8. Mustaqillik – me’yoriy-huquqiy asoslarining yaratilishi. Yangi Konstitutsiyaning qabul qilinishi va uning tarixiy ahamiyati. Davlat ramzlari. Mustaqillik tomon qo‘-yilgan dastlabki qadamlardan biri-bo‘lajak suveren Respublikaning Konstitutsiyasini tayyorlash g‘oyasi I.A.Karimov tomonidan 1990-yilni mart oyida ilgari surildi. Ko‘p o‘tmay shu -yilning iyun oyida Oliy Kengashning ikkinchi sessiyasida Respublika Prezidenti rahbarligida 64 kishidan iborat Konstitutsiyaviy Komissiya tuzildi.
Komissiya Konstitutsiya loyihasini tayyorlash jarayonida xalqaro huquq qoidalariga, Birlashgan Millatlar Tashkilotining hujjatlariga, Butunjahon inson huquqlari Deklaratsiyasiga amal qildi. Dunyoning ko‘pgina taraqqiy etgan va rivojlanayotgan mamlakatlarining konstitutsiyaviy hujjatlari o‘rganib chiqildi. Shu bilan birga boy tariximizdagi davlat boshqaruv tizimi va adolatli qonunshunoslik an’analari ham chuqur o‘rganildi.
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi o‘z mohiyati va ahamiyati jihatidan Sovet davridagi Konstitutsiyalardan, xususan, 1978-yilgi O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasidan tubdan farq qilishi kerak edi. Sotsialistik O‘zbekiston Konstitutsiyasi o‘zining mazmuni, ruhi bilan sobiq Ittifoq Konstitutsiyasidan kelib chiqib, O‘zbekistonni bu Ittifoqqa qo‘l-oyog‘i bilan zanjirband etdi. Sinfiylik, partiyaviylik g‘oyalari bilan sug‘orilgan Konstitutsiya g‘oyat darajada mafkuralashtirildi va siyosiylashtirildi. Inson manfaatlariga nisbatan davlat manfaatlari ustun qo‘-yildi.
Mustaqillik Konstitutsiyasi loyihasida O‘zbekistonda yuz bergan tarixiy o‘zgarishlar hisobga olindi. Xususan, O‘zbekiston mustaqilligini qonunlashtirish, iqtisodiyotda bozor munosabatlariga o‘tishning shartlari, davlat va jamiyat qurilishida demokratik tizimning tamo-yillari, inson huquqining ustuvorligi ifodasini topdi. Konstitutsiyada bayon etiladigan masalalarni birma-bir o‘rganib chiqish uchun 35 kishidan iborat ishchi guruh va har bir bo‘limini alohida tayyorlaydigan kichik guruhlardan iborat komissiyalar tashkil etildi.
Ishchi guruh va komissiyalar 1991-yil oktyabrida Konstitutsiyaning birinchi, 1992-yil bahorida ikkinchi nusxasini tayyorladi va shu nusxasi 1992 -yil 26 sentyabrida umumxalq muhokamasi uchun matbuotda e’lon qilindi. Joylardan tushgan minglab takliflar o‘rganib chiqilib, noyabr oyida ikkinchi marta matbuotda bosib chiqildi.
Tuzatishlar va aniqlashlardan keyin mustaqil O‘zbekiston Respublikasining Asosiy Qonuni 1992 -yil 8-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining XII chaqiriq XI sessiyasida qabul qilindi.
Mustaqillik Konstitutsiyasi muqaddima, olti bo‘lim, 26 bob, 128 moddadan iborat bo‘ldi. U „Mustaqillik deklaratsiyasi“, „O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida“ gi Qonunda mustahkamlangan tamoyillar va g‘oyalarni o‘zida to‘la mujassamlashtirdi, ularni rivojlantirdi.
Birinchi bo‘limda Konstitutsiyaning asosiy prinsiplari bayon etilib, unda Davlat suvereniteti, xalq hokimiyatchiligi, Konstitutsiya va qonunning ustunligi, tashqi siyosatning bosh yo‘nalishlari o‘z ifodasini topdi. Asosiy Qonunning Ikkinchi bo‘limi 35 moddadan iborat bo‘lib, Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlariga bag‘ishlangan. Bunda, O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari bir xil huquq va erkinliklariga ega ekanligi, O‘zbekistonning butun hududida yagona fuqarolik o‘rnatilganligi, fuqarolarning shaxsiy huquqlari va erkinliklari, vijdon erkinligi va uning kafolatlanishi yoritilgan. Insonning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishga bevosita hamda o‘z vakillari orqali qatnashishlari, siyosiy partiyalar va harakatlarga qo‘shilish huquqlari ta’kidlab ko‘rsatilgan.
Asosiy Qonunda fuqarolarning mulkdor bo‘lishi, mehnat qilish, nafaqa olish, o‘z vaqtida dam olish, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish, bilim olish huquqlariga ega ekanligi aniq qilib bayon etilgan va bu huquqlari va erkinliklari davlat tomonidan ta’minlanadi deb taqqoslab qo‘-yilgan. Barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qo‘-yilgan burchlarni, chunonchi, qonunlarga rioya qilish, xalqimizning tarixiy, ma’naviy meroslarini avaylab saqlash, atrof tabiiy muhitni asrash, soliqlar va mahalliy yig‘imlarni o‘z vaqtida to‘lash, Vatanni himoya qilish kabi burchlari majburiy ekanligi ta’kidlangan.
Konstitutsiyaning «Jamiyat va shaxs» bo‘limida O‘zbekiston iqtisodiyoti bozor munosabatlariga asoslanishi, uning negizini xilma-xil mulk shakllarining teng huquqga ega ekanligiga kafolat berildi. Ishbilarmonlik, tadbirkorlik va tashabbuskorlik harakatiga keng yo‘l ochib berildi va mulkdorlar tabaqasini vujudga keltirish tamo-yillari ishlab chiqildi. Jamiyat ijtimoiy birlashmalari, oila va ommaviy axborot vositalarining o‘rni aniq bayon etib berilgan.
O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi, O‘zbekiston Respublikasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘zaro munosabatlariga maxsus to‘rtinchi bo‘lim ajratilgan.
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyatining tashkil etilishi beshinchi bo‘limda (50-modda) o‘z ifodasini topgan. Davlat va hokimiyat organlari, Prezident, Vazirlar mahkamasining vakolatlari, ularni shakllantirish yo‘llari aniq va ravshan bayon etilgan. Shu bilan birga bu bo‘limda mahalliy hokimiyat organlari, sud va Prokuratura, Davlat Mudofaasi masalalari o‘z ifodasini topgan.
Mustaqillik Konstitutsiyasining qabul qilinishi g‘oyat katta siyosiy, huquqiy va xalqaro ahamiyatga ega bo‘ldi. Asosiy Qonunimiz mamlakatda demokratik tamo-yillarni amalga oshirish, xalqimizni huquqiy ma’naviy va mafkuraviy tarbiyalashda katta o‘rin tutmoqda.
I.Karimovning «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini o‘rganishni tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoyishiga asosan Konstitutsiyaning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini o‘rganish, yosh avlodning huquqiy ongi, tafakkuri va madaniyatini yuksaltirish, uning mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish uchun 20 kishidan iborat maxsus komissiya tuzildi.
O‘zbekiston Respublikasining Asosiy qonuni, pasporti hisoblanuvchi Konstitutsiya sobiq Ittifoq davridagi barcha Konstitutsiyalardan tubdan farq qiladi. Birinchidan, yangi qabul qilingan Konstitutsiya mustaqil O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi bo‘lib, barcha moddalari haqiqiy mustaqillik g‘oyalari bilan sug‘orilgan. Ilgarigi Konstitutsiyalar esa O‘zbekistonning mustaqilligini ta’minlay olmaydigan, respublikaning „suveren“ ligi haqida quruq so‘zlar yozilgan, huquqiy qoidalari qog‘ozda qolib ketadigan, rasmiy bir hujjat edi. Ikkinchidan, yangi Konstitutsiya ijodkor xalqimizning xohish-irodasi va dono fikr-mulohazalari asosida va jahonda to‘plangan eng ilg‘or Konstitutsiyaviy rivojlanish tajribasini va milliy davlatchiligimiz xususiyatlarini hisobga olgan holda mustaqil ishlab chiqildi. Ilgarigi Konstitutsiyalar esa Markaziy hokimiyat tomonidan tayyorlangan Ittifoq Konstitutsiyasi nusxalaridan ko‘chirib olinar edi. Shu boisdan ham yangi Asosiy qonunimiz mustaqil O‘zbekistonning birinchi Konstitutsiyasi hisoblanadi.
O‘zbekiston mustaqil davlat deb e’lon qilingan kunning o‘zidayoq mustaqil davlat ramzlarini joriy qilish yuzasidan amaliy choralar ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasining Davlat Bayrog‘i to‘g‘risida, respublika gerbining nusxasi va Davlat madhiyasining musiqiy bayoni haqida maxsus qaror qabul qilindi. Unda Konstitutsiya komissiyasining ekspert guruhiga Davlat bayrog‘ining variantlari ustida ishlashni davom ettirish, Oliy Kengashning tegishli qo‘mitalariga Konstitutsiya komissiyasi ijodiy guruhi bilan hamkorlikda Davlat bayrog‘i, madhiyasi haqida qonun loyihalarini ishlab chiqib, navbatdagi sessiyaga taqdim etish topshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 18 noyabrida bo‘lib o‘tgan VIII sessiyasi «O‘zbekiston Respublikasining Davlat Bayrog‘i to‘g‘risida» qonun qabul qildi. O‘zbekiston Respublikasining Davlat Bayrog‘i ulug‘ ajdodlarimizning aqida va maslaklariga mos keluvchi, millat tabiati va xalqimiz ruhiyatidan kelib chiqib, uning milliy va ma’naviy jihatlarini ham o‘zida aks ettirmog‘i kerak edi. Mamlakatimiz davlat bayrog‘i yurtimizning o‘tmishi, bugungi kuni va kelajagi yorqin ramzi bo‘lib qoldi.
1992 -yil 2 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X sessiyasida «O‘zbekiston Respublikasining davlat gerbi» to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Davlat gerbidagi har bir belgi chuqur ma’noga ega. Gerb rangli tasvirda bo‘lib, xumo qushi kumush rangda, quyosh, boshoqlar, paxta chanog‘i va «O‘zbekiston» degan yozuvlar tilla rangda, g‘o‘za shoxlari, barglari va vodiylar yashil rangda, tog‘lar havo rangida, chanoqdagi paxta, daryolar, yarim oy va yulduz oq rangda. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i tasvirlangan lenta to‘rt xil rangda berilgan. Milliy valyutamiz — so‘mda ham Davlat gerbi o‘z ifodasini topgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992 -yil 10 dekabrida bo‘lib o‘tgan XII sessiyasida «O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Sessiyada shoir Abdulla Oripov va bastakor Mutal Burxonov tomonidan tayyorlangan madhiya nusxasi tasdiqlandi.
Davlat madhiyasi davlat mustaqilligining timsoli bo‘lib, u O‘zbekiston fuqarosida vatanparvarlik tuyg‘ularini uyg‘otadi. O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi jamoatchilik oldida ijro etilganida ishtirokchilar uni tik turib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib kuylaydilar va tinglaydilar.