O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti «O‘zbekiston tarixi» kafedrasi


O‘zbekistonda parlament tizimi va undagi islohotlar. O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylik tizimining shakllanishi



Yüklə 1,8 Mb.
səhifə23/99
tarix15.01.2023
ölçüsü1,8 Mb.
#79271
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   99
UMK (2022-23)

2. O‘zbekistonda parlament tizimi va undagi islohotlar. O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylik tizimining shakllanishi.
O‘zbekistonda oliy davlat vakillik organi–parlamentni shakllantirishda xalqaro tan olingan huquqiy tamoyillarga va rivojlangan davlatlar tajribasiga tayanildi.
„Parlament“ fransuzcha „parler“–gapirmoq so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, rasmiy so‘zlashish joyi ma’nosini anglatadi.
Parlament davlatning oliy vakillik organi hisoblanadi va qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi.
Parlament qonun bo‘yicha belgilangan sondagi deputatlardan iborat bo‘lib, hududiy saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida belgilangan yoshga to‘lgan fuqarolardan saylanadi. Parlament tarixi asrlar bilan o‘lchanadi.
Parlamentarizm g‘oyasi milodning birinchi ming yillik bo‘sag‘asida Rimda, Angliya, Fransiya, Ispaniyada xalq majlislari shaklida vujudga kelib, davlat hokimiyati darajasiga ko‘tarilgunga qadar yana bir necha taraqqiyot bosqichlaridan o‘tgan.
Parlament Angliyada 1215-yilda qabul qilingan „Erkinlikning Buyuk Xartiyasi“ dan boshlanadi va 1265 yilda davlat hokimiyatining vakillik organi sifatida ta’sis etiladi.
Parlament xorijiy mamlakatlarda turlicha nom bilan yuritiladi. Masalan: AQSH va Lotin Amerikasi mamlakatlarida Kongress, Buyuk Britaniyada Parlament, Finlandiya va Polshada Seym, Germaniyada Bundestag, O‘zbekistonda Oliy Majlis va hokazo.
O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilingan paytda 1990-yil fevralda saylangan qonun chiqaruvchi hokimiyat organi – Oliy Kengash faoliyat ko‘rsatdi.
O‘zbekiston demokratik islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish yo‘lidan borib, birdaniga Oliy Kengashni tarqatib yubormadi. U 1990-1994 yillarda qonun chiqaruvchi hokimiyat organi sifatida faoliyat ko‘rsatdi.
Mustaqil O‘zbekistonning taraqqiyoti dastlab sobiq Ittifoq tuzumidan meros bo‘lib qolgan qonunlar doirasida boshlandi. Shu boisdan, Oliy Kengash O‘zbekistonning mustaqilligini huquqiy jihatdan mustahkamlash, demokratik islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan yangi qonunchilik tizimini vujudga keltirish yo‘lidan bordi va uni qadam-baqadam shakllantira boshladi.
Oliy Kengash mamlakatimiz tarixida birinchi bor 1990-yil 24-mart kuni O‘zbekiston Prezidentini sayladi, Mustaqillik deklaratsiyasini, O‘zbekistonning davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonunni va boshqa muhim hujjatlarni ishlab chiqdi va qabul qildi.
1990-1994 yillarda Oliy Kengash 200 ga yaqin qonun va 500 dan ziyod qaror qabul qildi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida demokratik tamoyillarga asoslangan yangi parlamentni shakllantirishning huquqiy asoslari belgilab berildi.
Uning 76-moddasida: „O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi“,–deb belgilab qo‘yilgan.
Konstitutsiyaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida bir palatali parlament – Oliy Majlisni shakllantirishga kirishildi.
1993-yil 28-dekabrda bo‘lib o‘tgan Respublika Oliy Kengashining XIV sessiyasida „O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovlar to‘g‘risida“, 1994-yil 22-sentabrda bo‘lib o‘tgan XVI sessiyada „O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi to‘g‘risida” Qonunlar qabul qilindi. Ularda qonunchilik sohasida tub islohotlarni amalga oshirish zaruriyati kun tartibiga qo‘yiladi.
Oliy Majlis oliy davlat vakillik organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi, hududiy saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida besh yil muddatga saylanadigan 250 nafar deputatdan iborat bo‘lishi belgilanadi.
Saylov kunigacha 25 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari parlamentga saylanish huquqiga egadirlar. Bunda ularning kelib chiqishi, ijtimoiy va moddiy ahvoli, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabati, faoliyat turi bo‘yicha hech qanday cheklashlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shu bilan birga, „Oliy Majlisga saylovlar to‘g‘risida“gi Qonunda belgilanganidek, sudlangan, saylov tayinlangan kungacha o‘tgan 5 yil mobaynida O‘zbekiston hududida yashamagan, harbiy ixtisosli, diniy xizmatchi fuqarolar deputatlikka nomzodlar ro‘yxatiga olinmaydilar.
