Detserebratsion rigidlik. Mushuk yoki quyonning miya o’zani uzunchoq miya yuqorisidan qirqilib, qizil yadrolar shu chiziqdan yuqorida qoldarilsa (bunday operatsiya detserebratsiya deb ataladi), gavda muskullarining detserebratsion rigidlik degan maxsus holati vujudga keladi. (CH. Sherrington). Bu holat yozuvchi muskullar tonusining keskin darajada ortishi bilan ta’riflanadi. Hayvon - qo’l oyoqlarini rosa uzatib, boshini orqasiga qayiradi, dumi ko’tarilib turadi. Hayvonning oyoqlarini bo’g’imlaridan bukmoq uchun anchagina kuch sarflash kerak bo’ladi. Oyoqlarni zo’rlik bilan bukish to’xtatilgach, ular yana yoziladi. Detserebratsion rigidlik holatidagi hayvonni tikka turg’azib qo’yish mumkin. Gavda og’irlik markazi o’qi tayanch tekisligining o’rta nuqtasidan o’tsa, hayvon oyoqlarini cho’zib, qimirlamay tikka turaveradi.
Yaqin vaqtlargacha detsebratsion rigidlikning kelib chiqishini faqat qizil yadroning zararlanishiga va undan muskullar tonusini idora etadigan orqa miyaning segmentar apparatlariga boshqaruvchi ta’sirot bormay qo’yishiga bog’lashardi.
Detsebratsion rigidlikning kelib chiqishida qizil yadrodan tashqari uzunchoq miya bilan o’rta miyaning retikulyar formatsiyasi ham muhim ahamiyat o’ynashi endilikda ko’rsatib berildi. Qizil yadrolarkatta yarim sharlar po’stlog’idan, po’stloq ostidagi yadrolardan va miyachadan impulslar olib turadi. Ular ekstrakortikospinal yo’lning oraliq o’choqlaridan biri bo’lib, orqa miyaning neyronlariga rubrospinal trakt orqali tuzatuvchi impulslar yuborib turadi. Qizil yadrolar miya o’zanining retikulyar formatsiyasiga ko’p tomonlama bog’langan bo’lib, shu formatsiya bilan birgalikda muskullar tonusini idora etadi. Uzunchoq miyaning yuqori qismidagi retikulyar formatsiya bilan qizil yadro o’rtasidagi bog’lanishning buzilishi, aftidan detserebratsion regidlikning kelib chiqishiga asosiy sababdir. Uzunchoq miya rombsimon chuqurchaning pastki chegarasi qirqib qo’yilgach detserebratsion regidlik yo’qoladi, bu esa detserebratsion regidlikda miya o’zanining shu qismidagi retikulyar formatsiya ahamiyat kasb etishini ko’rsatadi.
Detserebratsiyadan keyin muskullar tonusi refleks yo’li bilan ortadi. Buni shundan bilish mumkinki, keyingi oyoqlardan birini innervatsiyalovchi orqa ildizlar qirqib qo’yilgach, shu oyoq muskullarini rigidligi yo’qoladi.
Keyingi oyoq muskullarida rigidlik kelib chiqishida shu muskul proprioretseptorlaridan keluvchi impulslar katta ahamiyatga egadir. Bo’yin muskullarining proprioretseptorlaridan va vestibuloretseptorlardan markaziy nerv sistemasiga impulslar kelishi natijasida oldingi oyoqlar rigidligi kelib chiqadi. Shu retseptorlardan keluvchi impulslar tonik reflekslarda ayniqsa muhim ahamiyat kasb etishi quyida ko’rsatib beriladi.
Odamning o’rta miyasi shikastlanmasdan miya o’zanining yuqoriroqdagi qismlari va po’stloq ostidagi yadrolar zararlanganda ko’pincha rigidlik paydo bo’ladi. Odam qo’lining rigidligi mushuk yoki itdagi kabi yozuvchi muskullar emas, balki bukuvchi muskullar tonusining oshganligidan namoyon bo’ladi.