyomat yoki maod (oxirat kunining kelishi va o‘lganlarning tirilishi), asosan, sunniylik ta’limotiga mos tushadi. Beshinchi aqida esa imomat (Ali va uning avlodlaridan iborat o‘n ikki imom hokimiyatini) esa, sunniylikka zid ekani bilan farq qiladi. SHialik ichida ixtiloflar yuz berishi natijasida ko‘p firqalar vujudga kelgan. Bulardan zaydiylar, ja’fariylar va boshqalar. Imomiylar va ismoiliylar shialikdagi ikki yirik oqim hisoblanadi.
Mo‘‘taziliylar oqimi aqida masalasi bo‘yicha ahli sunna val jamoa yo‘nalishidan ajralib chiqqan. Ular Qur’onni diniy haqiqatning manbai deb e’tirof etadilar, uni so‘zma-so‘z emas, majoziy talqin qilishga harakat qiladilar, rivoyatlarga ko‘r-ko‘rona ishonishga qarshi chiqadilar. SHuningdek, gunohi kabira, qabr azobi, avliyolar karomati kabi masalalar bo‘yicha o‘ziga xos qarashga ega. Jumladan, gunohi kabira qilgan kishi mo‘min ham, kofir ham bo‘lmaydi, balki ikkisi orasida bo‘ladi, deganlar. Mo‘‘taziliylarning yana bir aqidasi bu Qur’onning yaratilgani to‘g‘risida bo‘lib, sunniylar Qur’on Allohning kalomi desalar, mo‘‘taziliylar Qur’on Allohning yaratgan narsasi, deb hisoblaganlar.
Xalifa Ma’mun (813-833) mo‘‘taziliylar ta’limotini davlat darajasiga olib chiqdi. U qozilar, olimlar, amaldorlar e’tiqodini sinab ko‘rdi. Natijada kim mu’taziliylar aqidasini (xususan, Qur’onning yaratilganini) tan olmasa, ishdan bo‘shatdi, hatto o‘lim jazosini qo‘lladi. Xalifa Mutavakkil (847-861) davrida ushbu ta’limot ta’qib ostiga olindi. Mu’taziliylar aql-idrokni aqidaning asosi deb e’tirof etgan, tasavvufni inkor etishga uringan, o‘zlarini tavhid va adolat (adl) tarafdorlari, deb bilgan adashgan firqadir. Keyinchalik 13-14-asrlarga kelib mo‘‘taziliylar butunlay yo‘qolib ketgan. Qadariya ham mo‘‘taziliylarga o‘xshab aqidaviy masalada adashgan hisoblanadi. Ularning asosiy da’volari Allohning qazosi va qadarini inkor etib, «Alloh bandalarining ishidan ojizdir», deydilar. Sunniylar esa, Alloh har bir narsani oldindan biladi, degan bo‘lsa, qadariylar uni inkor qildilar. Ular odillik xudoning asosiy sifatlaridan biri degan fikr asosida gunohni xudo oldindan belgilagan bo‘lishi mumkin emas. Xudodan faqat adolatli ishni kutish mumkin, gunoh ishlar esa inson faoliyati bilan bog‘liq, demak, inson iroda va faoliyat erkinligiga ega, shuning uchun u gunoh qiladi, degan xulosaga kelib o‘zlarining adashgan firqa ekanini qo‘rsatdilar. Ularning ta’limotini keyinchalik mu’taziliylar davom ettirdi.
Jabariylar esa, qadariylar e’tiqodining aksini qilib, islomda taqdir masalasida adashgan deb tan olingan firqalardan biridir. Ular ahli sunna val jamoada tan olingan takdir masalasini inkor qiladi. Jabariylar inson taqdirini xudo mutlaq oldindan belgilab qo‘ygan, insonda hech qanday iroda va faoliyat erkinligi yo‘q, bular faqat xudoda mavjud, inson esa, ana shu faoliyatni o‘zlashtirib olish imkoniyatiga ega, degan aqidani ilgari surgan. Alloh bandalarga gunoh ishlarni taqdir qilgan va inson gunoh amallarni qilishga majburdir, deb insondagi juziy ixtiyorni rad etadilar, ya’ni qabih va yomon narsalarni Allohga nisbat beradilar hamda bandalarni gunoh ishlardan poklaydilar. Alloh insonga toqati etmaydigan narsani yuklashi mumkin, deb Allohga majbur qiluvchilik sifatini berdilar. Iroda erkinligi tarafdori bo‘lgan qadariylarga jabariylar qarshi bo‘lgan.
