foydalanishga o‘tishda to‘lovlar miqdori yer uchastkalarining sifati va joylashgan o‘rniga bog‘liq bo‘lishi tasodif emas. Yerning ishlab chiqarish vositasi sifatida ko‘plab xususiyatlari orasida yer tuzish uchun qishloq
xo‘jaligi yoki boshqa ishlab chiqarishga doimiy ta’sir ko‘rsatadigan, sun’iy usullar bilan tugatish
mumkin bo‘lmagan, hududni tashkil etish xarakterini belgilaydigan xususiyatlari eng katta
ahamiyatga ega. Birinchi navbatda ularga quyidagilar kiradi: kenglik va relef; tuproq qatlami;
o‘simlik dunyosi; gidrogeologik va gidrografik sharoitlar.
Yer xususiyatlarining tabiiy sharoitlar bilan bevosita o‘zaro aloqasi ularning kompleks
xarakterda namayon bo‘lishi yer tuzishda ularni birgalikda hisobga olish zaruratini keltirib chiqaradi.
Agar yer tuzishning ob’ekti sifatida mamlakat, respublika, mintaqa yer fondlari xizmat qilsa, tabiiy
sharoitlarni tavsiflovchi umumiy ko‘rsatkichlar birinchi navbatda hisobga olinadi. Bunga zid tarzda
ayrim yer uchastkasida mukammal yer tuzishni loyihalashda birinchi navbatda, mazkur tabiiy
majmuada sodir bo‘ladigan uning xususiyatlari va jarayonlarning barchasi to‘g‘risida aniq
ma’lumotlar kerak.
Tabiiy sharoitlar va yer xususiyatlarining har biri qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishiga ularning
har xil tarkibiga bog‘liq holda har xil ta’sir etadi. Respublikamiz mintaqalarda namlik yetishmasligi
sharoitida issiqlikning ortiqchaligi faqat suv manbaalari yonida dehqonchilik rivojlanishining
sababiga aylanadi. Bunday sharoitda faqat suv ta’minotini sun’iy tartibga solish yuqori unumli
qishloq xo‘jaligini yuritish uchun imkoniyat yaratadi.
Qiyalik relefi tuproqda namlik yetishmasligini va suv eroziyasining rivojlanishini kuchaytiradi.
Bu tabiiy omilning qishloq xo‘jaligiga zararli ta’siriga qarshi turish uchun katta mablag‘ talab etiladi.
Mehnat qurollari o‘zgarmas joylashgan sanoatda ishlab chiqarish jarayoni ko‘pchilik hollarda
tashqi muhitdan ajralgan sharoitda o‘tadi. U tuproqlar sifati va o‘simliklar, aksariyat hollarda relef
bilan bevosita bog‘lanmagan. Sanoatda kenglik omilining ahamiyati asosan bir-birlarini o‘zaro
to‘ldiruvchi ob’ektlarni joylashtirishda ko‘rinadi.
Aksincha, qishloq xo‘jaligida amaliy jihatdan tabiiy majmuaning barcha elementlari katta
ahamiyatga ega. Ular yakuniy mahsulotni yaratishda jismonan qatnashishadi, qo‘llaniladigan texnik
vositalar tarkibini belgilaydi, korxonani doimiy ravishda mintaqaviy agrar texnologiyalarga
tuzatishlar kiritib borishga majbur qiladi. Qishloq xo‘jaligi, agar u ilmiy asosda olib borilsa, tabiatga
ijobiy ta’sir etadi, yerdan foydalanishning nooqilona usullarida esa uni buzadi.