Qorachiq va qorachiq refleksi. Ko’z ichiga tushadigan hamma yorug’lik nurlarini rangdor parda markazidagi teshik o’tkazadi, shu teshik qorachiq deb ataladi. Qorachiq faqat markaziy nurlarni o’tkazadi va sferik abberatsiyani bartaraf qilib, to’r pardaga narsalarning ravshan tasviri tushishiga yordam beradi. Agar ko’zni qisib, yorug’lik nurlarini tushishiga to’sqinlik qilinsa, keyin ko’z ochilganda qorachiq kengayganini ko’ramiz («qorachiq refleksi»). Rangdor pardaning muskullari qorachiq kattaligini o’zgartirishi orqali ko’zga tushayotgan yorug’lik oqimini idora etadi. Oddiy sharoitda yosh odamda ko’z korachigining diametri 1,8 mm dan 7,5 mm gacha bo’ladi. Juda yorug’ joyda qorachiq diametri minimal bo’ladi 1,8 mm. Kunduzgi o’rtacha yorug’ joyda qorachiq diametri 2,4 mm ni tashkil qilsa, qorong’ulikda esa qorachiq maksimal 7,5 mm gacha. kengayadi Rangdor pardada qorachiq kattaligini o’zgartiradigan muskullar bor, bulardan bir turi-halqasimon muskullar (m. sphincter iridis) ko’zni harakatlantiruvchi nervning parasimpatik tolalarini idora qiladi, ikkinchisi esa radial muskullar (m. dilatator iridis) simpatik nerv tolalarini idora qiladi. Halqasimon muskullar qisqarganda qorachiq torayadi, radial muskullar qisqarganda esa, qorachiq kengayadi. SHunga ko’ra, atsetilxolin va ezerin qorachiqni toraytiradi, adrenalin esa qorachiqni kengaytiradi. Bundan tashqari, qorachiq inson qo’rqqanida, g’azablanganida, kuchli og’riq sezganda va gipoksiyada ham kengayadi. Qorachiqning kengayishi – bir qator patologik holatlarda muhim diagnostik simptom hisoblanadi. Masalan, og’riqdan kelib chiquvchi karaxtlik, gipoksiya va hokazo. Sog’lom odamning ikkala ko’z qorachig’i bir xilda kengaygan yoki toraygan bo’ladi. Bir ko’zga yorug’lik tushirilsa, ikkinchi ko’z qorachig’i ham torayadi; bunday reaktsiya hamjihatlik reaktsiyasi deb ataladi. Ba’zi patologik xolatlarda ikkala ko’z qorachiqlari katta-kichik bo’ladi (anizokoriya). Bir tomondagi simpatik nervning zararlanishi natijasida qorachiq torayadi (mioz) va ayni vaqtda ko’z yorig’i ham toraysa (Gorner simptomi) N. oculomotorius-ning falaj bo’lishi natijasida bir ko’z qorachig’i kengayishi mumkin (midriaz).
To’r pardaning tuzilishi va funktsiyalari. To’r parda ko’zning yorug’likni sezuvchi ichki qavati hisoblanadi. U murakkab ko’pqavatli tuzilishga ega. Bu yerda o’zining funktsional ahamiyatiga ko’ra ikki xil: ikkilamchi-sezuvchi fotoretseptorlar (tayoqchalar va kolbachalar) va bir necha nerv hujayralari mavjud.
Fotoretseptorlarni qo’zg’alashi to’r pardani birinchi neyron hujayrasini qo’zg’atadi (bipolyar neyron). Bipolyar neyronlarning faollashuvi, o’z navbatida impulslarning po’stloq osti ko’ruv markazlariga yetkazib beruvchi ganglioz hujayralarni faollashtiradi. To’r pardada bu hujayralardan tashqari axborotlarni uzatishda va qayta ishlash jarayonida gorizontal va amakrin hujayralar ham ishtirok etadi. Yuqorida sanab o’tilgan barcha neyronlar va ularning o’simtalari birgalikda ko’zning nerv apparatini hosil qiladi, ular nafaqat axborotlarni markazda uzatishda, balki analiz va qayta ishlash jarayonlarida ham ishtirok etadi. SHuning uchun u markaziy nerv tizimining go’yoki periferiyaga chiqarib qo’yilgan bir qismi bo’lib hisoblanadi. Ko’ruv nervining ko’z soqqasidan chiqqan joyi, ya’ni ko’ruv nervining so’rg’ichida fotoretseptorlar mutloqo yo’qligi sababli bu joy yorug’likni sezmaydi, shuning uchun u ko’r dog’ deb ataladi.
Ko’r dog’ borligiga Mariott tajribasi yordamida ishonish mumkin.
Pigment qavat. Bu qavat bir qator epitelial hujayralardan tashkil topgan bo’lib, o’z ichida juda ko’p miqdorda hujayra ichi organellalarini ushlaydi. Melanosomalar, bu qavatga qora rang berib turadi. Bu pigment ekranlovchi pigment ham deb yuritiladi, unga tushgan yorug’likni yutadi, bu holat yorug’lik sochilishining oldini oladi va shu tufayli narsalardan kelayotgan yorug’likning fokuslanishi aniq bo’ladi. Bu pigment epitelial hujayralarning juda ko’plab o’simtalari bo’lib, bu o’simtalar kolbacha va tayoqchalarning tashqi qismlarini jips o’rab oladi. Pigment epitelial hujayralar bundan tashqari boshqa muhim vazifalarni ham bajaradi, shu jumladan, ko’ruv pigmentining resintezida, fagotsitozda, kolbacha va tayoqcha qoldiqlarini hazm qilishda ishtirok etadi. Boshqacha aytganda, ko’ruv hujayralarini doimiy tarzda yangilanib turishini ta’minlaydi. Yana shuni aytib o’tish kerakki, pigment epitelial hujayralar bilan fotoretseptorlar orasidagi aloqa juda kuchsiz bo’ladi.
Aynan shu joydan to’r pardaning ko’chishi ko’zni juda xavfli kasalligi ko’p hollarda uchraydi.
To’r pardaning ko’chishida ko’rishning yomonlashuvi faqat tasvir fokuslanishining buzilishi bilan bog’liq bo’lib qolmay, balki retseptorlar degeneratsiyaga ham uchraydi va retseptorlarda jiddiy metabolitik o’zgarishlar ro’y beradi.