Terorizm (lot. terror — qo‘rquv, dahshat) — yuksak ma’naviy tamoyillarga zid ravishda
yovuz maqsadlar yo‘lida kuch ishlatib, odamlarni garovga olish, o‘ldirish, ijtimoiy obyektlarni
portlatish, xalqni qo‘rquv va vahimaga solishga asoslangan zo‘ravonlik usulini anglatuvchi
tushunchadir. Qo‘rqitish va dahshatga solish orqali o‘z hukmini o‘tkazishga urinish terorizmga
xosdir. U siyosiy, iqtisodiy, diniy, g‘oyaviy, irqiy, milliy, guruhiy va individual shakllarda
namoyon bo‘lishi mumkin. Ta’qib, zo‘ravonlik, qo‘poruvchilik va qotillik terorizmning har qanday
ko‘rinishi uchun umumiy xususiyat bo‘lib, bularning barchasi insonparvarlik g‘oyalari,
demokratiya, adolat tamoyillariga ziddir. Shuning uchun terorizm qanday niqob ostida amalga
oshirilmasin, mohiyatan, insoniyatga, taraqqiyotga, ezgulikka qarshi jinoyatdir. Terorizmga
hozirgi kunda aniq, hamma uchun tushunarli va mukammal ta’rif berish oson emas. Chunki u o‘ta
murakkab fenomendir. Bundan tashqari, terrorchi kuchlarga bo‘lgan turlicha munosabat unga aniq
ta’rif berishni ham qiyinlashtirmoqda. Terror usullaridan konservativ, inqilobiy, diniy, millatchi
ruhdagi kuchlar ham foydalanishi mumkin, lekin ularning asosiy mohiyati va maqsad-muddaolari
siyosiy tusga egadir. Terorizmning umumiy jihatlari va asosiy ko‘rinishlarini o‘rganishda,
avvalambor, uning ta’rifini, nisbiy bo‘lsa ham, aniqlashtirib olish kerak. Terorizm muayyan
guruhning ruxsat etilmagan holatda ongli ravishda kuch ishlatishidir. Bunda terrorchilar aniq
maqsadni ko‘zlaydi va o‘zini to‘la haq deb biladi. Bundan shu narsa aniq bo‘ladiki, terrorchilardagi
mavjud kuch maqsadni amalga oshirishda ijtimoiy -siyosiy muhit bilan bevosita aloqadorlikda
bo‘ladi. Sh.u. biron-bir sababga asoslangan yovuz maqsad terorizmga olib boradi. Terorizm ko‘p
holatlarda keng miqyosdagi harbiy kuchlar bilan aloqador bo‘ladi va bunday misollar tarixda bir
necha bor kuzatilgan. Bundan tashqari, u ba’zi davlatlarning o‘zi tomonidan ham amalga oshirilishi
mumkin. Bunda ikki xil shaklda kuch ishlatiladi: jazo berish organlari yoki harbiy kuchlar
tomonidan. Bunda terror siyosiy maqsadlarni amalga oshirish yoki aniq bir rejimni joriy qilish
uchun amalga oshiriladi. «Terorizm» tushunchasi hamisha terroristik harakatning tez sur’atda
amalga oshirilishini bildiradi. Bunday hodisa siyosiy, etnik, diniy va boshqa ko‘rinishlarda
namoyon bo‘ladi. G‘oyaviy terorizm siyosiy yetakchilar tomonidan yaratiladi. Bunga rasmiy tor
doiradagi istisno qilingan ichki sabablar ko‘rsatiladi. Etnik terorizm subyekti g‘oyaviy bo‘lmasdan,
jamiyatning milliy va etnik jihatlari bilan uzviy bog‘liqdir. Diniy terorizm muayyan bir diniy sekta
yoki guruh ta’limotining jamiyatda mutlaqlashtirilishi oqibatida paydo bo‘ladi. Bunda ushbu g‘oya
tarafdorlari boshqalar fikri va g‘oyalarini keskin tanqid ostiga olib, rad etadi va g‘oyaviy-
mafkuraviy parokandalikni keltirib chiqaradi. Diniy terorizmning xatarli jihati u qo‘llaydigan
amaliy choralarda ko‘rinadi. Chunki diniy terorizm tarafdorlari aksariyat hollarda qo‘lida qurol va
ba’zan harbiy guruhlarga tayanib harakat qiladi. Bugungi kunda yadroviy, biologik, bakteriologik
qurollarning terrorchilar qo‘liga tushib qolishi ehtimoli eng katta xavfdir. Hozirgi tahlikali
zamonda kishilar boshiga mislsiz kulfat solayotgan va ularning hayoti, farzandlari, mol-mulkiga
tahdid qilayotgan jinoiy terorizm kundan-kunga kuchayib bormoqda va jahon hamjamiyatida
jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Iqt-y manfaatlarni ko‘zlaydigan va moddiy boyliklarni o‘zlashtirishni
maqsad qilib olgan bu terorizm korrupsiya kabi katta jinoiy tizim bilan uzviy bog‘lanib ketgan.
Unda raqiblari yoki ularning yaqinlarini o‘ldirish, o‘g‘irlab ketish, zo‘ravonlik, tajovuz bilan
qo‘rqitib, o‘z hukmini o‘tkazishga urinish, mol-mulkini o‘zlashtirib olish yo‘llaridan foydalaniladi.
Buning yana bir tomoni — ba’zan bu terror siyosiy, etnik, ba’zan esa diniy xarakter kasb etmoqda.
Mana shunday vaziyatda terrorchilarning maqsadi hokimiyatni egallashga ham qaratilib,
piramidasimon xarakterga ega bo‘lib bormoqda. Individual terorizmning subyekti, boshqa
terorizm harakatlaridan farqli o‘laroq, jamoa emas, yagona shaxsdir. Individual terror ham o‘ta
xavfli kuch hisoblanadi, negaki u jamiyatning boshqa a’zolariga ta’sir qilishi va buning oqibatida
terrorning ommaviy turlarini keltirib chiqarishi mumkin. U o‘z g‘oyalarini singdirish orqali
boshqalarni ham jamiyatga qarshi qo‘yishi mumkin. Keyingi yillarda hatto ommaviy axborot
sohasida ham terorizm elementlaridan foydalanilmoqda. Muayyan mafkuraviy poligonlar
tarqatayotgan axborotlardagi yovuz va zararli g‘oyalar oqimi, teleekranlar orqali uzluksiz
namoyish etilayotgan jangari filmlar, bolalarga mo‘ljallangan, buzg‘unchi g‘oyalar asosida
yaratilgan o‘yinlar, kompyuter tarmoqlari dasturlarini ishdan chiqaradigan viruslar tarqatish shular
jumlasidandir. O‘zining yovuz niyatlariga erishish uchun hokimiyatni qo‘lga kiritishni
ko‘zlaydigan kuchlarning zo‘ravonligi va qo‘poruvchiligi siyosiy terrorga misol bo‘ladi. Siyosiy
terorizm nafaqat jinoyatchi guruhlar, hatto ba’zi tajovuzkor ruhdagi rasmiy reaksion siyosiy
doiralar va kuchlar tomonidan uyushtirilishi va qo‘llanishi ham mumkin. Chorizm imperiyasining
kolonial va shovinistik siyosati, sovet imperiyasining g‘oyaviy qatag‘onlari xalqimizga qarshi
o‘ziga xos terror edi. Bugungi kunda ham mustaqil riv-sh yo‘lidan borayotgan mam-timizga
nisbatan g‘araz niyat bilan qarovchi yovuz kuchlar terorizm yo‘li bilan taraqqiyot yo‘limizdan
chalg‘itishga, bizni yana qaramlik va asoratga solishga urinmoqda. Ular vatanfurush xoinlardan
ham, terorizmni kasb qilib olgan, buyurtma bo‘yicha qo‘poruvchilik va bosqinchilik bilan
shug‘ullanadigan yollanma xalqaro terrorchi, jinoyatchi guruhlardan ham foydalanmoqda. Bugun
jahon hamjamiyati bu balo-qazolarning yechimini topish ustida bosh qotirmoqda. Islom Karimov
bu borada shunday degan edi: “Men madaniyat va ma’rifat dunyoni jaholat va vahshiylikdan, diniy
va milliy ekstremizmdan, etnik qarama-qarshilik, mintaqaviy mojaro va urushlardan saqlay
olishiga ishonaman”. Terorizmga qarshi kurash hozirgi davrda muhim vazifa, tinchlik va
barqarorlikni saqlash omiliga aylandi.
Bugungi kunda odam savdosi inson, uning sha’ni, qadr-qimmati, shaxsiy daxlsizligi,
osoyishta turmushi hamda kelajagiga tahdid solayotgan, insoniyat sivilizatsiyasiga ochiqdan-ochiq
to‘siq bo‘layotgan, jamiyat taraqqiyoti va davlat rivojiga jiddiy xavf tug‘dirayotgan, o‘z domiga
asosan ayollar va yoshlarni tortayotgan, hudud va chegara tanlamayotgan transmilliy uyushgan
jinoyatchilikning xavfli ko‘rinishlaridan biriga aylandi.
Afsus bilan ta’kidlash joizki, mamlakatimizda ayrim shaxslar jinoyat sodir etish yo‘liga kirib,
fuqarolarimizni turli aldov va firibgarlik yo‘li bilan tuzog‘iga ilintirib, ulardan o‘zlarining
g‘ayriqonuniy manfaatlari yo‘lida foydalanib, ko‘pgina oilalarning boshiga so‘z bilan ifodalab
bo‘lmaydigan kulfatlar keltirib odam savdosi bilan shug‘ullanmoqdalar. Buning oqibatida
ko‘pgina fuqarolarimiz odam savdosi jinoyatining qurboniga aylanmoqda. Eng xavflisi shundaki,
odam savdosi o‘zining girdobiga asosan yoshlarni va ayollarni tortayotganligi bilan barchada katta
tashvish va xavotir uyg‘otmoqda.
Mamlakatimizda odam savdosi, shaxsning erki va huquqlarini poymol etish, zo‘ravonlik,
fohishabozlik qonun yo‘li bilan taqiqlab qo‘yilgan bo‘lsada, keyingi paytlarda sodda fuqarolarni
chet elga ishga olib borish niqobi ostida ularni chuv tushurayotgan firibgarlar uchrab turibdi. Ular
turli yo‘llar bilan fuqarolarni yollash, xorijiy davlatlarga olib borib, ulardan shahvoniy va boshqa
maqsadlarda foydalanishni tashkil qilmoqdalar.
Ta’kidlash kerakki, hozirgi vaqtda chet elga borishni xohlovchilarning asosiy qismi
noqonuniy yo‘llar bilan davlatimiz hududidan chiqib ketishni o‘zlariga afzal ko‘rishmoqda.
Natijada turli qiyinchilik va muammolarga duch kelish birga odam savdosining qurboniga
aylanishmoqda. Achinarli tomoni shundaki, umrida mahallasidan tashqariga chiqmagan odamlar
kimlarningdir aldovi, yolg‘oniga uchib, bor budini sotib, katta pul bilan chet elga ketib, sog‘lig‘i
yuqolishiga, surunkali kasalliklarga chalinish yoki bir umrga nogiron bo‘lishiga sabab bo‘ladigan
tazyiq, zo‘ravonlik va qiyinchiliklarga duchor bo‘lishmoqda. Ma’lumki, buning asosiy
sabablaridan biri, u yerdagi mahalliy tilni va qonunlarni bilmaslik, eng muhimi, noqonuniy
ravishda kelganligi va huquqiy himoyasiz bo‘lganligi uchun qul sifatida ularga munosabatda
bo‘lishmoqda va qul sifatida ishlatishmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, ayrim yurtdoshlarimiz
soddaliklari tufayli odam savdogarlarining «qopqoni»ga tushib qolganliklarini juda kech anglab
yetmoqdalar.
Shuni ta’kidlash joizki, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar transmilliy, ya’ni hudud va
chegara tanlamayotgan jinoyatlarning eng xavflisiga aylanmoqda. Buning oqibatida, odam savdosi
jinoyatlari jamiyat taraqqiyoti va davlatlar rivojiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Mamlakatimizning asosiy qonuni – Konstitutsiyaning 13-moddasida O‘zbekiston
Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning
hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi qat’iy
belgilab qo‘yilgan. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya
qilinadi. Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari
daxlsizligi davlat tomonidan ta’minlanadi. Zero, davlatning bosh vazifalaridan biri inson haqida
g‘amxo‘rlik qilishdir.
Odam savdosidan jabrlanuvchilarni ekspluatatsiya qilishning asosiy ko‘rinishlari
quyidagilar:
- shahvoniy xizmatlar
- ishlab chiqarish fabrika va korxonalarida mehnat
-qishloq xo‘jaligida mehnat
- uy-ro‘zg‘or ishlari mehnati
- majburiy donorlik
- majburiy tilamchilik
- majburiy nikoh
- reproduktiv vazifalar ekspluatatsiyasi (sun’iy onalik, majburiy bola tug‘ish va boshqalar).
Bu borada 2008 yil 17 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Parlamenti tomonidan “Odam
savdosiga qarshi kurash to‘g‘risida” Qonunning qabul qilinishi, 2008 yil 8 iyulda O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti tomonidan “Odam savdosiga qarshi kurash samaradorligini oshirish
bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PK-911-sonli qarorning imzolanishi O‘zbekistonda
bunday transmilliy jinoyatga qarshi kurash borasida huquqni muhofaza qilish organlariga, xususan
ichki ishlar idoralari zimmasiga juda katta mas’uliyat yukladi.
Yuqoridagi fikrdan, kelib chiqqan holda xavfsizligimizga tahdid solayotgan transmilliy
jinoyatlar terrorizm, odam savdosi va boshqa jinoyatlarga qarshi murosasiz kurashishimiz, doimo
ogoh va hushyor bo‘lishimiz lozim. Ana shundagina odam savdosi jinoyati yurtimiz bo‘ylab
quloch yoza olmaydi va xalqimiz bundan jabr ko‘rmaydi.
Dostları ilə paylaş: |