Talamusning spetsifik yadrolari. Talamus yadrolarining bu funktsional sistemasi ikkita guruxga: ko’chiruvchi yadrolar (talamus relelari) va assotsiativ yadrolarga bo’linadi. Bu guruxlar o’rtasidagi tafovut shundan iboratki, ko’chiruvchi har bir yadro (rele) ga muayyan sensor trakt (ko’ruv, eshituv, lemnisk, spinotalamik va boshqa traktlar) dan impulslar keladi. Assotsiativ yadrolarga esa nerv sistemasining boshqa bo’limlaridan bevosita emas, balki talamusning ko’chiruvchi yadrolaridan impulslar keladi. SHunday qilib, talamusning o’zida qayta ishlangan axborot assotsiativ yadrolarga kiradi.
Asosiy ko’chiruvchi yadrolar oldingi (dorzal, ventral va medial), ventrolateral, ortqi ventral (lateral va medial) hamda tizzasimon (lateral va medial) tanalardan iborat.
Lateral tizzasimon tana ko’ruv signallarini ko’chiruvchi yadrodir. Bu yadroning neyronlariga oldingi to’rt tepalikning birlamchi ko’ruv markazlaridan impulslar keladi. Lateral tizzasimon tana neyronlarining o’siqlari katta yarim sharlar po’stlog’ining ko’ruv zonasiga boradi.
Medial tizzasimon tana eshituv yo’lining ko’chiruvchi yadrosidir. Bu yadroning neyronlariga orqadagi to’rt tepalikning birlamchi eshituv markazlaridan impulslar keladi. Medial tizzasimon tana neyronlarining o’siqlari katta yarim sharlar po’stlog’ining eshituv sohasiga boradi.
Uzunchoq miyadagi Goll va Burdax yadrolaridan boshlangan tolalar (lemnisk yo’llari) va orqa miya bilan talamus o’rtasidagi yo’l orqali, shuningdek uchik nerv yadrolaridan boshlanuvchi tolalar orqali talamusga keluvchi impulslar teri, yuz tana va qo’l-oyoq retseptorlaridan, proprioretseptorlardan axborot olib keladi. Bu axborot talamusning ortqi ventral yadrosiga keladi. Bu yadroning neyronlari oladigan axborotini katta yarim sharlar po’stlog’ining orqadagi markaziy pushtasi-somatosensor sohasiga ko’chiradi. Ortqi venral yadroga ta’m bilish retseptorlaridan ham impulslar keladi. Vistseroretseptorlardan keladigan impulslar ham ortqi medial ventral yadroga kiradi. Bu adashgan nerv qorin va chanoq nervlari ta’sirlanganda ortki ventral yadroda yuzaga chiqarilgan potentsiallarni tekshirib aniqlangan (R.A.Durinyan). Miyachadan impulslar ventrolateral yadroga kiradi, u yerdan katta yarim sharlar po’stlog’ining oldingi markaziy pushtasiga, ya’ni motor zonasiga boradi. Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, talamusning oldingi yadrolariga vistseroretseptorlardan va qisman hid biluv retseptorlaridan ham impulslar keladi. Impulslar talamusning oldingi yadrolaridan katta yarim sharlarning limbik sohasiga boradi.
Retseptorlarning muayyan guruxlaridan impuls oluvchi neyronlarning talamus yadrolaridagi joylashishi turli usullar bilan takshirilgan.
J.Dyusser de-Barren maymunlar ustida tajribalar qilib, talamus yadrolarining ayrim qismlariga strixnin eritmasini ingichka ignada yubordi va shundan keyin gavdaning teri yuzasidagi turli qismlarda sezuvchanlik o’zgarishini tekshirdi. Strixnin eritmasi qaysi joyga yuborilishiga qarab, gox yuz sohasida, gox oldingi yoki keyingi oyoqlar sohasida sezuvchanlik ortishini (giperesteziya kelib chiqishini) aniqladi. Sezuvchanlik gavdaning ayniqsa qarama-qarshi tomonida ko’proq buziladi. V.Mauntkastl va E.Xenneman talamus ortqi ventral yadrosining turli qismlariga yupqa elektrodlar kiritib, gavdaning turli qismlari ta’sirlanganda yuzaga chiqarilgan potentsiallarni qayd qilishdi. Gavdaning turli sohalaridagi retseptorlardan keluvchi impulslar ortqi ventral yadroning turli qismlariga kirishi mushuk, quyon va maymunlar ustidagi tajribalardan ko’rsatib berildi. Boshning yuz qismi va oldingi oyoqlar, ayniqsa distal qismlari (maymunlarning barmoqlari) sezuvchanligining talamusdagi vakillik sohasi tana va keyingi oyoqlar sezuvchanligining vakillik sohaga qaraganda kengroq. Buning ma’nosi shuki, yuz va oldingi oyoqlarning retseptorlaridan impuls oladigan neyronlar tana va keyingi oyoqlarning retseptorlaridan axborot oluvchi neyronlarga qaraganda ancha ko’proq. Gavda ayrim qismlarining yadrodagi vakillik sohalari qat’iyan chegaralangan maydonlar bo’lmay, qisman bir-birini qoplaydi. Gavdaning tegishli qismidagi ekstroretseptorlardan signal oladigan neyronlar yadroning qaysi qismlari bo’lsa, vistseroretseptorlardan impuls oluvchi zonalar ham o’sha qismlarida ekanligi yuzaga chiqarilgan potentsiallar usuli bilan ko’rsatib berildi.
Gavdaning turli qismlari ta’sirlanayotgani haqidagi signallarni qabul qiluvchi talamik neyronlardan impulslar katta yarim sharlar po’stlog’idagi somatosensor sohaning turli qismlariga kiradi, bu zonada teri va muskul-bo’g’im retseptsiyasining vakilligi ham muayyan fazoda taqsimlangan bo’ladi.
Ko’z to’r pardasining turli qismlaridagi retseptorlaridan impuls oluvchi neyronlarning fazoda bir qadar chegaralanganligi lateral tizzasimon tanada ham qayd qilinadi. Kortiy a’zosining turli qismlaridagi retseptorlardan impuls oluvchi neyronlarning fazoda huddi shuningdek bir qadar chegaralanganligi medial tizzasimon tanada ham kuzatiladi.