1. SOSIOLOGIK SO’ROVNING XUSUSIYaTLARI «Sosiologik so’rov» tushunchasi insonlar guruhi (respondentlar1) bilan to’g’ridan to’g’ri yoki bilvosita muloqot qilish usullari orqali dastlabki sosiologik ma’lumotlar to’plashning metodlari majmuasi uchun tegishli tushuncha hisoblanadi.
Sosiologik so’rov nisbatan eng ko’p qo’llaniluvchi tadqiqot metodi hisoblanib, shuning uchun aynan uni tez-tez umuman sosiologik tadqiqotlar bilan tenglashtirishadi. Bu esa so’rov metodining tadqiqotchi uchun ko’proq afzallik namoyon qiluvchi quyidagi xususiyatlari: tezkorligi, o’tkazishning arzonligi, ma’lumot tashuvchilarning keng doirasini, jumladan o’z ixtiyori bilan ma’lumot almashishga istak bildirmaganlarni ham qamrab olishga qodirligi, qayd etilgan metodlarni ko’p martalab qo’llash imkoniyatining mavjudligi va boshqalar bilan izohlanadi. Shu bilan birga so’rov ishtirokchilarining o’zlari (respondentlar) ham so’rov metodlarini ko’p jihatdan ularda ishonch tug’diruvchi narsa sifatida ko’rishadi. Xususan, tadqiqotlarning birida aniqlanishicha, respondentlarning 60 foizga yaqini anketa so’rovi va intervyuni (so’rovning nisbatan keng tarqalgan uslubi) natijalarning yuqori ishonchliligini va ishtirokchilar xavfsizligini ta’minlovchi metodlar sirasiga kiritishgan. Taxminan shuncha respondentlar ushbu metodlar qo’llanilgan tadqiqotlarga ishonch bilan munosabatda bo’lishib, ular savollarga yanada ochiq-oydin, samimiy javob berish sharoitini yaratib beradi deb hisoblashadi2.
So’rovning aniq shakllariga quyidagilar tegishlidir:
Intervyu (tadqiqiy suhbat) – so’rov ishtirokchisi bilan bevosita muloqot metodi. Intervyu standartlashtirilgan (formallashgan), ya’ni oldindan belgilangan rejaga (savollar ro’yxatiga) qat’iy mos ravishda va erkin tarzda o’tkazilishi mumkin.
Anketa so’rovi –ma’lumotni bilvosita anketa (so’rov varaqasi) savollariga javob shaklida to’plash metodi. Anketa so’rovi turli vositalar: tadqiqot tashkilotchilari (anketachilar) tomonidan yoki pochta orqali tarqatiluvchi qog’oz anketalar; audio-, videotexnika yordamida tarqatiluvchi anketalar, ommaviy axborot vositalari (gazeta, jurnal, radio, televideniye, Internet) va boshqa kanallar orqali tarqatiluvchi anketalar ko’magida o’tkazilishi mumkin.