O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta-maxsus ta’lim vazirligi namangan davlat universiteti hayotiy faoliyat xavfsizligi kafedrasi yong’in va yonish-portlash xavfsizligi namangan-2022


-ma’ruza. Elektr jihozlariga qo’yiladigan yong’in xavfsizligi talablari



Yüklə 0,55 Mb.
səhifə4/13
tarix16.12.2023
ölçüsü0,55 Mb.
#182993
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13
Yong\'in va yonish-portlash xavfsizligi — 4-kurs

4-ma’ruza. Elektr jihozlariga qo’yiladigan yong’in xavfsizligi talablari
Energetika tashkilotlari uchun yong‘in xavfsizligi
Yong‘in xavfsizligining tashkiliy talablari
1. Ushbu Qoidalar energetika tashkilotlarining elektr stansiyalari va kichik stansiyalaridagi texnologik uskunalarni ekspluatatsiya qilish sharoitlari inobatga olingan holda ularda yong‘in xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan asosiy talablarni belgilaydi.
1-§. Yong‘in xavfsizligining tashkiliy talablari
2. Ushbu Qoidalarning talablari energetika tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda — tashkilotlar), shuningdek, ularning asosiy va yordamchi sexlari va inshootlarining texnologik uskunalarini ekspluatatsiya qiluvchi, ta’mirlovchi (rekonstruksiya qiluvchi), sozlovchi va sinovchi, sozlash, qurilish-montaj va boshqa tashkilotlarning barcha boshqaruv xodimlari, ishlab chiqarish xodimlari, texnik xodimlar va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar tarkibiga kiruvchi muhandis-texnik xodimlari (keyingi o‘rinlarda — MTX), ishchi va xizmatchilari uchun majburiydir.
3. Tashkilotlar rahbarlari yong‘in xavfsizligini ta’minlash uchun mas’uldir.
4. Tashkilotlarning rahbarlari quyidagilarga majbur:
barcha muhandis-texnik xodimlar, xizmatchilar va ishchilar tomonidan ushbu Qoidalarning o‘rganilishi va bajarilishini tashkil qiladi.
yong‘in-texnik komissiyani (keyingi o‘rinlarda — YOTK) va ko‘ngilli yong‘in o‘chirish drujinalarini (keyingi o‘rinlarda — KYoO‘D) tashkil etish masalasini ko‘rib chiqadi;
obyektlarning yong‘in xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish bo‘lim va bo‘linmalari hamda ularga tegishli yong‘in-qutqaruv qismlarini, shuningdek, idoraviy yong‘indan saqlash xizmatini tegishli xizmat, maishiy va yordamchi binolar, kerakli yong‘in o‘chirish texnikasi bilan ta’minlaydi;
ishlab chiqarishning yong‘in xavfini pasaytirish hamda yong‘in ro‘y berganda insonlar va moddiy boyliklarning xavfsizligini ta’minlashga yo‘naltirilgan innovatsion texnik yechimlarni ishlab chiqish va joriy etishni ta’minlaydi;
tasdiqlangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishiga zarur bo‘lgan mablag‘larni ajratgan holda yong‘in xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan yillik va istiqbolli dasturlarning ishlab chiqilishini, shuningdek, bajarilishini ta’minlaydi;
ushbu Qoidalarga 1-ilovaga muvofiq hududda, ishlab chiqarish binolarida (sexlar, laboratoriyalar, ustaxonalar, omborlar va boshqalarda), shuningdek, ma’muriy va yordamchi xonalarda yong‘inga qarshi qati rejim o‘rnatadi;
tashkilot va pudratchi tashkilotlar xodimlari tomonidan uskunalarni ta’mirlashda, rekonstruksiya qilishda va qurilish-montaj ishlarini olib borishda payvandlash va boshqa yong‘in chiqish xavfi bo‘lgan ishlarni bajarish hamda tashkil qilishda aniq tartiblarni belgilaydi;
har bir ishlab chiqarish uchastkasi va binosi bo‘yicha yong‘in xavfsizligi uchun javobgar shaxslarni tayinlash, jihozlar, yong‘inga qarshi suv ta’minoti, yong‘in haqida avtomatik ravishda xabar berish va o‘chirish qurilmalari, shuningdek, boshqa yong‘in o‘chirish vositalari va yong‘in o‘chirish texnikasining texnik holati, ta’mirlanishi va ularning normal ekspluatatsiya qilinishi yuzasidan doimiy nazoratni ta’minlash uchun sexlar o‘rtasidagi xizmat ko‘rsatish zonalari chegaralarini belgilash, ishlab chiqarish, yordamchi va omborxona binolariga kirish eshiklariga yong‘inga qarshi holat uchun javobgar shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi va telefon raqami, portlab-yonish xavfi bo‘yicha toifasi, Elektr qurilmalarning tuzilishi qoidalari talablariga asosan zonalarning toifalari ko‘rsatilgan yozuvlar o‘rnatilishini ta’minlaydi;
