3
KIRISH
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan so‘ng
ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlar hayotga izchil joriy etila
boshlandi. Respublikaning bozor iqtisodiyotiga o‘tib borishi, xususiy
mulkchilik va avtomobil sanoatining vujudga kelishi,
chet ellar bilan
teng huquqli iqtisodiy aloqalarning yo‘lga qo‘yilishi, fuqarolarning
moddiy farovonligi ortib borishi tabiiy ravishda avtomobil yo‘llarida
va shahar ko‘chalarida harakat miqdorining (yangi tayyorlanayotgan
haydovchilar hisobiga) ortib borishiga olib kelyapti.
Bir paytlar
respublika bo‘yicha har 1000 nafar aholiga 35 dona yengil avtomobil
to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich yanada ortib
boryapti. Hozirda Toshkent shahri va viloyatining o‘zida har 1000
nafar aholiga 100 donadan ko‘p yengil avtomobil to‘g‘ri kelyapti.
Bu ko‘rsatkichga hozirda foydalanilayotgan
yuk avtomobillari va
avtobuslarning miqdori qo‘shilsa, aholining ma’lum bir qismini va
ularning yuklarini xususiy tashuvchilar tashiyotganini hisobga olinsa,
sodir etilayotgan yo‘l-transport hodisalarining 75% haydovchilarning
aybi bilan sodir etilayotganini e’tiborga olinsa, haydovchilarni
tayyorlash va qayta tayyorlash masalasi – eng
dolzarb masala ekanini
ko‘rish mumkin.
Ushbu o‘quv qo‘llanma yuqoridagi masalani hal etishga
qaratilgan dastlabki qadam bo‘lib, unda avtomobillarni boshqarish
jihozlaridan foydalanish texnikasi, avtomobillarni har xil yo‘l
sharoitlarida
xavfsiz boshqarish asoslari, yo‘l-transport hodisalari,
ularning turlari va tahlili, avtotransport
korxonalarida harakat
xavfsizligini ta’minlash kabi masalalar ko‘rib chiqilgan.
Mualliflar o‘quv qo‘llanmani tayyorlashda va chop etishga
tavsiya berishda o‘zlarining tanqidiy mulohazalari va ko‘rsatmalari
bilan ishtirok etgan t.f.n. dotsent N.F.
Muxitdinovga, t.f.n.,
dotsent D.M. Darabovga, TAUKHK o‘qituvchilari J. Samiyevga,
S.O. Mirshaxo‘jayev va D.R. Xamrayevga o‘z minnatdorchiliklarini
bildiradilar.