Mushabbihalar (o‘xshatuvchilar) e’tiqodi bo‘yicha Allohni inson suratiga o‘xshatib, uning inson a’zolariga o‘xshash jismi bor deydilar. Bu bilan «ahli sunna val jamoa» aqidasiga qarshi chiqqan. CHunonchi sunniylar Allohni hech narsaga o‘xshatmaydi va bunday o‘xshatish xato hisoblanadi.
Umuman olganda, islom tarixida vujudga kelgan adashgan firqalarning o‘zlari ham bir necha guruhlarga bo‘linib ketganlar. SHuni alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, hozirgi kunda paydo bo‘layotgan islom nomidan ish ko‘rayotgan turli adashgan oqimlar tarixda o‘tgan o‘tmishdoshlarining aqidasini tutib, uni yangicha ko‘rinishda taqdim qilishi kuzatilmoqda. Jumladan, hozirgi kundagi jangari guruhlarning faoliyati o‘tmishdagi xorijiylarning buzg‘unchi amaliyotiga batamom mos keladi. SHu bois ham bugungi kundagi dinni niqob qilib olgan terrorchi guruhlarni «XXI asr xorijiylari» deb atash mumkin.

Xulosa
Ota bobolarimizni qo'llarini duoga ochishganda; “Ilohim jannatmakon yurtimiz tinch bo'lsin. Yurtimizga ko'z tegmasin”- deb duo qilishadi. Ushbu duo zamirida Alloh taoloning muborak kalomidagi Ibrohim (a.s.) duolari esga tushadi. U zot yashab istiqomat qilgan yurtlari Makka haqiga: "Ey Robbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin!” deb-duo qildilar (Baqara, 126). Shu duo necha minglab yillarki, insoniyat tilida o'xtamaydi. Haqiiqatan, insonga ko'pgina ne'matlarni berilgan bo'lsayu-u, tinchlik ne'mati bo'lmasa, boshqa e'matlarning lazzati tatimaydi.
Tinchlik so'zi arab tilida “salami”, “islom” ma'nolarini o'z ichiga oladi. Sakkizta jannat bo'lsa, birining nomi “Darus-salam”, yana bir ma'nosi “amn”. Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qiladi: 
“Albatta taqvoli zotlar (u kunda) osoyishta joyda” , “Ular u joyda xotirjam bo'lgan hollarida har turli mevani chorlaydilar” (Duxon, 51 – 55). Ushbu oyatlar mazmunida ham jannatning jannatligi tinch va xotirjamligida ekani ma'lum bo'ladi. Keksalarimizni yana “Jannatmonand yurtiimzga ko'z tegmasin”, deb duo qilishadi. Yurtning jannatga qiyos qilinishi uning tinchligida va shu zaminda yashayotgan kishilarning osoyishta xayot kechirayotganlari bilan bog'liq. Demak, tinchlik xukm surayotgan diyorni jannatga qiyos qilsa arziydi.
Hadisi sharifda: “Kishi ertalab uyqudan uyg'onib tursa, uning oilasi tinch, tani sog', uyida yegulik ozuqasi barqaror bo'lsa, ne'matlarning barchasiga muyassar bo'libdi”, deb marhamat qilinadi. Bunga shukr qilish kerak. Ammo ne'matlarning osoyishtaligi, barqarorligi, bardavomligiga rahna solishga urinayotgan, jamiyatning taraqqiyotiga to'siq bo'layotgan, tinch aholiga buzg'unchilik ta'sirini o'tkazuvchi kuchlardan saqlanish ham shukronalikning asosiy tamoyilidir. Alloh taolo: “Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz!” (Moida, 2) deb, dinning mazmun-mohiyatida faqat yaxshilik qilishga chaqirilganini ta'kidlamoqda.
Zero, Qur'oni karimning bir necha o'rinlarida odamlar ichida buzg'unchilik, ig'vo, fitna, noshukurlik holatlarini keltiruvchi salbiy harakatlardan qaytarilgan.
Ayni paytda, buzg'unchi g'oyalarni tarqatuvchi toifalarga nisbatan murosasizlik har bir musulmonning shiori bo'lishi kerak.
Hozirda din nomidan gapirayotgan, uni maqsadlari uchun “bayroq” qilib olganlar turli ob'ektlarga, tinch aholiga karshi kuch ishlatmoqdalar. Gunohsiz kishilar terrorning qurboniga aylanmoqda.
Urushlar sababidan mehr-oqibat, insoniylik unutiladi, ezgu amallar, ulug' maqsadlar sarobga aylanadi. Yer yuzi tor va ziq ko'rinadi.