tashkilotning yong‘in xavfsizligi holatini, yong‘inni payqash, signalizatsiya va o‘chirish, suv bilan ta’minlash tizimlari, xabar berish, aloqa va yong‘inga qarshi himoyaning boshqa tizimlari, texnik vositalarning ishga yaroqliligini doimiy tekshirish tartibini o‘rnatadi. Yong‘inga olib kelishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf qilish uchun zarur bo‘lgan choralarni ko‘radi;
obyekt bo‘yicha yong‘in xavfsizligi xizmatining jangovar qobiliyatini, u tomondan shartnoma majburiyatlari bajarilishini, shuningdek, KYoO‘Dning jangovar qobiliyatini davriy ravishda tekshiradi va ularning ishlarini yaxshilashga qaratilgan zarur choralar ko‘radi;
ish kunining yakunida MTX tarkibiga kiruvchi javobgar shaxslar tomonidan yordamchi binolarning yong‘inga qarshi holati (ularni yopishdan oldin) ko‘zdan kechirilishi va ko‘zdan kechirish natijalarini tegishli tuzilmaviy bo‘linmaning maxsus jurnaliga yozilishi tartibini aniqlaydi;
elektr energetikasi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan yong‘inga qarshi chora-tadbirlarni, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda — “O‘zenergoinspeksiya”) va yong‘in xavfsizligi xizmati organlarining yong‘in xavfsizligi masalalari bo‘yicha yozma ko‘rsatmalari bajarilishini ta’minlaydi;
yong‘inga qarshi targ‘ibot tadbirlarini (sex, uchastka va bo‘limlarning yong‘inga qarshi holati bo‘yicha jamoatchilik ko‘riklari, KYoO‘D a’zolarining musobaqalari va tanlovlar) o‘tkazadi;
tasarrufidagi obyektlarda har bir sodir bo‘lgan yong‘in haqida yuqori turuvchi tashkilotga xabar beradi, yong‘inlar sabablari va oqibatlarini o‘rganish uchun tashkilotning tajribali mutaxassislaridan iborat komissiya tayinlash uchun tegishli buyruq va farmoyishlar qabul qiladi hamda yong‘inga qarshi chora-tadbirlarni ishlab chiqadi.
5. Sexlar, laboratoriyalar, bo‘limlar, ustaxonalar va boshqa ishlab chiqarish uchastkalari hamda obyektlari yong‘in xavfsizligi holati uchun ularning rahbarlari, rahbarlari bo‘lmagan vaqtda esa, ularning vazifasini bajaruvchi shaxslar javobgar bo‘ladilar.
6. Tashkilotning tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, sex, podstansiya, laboratoriya, ustaxona, ombor va boshqa tuzilmalari boshliqlari, shuningdek, yong‘in xavfsizligi uchun javobgar boshqa mansabdor shaxslar quyidagilarga majburdirlar:
ularga ishonib topshirilgan uchastkalarda yong‘inga qarshi belgilangan rejimga rioya etilishini va yong‘in xavfsizligining asosiy talablari, ya’ni hududlarni, bino, inshoot, laboratoriya va xonalarni, avtotransport garajlari, yoqilg‘ini saqlash va tashish inshootlari, chang tayyorlash, issiqlik, energetika qurilmalari, taqsimlash tuzilmalari va omborxonalarning ushbu Qoidalarga 1-ilovadagi talablarga muvofiq saqlanishini, shuningdek, yong‘in xavfsizligini oshiruvchi chora-tadbirlarning belgilangan muddatlarda bajarilishini ta’minlash;
biriktirilgan uchastkalarda yong‘inga qarshi belgilangan tartibga rioya qilinishini, shuningdek, odamlarni xavfsiz evakuatsiya qilish, telefonlar, yong‘in haqida xabar beruvchi qurilmalar va yong‘in o‘chirish vositalari oldiga erkin borish yo‘llarini ta’minlash;
texnologik uskunalarning texnik talablarga va loyihaviy yechimlarga mos ravishda soz va normal ishlashini ta’minlash. Aniqlangan nosozliklar yong‘inga yoki o‘t olishga olib kelishi mumkin bo‘lsa, zudlik bilan ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
bo‘ysunuvidagi xodimlarning yong‘in-texnik tayyorgarligini tashkil etish va ulardan yong‘inga qarshi rejimga rioya etishni va belgilangan yong‘in xavfsizligi, ayniqsa, ishlab chiqarish texnologiyasi bo‘yicha majburiyatlarni bajarishni talab qilish;
har bir ish joyi smena davomida ko‘zdan kechirilishi kerak va u yong‘in xavfsizligi qoidalarining buzilishlari mavjud bo‘lganda, ishlarning olib borilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
sex xodimlari va pudratchi tashkilotlar tomonidan ta’mirlash ishlari olib borilganda yong‘in xavfsizligi talablari bajarilishi bo‘yicha nazoratni ta’minlash. Ish yakunlangandan so‘ng ish joylari va xonalarning yig‘ishtirilishi, navbatchi yoritgichlar va texnologik jarayonlarning kechayu-kunduz ishlashini ta’minlaydigan elektr qurilmalaridan tashqari elektr tarmog‘ining uzilishi ustidan nazorat o‘rnatish;
