О`збекистон республикаси олий ва о`рта махсус-hozir.org
Xayol jarayonlarining nerv fiziologik asoslari Xayol qilish jarayoni juda ham murakkab aks ettirish jarayoni bo‘lishiga qaramay, uning asosida yotgan fiziologik mexanizmlarni akademik
I.P. Pavlovning oliy nerv faoliyati haqidagi ta’limoti asosida ma’lum darajada tushuntirib o‘tish mumkin. Xayolning nerv fiziologik asosida ham miyaning po‘stida ilgari hosil qilingan vaqtli aloqalarning (assotsiatsiyalarning) yana qayta tiklanib, bir-biri bilan yangicha qo‘shilish jarayoni yotadi. Shuni ham aytish kerakki, bosh miya yarim sharlarida ilgari hosil qilingan vaqtli aloqalar birin-ketin tiklanadilar va binobarin ularning qo‘shilishlari ham asta-sekin yuzaga keladi. Ana shuning natijasida bosh miyaning po‘stida inson o‘z shaxsiy hayotida hech qachon idrok qilmagan narsalarning obrazlari paydo bo‘ladi. Bu obrazlarning ko‘pi voqelikka mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi va natijada tormozlanib qoladilar. Boshqa birlari esa voqelikka to‘g‘ri kelganligi hamda inson faoliyati uchun miyadan yangi imkoniyatlar ochib bergani tufayli amaliy faoliyat natijalari bilan mustahkamlanadilar. Xayol qilish jarayoni hamisha nutq orqali amalga oshirilishi tufayli nutqning nerv-fiziologik asosida ikkinchi signallar tizimining faoliyati ham faol qatnashadi. Bundan tashqari xayol qilish jarayonida diqqat, xotira, tafakkur va iroda jarayonlari ham ishtirok qiladi. Ana shu nuqtai nazardan olganda xayolning (xususan ijodiy xayolning) nerv fiziologik mexanizmlarni to‘la tushuntirib berish uchun еtarli ilmiy ma’lumotlar yo‘q. Hozirgi kunda fan va texnikaning juda tez temp bilan rivojlanishi ijodiy xayol jarayonining oldiga katta vazifalar qo‘ymoqda. Masalan, kosmik fazoni zabt etish, insonning oyga chiqishi, murakkab aqlli mashinalarning yaratilishi va shu kabilar inson tafakkuri hamda ijodiy xayolning yuksak taraqqiyoti natijasida qo‘lga kiritilmoqda.
Odamning uyg‘oq paytida yuzaga keladigan xayol jarayoni ma’lum darajada tartibot va ixtiyoriy xarakterga ega bo‘ladi. Shuning uchun odam o‘zining xayol qilish jarayonini oldidagi maqsad va vazifalarga bo‘ysindira oladi. Odam o‘zining bilimlari, tushunchalariga asoslangan holda xayoliy obrazlarning paydo bo‘lishini idora qila oladi.
Bosh miya katta yarim sharlarining barcha tomonlari tormozlanib, odam uxlagan paytida ham xayol tush ko‘rish shaklida yuzaga keladi. Odatda odam uxlay boshlagan paytida ikkinchi signallar tizimining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan nerv hujayralari hammadan oldin tormozlanadi. Uyqu bilan bog‘liq bo‘lgan tormozlanish jarayoni miyaning hamma joyiga baravar ravishda tarqalmaydi. Natijada ayrim joylar tormozlanmasdan qoladi va kutilmagan darajada ajoyib munosabatlarga kirisha boshlaydi. Ana shuning uchun tush ko‘rish ikkinchi signallar tizimining nazoratisiz juda betartib, pala-partish ravishda yuzaga keladigan assotsiatsiyalardan iborat bo‘ladi.