2-bob. Davlat maktabgacha ta’lim muassasasining maqsadi va vazifalari 7. Davlat maktabgacha ta’lim muassasasining maqsadi quyidagilardan iborat:
bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish;
ta’lim-tarbiya berish orqali bolalarni maktabgacha ta’limga sifatli tayyorlash;
bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish.
8. Davlat maktabgacha ta’lim muassasasining vazifalari quyidagilardan iborat:
bolalarning hayoti va sog’lig’ini mustahkamlash;
bolalarda xalqimizning yuksak ma’naviyati va insonparvarlik an’analariga sadoqat tuyg’ularini shakllantirish;
bolaning shaxsini va boshqa jihatlarini rivojlantirgan holda uni boshlang’ich ta’limni olishga tayyorlash;
bolaning rivojlanishidagi (nutqida, ko’rishida, eshitishida) yengil nuqsonlarni korrektsiyalashni amalga oshirish;
ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini joriy etish.
3-bob. Davlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyatini tashkil etish 11. Davlat maktabgacha ta’lim muassasasida ta’lim mazmuni maktabgacha ta’limga qo’yiladigan davlat talablariga asosan ishlab chiqilib, O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan yoki tavsiya qilingan dasturlar bilan belgilanadi.
12. Davlat maktabgacha ta’lim muassasasining ish tartibi va bolalarning ushbu muassasada bo’lish vaqti davlat maktabgacha ta’lim muassasasining Ustavi va muassisning qarori bilan belgilanadi.
Davlat maktabgacha ta’lim muassasasida besh kunlik ish haftasi uchun, qoida tariqasida, quyidagi ish tartibi joriy etiladi:
12 soatli;
10,5 soatli;
9 soatli;
4 soatli.
Davlat maktabgacha ta’lim muassasasi joylashgan hududda yashaydigan aholi talablaridan kelib chiqib, davlat maktabgacha ta’lim muassasasida yoki uning alohida guruhlarida 6 kunlik ish haftasi ham joriy etilishi mumkin.
13. Davlat maktabgacha ta’lim muassasasida ovqatlanishni tashkil etish ushbu muassasa zimmasiga yuklatiladi hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlariga muvofiq amalga oshiriladi.
14. Bolalarga tibbiy xizmat ko’rsatish davlat maktabgacha ta’lim muassasasining tibbiyot xodimlari va ushbu muassasaga belgilangan tartibda biriktirilgan hududiy sog’liqni saqlash organlarining tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Tibbiyot xodimlari davlat maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlari bilan birgalikda bolalarning hayoti, sog’lig’i va jismoniy rivojlanishi, davolash-profilaktika tadbirlari o’tkazilishi, sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlariga, ovqatlanish rejimi va sifatiga rioya qilinishi uchun mas’uldirlar.
15. Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining tibbiyot xodimlari faoliyatini nazorat qilish hududiy sog’liqni saqlash organlari tomonidan amalga oshiriladi.
16. Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbariyati tomonidan tibbiyot xodimining faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar (alohida xizmat xonasi, mebel va tibbiy jihozlar, birinchi tibbiy yordam ko’rsatish uchun zarur bo’lgan dori-darmonlar) yaratib beriladi.
17. Davlat maktabgacha ta’lim muassasasi tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish sog’liqni saqlash tizimidagi malaka oshirish muassasalarida har uch yilda kamida bir marta bepul amalga oshiriladi.