uchastkadagi mavjud yong‘in o‘chirish, aloqa, signalizatsiya vositalarini va yong‘in o‘chirish avtomatikasining turli qurilmalarini ishga yaroqli holatda hamda qo‘llashga doimiy shay holatda saqlash uchun tartib va javobgarlikni belgilash;
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi O‘ta muhim, toifalangan va qo‘riqlanadigan obyektlarda yong‘in xavfsizligi boshqarmasi, obyektlarni yong‘in xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish bo‘limlari, YOTK va KYoO‘D obyektning yong‘in xavfsizligini ta’minlashga yo‘naltirilgan barcha talablarini o‘z vaqtida bajarish;
yong‘inga xavfliligi xususiyatlari noma’lum bo‘lgan moddalar va materiallar olinganda, ularning yong‘inga xavfliligiga tegishli muassasa hamda tashkilotlar orqali aniqlik kiritilgunga qadar qo‘llashni taqiqlash, bu haqda rahbarlar, mutaxassislar, xizmatchilar va ishchilarga ko‘rsatmalar berish;
ushbu Qoidalar bandlarini obyektdagi har bir buzilishi bo‘yicha uning yuzaga kelishiga imkoniyat yaratib bergan barcha holatlarni aniqlash, bunday holatlarni bartaraf etish va keyinchalik ularga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kerakli chora-tadbirlarni ishlab chiqishga majburdir.
7. Sex, podstansiya, laboratoriya, ustaxona va omborlarning holatini nazorat qilish tezkor xodimning majburiyatiga kiradi. Tezkor xodim quyidagilarga:
sex xodimlari va pudratchi tashkilotlar tomonidan ta’mirlash ishlarini o‘tkazishda va ish tugagandan keyin yong‘in xafvsizligi talablari bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlash, tozalikni nazorat qilish, ish tugagandan keyin elektr tarmog‘ini o‘chirishni, avariyaviy va navbatchi yoritish, xonalarda va uzluksiz texnologik jarayonli uskunalarda yong‘inni aniqlash va o‘chirish tizimlarining ishlashini nazorat qilish;
xodimlarga xavf tug‘diradigan va uskunaning ish rejimini buzuvchi yong‘in, avariya yoki boshqa xavfli omillar yuzaga kelganda zudlik bilan yong‘in bo‘linmalarini chaqirish choralarini ko‘rish, tashkilot rahbariyatini xabardor qilish, yong‘in zonasidagi elektr uskunalarini tokdan uzib qo‘yish, uni o‘chirish va xodimlarni evakuatsiya qilish (zarurat bo‘lganda), shuningdek, uskunaning normal ish rejimini tiklashga majburdir.
8. Ushbu Qoidalar asosida har bir sex, laboratoriya, ustaxona, ombor, ma’muriy binolar va boshqa inshootlar uchun yong‘in xavfsizligi choralari haqida aniq yo‘riqnomalar ishlab chiqilgan bo‘lishi va ular ko‘rinarli joylarga osib qo‘yilishi shart.
9. Yo‘riqnomalar sohadagi yuqori turuvchi energetika xo‘jalik boshqaruvi organlarining tegishli farmoyishlari, obyektning yong‘inga qarshi holatining tahlili asosida, shuningdek, birinchi rahbar o‘zgarganda, davriy ravishda kamida 3 yilda bir marta qayta ko‘rib chiqilishi shart.
10. Tashkilotda davlat standartlari bilan belgilangan xavfsizlik belgilari qo‘llanilishi hamda yong‘inga qarshi rejim plakatlari va alohida talablar osib qo‘yilishi shart.
11. Tashkilotdagi har bir xodim yong‘in xavfsizligining belgilangan qoidalarini, yo‘riqnoma va talablarini aniq bilishi va ularga amal qilishi, o‘zining ish joyida, boshqa xonalarda va tashkilot hududida yong‘inga qarshi tadbirlarni bajarishi, yong‘in sodir bo‘lganda esa zudlik bilan yuqori turuvchi rahbarga yoki tezkor xodimga yong‘in sodir bo‘lgan joy haqida xabar berishi hamda xavfsizlik choralarini ko‘rgan holda mavjud yong‘in o‘chirish vositalari yordamida yong‘inni o‘chirishga kirishishi shart.
12. Ish uchastkasida, sexda yoki tashkilotning boshqa joylarida yong‘in xavfsizligi talablari buzilganda, yong‘in uskunasidan boshqa maqsadda foydalanilganda, tashkilotning har bir ishchisi darhol qonunbuzarni bu haqda ogohlantirishi va yong‘in xavfsizligi uchun javobgar shaxsga yoki tashkilot rahbariga xabar berishi kerak.
13. Ushbu Qoidalarning buzilishida aybdor shaxslar qilgan harakati yoki harakatsizligi tavsifiga va ularning oqibatiga qarab, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq intizomiy, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladilar.