Alloh taolo bandalarini o'zaro ittifoqlikda, ahillikda, tinchlik-omonlikda yashashga da'vat etib: “Agar mo'minlardan ikki toifa o'zaro urushib qolsalar, darhol ular o'rtasini isloh etingiz!” (Hujurot, 9) degan.
Unutmaslik kerakki, dunyoning barcha hududidagi terroristik harakatlar tufayli gunohsiz odamlar majruh bo'lgan, bevaqt hayotdan ko'z yumgan. Ma'lumotlarga qaraganda notinchlik va urush sababidan oxirgi besh ming yilda uch milliarddan ziyod odamning yostig'i qurigan.
Xolbuki, insonlar hayotiga zomin bo'lish barcha dinlar qatori Islom dinida ham gunohi azim hisoblanadi. Bunday gunohlarni sodir qilayotganlarga Yaratganning jazosi holi-hayotda ham, oxiratda ham muqarrar.
Din manfaatlari yo'lida harakat qilyapmiz, deb da'vo qilayotgan ayrim odamlar o'z dinlarining ta'limotini to'la tushunib yetmaydi. Dindan hech qanday dunyoviy maqsad uchun foydalanish mumkin emasligini anglamaydi. Uni hayotga noto'g'ri tatbiq etadi. Oxir-oqibat ayanchli va sitamkor vaziyatlar yuzaga keladi.
Yuqoridagilardan ko'rinib turibdiki, har qanday shakldagi zulm va zo'ravonlik Islom aqidasiga mutlaqo ziddir. Binobarin, ilohiy ko'rsatmalarga qarshi borib, begunoh odamlarning hayotdan ko'z yumishiga sabab bo'layotgan shaxslar dunyo hayotida maqsadlarimizga erishdik deb o'ylashlari ayanchli ahvol va noto'g'ri yo'ldir. Din-diyonatning oliy axloqiy amr-farmonlarini anglab yetgan va zimmasiga olgan har bir shahs insonparvarlik va ezgulikni do'st tutishi tabiiy.
Chin musulmon dunyoni obod va ko'rkam etuvchi, uning gullab-yashnashi va farovonligi, osoyishtaligi borasida xolis hizmat qiluvchi kishidir. Aslida, musulmonning maqsadi umuminsoniy manfaatlar yo'lida ezgu niyat, mehr-muruvvat, samimiylik, sahovatpeshalik, bag'rikenglikdek bilan xizmat qilishdir. 
imonli kishilarning qalbida rahm-shafqat, mehribonlik, adolatparvarlik, sofdillik, kechirimlilik, kamtarlik, beg'arazlik, fidoiylik, sabr-toqat kabi ezgu tuyg'ular mujassam bo'ladi. Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda:
"Ota-onangizga hamda qarindosh-urug', yetim va miskinlarga, qarindosh qo'shni va begona qo'shniga, yoningizdagi hamrohingizga, yo'lovchi va musofirga va qo'llaringizdagi qullaringizga yaxshilik qilingiz! Albatta, Alloh mutakabbir va maqtanchoq kimsalarni sevmaydi", (Niso, 36) degan.
Aynan shu oyatlar mazmunidan Alloh taolo dunyoda ezgulikni do'st tutishini anglaymiz. Insonparvar, e'tiqodli odam jamiyatga nisbatan ko'ngli ochiq, muomala madaniyati mo''tadil, xayrli ishlari ziyoda, ezgu amallarga chanqoq bo'ladi. Bu qanday yaxshi, qanday go'zal!

Foydalanilgan adabiyodlar
1.Karimov I., Olloh qalbimizda, yuragimizda, T., 1999;
2.Karimov I., Oʻzbekiston XXI asr boʻsagʻasida: xavfsizlikka tahdid, barkamollik shartlari va taraqqiyot kafolatlari, T., 1997;
3.Qurʼoni karim, T., 2001; Hadis (AlJomiʼ as-sahih), 1-4-j.lar (2nashri), T., 1997;
4.Hidoya (1-j.), T., 2000; Sogʻuniy A., Tarixi Muhammadiy (1-2-kitob), T., 1997;
5.Hasanov A., Qadimgi Arabiston va ilk islom (1-kitob: Johiliya asri), T., 2001;
6.Komilov N., Tasavvuf, T., 1999; Husniddinov 3., Islom: yoʻnalishlar, mazhablar, oqimlar, T., 2000.
Yüklə 0,62 Mb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin