О`збекистон республикаси олий ва о`рта махсус-hozir.org
Tushunchalar Tafakkur tushunchalar shaklida ifodalanadi. Tushuncha deganda biz narsa va hodisalarning eng muhim va eng asosiy xususiyatlarini aks ettirishni tushunamiz. Tushunchalar hukmlardan tarkib topadi. Shu sababli tushunchaning mazmunini ochib berish uchun bir qancha hukm yurtishga to‘g‘ri keladi. Masalan, odam ongli mavjudotdir degan tushunchani oladigan bo‘lsak, bu еrda odamning eng muhim xususiyati uning ongliligi ekani qayd qilinyapti.
Tushunchalar odamning turmush tajribasi va bilimlarining ortishi jarayonida tarkib topa boradi. Ana shu jihatdan olganda maktabdagi o‘qish jarayo nida bolada asosan tabiat va jamiyat hodisalari haqida tushunchalar tarkib toptirishdan iboratdir. Demak, katta odamlarga nisbatan bolalarda hali tushunchalar juda oz bo‘ladi.
Odatda tushunchalar mohiyati jihatidan konkret va abstrakt tushunchalarga ajratiladi. Alohida olingan bir butun narsaga aloqador tushuncha konkret tushuncha deb ataladi. Masalan, stol, divan, qayrag‘och, traktor va hokazo. Moddiy borliqdagi narsalardan fikran ajratib olingan ba’zi xususiyat, sifat, holatlarga, shuningdek narsalar o‘rtasidagi ichki munosabatlarga, qonuniyatlarga qaratilgan tushunchalar abstrakt tushuncha deb ataladi. Masalan, oqlik, uzunlik, balandlik, kenglik, harakat, yorug‘lik, qiymati haqidagi tushunchalar va hokazo.
Tushunchalar ko‘lami jihatidan 3 turga: yakka tushunchalar, umumiy tushunchalar va to‘planma tushunchalarga bo‘linadi. Yakka tushunchalar yakka narsa va hodisalar haqidagi tushunchadir. Bunday tushunchalarga sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Sirdaryo tushunchalarini misol qilib keltirsa bo‘ladi. Yakka tushunchalarning xususiyati shuki, bu tushunchalarda hamisha aniq obraz mavjud bo‘ladi. Umumiy tushunchalarda bir jinsda bo‘lgan ko‘p narsa va hodisalar gavdalantiriladi. Masalan, kitob, maktab, yulduz, talaba va boshqalar.
To‘planma tushunchalar bir jinsda bo‘lgan narsa va hodisalar to‘plami haqida yaxlit fikr yuritiladigan tushunchadir. Masalan, paxtazor, kutubxona, yig‘ilish va hokazolar. To‘planma tushunchalarning bir qanchasi birdaniga tatbiq qilinganda umumiy to‘planma tushunchalar bo‘ladi. Masalan, Alisher Navoiy nomidagi Davlat Muzeyi tushunchasi, yakka to‘planma tushunchaga oiddir. Guruh, jamoa, xalq, millat va boshqalar, umumiy to‘planma tushunchasiga misol bo‘la oladi. Yetti og‘ayni yulduzlar to‘plami, Hamza teatri jamoasi, Paxtakor futbol jamoasi kabilar yakka to‘planma tushunchalar jumlasiga kiradi.
Fikr yuritishda tushuncha bilan so‘z o‘zaro bog‘liq ravishda namoyon bo‘ladi. Bir tomondan so‘z yordamisiz tushuncha vujudga kelmaydi, ikkinchi tomondan so‘z tushunchaning moddiy asosi va funksiyasini bajaradi. Tushunchalar bir yoki undan ortiq so‘zlardan tashkil topishi mumkin. Masalan, xalq degan tushuncha bir so‘zdan, o‘zbek xalqi ikki so‘zdan qahramon o‘zbek xalqi uch so‘zdan, ozodlik uchun kurashayotgan xalqlar, degan tushuncha to‘rt so‘zdan tashkil topgan.
Tushunchalar fikr yuritishning asosiy jarayonlari, ya’ni klassifikatsiyalash, umumlashtirish va abstraksiyalash yordami bilan vujudga keladi. So‘zlar, belgilar, simvollar, atamalar tafakkur jarayonida tushunchalarning mazmunini aks ettiradi. I.P.Pavlov ta’biri bilan aytganda, so‘z ikkinchi signal tizimining, barcha signallarning signallaridir, binobarin shu signallarning hammasini ifodalaydi, shu signallarning hammasini umumlashtiradi.
Shunday qilib, tushunchalar mohiyati hukmlarda yoritiladi, mavjud hukmlar asosida xulosa chiqariladi. Yangi hukm hosil qilinadi, topilgan yangi belgilar, alomatlar tushunchalarni yanada boyitadi. Tafakkur yordamida inson yaratish, kashf etish, ixtiro qilishda davom etishi mumkin. Demak, yangi tushunchalar, atamalar yuzaga kelaveradi, iste’moldagilari esa yangi mazmun kasb etadi. Determinizm tamoyiliga binoan so‘zlar yangi tushunchalar yaratilishiga vosita bo‘lib xizmat qilaveradi, shuning bilan birga tushunchalar zamirida yangi so‘zlar va iboralar vujudga keladi, yoinki yangicha talqin qilish kuchayadi. So‘z bilan tushunchalarning chambarchas bog‘lanishi va munosabati filogenezda ham ontogenezda ham operatsional va funksional xususiyatlarni yo‘qotmaydi.