14. Ma’muriy yoki ishlab chiqarish binolarini ijaraga berganda yong‘in xavfsizligi qoidalari va me’yorlari talablariga rioya qilish bo‘yicha javobgarlik ushbu binolarni ijaraga olganlarga va tashkilot rahbariga yuklatiladi. Javobgarlik chegarasi ijara shartnomasida belgilangan bo‘lishi shart.
2-§. Xodimlarni tayyorlashni tashkil etishning asosiy talablari
15. Tashkilotning issiqlik elektr stansiyalari (keyingi o‘rinlarda — IES), gidroelektr stansiyalari (keyingi o‘rinlarda — GES) va elektr tarmoqlari barcha MTX, ishchi va xizmatchilari yong‘in-texnik sohasi bo‘yicha bilim olish va uni chuqurlashtirish, mavjud yong‘indan himoya vositalaridan foydalanish malakasini oshirish, yong‘in yuzaga kelganda to‘g‘ri va xavfsiz harakat qilish va jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish maqsadida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tishlari kerak.
16. MTX, ishchi va xizmatchilarni yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tayyorlash quyidagi (har bir tashkilot tomonidan o‘zining ixtisosligi bo‘yicha ishlab chiqiladigan) asosiy nizomlardan iborat:
yong‘in xavfsizligi bo‘yicha kirish yo‘l-yo‘rig‘i;
tarkibiy bo‘linmalarda ish joyida o‘tkaziladigan birlamchi, davriy, rejadan tashqari va maqsadli yo‘l-yo‘riqlar, ularning mavzusiga albatta, yong‘in xavfsizligi masalalari kiritiladi;
xodimlarni maxsus tayyorlash;
energetika tizimining yong‘in xavfi yuqori bo‘lgan ishlarida ishlaydigan xodimlar (mazut xo‘jaligi (keyingi o‘rinlarda — MZX), gaz, ko‘mir va kabel xo‘jaligi, elektr tarmoqlari) uchun yong‘in-texnik minimum bo‘yicha mashg‘ulotlar;
yong‘inga qarshi mashg‘ulotlar o‘tkazish;
o‘quv markazlarida bilim (malaka) oshirish, shuningdek, yong‘inga qarshi himoya bo‘yicha texnik o‘quvlar, seminarlar va maqsadli yig‘ilishlar (konferensiyalar) o‘tkazish;
yong‘in xavfsizligi qoidalarini o‘rganish va ular bo‘yicha bilim sinovini o‘tkazish.
17. Har bir tashkilotda birinchi rahbarning buyrug‘i bilan quyidagilar belgilanadi:
tegishli tarkibiy bo‘linmalarning yong‘in-texnik minimumi dasturi bo‘yicha o‘qishi kerak bo‘lgan MTX, ishchi va xizmatchilarning ro‘yxati;
MTX, ishchi va xizmatchilarning yong‘in xavfsizligi bo‘yicha shaxsiy guvohnomalari va tegishli jurnallarga yozgan holda bilim sinovi o‘tkazishning tartibi va davriyligi.
18. Tashkilotga ishga kirayotgan barcha MTX, ishchi va xizmatchilar, shuningdek, vaqtincha ishga qabul qilinganlar, ishlab chiqarish amaliyotini o‘tayotgan o‘quvchilar va talabalar yong‘in xavfsizligi bo‘yicha kirish yo‘l-yo‘rig‘inidan o‘tishlari shart. Odatda kirish yo‘l-yo‘rig‘i yangidan ishga kirayotganlar uchun korxananing ko‘rgazmali qo‘llanmalar (plakatlar, sxemalar, maketlar va boshqalar), shuningdek, tashkilotda mavjud yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari, yong‘in inventari va yong‘in aloqasi va signalizatsiyasi vositalari bilan jihozlangan maxsus xonasida o‘tkaziladi.
19. Kirish yo‘l-yo‘rig‘ini mutaxassis — yong‘in xavfsizligi bo‘yicha muhandis-inspektor o‘tkazadi. U yo‘q bo‘lganda — tashkilot bo‘yicha buyruq bilan belgilangan mutaxassis yoki yangi ishchini qabul qilayotgan tarkibiy bo‘linma boshlig‘i o‘tkazadi. Yong‘in xavfsizligi bo‘yicha kirish yo‘l-yo‘rig‘i mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha kirish yo‘rig‘i bilan birgalikda o‘tkazilishi mumkin.
Kirish yo‘l-yo‘rig‘i o‘tkazilganligi shakli ushbu Qoidalarga 2-ilovada keltirilgan maxsus jurnalda yozib qo‘yiladi.