Hokimiyatni taqsimlash tamoyilini amalda bajarish maqsadlaridan kelib chiqib, shu narsa belgilab qo‘yilganki, hukumat a’zolari, sudyalar, prokuratura organlarining mansabdor shaxslari, vazirlik idoralari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslari (viloyat, tuman, shahar hokimlari bundan mustasno) Oliy Majlis deputati bo‘la olmaydilar.
Mamlakatimizda ilk bor yangi parlamentga bo‘lgan saylovlar muvaffaqiyatli yakunlandi. Bu demokratik yo‘l bilan parlamentni shakllantirishning mamlakatimiz tarixidagi dastlabki tajribasi bo‘ldi.
Qonunlarni ishlab chiqishning asosiy yo‘nalishlarini hisobga olgan holda Oliy Majlisning quyidagi 12 ta qo‘mitasi tashkil etildi:
• Byudjet, bank va moliyaviy masalalar bo‘yicha.
• Iqtisodiy islohotlar va ishbilarmonlikni rivojlantirish bo‘yicha.
• Qonunchilik va sud-huquq masalalari bo‘yicha.
• Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar bo‘yicha.
• Fan, ta’lim, madaniyat va sport bo‘yicha.
• Sanoat, energetika, transport, aloqa va aholiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha.
• Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va oziq-ovqat bo‘yicha.
• Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha.
• Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish masalalari bo‘¬yicha.
• Qurilish va uy-joy xo‘jaligi bo‘yicha.
• Matbuot va axborot bo‘yicha.
• Mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha.
O‘zbekiston parlamenti Birinchi sessiyada hokimiyat vakillik organlaridan saylangan 120 kishidan iborat deputatlar blokini, 69 deputatdan tarkib topgan Xalq demokratik partiyasi fraksiyasini, 47 deputatni uyushtirgan „Adolat“ sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasini, 14 deputatdan iborat „Vatan taraqqiyoti“ partiyasi fraksiyasini ro‘yxatga oldi. Mazkur partiya fraksiyalari qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilishda faol qatnashdilar.
Shu tariqa, Oliy Majlis faoliyatida ko‘ppartiyaviylik tamoyili qaror topdi.
Sessiya qarori bilan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) instituti joriy etildi va vakil huzurida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishi komissiyasini tuzish haqida qaror qabul qilindi.
Birinchi sessiyada „O‘zbekiston Respublikasida deputatlarning maqomi to‘g‘risida“gi Qonun qabul qilindi, Oliy Majlis Raisi rahbarligida “Oliy Majis qo‘mitalari va komissiyalari to‘g‘risidagi Nizom” qabul qilindi.
Parlamentning ishini tashkil etish uchun Oliy Majlis Raisi rahbarligida Oliy Majlis Kengashi tuzilib, uning tarkibiga Oliy Majlis Raisi o‘rinbosarlari, qo‘mitalarning raislari, Mandat komissiyasi raisi, parlamentdagi deputatlar bloki va fraksiyalarning rahbarlari kiritildi.
Oliy Majlis birinchi sessiyasida qabul qilingan qonunlar va qarorlar parlament faoliyatini zamon talablari darajasida tashkil etish, uning ishini tashkiliy jihatdan puxta uyushtirish imkonini berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining tuzilishi (1995-2004 yillar) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi o‘zining shakllanishi, o‘z faoliyatini tashkil etish tartibotlari, ish yuritish mazmun-mohiyati bilan yangi, zamonaviy parlament bo‘lib, avvalgi Oliy Kengashdan butunlay farq qiladi.
Birinchidan, mustaqillikkacha bo‘lgan davrda Respublika Oliy Kengashi rasman O‘zbekiston davlat hokimiyatining oliy organi deb hisoblansa-da, u qonun chiqarishda mustaqil emasdi, markaz tomonidan qabul qilingan qonunlarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirar edi, xolos. Oliy Majlis esa mustaqil O‘zbekiston davlatining oliy vakillik organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni mustaqil amalga oshiradi. Oliy Majlis faoliyatida xorijiy davlatlarning parlamentlari bilan hamkorlik qilish yo‘lga qo‘yildi.
Ikkinchidan, mustaqillikdan oldin Oliy Kengash sayloviga hokimiyat organlari tomonidan yakka-yu yagona nomzod tavsiya etilardi va saylanardi. Oliy Majlisga esa deputatlar saylovi ko‘ppartiyaviylik va muqobillik asosida o‘tkaziladi. Oliy Majlis vakillik hokimiyatini vujudga keltirishning jahonda e’tirof etilgan demokratik tamoyillari asosi¬da shakllandi.
Uchinchidan, avvalgi saylovlarda Oliy Kengashni shakllantirish jarayonida ishchilar, kolxozchi dehqonlar, ziyolilarning o‘rni va soni oldindan belgilab qo‘yilar edi.Oliy Majlisga saylovlarni tashkil qilishda sinfiy yondashuv nodemokratik tamoyil sifatida rad etildi. Oliy Majlis deputatlari turli partiya va harakatlarning vakillaridan iborat nomzodlar orasidan muqobillik asosida saylanadi. Respublika fuqarolari saylovlarda, nomzodlarning ijtimoiy kelib chiqishini emas, aksincha, ularning ishchanlik sifatlarini va saylovoldi dasturlarining mazmun-mohiyatini inobatga olib ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
To‘rtinchidan, mustaqillikkacha bo‘lgan davrda Oliy Kengash professional parlament shaklida faoliyat yuritolmas edi.
Uning vazifalarini Oliy Kengash Prezidiumiga saylangan kichik bir guruh deputatlargina doimiy ishlab amalga oshirardilar, xolos. Oliy Majlis faoliyatida esa deputatlarning bir qismi doimiy (professional) asosda ishlamaydi. Deputatlarning ko‘pchilik qismi esa oldingi xizmat vazifalarini deputatlik vakolati bilan qo‘shib olib boradi, saylovchilari bilan yaqindan aloqada va muloqotda bo‘ladi. Deputatlar saylovchilarga Oliy Majlisda qanday qonunlar muhokama qilinayotgani va qabul etilayotgani haqida xabardor qilib turadi, hayotning qaynoq nuqtalarida aholi bilan birga bo‘ladi.
Mustaqillik yillarida Oliy Majlisning xalqaro parlamentlar bilan aloqalari o‘rnatildi va chuqurlashdi. O‘zbekiston Milliy parlamentida Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar bo‘yicha guruh tuzildi, respublikaning Parlamentlararo ittifoq, evropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Parlament assambleyasi va evroparlament bilan aloqalari yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston parlamentining birinchi sessiyasida ta’sis etilgan Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) instituti xalqaro amaliyotni o‘rganish asosida ishlab chiqilgan va Oliy Majlis Rayosati tomonidan tasdiqlangan Nizom asosida faoliyat olib boradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasida qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lgan sub’ektlar aniq belgilab qo‘yilgan.
Birinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 1995-1999 yillarda 15 ta sessiya o‘tkazdi. Sessiyalarda 10 ta kodeks, 2 ta milliy dastur, 145 qonun, 452 qaror qabul qilindi. Amaldagi qonunlarga jami 216 ta qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi.
Shuningdek, Oliy Majlis 70 ta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qildi (tasdiqladi), xalqaro konvensiyalarga qo‘shilish to‘g‘risida 58 ta qaror qabul qildi.
O‘zbekistonda Konstitutsiya asosida siyosiy partiyalar faoliyatini huquqiy tartibga soluvchi tegishli qonunchilik tizimi shakllandi.
Mustaqillikka erishganimizdan buyon shu kunga qadar siyosiy partiyalar faoliyatini huquqiy tartibga soluvchi bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Misol uchun, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida”, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlar, “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunlar bu borada muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Mustaqillik sharofati bilan O‘zbekistonda siyosiy partiyalarning shakllanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va „Jamoat tashkilotlari to‘g‘risida“ gi Qonunda jamoat birlashmalarining huquqiy maqomlari belgilab berildi.
O‘zbekiston fuqarolari siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar. Siyosiy partiyalar turli tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalaydilar va o‘zlarining demokratik yo‘l bilan saylab qo‘yilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tuzishda ishtirok etadilar.
O‘zbekiston Respublikasining „Siyosiy partiyalar to‘g‘risida“gi (1996-yil 25-dekabr) Qonunida siyosiy partiyalar faoliyatining huquqiy asoslari yanada rivojlantirildi va mustahkamlandi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda demokratik jamiyatning qonuniy belgisi bo‘lgan ko‘p partiyaviylik shakllandi, jamoat tashkilotlari tubdan yangilandi. O‘zbekistonda 4 ta siyosiy partiya, 2 ta ijtimoiy harakat, faoliyat ko‘rsatdi. Siyosiy partiyalar mamlakatimiz fuqarolarining siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, aholining, ayniqsa, saylov jarayonlarida xohish-irodasi va fikrini ifodalash vositasiga aylanib bormoqda.
2007-yilda qabul qilingan „Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida“gi Konstitutsiyaviy qonun siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi roli va ahamiyatini tubdan kuchaytirdi.
Bosh vazir lavozimiga nomzod bo‘yicha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashish tartibi, uning parlament tomonidan tasdiqlanishi qat’iy belgilab qo‘yildi.
Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyalariga Bosh vazirni iste’foga chiqarish, mahalliy kengashlardagi partiya guruhlariga esa viloyat hokimlarini iste’foga chiqarish to‘g‘risida tashabbus bilan chiqish huquqlari berildi. Bularning barchasi siyosiy partiyalarning mamlakat hayotidagi o‘rni va ta’siri ortib borayotganidan dalolat beradi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi 1991 yil 1 noyabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan ta’sis qurultoyida tashkil topgan. Ushbu qurultoyda uning Dasturi va Nizomi qabul qilindi. O‘zbekiston XDP 1991-yil 15-noyabrda Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olindi. Partiyaning 218 viloyat, shahar va tuman kengashlari, 13665 boshlang‘ich tashkiloti faoliyat ko‘rsatdi. 400 mingdan ko‘proq a’zolari bor edi. O‘zbekiston XDPning „O‘zbekiston ovozi“, „Golos Uzbekistana“ gazetalari va „Muloqot“ jurnali nashr etildi.
1995-yil 18-fevralda O‘zbekiston „Adolat“ sotsial-demokratik partiyasi (SDP) tuzildi. Partiyaning Toshkentda II ta’sis qurultoyida uning Dasturi va Nizomi qabul qilindi.
Adliya vazirligi 1995-yil 18-fevralda „Adolat“ SDPni ro‘yxatga olgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2010-yildagi qarori bilan „Adolat“ sotsial-demokratik partiyasining 19 kishidan iborat deputatlari fraksiyasi ro‘yxatga olingan edi. O‘zbekiston „Adolat“ SDP safida 30 mingdan ortiq a’zo bor edi.
O‘zbekiston „Milliy tiklanish“ demokratik partiyasi (O‘zMTDP) 1995-yil 3-iyunda Toshkentda bo‘lib o‘tgan ta’sis qurultoyida tuzildi va partiyaning Dasturi va Nizomi qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 1995-yil 9-iyunda O‘zMTDP ni ro‘yxatga olgan.
1998-yil 28-dekabrda O‘zbekiston „Fidokorlar“ milliy demokratik partiyasi tashkil topdi. Partiyaning 1998-yil 28-dekabrdagi ta’sis konferensiyasida uning Dasturi va Nizomi tasdiqlangan. Toshkentda 20-iyun (2008-y.) kuni O‘zbekiston „Fidokorlar“ milliy demokratik partiyasi va O‘zbekiston „Milliy tiklanish“ partiyasining birlashuv qurultoyi bo‘lib o‘tdi.
Qurultoyda O‘zbekiston „Milliy tiklanish“ demokratik partiyasi va „Fidokorlar“ milliy demokratik partiyasini birlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
2003-yil oxirlarida O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi tashkil topdi. Uning maqsadi tadbirkorlar va ishbilarmonlar manfaatini himoya qilish, jamiyat hayotini yanada erkinlashtirishdan iborat. O‘zLiDePning „XXI ASR“ haftalik gazetasi nashr etilmoqda.
1995-yil may oyida jamoatchilikning tashabbusi bilan O‘zbekiston „Xalq birligi“ harakati tashkil etildi. Adliya vazirligi mazkur harakatni 1995 yil 9 iyunda ro‘yxatga oldi. Harakatning asosiy maqsadi O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha millatlar va elatlarni jipslashtirish, ularning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan huquq va erkinliklarini kafolatlash, mamlakatda millatlararo totuvlik, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni mustahkamlashdan iborat. O‘zbekiston „Xalq birligi“ harakatining oliy organi qurultoy bo‘lib, u 4 yilda bir marta chaqirildi. Unda rahbar organlar saylandi. O‘zbekiston „Xalq birligi“ harakati tarkibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, shahar va tuman kengashlari hamda boshlang‘ich tashkilotlari ish olib bordi.
Qo‘yidagilar siyosiy partiyalarga a’zlo bo‘la olmaydilar:
Sudyalar;
Prokuror va prokuratura tergovchilari;
Ichki ishlar organlari, milliy xavfsizlik xizmati xodimlari;
Harbiy xizmatchilar,
Xorijiy davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
Siyosiy partiyalarga a’zolik yakka tartibda qayd etiladi.
Siyosiy partiya fraksiyasi Oliy majlis fraksiyalari siyosiy partiyalar va davlat hokimiyati vakillik organlari tomonidan ko‘rsatilgan va ularning mansubligiga qarab uyushgan deputatlar birlashmasidir. Ular tegishli vakillik organlari va siyosiy partiyalar manfaatini ko‘zlaydi, masalalarni muhokama etishda ishtirok etib umumiy fikrga erishishga harakat qiladi.

Yüklə 1,8 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   99




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin