* yer resurslarining ahvoli, taqsimlanishi va kelajakda foydalanilishi; * agrosanoat majmuasining joylashishi va rivojlanishi; * yer egaliklari va yerdan foydalanishlar tizimini takomillashtirish; * tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini joylashtirish; * tavsiya etilayotgan choralarning iqtisodiy samaradorligi va ularni qo‘llash rejasi. Yer tuzishning respublika, viloyatlar darajasidan ma’muriy tuman darajasiga o‘tishda yerlarni
yaxshilash, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ko‘rsatkichlarining hududiy aniqlik
darajasi oshadi. Agar viloyat chizmalarida tabiiy va iqtisodiy sharoitlar tahlili bo‘yicha izlanishlar va
hisob-kitoblar, qishloq xo‘jalik ekinlarining samarali tarqalish areallarini ajratish, tubdan
yaxshilanishi kerak bo‘lgan yerlarni aniqlash, yerdan foydalanishlarni takomillashtirishni iqtisodiy
asoslash masalalari ko‘pchilikni tashkil qilsa, tuman chizmalarida ko‘proq bevosita hududni tashkil
etish - aholi yashash joylarini va ishlab chiqarish markazlarini joylashtirish, yo‘l tarmoqlarini
rivojlantirish, yer turlarini tashkil etish bo‘yicha masalalar birinchi navbatda yechiladi. Barcha
ko‘zda tutilgan tadbirlar ularni amalga oshirish bosqichlari bo‘yicha bir necha hisoblangan
muddatlardan oldin aniqlashtiriladi.
O‘zbekistonda yer islohoti jarayonida yerni har xil xo‘jalik yuritish shakllarini tenglik asosida
rivojlantirish, ko‘p ukladli iqtisodiyotni shakllantirish va ularni muhofaza qilish uchun sharoit
yaratish, undan yuqori samarali foydalanish maqsadida qayta taqsimlash sodir bo‘ladi. Fuqarolarni,
korxonalarni, tashkilotlarni, muassasalarni, birlashmalarni va o‘rtoqliklarni yerlar bilan ta’minlash
yangi qonunchilikka mos amalga oshiriladi. Bu ishlar davomida barcha ma’muriy tumanlar yer
tuzish chizmalarini tuzish ko‘zda tutilgan. Ustivor vazifalardan biri yerlarni dehqonlar va shaxsiy
yordamchi xo‘jaliklar, bog‘dorchilik jamoalari foydasiga qayta taqsimlash hisoblanadi.