20. Yong‘in xavfsizligi bo‘yicha kirish yo‘l-yo‘rig‘i shu maqsadda maxsus jihozlangan xonada o‘tkaziladi va o‘z oldiga yangidan qabul qilinayotgan xodimni quyidagilar bilan tanishtirishni maqsad qilib qo‘yadi:
tashkilot yoki podstansiya hududida, sexlarida va boshqa obyektlarda bajarish kerak bo‘lgan yong‘in xavfsizligining umumiy qoidalari;
u ishga kirayotgan joydagi ishlab chiqarish uchastkasida yong‘in xavfsizligi xususiyatlari;
yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalarini qo‘llashning asosiy qoidalari va ularni qo‘llashda xavfsizlik choralari;
yong‘in haqida mavjud vositalar va tizimlar bilan e’lon qilish va yong‘in xavfsizligi xizmatini chaqirish tartibi;
elektr qurilmalarida yong‘inni o‘chirish xususiyatlari.
21. Yong‘in xavfsizligi bo‘yicha kirish yo‘l-yo‘rig‘ini o‘tmagan shaxslarni ishga qo‘yishga ruxsat berilmaydi.
22. Birlamchi, takroriy (davriy) va rejadan tashqari yo‘l-yo‘riqlar o‘tkazilganda (ishlab chiqarish uchastkasi, ustaxona, laboratoriya, ombor) javobgar mansabdor shaxslari tomonidan ularning mavzusiga yong‘in xavfsizligi masalalari, albatta, kiritiladi.
Ko‘rsatilgan yo‘l-yo‘riqlar ishchilar va xizmatchilar bir sexdan boshqasiga o‘tganda o‘tkazilishi shart. Yo‘l-yo‘riq tugagandan keyin bilim va ko‘nikmalarni tekshirish o‘tkaziladi, materiallar yetarli o‘rganilmaganda takroriy yo‘l-yo‘riq, bilim sinovi bilan o‘tkaziladi. O‘tkazilgan yo‘l-yo‘riqlar haqida ushbu Qoidalarga 3-ilovada keltirilgan shakldagi jurnalga qayd etiladi.
23. Yong‘in xavfi yuqori bo‘lgan ishlarni bajaradigan xodimlar bilan maxsus ishlab chiqilgan dastur bo‘yicha yong‘in-texnik minimumi mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Bunda ishlab chiqarishning yong‘in xavfsizligi tavsifi, mavjud o‘t o‘chirish vositalarining xususiyatlari hamda yuzaga kelgan yong‘in va kuyishlar hisobga olinadi. Yong‘in-texnik minimumida yuqori xavfli yong‘in yuzaga kelganda va keyinchalik kuchaygan sharoitda xodimlarni ishlashga tayyorlash maqsad qilib qo‘iladi.
Xodimlar yong‘in-texnik minimumi bo‘yicha tayyorgarliklar tugaganidan keyin tegishli hujjatlar (bayonnoma, qaydnoma) bilan rasmiylashtiriladigan sinovlarni topshiradilar.
24. Tashkilotda boshqaruv xodimlari va MTXlarning yong‘inlarning oldini olish va yong‘inga qarshi himoya bo‘yicha ishlarda faol qatnashishlarini ta’minlash maqsadida doimiy faoliyat yuritadigan yong‘in-texnik komissiyasini (keyingi o‘rinlarda — YOTK) tashkil etish maqsadga muvofiqdir.
25. YOTK tarkibiga tashkilot rahbarining buyrug‘iga asosan faoliyati texnologik jarayonlarni, elektr qurilmalari, suv ta’minoti tizimlari, aloqa, ishlab chiqarish avtomatikasi va yong‘inga qarshi avtomatik himoya hamda shu kabilardan foydalanish va ularga xizmat ko‘rsatishni tashkil etish hamda o‘tkazish bilan bog‘liq boshqaruv xodimlari va MTX vakillari, shuningdek, idoraviy yoki ko‘ngilli yong‘in o‘chirish xizmatlari rahbarlari hamda favqulodda vaziyat va ishlab chiqarish nazorati, mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi bo‘limlari hamda xizmatlarining yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislari, kasaba uyushmalari va boshqa vakillik tashkilotlarining vakillari kiritiladi.
Odatda, YOTK raisi lavozimiga tashkilotning bosh muhandisi, kotib lavozimiga esa tashkilotning mexnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi bo‘limi yoki xizmatining yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mutaxassisi tayinlanadi.
Yong‘in-texnik komissiyalari o‘z ishlarini Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 28-martdagi 89-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yong‘in-texnika komissiyalarini tashkil etish va ularning faoliyati tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq olib borishlari kerak.
26. Tashkilotlarda yong‘inga qarshi rejimni yaxshilash, yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari holatini nazorat qilish va yuzaga kelgan o‘t olish va yong‘inlarni o‘chirishni tashkil qilishni takomillashtirish buyicha chora-tadbirlarni o‘tkazish uchun KYoO‘D tashkil qilinadi. KYoO‘Dni tashkil qilish va uning tarkibi sonini aniqlash, shuningdek, uning a’zolarini sug‘urta qilish tashkilot rahbariga yuklanadi.
27. KYoO‘D tarkibiga MTX, ishchi va xizmatchilar ko‘ngilli ravishda ularning yozma arizalariga binoan tashkilot bo‘yicha buyruq asosida kiritiladi.
28. KYoO‘D tarkibi shunday tashkil etilishi kerakki, unda har bir sex yoki smenada uning a’zosi bo‘lsin.
29. KYoO‘D boshlig‘i va uning o‘rinbosari mutaxassislardan yoki sex ma’muriyatidan belgilanadi. KYoO‘D boshlig‘i o‘qitishlarni, mashq o‘tkazilishini, shuningdek, yong‘inni o‘chirish vositalarining nazorati bo‘yicha ishlarni rejalashtiradi.
30. KYoO‘D a’zolari har bir obyektda yong‘in xavfsizligi qoidalarini aniq bilishi va ularga rioya qilishi kerak, shuningdek, ularni boshqalardan talab qilishi, yong‘in o‘chiruvchi statsionar qurilmalar va yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalarining ishlashga tayyorligini nazorat qilishi, yong‘in yuzaga kelganda esa zudlik bilan uni o‘chirishga kirishishi lozim.
31. Tashkilot rahbari KYoO‘D boshlig‘i yoki uning o‘rinbosarining, shuningdek, yong‘in-texnik komissiyasi tavsiyalarini kamida 6 oyda bir marta eshitadi va obyektda (sexda) yong‘inga qarshi rejimni yaxshilash bo‘yicha tegishli choralar ko‘radi.
32. Tashkilot xodimlarini yong‘inni bartaraf etishda tez va to‘g‘ri harakatlanishga o‘rgatish uchun yong‘inga qarshi, shu jumladan, yong‘in bo‘linmalari bilan hamkorlikdagi mashg‘ulotlar o‘tkazilishi shart. Yong‘inga qarshi mashg‘ulotlarni avariyaga qarshi mashg‘ulotlar bilan birga o‘tkazishga ruxsat beriladi.
33. Yong‘inga qarshi mashg‘ulotlarni o‘tkazish xodimlarni o‘qitishdagi asosiy shakllardan biridir. Yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari va harakatlanuvchi texnika (yong‘in avtomashinalari, motopompalar va boshqalar) yordamida haqiqiy yong‘in o‘choqlarini o‘chirishda amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lish uchun tashkilot hududidagi yong‘in trenajeridan yoki energetika tizimi poligonidan foydalanish kerak. Yong‘inga qarshi mashg‘ulotlarni obyektda va poligonda navbatma-navbat o‘tkazish zarur.
3-§. Yong‘in xavfsizligi bo‘yicha asosiy hujjatlar
34. Har bir tashkilotda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha quyidagi hujjatlar ishlab chiqilgan bo‘lishi kerak:
quvvatidan qat’i nazar, barcha issiqlik va gidravlik elektr stansiyalari va 500 kV kuchlanishli podstansiyalar uchun yong‘inni o‘chirish tezkor rejasi;
yong‘inni o‘chirish tezkor varaqalari;
tashkilotda yong‘in xavfsizligi choralari to‘g‘risida umumiy yo‘riqnoma;
sexlar, kabel xo‘jaliklari, laboratoriyalar, ustaxonalar, omborlar va boshqalarda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha yo‘riqnoma;
yong‘inni o‘chirish qurilmalariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yo‘riqnoma;
yong‘in signalizatsiyasi qurilmalariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yo‘riqnoma;
yong‘inga qarshi mashg‘ulotlar o‘tkazish, xodimlarni o‘qitish va bilim sinovidan o‘tkazish, yong‘indan himoya tizimlarini texnik nazorat qilish rejalari va grafiklari.
35. Tashkilotda ishlab chiqilayotgan yong‘in xavfsizligi bo‘yicha va boshqa hujjatlar amaldagi yong‘in xavfsizligi qoidalariga (keyingi o‘rinlarda — YoXQ), xavfsizlik texnikasi qoidalariga (keyingi o‘rinlarda — XTQ), texnik ekspluatatsiya qilish qoidalariga (keyingi o‘rinlarda — TEQQ) va yo‘riqnomalarga asoslanishi va tegishli tarkibiy bo‘linmalarda bo‘lishi kerak. Yong‘in xavfsizligi choralari to‘g‘risida umumiy yo‘riqnomaning bitta nusxasi, yong‘inni o‘chirishning tezkor rejasi va yong‘inni o‘chirish tezkor tezkor varaqalari tashkilotning bosh (markaziy) boshqaruv shchitida bo‘lishi shart.
36. TEQQ talablariga muvofiq tashkilotning bosh muhandisi tomonidan har bir bo‘linma (sex) va ishlab chiqarish xizmati uchun zarur yo‘riqnomalar hamda yong‘inni o‘chirish texnologik sxemalari ro‘yxati tasdiqlanishi kerak.
