6. O‘zbekistonning o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini tanlashi. Taraqqiyotning “O‘zbek modeli” va uning o‘ziga xos xususiyatlari. O‘zbekiston bozor munosabatlariga o’tishning faqat o‘zigagina xos bo‘lgan yo‘lni tanladi. Bu yo‘l ilg‘or mamlakatlar tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, iqtisodiy islohotlarning milliy modelini yaratishni ko‘zda tutardi. O‘sha davrda “o‘zbek modeli” samarali o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun kuchli turtki bo‘ldi hamda misli ko‘rilmagan chinakam umid va ishonch baxsh etdi. “O‘zbek modeli”ga hamohang ravishda istiqbolli vazifalar belgilab olindi.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, dunyodagi hamma mamlakatlar uchun maqbul bo‘lgan bir xil taraqqiyot yo‘li, bir xil andaza bo‘lishi mumkin emas. Mustaqillikka erishgan har bir mamlakat o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini izlaydi, yangi jamiyat barpo etishda o‘z andazasini ishlab chiqishga intiladi.
Islom Karimov XII chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari 9-sessiyasida (1992-yil 4-yanvarda) so‘zlagan dasturiy nutqida hamda 1992-yil avgust oyida nashr etilgan “O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘li” asarida O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘lini har tomonlama puxta asoslab berdi.
O‘z yo‘limiz qanday shart-sharoit va zaminlarga tayanadi?
O‘zbekiston yo‘li, birinchidan, bozor iqtisodiyoti asosida taraqqiy topgan davlatlarning tajribasiga tayangan holda ishlab chiqildi. Bu biron-bir taraqqiyot yo‘lini ko‘r-ko‘rona ko‘chirib olishni emas, balki boshqa davlatlar taraqqiyoti jarayonida to‘plangan va bizning mamlakatimiz sharoitiga tatbiq qilsa bo‘ladigan barcha ijobiy va maqbul tajribalardan foydalanish, degan ma’noni bildiradi.
Ikkinchidan, soxta inqilobiy sakrashlarsiz, ijtimoiy larzalarsiz, evolyusion yo‘l bilan madaniyatli taraqqiyotga o‘tish – tanlab olingan yo‘lning asosiy mazmuni va mohiyatidir.
Uchinchidan, O‘zbekiston yo‘li o‘zbek xalqining milliy xususiyatlari, davlatchilik tajribasi, ma’naviy qadriyatlari, Sharq madaniyatiga mansublik, ijtimoiy hamkorlik, vatanparvarlik, millatlararo totuvlik kabi fazilatlarga mos ravishda belgilandi.
To‘rtinchidan, o‘z yo‘limizni belgilashda Islom dini, uning jamiyat ma’naviy hayotidagi o‘rni, musulmon davlatlari bilan o‘zaro aloqalarni kengaytirishdagi ahamiyati hisobga olindi.
Beshinchidan, yangi yo‘lni tanlashda O‘zbekistonning geostrategik mavqeyi, mustaqillikka erishgan paytdagi iqtisodiy imkoniyatlari, shart-sharoitlari, tabiiy resurslari asos qilib olindi.
Oltinchidan, respublikadagi o‘ziga xos demografik vaziyat, aholi va mehnat resurslarining tez o‘sib borishi ham inobatga olindi.
Yettinchidan, odamlarning ijtimoiy ongi, dunyoqarashi ham e’tiborga olindi. Negaki, sovetlar zamonida kishilarda shakllangan yaxshi ishlasa ham, yomon ishlasa ham davlat boqadi, degan boqimandalik, tayyorga ayyorlik, mulkka nisbatan bepisandlik ruhiyatini tezlik bilan o‘zgartirib bo‘lmas edi, buni hisobga olish zarur edi, albatta.
Milliy istiqlolning dastlabki kunidanoq chinakam Mustaqil O‘zbekistonni barpo etish, har qanday „izm“ lardan xoli xalqchil, adolatli jamiyat qurish bosh maqsad qilib qo‘-yildi. Davlatimiz ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari ana shu bosh maqsaddan kelib chiqqan holda belgilandi. Kelajagi buyuk O‘zbekiston davlatining siyosati inson va jamiyatning erkinligini, fuqarolarning farovon turmushini ta’minlashga qaratilgan.
Siyosiy sohada bu quyidagilarni bildiradi:
* xalq manfaatlariga mos keladigan haqiqiy demokratiya tamoyillarini qaror toptirishni, xalq ham bevosita, ham o‘z vakillari orqali davlat hokimiyatini amalga oshirishda to‘liq imkoniyatga ega bo‘lishini;
* qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati vakolatlarini ajratish asosida milliy davlatchilikni barpo etishni, jamiyatning siyosiy tizimini, davlat idoralarining tuzilmasini tubdan yangilashni, respublika hokimiyati bilan mahalliy hokimiyatning vakolatlarini aniq belgilab qo‘yish va adolatli qonunchilikni vujudga keltirishni;
* barcha fuqarolarning qonun oldidagi huquqiy tengligini va qonunning ustuvorligini, jamiyat manfaatlari va aholi xavfsizligini kafolatlaydigan huquqiy davlatni barpo etishni;
* bir mafkuraning, bir dunyoqarashning yakka hokimligidan voz kechish, siyosiy tashkilotlar, mafkuralar va fikrlar xilma-xilligini tan olishni;
* chinakam demokratiyaning zarur va qonuniy tarkibi sifatida ko‘ppartiyaviylikni amalda shakllantirishni bildiradi.
Iqtisodiy sohada:
* ijtimoiy jihatdan yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini bosqichma-bosqich shakllantirishni, tashabbuskorlik va ishbilarmonlikni rivojlantirishni;
* mulk egalari huquqlarining davlat yo‘li bilan himoya qilinishini ta’minlash va barcha mulkchilik shakllarining huquqiy tengligini qaror toptirishni;
* mehnat qilish, dam olish, ta’tilga chiqish, ishsiz bo‘lib qolgan taqdirda ijtimoiy muhofazaga bo‘lgan Konstitutsiyaviy huquqni ro‘yobga chiqarishni;
* tabiiy resurslardan ayovsiz foydalanishga, atrof-muhitga, ekologik vaziyatga ziyon etkazishga yo‘l qo‘ymaslikni bildiradi.
Ijtimoiy va ma’naviy sohada:
* umuminsoniy qadriyatlarga, insonparvarlik g‘oyalariga sodiqlikni, inson, uning hayoti va shaxsiy daxlsizligi, erkinligi, qadr-qimmati, yashash joyini tanlash huquqini, inson huquqlariga doir xalqaro me’yorlarni qaror toptirishni;
* o‘zbek tilini rivojlantirishni, bu tilning davlat maqomini to‘liq ro‘yobga chiqarishni;
* hurfikrlilikni, vijdon va din erkinligi qoidalarini qaror toptirishni;
* ijtimoiy adolat qoidalarini ro‘yobga chiqarish, aholining eng nochor qatlamlari keksalar, nogironlar, etim-esirlar, ko‘p bolali oilalar, o‘quvchi-yoshlarning davlat tomonidan iqtisodiy muhofazaga bo‘lgan kafolatli huquqlarini ta’minlashni; — hamma uchun ma’qul sifatli tibbiy xizmatni ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilishni;
* yangi demokratik ta’lim konsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish, umumiy ta’lim olish, kasbni va tegishli maxsus tayyorgarlikni o‘tishni erkin tanlashda barchaga baravar huquq berishni;
* ijodning barcha turlarini rivojlantirish, odamlarning iste’dod va qobiliyatlarini namoyon etish uchun shart-sharoit yaratish, ma’naviy mulkni himoya qilishni bildiradi. Mana shunday siyosiy, davlat va Konstitutsiyaviy tuzumga erishishning kaliti fuqarolarning tinchligi va millatlararo totuvlikni ta’minlash, qonuniylik va huquq-tartibotni qaror toptirishdir.
O‘zbekistonning o‘ziga xos taraqqiyot yo‘li Islom Karimovning keyingi asarlari, ma’ruza va nutqlarida yangi ma’no-mazmun bilan to‘ldirilib, aniqlashtirilib borildi. 1993 -yilda nashr etilgan „O‘zbekiston – bozor munosabatlariga o‘tishning o‘ziga xos yo‘li“ nomli asarida Islom Karimov yangi jamiyat qurishning besh tamo-yilini asoslab berdi.
1. Iqtisodiyotni mafkuradan xoli etish, iqtisodning siyosatdan ustunligi, o‘ziga xos ichki qonunlarga muvofiq rivojlanishi.
2. Davlat bosh islohotchi, iqtisodiy o‘zgartirishlarning tashabbuskori.
3. Qonun ustuvorligi, qonun oldida hammaning barobarligi va hammaning qonunga bo‘ysunishi.
4. Bozor iqtisodiyotiga o‘tishning barcha bosqichlarida kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, aholining muhtoj tabaqalarini ijtimoiy himoyalashning ustuvorligi.
5. Bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich va izchil ravishda o‘tish, islohotlarni inqilobiy sakrashlarsiz amalga oshirish.
Shunday qilib, O‘zbekistonning o‘ziga xos taraqqiyot yo‘li nazariy va amaliy jihatdan puxta belgilab olindi. Taraqqiyotning „o‘zbek modeli“ bundan oldin yaratilgan va mavjud bo‘lgan modellarning birontasini takrorlamagan holda o‘z mohiyati va mazmuni jihatidan butunlay yangi taraqqiyot modelidir. O‘zbekistonga xos taraqqiyot yo‘lining nazariy, ilmiy, amaliy jihatdan puxta ishlab chiqilishi bizning eng katta yutug‘imizdir. Tanlangan yo‘lning to‘g‘riligini xalqimiz, dunyodagi nufuzli davlat arboblari, siyosatchilar, iqtisodchi olimlar e’tirof etdilar.
Islohotlarni amalga oshirishda davlat bosh mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi ana shunday tadrijiylikning muhim jihatidir. Xalqaro tashkilotlar ham bugun o‘tish davri iqtisodiyotida, chuqur islohotlarni amalga oshirishda davlatning roli haqiqatan ham katta ekani, buni O‘zbekiston tajribasi amalda isbotlaganini keng tan oldi. Hozirgi vaqtgacha davom etayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz sharoitida hatto rivojlangan mamlakatlarda ham iqtisodiyotni tartibga solishda davlatning roli oshayotgani O‘zbekistonning bu boradagi yo‘li naqadar to‘g‘ri ekanini ko‘rsatdi.
“Yangi uy qurmasdan turib, eskisini buzmang” tamo-yili asosida olib borilgan islohotlar tufayli turli yo‘qotishlarga yo‘l qo‘ymasdan, barcha soha mutanosib holda isloh etildi va rivojlantirildi, yangi jamiyatning mustahkam asoslari yaratildi.
7. O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish strategiyasi: yangilanish va taraqqiyot yo‘li. O‘zbekistonning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan strategiya asoslari. O‘zbek xalqining ko‘p asrlik orzu-umidlari ifodasi bo‘lgan mustaqillikning asosiy xususiyati milliy, umuminsoniy qadriyatlarni ta’minlaydigan huquqiy-demokratik davlat qurish edi.
Mustaqillik yillari milliy davlatchilik asoslarini qurish yillari bo‘ldi. O‘tgan yillar ko‘hna tariximizni teran his qilish, hozirgi jahon jarayonida o‘z o‘rnimizni egallash davri bo‘ldi. Bu davrda biz o‘zligimizni anglab, tarixiy yo‘limizni uzil-kesil tanlab oldik.
Mustaqil O‘zbekiston Prezidenti I.A.Karimov tarixiy an’analarga, dunyo tajribalariga, o‘lkaning o‘ziga xos tomonlariga tayangan holda jamiyatni siyosiy jihatdan tubdan isloh qilish yo‘llarini ishlab chiqdi. Bu jarayonda ikkita bosh vazifa:
1. Eski ma’muriy tizimni tugatish va hokimiyat boshqaruv organlarini qayta qurish;
2. Yangi davlatchilikning huquqiy va siyosiy asoslarini yaratish, davlatchilikda yangi markaziy va mahalliy boshqaruv tizimini shakllantirish masalalarini hal qilishdan iboratdir.
Jamiyatda qonuniylikning g‘alaba qilishi, fuqarolarni ijtimoiy-siyosiy va boshqa huquqlarini himoyasi uchun hokimiyatlarning bo‘linish prinsipi haqli ravishda amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 11-moddasida hokimiyatning bo‘linishi tamoyili konstitutsiya darajasida mustahkamlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining huquqiy holati Konstitutsiyaning V bo‘lim XVIII bobida va 1994-yil 22-sentyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi to‘g‘risida»gi Qonunda belgilangan. Bu qonunlarga ko‘ra, Oliy Majlis Oliy davlat vakillik organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi.
Sobiq Ittifoqdan qolgan qonunlarni o‘zgartirish, mamlakat hayoti uchun zarur o‘zgartirishlarni amalga oshirish, demokratik tamo-yillar asosida Oliy Majlisni shakllantirish uchun 1994-yil 25-dekabrga saylovlar belgilandi.
1993-yilni 28-dekabrida qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovlar to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra respublika parlamentiga saylovlar umumiy, teng, to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasi I chaqiriq Oliy Majlisiga saylov respublikamiz siyosiy hayotida ulkan yutuq bo‘lib, bunda 250 deputatdan iborat Oliy Majlis – Yangi Parlament demokratik va ko‘ppartiyaviylik asosida tuzildi.
Oliy Majlis faoliyatini erkinlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi II chaqiriq Oliy Majlisining VII sessiyasida ikki palatali parlament tuzish to‘g‘risida umumxalq referendumi o‘tkazishga qaror qilindi. Shu asosda 2002 -yil 27 yanvarda o‘tgan umumxalq referendumida qatnashgan fuqarolarning 93,65 foizi parlamentni ikki palatadan tuzilishini qo‘llab-quvvatladi.
1995 -yil 23-24 fevralda chaqirilgan birinchi sessiyada O‘zbekiston parlamenti hokimiyat vakillik organlaridan saylangan 120 kishidan iborat deputatlar blokini, 69 deputatdan tarkib topgan Xalq Demokratik partiyasi fraksiyasini, 47 deputatni uyushtirgan «Adolat» sotsial-demokratik fraksiyasini, 14 deputat ishtirokida «Vatan taraqqiyoti» partiyasi fraksiyasini ro‘yxatga oldi. Oliy Majlis sessiyalarida va uning qo‘mitalarida olib borilayotgan ishlar asosan mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy taraqqiyotini yuqori bosqichga ko‘tarish, qonunchilikni sifat darajasini yuksaltirishga qaratilgan. Qonunlar qabul qilinmasdan oldin umumxalq muhokamasiga taqdim qilinishi islohotlarni amalga oshirishga ijobiy ta’sir qildi.
1997 aprelda Oliy Majlis tarkibida Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) tashkil qilinganligi haqida qaror qabul qilindi.
Ombudsman jahondagi 85 dan ortiq mamlakatda bo‘lib, uning huquqiy holatini aniq ravshan belgilab beruvchi konstitutsiyaviy qonun Markaziy Osiyo davlatlarida birinchi huquqiy hujjatdir.
Ushbu qonunda:
«Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) mansabdor shaxslar, tashkilotlar va davlat organlarining inson huquqi, erki va qonuniy manfaatlarini davlat tomonidan himoya qilinishini ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida faoliyat ko‘rsatadi»,-deb ta’kidlangan.
Vakil Oliy Majlisning yordamchi instituti bo‘lib, u ijtimoiy manfaatlarning muvozanatiga, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha eng maqbul davlat tizimi yaratilishiga ko‘maklashadi. Qonun ombudsman institutining umumiy konsepsiyasi va jahon amaliyotining uyg‘unlashgan shakli sifatida inson huquqlari vakili faoliyatining asosiy qoida-qonuniylik, oshkoralik, adolatparvarlik, insonparvarlik har bir kishi uchun ochiq ekanligini tasdiqlaydi.