Darslarda o`quvchilarning o`quv-biluv faoliyatini guruhlarda tashkil etish: Interfaol darslarda o`quv-biluv faoliyatni guruhlarda tashkil etishning o`ziga xosliklari mavjud. Bu shaklda sinfdagi o`quvchilar guruhlarga bo`linib, har bir guruhga aniq, alohida vazifalar beriladi. Har bir guruh alohida (ya’ni bir xil yoki tabaqalashgan) topshiriqlar ustida ishlaydi. Topshiriq o`zaro muloqotga asoslanadi yoki biror yetakchi rahbarligida tashkil etiladi. Guruhlarda topshiriq shunday amalga oshiriladiki, mashg`ulot yakunida har bir ishtirokchi yoki guruh a’zosining qanchalik hissa qo`shganligi hisobga olinadi. Guruhlar tarkibi doimiy bo`lmasligi mumkin, ular shunday tartibda shakllantiriladiki, topshiriqni bajarishda har bir guruh a’zosiga o`zining maksimal hissasini qo`shish imkoniyati, muhiti yaratiladi. Guruhlar turli kattalikda shakllantirilishi mumkin. Odatda guruhlarda 4-6 nafar a’zo ishtirok etadi. Uning tarkibiga beriladigan topshiqlarning mazmuni va xarakteriga qarab o`zgartirishlar kiritilishi mumkin. Guruhni shunday shakllantirish kerakki, har bir guruh tarkibida mustaqil ishlash ko`nikmalariga ega bo`lgan o`quvchilarning bo`lishi kutilgan natijalar beradi. Guruhli o`quv-biluv ishlarini tashkil etishda ayrim o`quvchilarning individual yordamga muhtojliklari seziladi. Shunday vaziyatlarda o`qituvchi tayyorgarlik darajasi yuqori bo`lmagan o`quvchilarga yordam berib borishi maqsadga muvoffiq. Guruhli o`quv-biluv faoliyati labaratoriya ishlari, amaliy mashg`ulotlar, tabiiy fanlardan tashkil etilgan amaliyot, nutq o`stirish mashg`ulotlari (dialog) matnlarni o`zlashtirish, Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari materiallarni o`rganish va mehnat darslarida juda qo`l keladi. Bu holatlarda guruhlarda o`zaro muloqot o`rnatish, mustaqil ishlash yaxshi natija beradi. Guruhli o`quv-biluv faoliyati yana o`quv-mavzuviy konferensiyalar, munozara, mushoira, debat, savol-javob, ma’lum mavzudagi kichik ma’ruzalar, qo`shimcha mashg`ulotlar, o`quv dasturlaridan tashqari mavzularni o`rganishda ham juda qo`l keladi. Bunday o`quv-biluv faoliyatida guruh a’zolari juda faollik ko`rsatadilar, o`z fikr, pozisiyalarini himoya qilish ko`nikmalari shakllanadi. Guruhdagi hamkorlikda, kuchli o`quvchilar kuchsiz o`quvchiga yordam berish bilan ularni qo`llab quvvvatlaydi, guruhda hamijodkorlik vujudga keladi. Guruhli o`quv-biluv faoliyatini tashkil etishda guruh a’zolari orasida vazifalar aniq taqsimlansa, o`zaro hamkorlik to`g`ri yo`lga qo`yilsa, samarali natijalar beradi. O`quvchilarning o`quv-biluv faoliyatini guruhli tashkil etishda quyidagi elementlar hisobga olinmog`i zarur; - O`quvchilarni guruhlarda ishlashga tayyorlash, o`quv topshiriqlarini aniq qo`yish, guruhda ishlash bo`yicha tushuncha berish, reglament o`rnatish. - O`quv topshiriqlarini bajarish bo`yicha reja tuzish, uni muhokama etish. Uni hal etish yo`llarini aniqlash va ishni olib borish bo`yicha o`zaro vazifalarni taqsimlash. - O`quv topshiriqlarini bajarish bo`yicha ishni tashkil eta olish. Guruhdagi ishni tashkil etishda ish jarayoni va a’zolar ish jarayonini kuzatish va zarur hollarda yordamga kelish. Guruhda topshiriqlarni bajarish jarayonida o`zaro tekshiruv va nazorat olib borishni yo`lga qo`yish. Guruhlarda topshiriqlarni bajarish natijalari bo`yicha axborot berish, sinfda munozaralar o`tkazish, ish jarayonining borishiga qo`shimcha va tuzatishlar kiritib borish. O`qituvchi tomonidan ishning natijalari bo`yicha xulosalar chiqarish va yakun yasash. Har bir guruhning ish natijalariga, sinf ishiga tahliliy baholar berish. Guruh ishining muvaffaqiyatli chiqishi o`qituvchining o`quv faoliyatini tashkil eta olish harakati, mahoratiga bog`liq. Ya’ni o`qituvchi guruhda ishtirok etayotgan har bir o`quvchining shaxsiy faoliyatini tashkil eta olishi, har bir o`quvchi o`qituvchi ko`magini olishi ishning borishi bilan pirovard natijani muvaffaqiyatli ko`rsata olishiga bog`liq. Guruhlar ishini o`quv biluv jarayonida tashkil etishda bir kator kamchiliklar sodir bo`lishi mumkin. Qiyinchiliklardan biri guruhlarni to`g`ri, maqsadli shakllantira olish va unda ishni tashkil eta olishdir. Guruhlarda ishlash jarayonida o`quvchilar ayrim qiyin topshiriqlar yechimini mustaqil yechishga qiynaladilar. Shu sababli guruhlarda ishni tashkil qilishda umumiy ishni tashkil etish bilan bir vaqtda individual ishlarni ham tashkil etishga to`g`ri keladi. Bunday hollarda ko`pincha yaxshi natijalarga erishish mumkin. Umuman o`quv predmetlari bo`yicha beriladigan topshiriqlarning qiyinchilik darajasiga qarab guruhda ijodiy muhit yaratiladi. Guruhlarda ishlash davrida o`qituvchi, o`quvchi-o`quvchi orasida o`zaro hamkorlik, o`zaro yordam muhiti o`rnatilsa, guruhlar ishi kutilgan natijalarni beradi.