37. Umumiy yo‘riqnoma tashkilot rahbari tomonidan obyektning yong‘in muhofazasi organi (mavjud bo‘lgan taqdirda) bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Umumiy yo‘riqnomada quyidagilar aniqlanishi kerak:
hududni, shu jumladan, yo‘llar, suv manbalari, bino va inshootlarga kirish yo‘llarini saqlanishiga talablar;
bino, xona va inshootlarning saqlanishiga va yong‘inda odamlar xavfsizligini ta’minlash talablari;
yong‘inga qarshi rejim va uning bajarilishi bo‘yicha tashkilotdagi barcha xodimlarning majburiyatlari;
tashkilotda pudratchi va chet tashkilotlar tomonidan bir martalik va vaqtinchalik ishlarni tashkil qilishni hamda ularning bajarilishiga ruxsat berish;
suv manbalarini, yong‘inni o‘chirish, yong‘in signalizatsiyasi va aloqa vositalarining saqlanishini, shuningdek, yong‘in xavfsizligi xizmatini chaqirish tartibini va boshqa tashkiliy masalalar;
yong‘in xavfsizligi holati uchun javobgarlik.
38. Sexlar, kabel xo‘jaliklari, laboratoriyalar, ustaxonalar, omborlar va boshqa binolar va xonalardagi yong‘in xavfsizligi choralari haqidagi yo‘riqnomalar ushbu bo‘linmalar rahbariyati tomonidan yong‘in xavfsizligi bo‘yicha muhandis-inspektor bilan birgalikda ishlab chiqiladi. Obyektning yong‘in muhofazasi organi (tashkilotda mavjud bo‘lgan taqdirda) bilan kelishiladi va bosh muhandis tomonidan tasdiqlanadi.
Ushbu yo‘riqnomalarda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha aniq talablar bo‘lishi shart, aynan:
yong‘inga qarshi rejim;
yong‘in xavfsizligiga rioya etmaslik natijasida o‘t olish yoki yong‘in kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ishlab chiqarishning texnologik jarayonlari uchun yong‘inga qarshi maxsus tadbirlar;
texnologik qurilmalar, apparatlar va agregatlarni ishga tushirishga tayyorlashda va ta’mirlashdan so‘ng ulardagi yong‘in xavfsizligi choralari;
sex, laboratoriya, ustaxona, ombor va boshqalarda yong‘in chiqishi xavfi bo‘lgan moddalar va materiallarni saqlash tartibi va me’yorlari;
ochiq olovli apparatlarni qo‘llash rejimlari va doimiy ravishda yong‘in chiqishi xavfli bo‘lgan ishlarni (elektr payvandlash, gaz bilan kesish va boshqalar) bajarish uchun maxsus uskunalar bilan jihozlangan uchastkalarni tashkil etish;
binolardan yonuvchi materiallarni yig‘ish, ularni saqlash va chiqarib tashlash, maishiy isitish asboblaridan foydalanish, maxsus kiyimlarni va hokazolarni saqlash tartibi;
yong‘inni o‘chiruvchi mavjud vositalarni saqlash va ularni texnik nazorat qilish bo‘yicha majburiyatlarni taqsimlash tartibi;
yong‘in sodir bo‘lganda xodimlarning harakati, KYoO‘D a’zolarini va yong‘in xavfsizligi boshqarmasini chaqirish usuli, shuningdek, boshqa chora-tadbirlar;
texnologik uskunalarni to‘xtatish va ventilatsiyani o‘chirish tartibi, yong‘inni o‘chirish vositalarini qo‘llash bo‘yicha asosiy ko‘rsatmalar, xodimlarni va moddiy boyliklarni, shuningdek, portlash yuzaga kelishiga yoki yong‘inning tez tarqalishiga sabab bo‘ladigan materiallarni evakuatsiya qilish hamda xonalarni yopishdan oldin ularni ko‘zdan kechirish tartibi.
39. Yong‘inga qarshi suv bilan ta’minlaydigan tizimlari, yong‘inni payqash va o‘chirish qurilmalarini ekspluatatsiya qilish bo‘yicha yo‘riqnomalar — namunaviy idoraviy yo‘riqnomalar, shuningdek, loyihaviy hujjatlar va o‘rnatilgan uskunalarning pasport ma’lumotlari asosida ishlab chiqilishi shart.
Yo‘riqnomalar quyidagilarni:
yong‘indan himoya va suv ta’minoti qurilmalariga tashkilotning tegishli bo‘linmalari tomonidan texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha javobgarlik zonalarini belgilash;
mehnat xavfsizligi talablarini inobatga olgan holda texnologik uskunalarni va ularning ta’mirlanishi, avtomatika va boshqaruv tizimlarining texnik nazorati;
texnik hujjatlarni yuritish bo‘yicha talablarni;
xodimlarni tayyorlash talablari, shuningdek, yong‘indan himoya qurilmalari va suv ta’minotiga xizmat ko‘rsatish yuzasidan javobgarlikni tartibga solishi kerak.
Tashkilot tomonidan xorijiy davlatlarning texnika va texnologiyalari sotib olinganda, ularning yong‘in xavfsizligini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan yong‘in xavfsizligi talablariga zid bo‘lmagan yo‘riqnomalar hamda pasport ma’lumotlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Yo‘riqnomalarga mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda boshqa talablar ham kiritilishi mumkin. Yo‘riqnomalar tashkilotning bosh muhandisi (texnik direktori) tomonidan tasdiqlanadi va TEQQda belgilangan muddatlarda qayta ko‘rib chiqiladi.
40. Uskunalarni, bino va inshootlarni, boshqaruv, himoya, telemexanika, aloqa tizimlarini va avtomatik boshqarish tizimlarining (keyingi o‘rinlarda — ABT) texnik vositalari kompleksini ekspluatatsiya qilish bo‘yicha yo‘riqnomalarga yong‘in xavfsizligiga doir aniq talablar va yong‘in yuzaga kelganda xodimlarning vazifalari alohida bo‘lim sifatida kiritilishi shart.
41. Yong‘inni o‘chirishning tezkor rejasi O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi (keyingi o‘rinlarda — FVV) yong‘in qutqaruv bo‘linmalari xodimlari tomonidan energetika obyekti ma’muriyati bilan hamkorlikda tashkilotlarda yong‘in o‘chirish operativ rejasi va kartochkalarini tuzish bo‘yicha metodik ko‘rsatmalar asosida ishlab chiqiladi va obyektning yong‘in muhofazasi boshlig‘i (agar tashkilotda mavjud bo‘lsa) yoki tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i va tashkilotning birinchi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Mazut xo‘jaligi va suyuq yoqilg‘ining boshqa turlari saqlanadigan omborlarga yong‘inni o‘chirish rejasi alohida tuziladi.
42. Yong‘inni o‘chirishning tezkor rejasi matn va jadval qismdan iborat bo‘lishi shart.
Yong‘in o‘chirishning tezkor rejasi asosiy hujjat hisoblanadi va u quyidagilarni:
yong‘in yuzaga kelganda tashkilot xodimlarining harakatini, yong‘in zonasida joylashgan elektr qurilmalarini o‘chirish tartibini;
yong‘inni o‘chirish uchun yozma ruxsat berishni;
yong‘inni o‘chirishga kelayotgan bo‘linmalar bilan hamkorlikda harakat qilish tartibini;
mehnat xavfsizligi talablarini hisobga olib, yong‘inni o‘chirish uchun kuch va vositalarni kiritish sharoitlarini;
yong‘in texnikasini oqilona joylashtirishni va boshqalarni belgilaydi.
43. Yong‘inni o‘chirishning tezkor rejasi quyidagi hollarda:
energetika obyekti kengaytirilganda yoki rekonstruksiya qilinganda;
yong‘inni o‘chirishda yoki yong‘inga qarshi mashg‘ulotlarda (o‘quv mashg‘ulotlarida) xodimlarning va yong‘in bo‘linmalarining harakatlarida kamchilik aniqlanganda;
yong‘in xavfsizligi bo‘yicha yangi normativ hujjatlar qabul qilinganda qayta ko‘rib chiqishi va unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi shart.
44. Yong‘inni o‘chirish tezkor rejasini qayta tasdiqlash — energetika obyektining rahbari yoki obyekt yong‘in muhofazasi boshlig‘i (agar mavjud bo‘lsa) o‘zgarganda amalga oshirilishi kerak.
45. Yong‘inni o‘chirish tezkor rejasining asosiy me’yorlari tashkilot ishchilariga yong‘in-texnik minimum bo‘yicha mashg‘ulotlarda va davriy yo‘l-yo‘riqlar vaqtida yetkazilishi shart.
46. Yong‘in sodir bo‘lganda, tashkilot xodimlarining oqilona harakatini ta’minlash va vaqtni qisqartirish maqsadida kabel inshootlarining har bir bo‘limi (xonasi), generator, transformator bo‘yicha navbatchi xodimlarning asosiy harakatlarini belgilovchi yong‘in o‘chirish tezkor varaqalari ishlab chiqiladi.
47. Tezkor varaqalar bosh muhandis tomonidan tasdiqlanadi va elektr stansiya smena boshlig‘ida (sex, blok smena boshlig‘i), podstansiyaning, elektr tarmoq tashkilotlarining navbatchi dispetcherida saqlanadi. Zarur bo‘lgan hollarda tezkor varaqalar tegishli hududiy dispetcherlik xizmati bilan kelishiladi.
48. Tezkor varaqalar quyidagi hollarda:
ishlab chiqarishning prinsipial sxemasi o‘zgarganda, ta’mirlash o‘tkazilganda, tashkilot kengaytirilganda yoki rekonstruksiya qilinganda;
yong‘in o‘chirilgandan yoki yong‘inga qarshi mashg‘ulotlar o‘tkazilgandan so‘ng xodimlar harakatining natijasi bo‘yicha aniqlashtiriladi.
49. Bosh muhandis yoki tegishli sex rahbari o‘zgarganda xodimlar harakatlarini belgilovchi tezkor varaqalar qayta tasdiqlanishi kerak.

Yüklə 0,55 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin