11-ma’ruza. Harakatlar strategiyasidan – taraqqiyot strategiyasi sari. (2 soat)
REJA Kirish.
Strategiya tushunchasining mazmun-mohiyati.
Harakatlar strategiyasining ilmiy-nazariy asoslari.
2017-2021-yillarda O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari.
Bizning vazifamiz – to‘plangan tajriba va ilg‘or xalqaro
amaliyotga suyangan holda, o‘zimizning taraqqiyot va yangilanish
modelini qat’iy amalga oshirishdan iborat.
Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Kirish
Mamlakatda Prezident Sh.Mirziyoyevning bevosita tashabbusi va rahbarligida qabul qilingan hamda izchil amalga oshirilayotgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi taraqqiyotning yangi bosqichini boshlab berdi.
Olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatni modernizatsiya qilish hamda hayotning barcha sohalarini liberallashtirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan ushbu Strategiya mamlakatni modernizatsiyalash yo‘lidagi bosh dasturulamal bo‘ldi.
Harakatlar strategiyasi uzoq yillarga mo‘ljallangani uchun uni har yili Davlat dasturi qabul qilish orqali amalga oshirish belgilab olindi va 2017 yildagi vaziflarini ro‘yobga chiqarish maqsadida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, 2018 yil – “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”, 2019 - “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”, 2020 yil – “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturlari qabul qilindi.
Harakatlar strategiyasi asosida jamiyat hayotining barcha sohalarini yanada erkinlashtirish va isloh qilish jarayonlari izchil davom ettirildi. Qaysi soha yoki tarmoqda bo‘lmasin, dolzarb muammolar aholi bilan ochiq muhokama qilinib, ularning echimini topishga erishildi. Barcha qarorlarni xalqning fikr-mulohazalari va murojaatlari asosida qabul qilish esa, islohotlarning tez va samarali amalga oshirilishida muhim ahamiyat kasb etdi.
Har bir soha faoliyati ulkan ta’sir kuchiga ega bo‘lgan, fuqarolik jamiyatining ajralmas qismi bo‘lgan jamoatchilik nazorati ostida rivojlanishi zarurligini kun tartibiga qo‘ymoqda. Bunday muhitda insonning davlat, jamiyat va o‘zi oldida mas’uliyatni to‘la his etib yashashi, so‘zi bilan ishi bir bo‘lishiga rioya etish fazilatlari asosiy mezon sifatida namoyon bo‘ladi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilgan tub islohotlar va tadbirlar kishilarda ishchanlik kayfiyatini yanada kuchaytirdi va fuqarolik pozitsiyasini qat’iy mustahkamladi, davlat va jamiyat boshqaruvida har bir kishining ishtirokini kengaytirdi, mansabdor shaxslar tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarda odamlarning manfaati yanada kengroq e’tirof etila boshlandi.
Bu jarayonning amaliy natijalari, belgi va xususiyatlari bugungi kunda jamiyat hayotining barcha jabhalarida, eng muhimi, xalqimizning ongu tafakkuri, intilish va harakatlarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Shu ma’noda, Harakatlar strategiyasi O‘zbekistonn tez sur’atlar bilan o‘zgarayotgan zamon talablari asosida jadal rivojlantirishning ilmiy-nazariy, amaliy-konstruktiv asoslarini belgilab beradigan, taraqqiyotning yangi davri uchun mo‘ljallangan muhim dasturilamaldir.