Pedagogik texnologiya — bu tizimli fikr yuritish usulini pedagogikaga singdirish, boshqacha qilib aytganda, pedagogik jarayonni muayyan bir tizimga keltirishdir.
Pedagogik texnologiya — bu o`qitishga o`ziga xos yangicha (innovatsion) yondashuvdir. U pedagogikadagi ijtimoiy-muhandislik tafakkurining ifodalanishi, texnokratik ilmiy ongning pedagogika sohasiga ko`chirilgan tasviri, ta’lim jarayonining muayyan standartlashuvi hisoblanadi. (B. L. Farberman.) Pedagogik texnologiya — ta’limning rejalashtiriladigan natijalariga erishish jarayoni tafsiloti. ( I.P. Volkov.) Pedagogik texnologiya — texnika resurslari, odamlar va ularning o`zaro ta’sirini hisobga olgan holda ta’lim shakllarini optimallashtirish vazifasini qo`yuvchi o`qitish va bilimlarni o`zlashtirishning hamma jarayonlarini yaratish, qo`llash va aniqlashning tizimli metodi (YUNESKO). Pedagogik texnologiya — turli mualliflar (manbalar)ning barcha ta’riflari mazmunini o`zida mujassam etuvchi umumlash-tirishdan iborat. ( G. K. Selevko.) Pedagogik texnologiya — o`qituvchi mahoratiga bog`liq bo`lmagan holda pedagogik muvaffaqiyatni kafolatlay oladigan, o`quvchi shaxsini shakllantirish jarayonining loyihasidir. (V.P. Bespalko.) Pedagogik texnologiya — o`quv jarayonining o`quvchilar va o`qituvchi uchun so`zsiz qulay sharoitlar ta’minlashni loyihalash, tashkil qilish va o`tkazish bo`yicha hamma detallari o`ylab chiqilgan birgalikdagi pedagogik faoliyat modeli. (V. M. Monaxov.) Pedagogik texnologiyaning ijtimoiy asosi - har bir shaxs jamiyat va davlatning ta’lim-tarbiya sohasidagi ehtiyojlaridan kelib chiqadi va yoki ehtiyojlarni qondirishning maqsad va talablarini, tashkiliy shakllari va usullarini belgilaydi. U shaxsning, jamiyatning va davlatning rivojlanishida asosiy omillardan hisoblanadi.
Pedagogik texnologiyaning didaktik asosi - uning ta’lim-tarbiya qoida va tamoyillarga muvofiqligini belgilaydi. Pedagogik texnologiyaning didaktik jihatdan to`g`ri bo`lishi uning yuqori samaradorligining zaruriy sharti hisoblanadi.